Keling, tarbiyada oʻrnak boʻlaylik!

    2020/2021 oʻquv yilida Prezident maktablarini tamomlagan 96 nafar oʻquvchining barchasi muddatidan avval nufuzli xorijiy oliygohlarga grant asosida oʻqishga kirdi.

    Prezidentimiz shu yil 30-iyunda Yoshlar kuniga bagʻishlangan tantanali marosimda soʻzlagan maʼruzasida “Yoshlar oʻrtasida jinoyatchilik, giyohvandlik, ichkilikbozlik, oilaviy ajralishlar, buzgʻunchi va radikal oqimlar taʼsiriga tushish holatlari davom etayotgani davlat rahbari sifatida shaxsan meni jiddiy tashvishga solmoqda”, dedi. Xalq kelajagi gʻamida aytilgan bu fikr barchani oʻylatib qoʻygani tabiiy.

    Bu hayotiy haqiqatni eshitish, tan olish qanchalar qiyinligini har bir otaona juda yaxshi his qilsa kerak. Toʻgʻri-da, axir ne-ne orzu-umidlar bilan oʻstirayotgan bolasi jinoyatchi degan tamgʻani olsa, bunga chidab boʻladimi?!

    Har qanday sohaning taraqqiyoti shu sohada yuqori salohiyatga ega, ilmiy izlanish va tadqiqotlar olib borayotgan kadrlarning amaliy ishlari natijalariga bogʻliq. Ayni vaqtda mamlakatimizda bu boradagi islohotlar ham izchil davom ettirilmoqda. Muntazam ravishda muammolar yechimiga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinib, ijrosi boʻyicha hisobotlar berib borilmoqda.

    Yurtimizda koʻplab maktabgacha taʼlim tashkilotlari tashkil etilib, ularga qamrov salmogʻi yildan yilga oʻsib boryapti. Davlatimiz rahbarining qarori asosida 2021-2022-yillarda maktabgacha taʼlim xizmatlarini kengaytirish bilan bogʻliq chora-tadbirlarni moliyalashtirish uchun 100 million AQSH dollari miqdorida mablagʻ ajratish belgilandi.

    Albatta, taʼlim-tarbiyaning katta qismini bola maktab davrida oladi. Shu maʼnoda, maktablarda taʼlim sifatini oshirish, iqtidorli oʻquvchilar seleksiyasini amalga oshirish masalasiga alohida eʼtibor qaratilgan. Bugungi kunda mamlakatimizning bir nechta hududida Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar ochildi hamda yana koʻplab shunday taʼlim muassasalarini ochish rejalashtirilmoqda.

    Bu kabi saʼy-harakatlar oʻzining ijobiy natijasini koʻrsata boshladi. Hatto 2020/2021 oʻquv yilida Prezident maktablarini tamomlagan 96 nafar oʻquvchining barchasi muddatidan avval nufuzli xorijiy oliygohlarga grant asosida oʻqishga kirdi. Toshkentda ana shunday nufuzli oliy taʼlim muassasalaridan biri sifatida faoliyat olib borishi kutilayotgan “Yangi Oʻzbekiston” universiteti ochildi.

    Koʻplab yoshlar tengdoshlariga oʻrnak boʻladigan darajadagi yutuqlarni qoʻlga kiritmoqda. Misol uchun, Innovatsion rivojlanish vazirligi qoshidagi Yoshlar akademiyasi aʼzosi, 23 yoshli Ziyodilla Butakxanovni taniysizmi? U aerokosmik tadqiqotlar sohasida mustaqil tadqiqot olib borib, aerostat yasagan va uni Oʻzbekiston Respublikasi bayrogʻi bilan 48 kilometr balandlikka uchirgan.

