Inson shaʼni va qadr-qimmati daxlsizdir

    Fikr 2 Dekabr 2024 101

    Bugun yurtimizda keng qamrovli xalqchil islohotlar kechmoqda. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha saʼy-harakatlarning asl mohiyati har bir Oʻzbekiston fuqarosining hayotdan rozi boʻlib yashashiga qaratilgan. Barcha fuqarolar Asosiy qonunimizda belgilab qoʻyilgan huquq va erkinliklardan keng va toʻliq foydalanmoqda.

    1992-yilda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga jami 15-marta oʻzgartirish kiritilgan. Yangi tahrirda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 6 ta boʻlim, 27 ta bob va 155 ta moddadan iborat.

    Konstitutsiyada shaxsning huquq va erkinliklariga doir normalar doirasi yanada kengaydi, xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan normalari bilan boyitildi. Bugun aynan mana shu kabi oʻzgarishlar haqida soʻz yuritamiz. Fuqarolarning shaxsiy huquq va erkinliklari kafolatlari Konstitutsiya bilan mustahkamlangan. Shaxsiy huquq va erkinliklar tushunchasini aniqlashdan avval, umuman huquq, erkinlik degan tushunchalarni aniqlash lozim.

    Huquq davlat tomonidan taʼminlanadigan, himoya qilinadigan nimadir qilish, amalga oshirish, munosib yashash sharoitiga ega boʻlish, zoʻrlik (tazyiq, tahdid)lardan himoya qilinishning tabiiy imkoniyatidir.

    Erkinlik esa, biror-bir narsada (xulq-atvorda, faoliyatda) qonun bilan taqiqlanmagan, biror-bir cheklashning yoʻqligidir. Yaʼni, huquqda asosiy masala imkoniyatga ega boʻlish, erkinlikda esa, cheklashning yoʻqligidir.

    Shaxsiy huquq va erkinliklar fuqarolarning hayoti, sogʻligʻi, eʼtiqodi bilan bogʻliq. Shaxsiy huquq va erkinliklar, odatda, tabiiy huquqlar ham deb yuritiladi. Ular inson tugʻilishi bilan vujudga keladi. Ularni davlat bermaydi. Faqat shu huquqlarni davlat taʼminlaydi va shunga majbur hisoblanadi. Shaxsiy, yaʼni tabiiy huquqlar barcha mamlakatlarda mavjud va davlat tomonidan taʼminlanadi. Shaxsiy huquq va erkinliklar xalqaro hujjatlar bilan ham himoya qilinadi.

    Shaxsiy huquq va erkinliklar, boshqa huquqlardan farq qilib, ularni cheklash mumkin emas. Alohida hollarda cheklash zarurati boʻlsa, bu Konstitutsiya asosida, unda koʻrsatilgan tartibda amalga oshiriladi. Yaʼni, baʼzi hollarda cheklash qonunga asosan amalga oshirilishi belgilangan.

    Yashash huquqi. Shunday huquqlar borki, ularni aslo cheklash, ulardan mahrum qilish mumkin emas. Masalan, yashash huquqi.

    Shaxsiy huquqlardan barcha shaxslar, fuqaroligidan qatʼi nazar, foydalanadi va davlat ham barchaga, fuqaroligidan qatʼi nazar, shaxsiy huquq va erkinliklardan foydalanishga imkon yaratadi. Konstitutsiyaga asosan shaxsiy huquq va erkinliklar bilan bogʻliq insonning hayoti, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanishi ham bu huquqlarning huquq va erkinliklar tizimida ustuvor hisoblanishiga olib keladi.

    Yashash huquqi har bir insonning uzviy huquqidir. Inson hayotiga suiqasd qilish eng ogʻir jinoyatdir. Insonning yashash huquqi qonunlar bilan himoya qilinadi. Yashash huquqi hayot kechirish bilan bogʻliq boʻlganligi uchun inson hayotiga har qanday tajovuz qonunga asosan jazolanadi.

    Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksida inson hayotiga qilingan tajovuzlarga jazo belgilangan. Masalan, Kodeksning 97-moddasida qasddan odam oʻldirganlik, 98-moddada kuchli ruhiy hayajonlanish natijasida qasddan odam oʻldirganlik, 99-moddada onaning oʻz chaqalogʻini (bolasini) oʻldirganlik, 100-moddasida zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqib, qasddan odam oʻldirganlik, 101-moddasida ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsni ushlashning zarur choralari chegarasidan chetga chiqib, qasddan odam oʻldirganlik, 102-moddasida ehtiyotsizlik orqasida odam oʻldirganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.

    Insonning shaʼni va qadr-qimmati daxlsizligi. Erkinlik shaxsning oʻz ixtiyori boʻyicha yashash, hayot kechirish imkoniyati boʻlib, faqat shaxs qonunlarga itoat etishi zarur. Daxlsizlik degani shaxsning erkinligini cheklovchi hech qanday harakatlarga yoʻl qoʻyilmasligidir.

    Qonunda belgilangan asoslardan tashqari hech kimning erkinligi cheklanishi, erkinlikka zarar yetkazilishi mumkin emas. Qonun tegishli hollarda kishilarning erkinligini cheklashga yoʻl qoʻyadi. Yaʼni, ular jinoiy harakat sodir etsa yoki shunday harakat sodir etishda gumon qilinsa, shaxsni jamiyatdan ajratishga zarurat tugʻiladi. Lekin, har qanday erkinlikni cheklash qonunga asosan va qonun vakolat bergan organlar tomonidan amalga oshiriladi. Har qanday kishini aybdor deb topishning faqat sud organlari vakolatiga berilishi demokratik huquqiy davlatga xos xususiyat boʻlib, bu shaxsni himoyalashning muhim vositasidir.

    Aybsizlik prezumpsiyasi. Jahon huquqshunoslik tajribasida “aybsizlik prezumpsiyasi” degan soʻz ishlatiladi. Bu degani, shaxsning aybi aniq isbotlanib, aybli ekanligi sud tomonidan eʼtirof etilmaguncha unga hech qanday ayb qoʻymaslik va aybdor deb eʼlon qilmaslikdir.

    Shaxsning aybi qonunlarda belgilangan tartibda, sudda koʻrib chiqilib isbotlansagina u aybdor deb topilishi mumkin. Bunda yana bir muhim shart sudda ishning oshkora koʻrilishi hisoblanadi. Sudda ishni oshkora koʻrish deganda, manfaatdor tomonlarni oldindan sudda ish koʻrish vaqti va joyi haqida ogohlantirish, sud majlislarida ishtirok etishga toʻsqinlik qilmaslik, sud majlislarida jamoatchilik vakillari, ommaviy axborot vositalarining ishtirokiga imkoniyat yaratish tushuniladi.

    Sarbon URALOV