Qadim-qadimdan barcha xalqlarda kitob yaxshilikka yetaklovchi ezgulik manbai sifatida qadrlanib kelingan. Kitob bilan bogʻliq har qanday yaxshi ish ham sharafli hisoblangan. Avvalo kitob taʼlif qilish, uni mutoala qilish maʼnaviy yetuklikka intilish hisoblangani bois bu saʼxy-harakat har doim xayrli oqibatlarga olib kelgan.

Kitob soʻzi Qurʼoni Karim oyatlarida 200 dan ortiq oʻrinda kelgan, shuningdek, uning maʼnosiga dalolat qiladigan oyatlar ham juda koʻp marta zikr qilingan.

Kitob soʻzi arabcha boʻlib, lugʻatda “oʻz ichiga jamlamoq”, “toʻplamoq” kabi maʼnolarni anglatadi. Arablar biror katta oilaga tegishli boʻlgan barcha oʻgʻil-qizlari va navara-chavaralari ota hovliga toʻplansalar “Takattaba banu fulan”, yaʼni “Falonchining avlodlari toʻplanibdi”, deyishadi. Shuningdek, bir narsaning qator-qator boʻlib terilishiga ham ishlatiladi.

Istilohdagi maʼnosi ona tilimizdagi bir necha sahifalardan iborat kitobni anglatadi.

Kitob madaniyat va maʼrifat, taraqqiyot manbai, undagi ilm aql kamolati, qalb va ruh sokinligi ozuqasi, shuningdek, bashariyatni ezgulik sari yetaklovchi sarbondir.

Kitoblar olamida bebaho boylik boʻlgan, bugungi taraqqiyotimizning ilk manbasi, ildizi boʻlgan qoʻlyozma nusxalari mavjud. Mazkur kitoblar bizning fondlarimizdan joy olgunga qadar boshlaridan juda ogʻir kunlarni kechirgan, tabiiy va sunʼiy talofatlar ularning katta qismiga jiddiy zarar yetkazgan.

Zaxmatkash ota-bobolarimiz bu bebaho xazinani vujudga keltirish uchun qancha koʻz nurlarini ketkazganlar, birgina imom Buxoriy hazratlarining “Sahih al-jomeʼ” toʻplamlari oʻn besh yillik mehnatlarining samarasidir. Ibn Hajar Asqaloniy esa “Sahih al-jomeʼ”ga sharh yozish uchun oʻttiz yil yil umrlarini sarf qilgan ekanlar.

Bugun biz buyuk-buyuk allomalar vorislari sifatida ana shu xazinalarni munosib saqlab, eng muhimi, ularning ichidagi dunyoyu oxirat saodatiga eltuvchi ilmu-maʼrifatni egallab oʻrganyapmizmi? Bugun ilmu-maʼrifat uchun hamma kuch safarbar qilinmasa, tobora murakkablashib borayotgan muammolarga yechim topa olmaymiz.

Qoʻlyozma kitoblar oʻziga xos sirli xususiyati bilan bosma kitoblardan ajralib turadi. Ularni mutolaa qilar ekansiz, har bir satri, har bir harfi buyuk ajdodlarimizning naqadar xolis boʻlganliklariga guvoh boʻlasiz. Bobolarimiz kelajak avlodlar uchun bor imkoniyatlarini ishga solganlar. Yusuf Xos Hojib aytganlariday:

Bitib qoʻymasaydi dono qalami,

Qorongʻu qolurdi moziy olami.

Ayrim qoʻlyozma kitoblar insoniyat taraqqiyoti uchun juda katta ahamiyatga ega boʻlishiga qaramay, ularning hokisor mualliflari nomlarini ham yozib qoldirmagan. Muallif nomi qayd etiladigan joyga, “Allohning rahmatiga muhtoj banda nomidan”, degan xolisona satrlarni bitib qoʻyishganini koʻrib beixtiyor koʻzingizga yosh keladi.

