Kibermakonda shaxsga doir maʼlumotlarni qanday muhofaza qilish mumkin!?

    Raqamlashtirish 25 Avgust 2024 120

    Tarixdan maʼlumki, insoniyat oʻz mol-mulki xavfsizligini taʼminlash borasida doimo qaygʻurib kelgan.

    Xususan, temir buyumlari yoki qulflarni kashf etilishi pul mol-mulkning xavfsizligini taʼminlashga muayyan darajada xizmat qilgan. Zamon va makon oʻzgarishi bilan pul mablagʻlarini saqlash va xavfsizligini taʼminlashning yangidan-yangi usullari ham joriy etildi. Xususan, oʻtgan davr mobaynida teri, sopol koʻzlar, temir sandiqlar yoki qulflarning kashf etilishi mazkur ehtiyojni qondirishga muayyan darajada xizmat qilib kelgan.

    Texnologik rivojlanishlar hamda onlayn xizmatlar bozorining kengayishi shaxsiy maʼlumotlarni muhofaza qilish bilan bogʻliq turli muammolarni yuzaga keltirmoqda. Xususan, ish haqi toʻlashning onlayn shakllariga oʻtilishi hamda toʻlov tizimlarining yangi shakllarini joriy etilishi moliyaviy operatsiyalarning xavfsizligini taʼminlashda muayyan qiyinchiliklarni keltirib chiqarmoqda.

    Takidlash joizki, bugun plastik kartalardan pul mablagʻlarini yechib olish yoki shaxsga doir mahfiy maʼlumotlarni oʻgʻirlash bilan bogʻliq holatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarni jiddiy tashvishga solayotgan muammolardan biridir. Ushbu maʼlumotlar shaxsning ismi-sharifi, tugʻilgan yili, ijtimoiy sugʻurta nomeri, pasport, haydovchilik guvohnomasi, bank hisob-raqami, kredit yoki plastik kartalari normerlari, biometrik maʼlumotlari, PIN-kodlar, elektron imzo yoki parollar koʻrinishida boʻlib, ularni qoʻlga kiritilishi jinoyatchiga muayyan shaxs nomidan qonunga hilof harakatlarni sodir qilish imkonini beradi.

    Mazkur maʼlumotlar shaxsning moliyaviy mablagʻlarini boshqarish huquqini berishi hamda jabrlanuvchini aybsiz aybdor qilib koʻrsatishi bilan ham oʻta havflidir. Misol uchun, xakerlar shaxsning mahfiy maʼlumotlaridan foydalanib, uning nomiga onlayn kredetlar rasmiylashtirishi mumkin. Bunda ajratilgan kredit mablagʻlari boshqa hisob-raqamlarga tranzaksiya qilish yoʻli bilan yechib olinadi. Odatda, ushbu holat foydalanuvchiga tegishli tashkilotlardan toʻlov topshiriqnomalari kelganidan soʻng ayon boʻladi. Afsuski, ushbu holatlarni yuzaga kelishiga baʼzan jabrlanuvchilarning oʻzlari ham sabab boʻlishmoqda.

    Dono xalqimizda “oʻzingni ehtiyot qil, qoʻshningni oʻgʻri tutma”, degan naql bugungi kun uchun naqadar toʻgʻri ekanligiga yana bir bor ishonch xosil qilish mumkin. Ushbu naqlning naqadar asosli ekanligini bugungi kunda hayotning oʻzi, yana bir bor tasdiqlamoqda. Xususan, NordPass, Keeper Security va SplashData kompaniyalari tomonidan oʻtkazilgan tadqiqotlarga koʻra, bugungi kunda aksariyat insonlar shaxsiy maʼlumotlarni saqlash uchun oddiy va eslab qolish oson boʻlgan parollardan foydalanishni afzal koʻradilar.

    Tahlillar natijasi soʻngi yillarga qadar “1234” yoki “123456” raqamlar kombinatsiyasi eng zaif parollar reytingida birinchilikni saqlab kelayotganligini koʻrsatmoqda. “Keeper Security” kompaniyasi tomonidan oʻtkazilgan soʻrovnoma natijalariga koʻra bugun har beshta foydalanuvchidan biri “12345” raqamllar kombinatsiyasidan foydalanib kelmoqda. Xakeralar esa ijtimoiy muxandislik tajribalariga tayangan holda foydalanuvchilarning aksariyati oddiy va eslab qolish oson boʻlgan parollarni afzal koʻrishini yaxshi bilishadi.

    Bundan tashqari, foydalanuvchilar tomonidan shaxsiy maʼlumotlarini yashirish maqsadida oʻzining yoki turmush oʻrtogʻining ismi, tugʻilgan yili yoki sevimli sport turi nomlarini qoʻyish holatlari ham koʻplab uchraydi. Ushbu holatlar psixologik zaif nuqtalar sanaladi va bu jinoyatchilar juda qoʻl keladi.

    Agar ushbu holatlar sizda ham mavjud boʻlsa, albatta bunga eʼtibor qarating. Boisi, Siz oʻzingiz haqqingizdagi maʼlumotlarni oʻz qoʻlingiz bilan xakkerlarga osongina topshirmoqdasiz.

    Esda tutingki, ushbu maʼlumotlar jinoyatchiga sizning nomingizdan harakat qilish huquqini beradi. Jinoyatchi sizning nomingizga kredit rasmiylashtirishi yoki plastik kartangizdan osongina pullaringizni oʻzlashtirib olishi mumkin!

    Tavsiya

    – har qanday sms habarlarini qiziqib ochmang, ushbu habarlar bilan virus dasturlar ham kirib kelishi mumkin;

    – har qanday saytga tashrif buyurmang, unda notoʻgʻri algoritmlar oʻrnatilgan boʻlishi mumkin. Mazkur holat sizning qurilmangizga toʻgʻridan-toʻgʻri kirish huquqini beradi;

    – sayt haqidagi maʼlumotlarni atroflicha tekshiring va rasmiy sayt ekanligiga ishonch hosil qiling;

    – parollarni tanlashda murakkabligiga eʼtibor qarating;

    – oʻzingiz yoki karta raqamingiz haqidagi maʼlumotlarni turli saytlarga kiritmang, ushbu saytlar soxta boʻlishi mumkin;

    – plastik kartadan boshqa shaxslar foydalanishida eʼtiborli boʻling (ofissant, kassir);

    pasportingizning elektron nusxasini, plastik karta nomeri va parolini hech kimga bermang.

    Baxtiyorjon Xamidov,

    Toshkent davlat yuridik universiteti

    “Kriminalistika va sud ekspertizasi”

    kafedrasi mudiri oʻrinbosari,

    yuridik fanlar boʻyicha falsafa doktori (PhD),