Mamlakatimizda turizmni rivojlantirishga eʼtibor yildan yilga oshib bormoqda. Sohani taraqqiy ettirish boʻyicha alohida mintaqa va hududlarning iqtisodiy salohiyatidan kelib chiqan holda, tegishli chora-tadbir va dasturlar ishlab chiqilmoqda. Xorazm viloyatida ham sayyohlik eng rivojlangan viloyatlardan biri sanaladi. Chunki, buning uchun yetarlicha imkoniyat va istiqbolda jadal rivojlanish salohiyatiga ega.
Turizm ham iqtisodiy, ham ijtimoiy-madaniy ahamiyatga ega keng qamrovli tarmoq. U daromadliligi boʻyicha dunyoda uchinchi oʻrinda turadi. Yana bir muhim tomoni, kam xarajat bilan koʻp ish oʻrinlari yaratish imkonini beradi.
Hozirgi kunda viloyatni tarixiy-madaniy merosi, asosan, YUNESKO ning moddiy meroslarni asrash roʻyxatiga kiritilgan boʻlib, Xiva shahrining asosiy obidalari ulardan joy olgan. Istiqyuoldagi vaxifa vohadagi turistik salohiyatni yanada jadallashtirish, sayyohlarni yanada koʻproq jalb qilishdan iborat.
2023-yil 29-mart kuni Prezidentimiz raisligida boʻlib oʻtgan mamlakatimiz turizm salohiyatini oshirish masalalari muhokamasiga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida ham bu borada soʻz bordi. Uning rivojiga toʻsiq boʻlayotgan muammolar tanqidiy tahlil qilindi, muhim chora-tadbirlar belgilandi.
Keying paytda mamlakatimizda bu soha izchil rivojlanmoqda. Jumladan, 2022-yilda yurtimizga tashrif buyurgan xorijiy turistlar soni 2021-yilga nisbatan 3 baravar oshgan. Soha eksporti 1 milliard 600 million dollarni tashkil etgan. Ichki turizm dasturlari doirasida 11 milliondan ziyod aholi sayohat qilgan.
Yigʻilishda qayd etilganidek, bu borada hamma masalalar koʻngildagidek boryapti degani emas. Yurtimizga kelmoqchi boʻlgan sayyohlar juda koʻp. Lekin, ularni qiziqtiradigan joylar haqida kontent kam, turistlarni 4-5 kun olib qoladigan dasturlar yetishmaydi. Xorijiy sayyohlarning Oʻzbekistonda bir kun koʻproq qolishi yillik turizm eksportini 300 million dollarga oshiradi. Misol uchun, Xorazmda xorijiy turistlar Buxoro va Samarqandga qaraganda 2 baravar kam bormoqda. Biroq, bu yerda ham sayyohlarni 3-4 kun olib qolish uchun barcha imkoniyat mavjud.
Shu bois ushbu masalalarni hal etishda koʻmaklashishga 11 ta oliy taʼlim muassasasi biriktirildi. Ular 31 ta tuman va 143 ta turizm mahallasining tarixi, yodgorliklari va diqqatga sazovor joylari haqida maʼlumotlar majmuini yaratishi belgilandi. Ana shu asosda 12 tilda turistik paketlar ishlab chiqish vazifasi qoʻyilib, turizm va servis obektlari ishchilarini oʻqitish rejalashtirildi.
Jumladan, Urganch davlat universitetiga Bogʻot, Xiva tumanlarining turistik salohiyatini oshirish, sayyohlarning bu yerda koʻproq boʻlishini taʼminlash maqsadida, ilmiy-amaliy yondashgan holda, turizm obektlari va mahsulotlari kontentini boyitishi lozimligi belgilandi. Ushbu topshiriqlar ijrosi oʻlaroq, hududlarda oʻrganish ishlarini boshlab yubordik.
Tahlillarga koʻra, 2022-yil davomida Xorazm viloyatidagi madaniy meros va turizm namoyish obyektlariga tashrif buyurgan xorijiy sayyohlar soni 137,5 ming va mahalliy sayyohlar soni esa qariyb 1,5 million nafarni tashkil qilgan.
Hozirda Xiva tumanida 6 ta tarixiy-arxeologik obida, 3 ta ziyorat turizm obyekti, 3 ta restoron, 1 ta oilaviy mehmonxona, 3 ta turoperatorlik firmasi faoliyat koʻrsatayotgan boʻlsa, Bogʻot tumanida esa 1 ta arxeologik, 1 ta ziyorat turizmi obyekti, 2 ta restoron, 2 ta oilaviy mehmonxona va yana shuncha turperator firmasi faoliyat koʻrsatmoqda.
Xiva tumanidagi “Chodra hovli” turistik obyekti 3 ta turfirma yoʻnalishlariga kiritilgan boʻlib, ular tomonidan 2022-yil mobaynida 200 nafar xorijiy turist jalb qilingan.
