Bunday lahzalarda ota-bobolarimiz azaldan tabiat bagʻriga oshiqib, tevarak-atrofni obodonlashtirish, ona zaminga goʻzallik va husnu tarovat baxsh etishga intilgan.

Shu jarayonda xalqimizning bebaho tafakkur tarzi, orzu-umidlari, kelajakka intilishini namoyon etuvchi koʻplab ezgu qadriyatlar shakllangan. Bu bebaho meros bugun ham barhayot yashamoqda va kishilik jamiyati taraqqiyotida oʻzligini namoyon etmoqda. Yangilanish va yasharish bayrami — Navroʻzi olam va hashar bilan bogʻliq ezgu anʼanalar bunga misol.

Ayniqsa, Prezidentimizning shu yil 21-fevraldagi “2025-yilgi Navroʻz umumxalq bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarorida bu boradagi ishlar rivojiga qaratilgan koʻlamdor vazifalar belgilab berilgani ayni muddao boʻldi. Jumladan, Navroʻz umumxalq bayramiga bagʻishlangan barcha tadbirlar milliy qadriyat va anʼanalarimiz hamda bugungi islohotlarimizning maʼno-mohiyatiga mos holda yuksak darajada tashkil etiladi. Umumxalq bayrami mamlakatimizda “Qadriyatlaring boqiy boʻlsin, Navroʻz!” degan bosh gʻoya asosida sayillar shaklida yuqori saviyada keng nishonlanadi.

Qarorga koʻra, bu yilgi Navroʻz bayrami muqaddas Ramazon oyida nishonlanishi inobatga olinib, keksa avlod vakillari, ­xususan, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat fronti faxriylarini har tomonlama ­eʼzozlash choralari koʻriladi. “Mehribonlik”, “Saxovat” va “Muruvvat” uylarida yashayotgan shaxslar, ijtimoiy himoya daftarlariga kiritilgan va koʻmakka muhtoj insonlarning holidan xabar olinadi, ular uchun bayram dasturxoni yoziladi hamda turli xayriya tadbirlari oʻtkaziladi.

Qarorning yana bir ahamiyatli jihati shundaki, “Yashil makon” umummilliy loyihasida belgilangan tadbirlarni amalga oshirish, bayram arafasida barcha hududlarda, koʻcha, mahalla, tuman va shaharlarda obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish aksiyalari, umumxalq hasharlarini oʻtkazish vazifasi belgilangan.

Bugun global ekologik muammolar tobora chuqurlashib, tabiatga, alaloqibat insoniyatga salbiy taʼsiri, zarari ortib bormoqda. Eʼtiborlisi, yurtimizda ushbu muammolar yechimiga qaratilgan qator yangi va xayrli tashabbuslar hayotimizga chuqur kirib kelmoqda. “Yashil makon” umummilliy loyihasi shulardan biri.

2025-yilga moʻljallangan davlat dasturida bu xayrli ishlarni izchil davom ettirish bilan bir qatorda tabiatni asrash, ekologik muvozanatni barqarorlashtirish va “yashil” rivojlanishga yoʻnaltirilgan koʻplab muhim tashabbus va gʻoyalar, chora-tadbirlar belgilangan.

Jumladan, 2025-yil bahor-kuz mavsumida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida mahallalarda daraxt, xonadonlar va ichki koʻchalarga gul va qalamchalar ekish boʻyicha chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Unga asosan, umummilliy dastur doirasida bahorda 125 million va kuzda 75 million tup manzarali, mevali daraxt va buta koʻchatlari hamda qalamchalarini ekish rejalashtirilgan.