    Yoki koʻplab odamlarning muammolarini hal qilish uchun turli sohalar bilan bogʻliq professional loyihalar yaratgan, veb-saytlar va asosan sunʼiy intellektli robotlar ishlab chiqarish ustida ish boshlagan, koʻplab musobaqa va xalqaro olimpiadalar gʻolibi, Toshkent shahri Mirzo Ulugʻbek tumanidagi 225-maktabning 11-sinf oʻquvchisi Asadbek Roʻziyevni olaylik. U boʻsh vaqtlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari boʻyicha turli buyurtmalarni bajaradi va shuning evaziga oyiga oʻrtacha 400 AQSH dollari ishlab topadi.

    Toshkent shahridagi Prezident maktabi bitiruvchisi Temurbek Sulaymonov hozirgacha dunyoning 29 ta nufuzli oliy taʼlim muassasasiga oʻqishga qabul qilingan.

    “Tashabbus-2021” koʻrik-tanlovining respublika bosqichida “Eng yaxshi yosh tadbirkor” nominatsiyasida 3-oʻrinni egallagan Ahmadjon Muhammadjonovning boshqa tengdoshlaridan farqi nimada? “Smart Solutions System” MCHJ direktori boʻlgan bu yigit suv xoʻjaligini raqamlashtirishga xizmat qiladigan “Smart-water” qurilmacini yaratgan.

    Oʻzbek tili fanidan Respublika fan olimpiadasida 1-oʻrinni egallagan, BMT tomonidan oʻtkazilgan “Preventiv diplomatiya elchisi” xalqaro tanlovida gʻolib boʻlgan, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabasi Abu Tolib Gʻiyosov ham ijtimoiy-siyosiy bilimlar sohasidagi raqobatda jahondagi tengdoshlarini ortda qoldirishga qodir.

    Bu kabi yoshlar juda koʻp va mamlakatimizda yoshlarga yaratilgan sharoit va imkoniyatlar sababli ularning safi kun sayin kengayib bormoqda. Ayniqsa, yurtimiz boʻylab oʻtkazilayotgan tanlov va musobaqalar, olimpiada va boshqa tadbirlarda yangi-yangi iqtidorlilar kashf etilmoqda. Bu nima degani? Bu — oʻzbek xalqiga 96 nafar yosh Beruniy, boʻlgʻusi Ulugʻbegu xorazmiylar, Navoiy va boburlar, Avloniy, Fitratu qodiriylar keldi, degani. Yanada aniqroq, tushunarliroq qilib aytganda, bu — ajdodlarga munosib vorislarni tarbiyalash bilan yangi Oʻzbekistonda Uchinchi Renessans poydevorining ilk temir ildizlari oʻrnashdi, degani.

    Davlatimiz rahbari Yoshlar kuniga bagʻishlangan tadbirda soʻzlagan nutqida xalqimizga yot boʻlgan turli illatlarni oʻziga kasb qilishga urinayotgan betarbiya yoshlar haqida toʻxtalar ekan, jumladan, bunday dedi: “Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda koʻrsatilgan xunuk voqealar, yaʼni joylardagi Alisher Navoiy, Amir Temur, Motamsaro ona haykallari yonida ayrim tarbiyasiz yoshlar tomonidan sodir etilgan nomaʼqul harakatlar meni nihoyatda ranjitdi. Bu bolalarning ota-onasi, bobo-momolari, oʻqituvchi va muallimlari, qolaversa, mahalla-koʻy, yoshlar bilan ishlaydigan masʼul mutasaddilar qayerga qarayapti?”

    Tarix fanlari doktori, professor, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiyi Abduxalil Mavrulov oʻz chiqishlaridan birida “Yoshlar har bir shaxsning tarbiyasi qanday boʻlishi lozimligi toʻgʻrisida kitob oʻqimaganmi, bu haqda ota-onalariyu ustozlaridan fikr eshitmaganmi?” degan savolni qoʻyadi. Javobni ham professorning oʻzi beradi: “Shubhasiz, oʻqiganlar, eshitganlar, biladilar. Xoʻsh, unda nega bu hol takror-takror qaytarilmoqda? Bizning fikrimizcha, buning sababi yoshlarning oʻzlarini oʻzlari boshqara olmasliklari, mustaqil tafakkurga ega emasligidir. Bunga koʻpincha biz, yoshi kattalar ham sababchimiz. Biz kun davomida hamma bilan turli mavzularda gaplashamiz. Ammo farzandlarimiz bilan-chi? Koʻpchilik ota-onalar sutkadagi 24 soat ichida oʻz farzandi bilan 15-20 daqiqadan ortiq gaplashmaydi. Natijada bolada ota-ona oldidagi masʼuliyat hissi kamayib boraveradi, nazoratning pasayishi unda soxta erkinlikni yuzaga keltiradi”.