Bogʻot tumanidagi “Qalajiq qalʼa” sayyohlik majmuasiga ham ayni shu sayyohlik turfirmalar xizmat qilishi koʻzda tutilgan boʻlib, ular tomonidan 2022-yil mobaynida 160 nafar chet ellik sayyohning boʻlishi taʼminlangan. Ularning bu joylarda qolishi davomiyligi 1 kunni tashkil etmoqda.
“Qalajiq qalʼa” turistik majmuasi Bogʻot tumanining turistik salohiyatini oshirish imkoniyatlari hisoblanadi. Qumli Qoraqum choʻlining oʻrtasida gʻaroyib mazkur shaharcha hududida, ikkita asosiy diqqatga sazovor joy – yoshi qariyb uch ming yilga teng qalʼa va shifobaxsh xususiyatlarga ega shoʻr koʻl mavjud. Koʻl yonida joylashgan sogʻlomlashtirish markazi, dam olish jarayonining asosi hisoblanadi.
Koʻl suvi tarkibidagi foydali elementlar yurak-qon tomir tizimining faoliyatini yaxshilashga, qon aylanishini barqarorlashtirishga yordam beradi. Uning oʻziga xos shifobaxsh xususiyatlarining mashhurligi shu kungacha saqlanib qolgan. Shuning uchun bu yerga butun sayyohlardan sayyohlar kelib dam olishadi.
Lekin obyekt maxsus turistik infratuzilmaga ega emas. Unga borish yoʻllari tuproq qatlamasi bilan qoplangan.Qor yoki yomgʻir yoqqanda qiyinchiliklar tugʻdiradi. Majmuada 20 oʻrinli mehmonxona, 200 oʻrinli restoron tashkil qilingan.
Shu bilan birga, “Qalajiq qalʼa” turistik majmuasining yon tomonidagi “Boyxon baliqlari” fermer xoʻjaliligiga qarashli hududlarda ov turizmi, safar turizmi kabi sayyohlik turlarini rivojlantirish imkoniyatlari bor. Bogʻot tumani bogʻdorchilik mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashgan hudud boʻlganligi sababli bu yerda “Uzumchilik” agroturizm qishlogʻini shakllantirish imkoniyatlari mavjudligi maʼlum boʻldi. “Ustalar” mahallasida joylashgan “Tohir Janak” fermer xoʻjaligiga tegishli dam olish maskani bir vaqtning oʻzida 100 ta mehmonga hizmat koʻrsata oladi. Mazkur obyekt negizida choʻmilish va baliq ovlash uchun sharoitlarni yanada yaxshilash zarur boʻladi.
Xiva tumanining “Gʻovuk” sayyohlik mahallasi, Xon bogʻlari (Chodra hovli, Bogʻishamol, Qibla toza bogʻ), shuningdek, ziyorat obyektlaridan Bibihojar ona, Muxammad Rizo Ogahiy va Munis Xorazmiylar kabi majmualardan iborat, deb kelingan boʻlsa, endilikda ular safini yana 9 taga boyitish mumkinligi aniqlandi.
Shu jihatlarni hisobga olgan holda, hozirda madaniy meros va turizm namoyish obyektlari boʻyicha kontentlarini yaratish maqsadida maʼlumotlar toʻplanmoqda. Turistik paketga kiritish mumkin boʻlgan mazkur obyektlarining bugungi kundagi holatlari tahlil qilinmoqda.
Xiva va Bogʻot tumanlarining turistik salohiyatini oshirish boʻyicha 2023-yil davomida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Xususan, turistlarni jalb qiladigan obektlar tarkibini oʻrganish va xaritasini tuzish, sayyohlik markazlarida Xorazm milliy sanʼatini aks ettiruvchi animatsion dasturlarni tashkil etish, ziyorat turizmini rivojlantirish maqsadida Bibi Hojar ona, Ogahiy va Munis Xorazmiy (Xiva tumani), Odina Eshonbobo (Bogʻot tumani) kabi ziyoratgohlarni oʻz ichiga olgan “Khorezm piligrim tourism” turistik yoʻnalishini ishlab chiqish, Xiva tumani “Gʻovuk” mahallasi hamda Bogʻot tumani “Qalajiq” mahallasi (Qalajiq turistik hududi) maʼlumotlar bazasiga kiritilgan obektlarning kontentlarini yaratish va yangilab borish, arxeologik, etnografik va agroturizmni rivojlantirish maqsadida qishloq turistik klasterlarini tashkil qilishni ilmiy asoslangan taklifini ishlab chiqish, obyektlar katologlarini raqamlashtirish singari vazifalar oʻrin olgan.
