Kadrlarni tanlov asosida ishga qabul qilish va baholashning huquqiy asoslari takomillashtiriladi

    Mamlakatimizda 29 Yanvar 2022 3867

    Bu haqda “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili” Davlat dasturining 10-maqsadida (Davlat fuqarolik xizmati tizimini zamonaviy standartlar asosida tashkil etish) keltirilgan.

    Dasturning 34-bandida davlat xizmatida korrupsiya omillarini bartaraf etish, kadrlarni tanlov asosida ishga qabul qilish va ular faoliyati samaradorligini xolisona baholashning huquqiy asoslarini takomillashtirish vazifasi belgilgan.

    Mazkur band ijrosini taʼminlash maqsadida 2022-yilning sentyabr oyiga qadar quyidagilar amalga oshiriladi:

    - Davlat fuqarolik xizmati tizimiga kiruvchi davlat organlari va tashkilotlarida xodimlarni ishga qabul qilishda ochiq mustaqil tanlov orqali saralab olishning yagona qoidalarini ishlab chiqish.

    - Davlat xizmatiga kirish va uni oʻtash, kadrlar zaxirasini shakllantirish, xodimlarni baholash bilan bogʻliq jarayonlarni raqamlashtirishni nazarda tutuvchi “Raqamli davlat xizmati” loyihasini amalga oshirish.

    - Davlat xizmatida sohalar kesimida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan korrupsiyaviy omillarni aniqlash va ularni bartaraf etish choralarini koʻrish.

    - Davlat xizmatchilari va davlat organlari faoliyatini eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlari (KPI) asosida baholash boʻyicha reyting tizimini joriy etish.

    Ushbu vazifalarni amalga oshirish uchun masʼul ijrochilar etib — Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Adliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Axborot texnologiyalari vazirligi belgilangan.