    Shu oʻrinda aytib oʻtish joiz deb topgan bir masalaga toʻxtalmoqchimiz. Bu — hamisha tortishuvlarga sabab boʻladigan bolani tarbiyalash, yaʼni bolaning tarbiyasiz oʻstirilgani uchun aybdorni qidirish muammosi. Tarbiya uchun kim javobgar? Bu savolni kimga berishingizga qarab, javoblar tuslanaveradi. Ota-onaga bersangiz, maktabni, maktabga bersangiz, mahallani, mahallaga bersangiz, ota-ona va maktabni aybdor sifatida koʻrsatadi. Aslida, haqiqatan ham, barchaning javobi toʻgʻri — tarbiyaga barcha birdek masʼul.

    Tarbiya uchun eng birinchi masʼul — bu ota-ona, ikkinchi — pedagoglar va nihoyat, uchinchi — mahalla-koʻy. Ana shu har uchala qatlamda ham masʼuliyat teppa-teng boʻlishi kerak. Agar ota-ona mana shu majburiyatni, masʼuliyatni oʻz zimmasiga olib, kunu tun bolaning kelajagi uchun jon kuydirmas, davlat tomonidan yaratib berilayotgan imkoniyat va sharoitlardan unumli foydalanmas ekan, hech qachon bola oʻzidan oʻzi oqil va dono boʻlib ulgʻaymaydi. Shu maʼnoda, bola tarbiyasi masalasida birinchi va eng katta masʼuliyat ota-onaga yuklanadi. Faqat ota-onaning oʻzigagina ayb qoʻyish — bu hech kimga ayb qoʻymaslik bilan barobar. Chunki ota-onalarni tizimli boshqarishning imkoni yoʻq. Ular, xohlaysizmi-yoʻqmi, alohida xonadonlarda yashaydi.

    Koʻchada yoshlar tarbiyasi bilan bogʻliq nimadir voqea sodir boʻldimi, demak, biz, oʻqituvchilar ham ongli ravishda oʻzimizni aybdor deb his qilishimiz zarur. Aslida, har bir pedagog-oʻqituvchi oʻz ustida ishlab, vazifasiga sidqidildan yondashsa, bilim, malaka va koʻnikmalarini oshirib, tom maʼnodagi pedagogga aylansa, jamiyatda maʼnaviyat va shaxsning axloqiy tarbiyasi bilan bogʻliq qator muammolar oʻz oʻrnini yuksak ijobiy natijalarga boʻshatib beradi.

    Pedagogika fanlari doktori, professor Muhammadjon Quronov qiziq bir holatni tasvirlagan edi. U kishining tahliliga koʻra, biror joyda toʻrtta odam yigʻilib, oʻzaro suhbat boshlasa, suhbatdoshlarning kasbiga qarab, murojaat qilinar ekan. Masalan, shifokordan biror kasallikning davosi haqida soʻralsa, avtomobil ustasidan mashinaning ehtiyot qismlari toʻgʻrisida va hokazo. Lekin nimagadir shu davrada oʻqituvchi boʻlishiga qaramay, biror kishi undan bola tarbiyasi yoki bu boradagi muammolarning yechimi haqida soʻramas ekan.