Mana shunday bebaho qadriyatimizga aylangan qoʻlyozma kitoblarning eng qadimgisi 1400 yoshdan oshmoqda. Shu nuqtayi nazardan ularning koʻplari qayta taʼmirlashga muhtoj. Hozirgi kunda “kitob tabiblari” deb nom olgan nodir kasb sohiblari, qoʻlyozmalarni “davolash” bilan shugʻullanadigan restavratorlardir. Bu kasb egalari oʻz xizmatlari bilan oʻtmish va kelajak oʻrtasidagi koʻprik vazifasini bajarishadi.

Bugungi kunda ayni sohaning qayta jonlanishi Gʻarbu Sharqda ancha jadal tus ola boshladi. Jumladan, mustaqil Oʻzbekistonda ham bu sohada bir necha laboratoriyalar faoliyat olib bormoqda. Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik qoʻlyozmalar instituti, Oʻzbekiston Islom svilizatsiyasi markazi, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Markaziy Davlat Arxivi va yurtimizning koʻplab tarixiy muzeylari qoshida qadimgi qoʻlyozmalar, vasiqa va hujjatlar, shuningdek, nasabnoma va shajaralar kabi maʼnaviy osoru-atiqalar saqlanadi. Bugungi kunda bu bebaho merosimizni oʻrganish bilan birga, ularning ichida turli hil sabablarga koʻra talofat koʻrgan kitoblarni imkon qadar qayta tiklanmoqda.

Bir qoʻlyozma kitobning vujudga kelish tarixiga nazar solsak, unda bir necha kishilarning ishtirok etishiga guvoh boʻlamiz, jumladan, qogʻoz yasovchidan tortib, kitob taʼlif qilgan olim, yaʼni kitobning muallifi birinchi qoʻlyozma nusxasi, soʻng uni bir necha sonda koʻpaytirish uchun xattotlar, kotiblar, varaqlarni (kurrosalarga) joylab tikuvchi va muqovalovchi sahhoflar ishtirok etishgan.

Bugungi kunda qadimgi kitoblar 3 ta asosiy usul – maxsus zamonaviy jihozlar yordamidagi mexanik usul, issiqlik energiyasi vositasidagi maxsus jihozlar va qoʻl mehnati orqali taʼmirlanmoqda.

Mexanik usul orqali taʼmirlash asosan toshbosma kitoblarni tiklashda qoʻllaniladi. Bu usulda zamonaviy texnologiyalar yordamida daraxt poʻstloqlari kabi tabiiy ashyolardan olingan turli hil kukunlardan foydalaniladi. Avvalo, kukunlardan qogʻoz rangiga qarab munosib rang tanlanadi, shuningdek, qogʻozning qalin yoki yupqaligiga qarab kukun miqdori ham belgilanib suvli eritma tayorlanadi. Kitobning talofat koʻrgan sahifalari alohida ajratib olingach, maxsus idishlarga jaoylashtiriladi. Maxsus idishlarning ost qismi juda ham mayda teshikchalardan iborat boʻlib, kerakli paytda ichidagi qorishmali suv shu oʻta mayda teshiklar orqali tushirib yuboriladi, natijada sahifalardagi yirtilgan boʻsh joylariga kukun quyqalari toʻlib, ular bus-butun holatga keladi.

Keyingi usul, yaʼni issiqlik energiyasi orqali koʻproq toshbosma kitoblar taʼmirlanadi. Zamonaviy maxsus apparatda keng va uzun tasmalar boʻladi, shu tasmalar yuzasiga kitobnig talofat koʻrgan sahifalari terib chiqiladi va ustidan maxsus yelimli qogʻoz yopiladi. Tasma varaqlarni yuqori haroratli pechga olib kiradi, natijada talofat koʻrgan varoqlar yelim va qogʻoz orqali tiklanadi. Bu yuqoridagi ikki usul orqali taʼmirlash jarayonida kitobning qogʻozlari maʼlum darajada zararlanishi mumkin, ayniqsa nodir qoʻlyozma kitoblardagi noyob qogʻoz va yozuvlarga jiddiy zarar yetishi mumkin. Shuning uchun bu uslublar orqali qoʻlyozma kitoblarni taʼmirlash tavsiya etilmaydi.

