Davlatni tashkil etuvchi sub'ektlarning manfaatlari ham avvalam bor inson manfaatlariga bo‘ysundiriladi. Siyosiy partiyalar manfaatlari zamirida ham xalq manfaati, fuqarolar manfaati yotadi. Demak, Konstitutsiya shunday huquqiy poydevorki, u o‘zining hosilaviy huquqiy meyorlari majmuasi bo‘lmish normativ huquqiy hujjatlar tizimidan foydalanuvchi hamda konstitutsiyaning mavjudligi va amalda bo‘lishidan manfaatdor barcha tomonlar, sub'ektlar, vakolatli shaxslar, fuqarolar uchun hayot va faoliyatning huquqiy kafolati manbai hamdir.
Bizning Konstitutsiyamiz faxr hissini oldindan o‘zingizda tuygan holda bor vujudingiz bilan tinglaganingizda yoki butun diqqatingiz bilan o‘qiganingizda sizni yanada to‘lqinlantiruvchi, yashashga oshiqtiruvchi, mehnatda jonbozliklarga, zafarlarga undovchi, Vatanni his ettiruvchi va sog‘intiruvchi, o‘zingizni shu Vatan farzandi ekaningizdan g‘ururlantiruvchi, buyuk ajdodlar sulolalariga mansubligingizdan iftixorlantiruvchi juda teran bayon etilgan muqaddimadan boshlanadi. Bunda O‘zbekiston xalqining hayotim muhim ezgu maqsadlari yaqqol ifodalangan.
Fuqarolarimiz, ayniqsa, o‘sib kelayotgan yosh avlodning konstitutsiyaviy qoidalarni chuqur o‘zlashtirishlariga erishishimiz darkor, zero, konstitutsiya yosh avlodni har tomonlama yetuk komil inson qilib voyaga yetkazish va hayotga yo‘naltirishda tengsiz ahamiyatga ega. Shuningdek, aholining ma'naviy salohiyati, mafkuraviy immunitetini shakllantirishda ham konstitutsiyaviy qoidalarni bilishning o‘rni beqiyosdir. Aytaylik, jahondagi globallashuv jarayonlarining hayotimizning turli jihatlarini erkin tarzda qamrab olayotgani, bu kabi tashqi muhit taqdim etayotgan, balkim, ilm-fan va insoniyat taraqqiyoti taqazo etayotgan, kezi kelganda shiddatli o‘zgarishlar, yangilanishlar, kirib kelishlar kishilarimiz qarashlariga, ongiga turlicha ta'sir etayotgani, xattoki, atayin qaratilayotgani ham sir emas. Shu o‘rinda, dono xalqimiz ma'naviyatining yoshlarimizga meros bo‘la oluvchi mo‘tabar manbalaridan birida ta'kidlanganidek, “bugungi kunda inson ma'naviyatiga qarshi yo‘naltirilgan, bir qarashda arzimas bo‘lib tuyuladigan kichkina xabar ham axborot olamidagi globallashuv shiddatidan kuch olib, ko‘zga ko‘rinmaydigan, lekin zararini hyech narsa bilan qoplab bo‘lmaydigan ulkan ziyon yetkazishi mumkin” ekanini doimo yodimizda tutishimiz kerak.
Shuning uchun, umuminsoniy qadriyatlar ulug‘lanayotgan, jahonda tinchlik va totuvlik siyosatini tolmay ilgari surib kelayotgan yurtimizda globallashuvning jahon hamjamiyati bilan iqtisodiy va madaniy munosabatlardagi pozitiv ahamiyatini va kuchini e'tirof etish barobarida globallashuvning negativ ta'sirlaridan himoyalanish muammosi mavjudligini va o‘ta dolzarbligini bir zum ham beparvo qolmay teran anglashimiz zarur. Jahon bo‘ylab shiddat bilan kechayotgan raqamli transformatsiyalar sharoitida ajdodlarimizning ma'naviy-ma'rifiy merosi qatorida hayotimiz qomusi bo‘lmish yangi Konstitutsiyamizni milliy miqyosda chuqur o‘zlashtirishimiz umummilliy taraqqiyotimizga, jumladan, mafkuraviy immunitetimizning mustahkamlanishiga ham xizmat qiladi.
Shu o‘rinda, aholining huquqiy savodxonligini oshirish va hamyurtlarimizning ayni yangi tahrirdagi konstitutsiyamiz qoidalarini mukammal egallashlari uchun xizmat qiluvchi innavatsion ishlanmalardan biri – “Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasi” yagona milliy portali e'tirofga loyiq.
Muqarrarki, Konstitutsiyamiz mustahkam milliy sha'nimiz garovi, milliy iftixorimiz manbaidir. Butun bir mamlakatni idora etish uchun, xalqini boqish, kiyintirish, ta'lim berish va farovon turmushini va porloq kelajagini ta'minlash uchun mamlakatda iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy barqarorlikni hamda huquq ustivorligini ta'minlashni, mamlakatning dunyo progressiv hamjamiyatida munosib nufuzga ega bo‘lishini o‘z oldiga buyuk maqsad qilgan holda bor intellektual-ma'naviy salohiyatlari, hayotiy tajribalari, mehri hamda tafakkurlarini to‘liq ishga solib va bu mehnatlar zahmatidan ma'naviy qahramonlik darajasidagi natijani – hayotimizning asosiy qomusi – Konstitutsiyani ijod va bunyod etganlarga ta'zimlar bo‘lsin!
Muhtaram Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoеv ta'kidlaganidek, “yurtning kuchi – birlikda, qadri esa tinchlikdadir; barchamiz bir bo‘lib, aql-zakovat, bilim va tajribamiz, kuch-g‘ayratimizni ishga solib, yorug‘ va nurafshon kelajagimizni – Yangi O‘zbekistonni albatta barpo etamiz!”
Sizu biz, shukronalar aytamizki, tinchlik deb atalmish ulug‘ ne'mat barqaror yurtda, insonlari oqibatli, farzandlari havasmand yurtda, “o‘chog‘ida o‘ti o‘chmas”, ozod va obod yurtda yashamoqdamiz. Yurtimizni qancha tarannum etsak-da, elimizni qancha ulug‘lasak-da – bu kam. Har bir aqli raso fuqaro o‘z o‘rnida o‘z burchlarini mukammal ado etishni hayotiy muhim ehtiyojga aylantirsa, e'tiqodi o‘z burchlaridan chetlanishga hyech qachon yo‘l qo‘ymasa, elu yurt oldidagi, Vatan oldidagi Konstitutsiyaviy burchlariga amal qilishni muqaddas bilsa, demakki, uning hamisha yuzi yorug‘, u hamisha yaxshi nom egasi bo‘lib qoladi.
Akramjon Karimov,
Toshkent davlat yuridik universiteti professori v.b.