    Xalqimiz “Bir bolaga yetti qoʻshni ota-ona”, “Bir bolaga yetti mahalla ota-ona” kabi hikmatli soʻzlarni bejiz aytmagan. Bola katta boʻlib, shaxsga aylangach, oʻzida bor odatu fazilatlarni, avvalo, qayerda namoyish qiladi? Mahalladami?! Agar bola oʻgʻri yoki giyohvand boʻlsa, uning salbiy taʼsiri oiladan keyin kimga tegadi? Atrofiga kimni sherik qilish ehtimoli yuqori? Shu mahalladagi tengdoshlari, oʻrtoqlari, qoʻni-qoʻshnilar emasmi? Demak, ana shunday holatlarning oldini olish uchun mahalla ahli faqat oʻz bolasinigina emas, mahalladagi boshqa bolalarning tarbiyasi masalasida ham masʼullikni his qilishlari zarur boʻlar ekan. Bolaning begonasi boʻlmaydi, degan gapni har birimiz oʻzimizga qoida qilib olishimiz zarur boʻlarkan.

    Mahallamizda bir bola boʻlar edi. Bolaligidanoq oʻgʻrilikka oʻrgangan. Uning bu odati, avvalo, ota-onasiga, keyinchalik mahalladagilarga maʼlum boʻldi. Maktabga bormas, sumkasini qayergadir yashirib, dalada odamlarga yordam berib yurar edi. Sinf rahbari bola maktabga kelmaganini ota-onasiga aytish uchun sinfdoshlari bilan uning uyiga borganida ota-ona norozi boʻlardi. Mahalladagi odamlar koʻmaklashish oʻrniga, ota-onaning ustidan kulishgan ham. Oʻqituvchiga esa “Bitta bolasini eplab ololmasa, nima qilib yuribdi farzand oʻstirib?”, “E, maktabga borib olim boʻlarmidi, undan koʻra qoʻy olib bersin, boqib yuradi”, “Sizga zarurmi shuncha, birovning bolasini orqasidan yurish, kerak boʻlsa oʻzi boqib, oʻzi tarbiyalab olsin” kabi gaplarni aytishgan.

    Oradan yillar oʻtdi. Bola yigitga aylandi. Oʻsha gapirgan odamlarning uyidan juda koʻp narsalarni oʻgʻirladi. Lekin uni na birov qoʻlga tushirdi, na oʻgʻirlatgan narsasini qaytarib oldi. Hatto boshqa mahalladagi odamlar biror nimani aniqlamoqchi boʻlsalar, “Falonchi oʻgʻrining koʻchasi”, “Falonchi oʻgʻrining otasi, onasi yoki ukasi”, “Falonchi oʻgʻrining qoʻshnisi” deb moʻljal oladigan boʻldi. Shunda ham biror-bir faol “kelinglar, shu bolani oʻrtaga olib, tarbiyasi bilan shugʻullanaylik”, demadi. Oxir-oqibat bola oʻgʻrilik oqibatida qamaldi. Qamoqda nima boʻlgani nomaʼlum-ku, ammo mahallada uning oʻgʻriligidan zarar koʻrib, haligacha oʻrnini qoplay olmagan odamlar bor. Ota-onasi va oila aʼzolari esa boshqa joyga koʻchib ketib, gap-soʻzlardan qutulib qoldilar.

    Mana, bir bolaning tarbiyasizligi ota-onayu mahalla-koʻyga qay darajada taʼsir qildi. Biz ana shunday noxushliklarning oldini olishimiz, jamiyatimizda kuchli maʼnaviyatli insonlar safini oshirishning barcha choralarini koʻrishimiz kerak. Buning uchun nima qilish kerak? Mazkur savolga javob sifatida va xulosa oʻrnida shuni aytmoqchimizki, bugungi kunda Prezidentimiz boshchiligida axloqiy tarbiya yoʻnalishida olib borayotgan ishlarimizni yana-da jadallashtirishimiz, yangi bosqichga olib chiqishimiz kerak.

    Otabek BOZOROV,

    falsafa fanlari boʻyicha falsafa doktori