Uchinchi usul, yaʼni qoʻl mehnati orqali taʼmirlash eng qadimiy usul boʻlib, nodir qoʻlyozma kitoblar taʼmirlanadi. Bu uslubda qoʻlyozmaning asl nusxasiga umuman oʻzgarish va salbiy taʼsir yetmaydi .Unga koʻra taʼmirtalab qoʻlyozmaning avval barcha sahifalari raqamlanadi va alohida ajratiladi, talofat yetgan, yirtilgan yoki kuygan, shuningdek, biologik zararkunandalardan zarar koʻrgan sahifalar taʼmir stoliga ajratib qoʻyiladi. Kitob sahifasining hajmiga teng, ayni shu sahifa sifatiga yaqin keladigan qogʻoz tayyorlanadi yoki matni mutlaq talofat koʻrgan kitoblarning, boʻsh qogʻozlari matn chetlaridagi toza qogʻozlaridan foydalaniladi. Soʻng kitobning yirtilgan varagʻi yangi qogʻoz tabiiy yelimi bilan yopishtiriladi. Soʻng yangi qogʻozning ortiqcha qismlari maxsus pichoqcha yordamida olib tashlanadi, chetlari mayin qum qogʻoz yordamida tekislanadi va natijada yaxlit sahifa vujudga keladi. Sahifadagi yoʻqolgan matnlar boshqa nusxalarda mavjud boʻlsa, xattotlar yordamida toʻldiriladi.

Bu soha vakillari, yaʼni xattotlarimiz xalqimiz merosiga muhabbatli, omonatdor, juda ham diqqat-eʼtiborli, oʻta sabrli boʻlishlari lozim. Oppoq xalat kiygan jarrohlar – restavratorlar taʼmir jihozlarini tutib nurli oyna stoli ustida turgan qadimiy qoʻlyozmaga yaqinlashar ekan, u najot kutib yotgan bemor tepasidagi jarroh hissiyotidan kam hissiyotni boshdan kechirmasligi, oʻta hushyor va ziyrak boʻlishi talab etiladi. Axir, koʻhna qoʻlyozmalar tovush chiqarmay yotgan bemor yangligʻ muolajaga muhtojdir.

Sahifalarni terish, tiklash, jamlash, muqovalash – taʼmirdagi bu toʻrt jarayon kitobning talofat koʻrganlik darajasiga qarab amalga oshiriladi. Sahifalar chokidan chiqib chalkashib ketgan boʻlsa tartiblash “tadʼim”, yirtilib bir parchasi yoʻqolgan boʻlsa tiklash “tarmim”, kurrosalar soʻkilgan boʻlsa jamlab chiqish va tikish “Tajmiʼ”, mustahkam muqovalash “tasbit” kabi amaliyotlar bajariladi. Har bir amaliyotning esa ijobiy va salbiy jihatlari bor. Taʼmirlovchi qadimgi qoʻlyozmalar ustida ishlar ekan, bir oz muddat uzoq yillardan beri yigʻilib yotgan chang mikroblar, shuningdek, kimyoviy ishlov berish jarayonida zararli modda va gazlardan nafas oladi. Bu modda va gazlar esa uning nafas olish aʼzolariga salbiy taʼsir koʻrsatadi.

Qolaversa, taʼmirlovchining qoʻl yoki yuz terisida ekzemaga oʻxshash kasalliklar ham sodir boʻlishi mumkin. Maxsus yoritilgan ish stoli ustida uzoq muddat ishlash jarayonida esa koʻz nuriga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Harakatsiz uzoq muddat oʻtirish umurtqa, bel ogʻriqlariga sabab boʻlishi mumkin. Nodir manbalar taʼmiri oʻziga yarasha masʼuliyat yuklaydi, xavf tugʻdiradi, bu esa asab va ruhiyatga salbiy taʼsir koʻrsatadi.

Bu kabi salbiy taʼsirlar qoʻlyozmalarning umri uzayib, dunyo va oxirat saodati uchun xizmat qilishidek xayrli oqibatlar oldida arziydi. Eng muhimi, bu sohaning fidoiy mutaxassislari ota-bobolarining bebaho merosini omonat bilib, avlodlarga salomat holda qoldirishdek sharafli vazifasidan faxrlangani tufayli aziz umrini bajonidil ushbu sharafli amal yoʻlida sarf qiladi.

M.USMONOV,

Xalqaro islom akademiyasi manbalar xazinasi boʻlimi mudiri