Shuningdek, Bogʻot va Xiva tumanlarida turizmni rivojlantirishga qaratilgan ilmiy-tadqiqot mavzulari bankini yaratish, ularni magistrant, tayanch doktorant, doktorant va mustaqil tadqiqotchilarga ilmiy-tadqiqot mavzusi sifatida taklif qilish, turistlar oqimini yanada oshirish va universitet imkoniyatlaridan samarali foydalanishni yoʻlga qoʻyish uchun Urganch davlat universiteti qoshida turistik firma tashkil qilish rejalashtirilmoqda.
Binobarin, bugungi kunda universitetning iqtisodiyot fakultetida “Turizm va mehmonxona xoʻjaligini boshqarish” kafedrasi faoliyat yuritib keladi. Unda 1 nafar DSc, 1 nafar fan nomzodi, 4 nafar PhD faoliyat olib bormoqda. 2022-2023 oʻquv yilida turizm taʼlim yoʻnalishi bitiruvchilari soni 74, mehmonxona xoʻjaligini tashkil etish va boshqarish boʻyicha ular soni 62 nafarni tashkil etadi.
Taʼlim jarayoniga xorijiy professor-oʻqituvchilarni jalb etish borasidagi ishlar davom etmoqda. “Taklif etilgan professor” dasturi doirasida taʼlim va ilmiy tadkikot jarayoniga 60 nafardan ortiq xorijlik professor-oʻqituvchilarning universitetga 1 oydan 1 yilgacha bulgan muddatlardagi tashrifi rejalashtirilgan edi. Shundan hozirgi kungacha ularning 30 nafardan ortigʻi taʼlim va ilmiy tadkikot jarayonidagi ishtiroki taʼminlandi.
Universitetimizda amalga oshirilayotgan 10 dan ortiq xalkaro ilmiy tadkikot va taʼlim loyihalari doirasida esa, xorijiy xamkor taʼlim dargohlaridan 70 nafardan ortiq professor-oʻqituvchilar va ekspertlarning tashrifi koʻzda tutilgan. Tabiiyki, ular safar davomida vohamizning dunyoga mashhur yodgorliklari bilan bir qatorda, Xiva va Bogʻot tumanidagi turizm obyektlariga ham sayohatlari uyushtiriladi.
Turizm, mehmonxona xoʻjaligini tashkil etish va boshqarish, tarix, arxeologiya, geografiya, iqtisodiyot, biologiya, filologiya taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha tahsil olayotgan 645 nafar talabalarnining malakaviy amaliyotlarini Xiva va Bogʻot tumanidagi turizm namoyish obyektlarida amalga oshirish koʻzda tutilgan boʻlib, bu boradagi shartnomalar rasmiylashtirildi.
Nttp://www.travelkhorezm.com/ veb sahifasidagi tarixiy-madaniy yodgorliklar, mehmonxonalar, kafe va restoranlar, sayyohlik yoʻnalishlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarini yanada boyitish va nemis, fransuz, ispan, yapon va xitoy tillariga tarjima qilish, Xiva va Bogʻot tumanlaridagi tarixiy-madaniy yodgorliklar, mehmonxonalar, kafe va restoranlar toʻgʻrisida axborot beruvchi va turli xizmatlarni jamlagan mobil ilovalar ishlab chiqish ham rejalarimizdan oʻrin olgan.
“Gʻovuk” hamda “Qalajiq” turistik mahallalari aholisi uchun turizm biznesi, xizmat koʻrsatish va servis, ekskursiya xizmatlarini hamda mehmonxona xoʻjaligi boʻyicha oʻquv kurslarini tashkil etish, Urganch davlat universiteti, viloyat turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi hamda mahalliy turoperatorlar bilan hamkorlikda 12 ta tilda (rus, ingliz, fransuz, nemis, arab, yapon, xitoy, hind, ispan, portugal, koreys, malay) Xiva va Bogʻot tumani turistik salohiyatini aks ettiruvchi arzon turistik paketlarni ishlab chiqish ustida ham ish olib borish koʻzda tutilgan..
Davlatimiz rahbari bu yil Vatanimizning boy madaniyati va turistik salohiyatini jahonga targʻib qilish yili boʻlishi kerakligini taʼkidladi. Darxaqiqat, xalqimizning boy moddiy-maʼnaviy merosi, urf-odat va anʼanalari, milliy hunarmandchiligi, tasviriy-amaliy sanʼatini asrab-avaylash va rivojlantirish, ularni respublikamizda va xalqaro miqyosda keng targʻib qili, sayyohlik, hunarmandchilik va madaniy sohalardagi hamkorlik aloqalarini takomillashtirish bugungi kunning ustuvor vazifasi sanaladi.
Bahrom Abdullayev,
Urganch davlat universiteti rektori
fizika-matematika fanlari doktori