Tabiatni yashillikka burkashda oʻrmonlarning oʻrni beqiyos. Shu bois, bu yilgi davlat dasturida oʻrmon bilan qoplangan maydonlarni 4,1 million gektarga yetkazish va muhofaza qilinadigan tabiiy hududlarni 14,5 foizgacha kengaytirish koʻzda tutilgan. Buning uchun oʻrmon xoʻjaliklarida 123 million tup nihol va koʻchat yetishtiriladi. Koʻchatchilikni rivojlantirish maqsadida

18 ta davlat oʻrmon xoʻjaligini koʻchat yetishtirishga ixtisoslashtirish maqsad qilingan. Bunda “ilm — loyiha — ­amaliyot” zanjirida genetik seleksiya ishlari kuchaytirilib, urugʻchilik laboratoriyalari, intensiv tajriba uchastkalari va “onalik” plantatsiyalari tashkil etiladi.

Shuningdek, urugʻlarni genetik tahlil qilish, oʻsuvchanligini taʼminlash, xorijdan unumdor urugʻ, nihol va koʻchatlarni olib kelish hamda ularni introduksiya qilish va rayonlashtirish dasturini ishlab chiqish, intensiv amaliyot tajriba uchastkalari va urugʻchilik “onalik” plantatsiyalari tashkil etish kabi muhim chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Choʻl, togʻli va togʻoldi hududlarda choʻllanish va qum koʻchishi, tuproqning suv va shamol eroziyasining oldini olish hamda ekologik muhitni yaxshilash maqsadida himoya oʻrmonlarini (ihota) barpo etish ham rejalashtirilgan.

Oʻrmonlarni asrash va kengaytirishga bu qadar katta eʼtibor qaratilishi bejiz emas. Zero, oʻrmonlar tabiat muvozanatini saqlash uchun zarur boʻlgan muhim resursdir. Bu yashil boylik nafaqat atmosferadagi uglerod gazini oʻziga jalb qilish, balki biologik xilma-xillikni saqlash va suv resurslarini boshqarishda ham muhim rol oʻynaydi. Shu bois, yurtimizda soʻnggi yillarda amalga oshirilayotgan ekologik muvozanatni taʼminlashga yoʻnaltirilgan loyihalarni hayotga tatbiq etishda yashil hududlarni kengaytirish va ihota daraxtzorlar barpo etishga eʼtibor kuchaytirilmoqda.

Oʻrmon xoʻjaligi agentligi maʼlumotiga koʻra, 2024-yilda oʻrmon xoʻjaliklari tomonidan 255 ming gektar maydonda oʻrmon barpo qilish va qayta tiklash tadbirlari amalga oshirildi. Jumladan, Orol dengizining suvi qurigan tubida va Orolboʻyi hududlarida 215 ming gektar maydonda “yashil qoplama” barpo etildi. Shuningdek, dorivor va ozuqabop oʻsimliklar plantatsiyasi 5628 gektarga yetkazilib, 9667 tonna xomashyosi tayyorlandi.

— Maqsadimiz faqat oʻrmonlarni tiklash emas, balki ulardan foydalanish va iqlim oʻzgarishlariga qarshi kurashishda innovatsion va barqaror yoʻllarni topishdir, — deydi Oʻrmon xoʻjaligi ilmiy-tadqiqot instituti katta ilmiy xodimi, qishloq xoʻjaligi fanlari boʻyicha falsafa doktori Nurillo Maxsumov. — Olimlarimiz va yosh tadqiqotchilar ilmiy-amaliy loyihalarni hayotga tatbiq etishda ana shu masalalarni eʼtiborga olmoqda. Xususan, oʻrmonlarni kengaytirishda har bir hududning tuproq-iqlim sharoitiga mos, qurgʻoqchilik, suvsizlik va shoʻrga chidamli daraxt va buta turlari tanlanadi.

Yashillikka tezroq hissa qoʻshishda yaproq bargli daraxtlarning oʻrni katta. Koʻkalamzorlashtirish ishlarini bajarishda shu jihatlarga alohida eʼtibor qaratilyapti. Qolaversa, ekilgan koʻchat va qalamchalar toʻliq unishi, rivojlanishi uchun ekishdan oldin va keyin agrotexnik tadbirlarni tashkil etish, nihollarni toʻgʻri parvarishlash, oʻz vaqtida sugʻorish zarur. Anʼanaviydan tomchilatib sugʻorish tizimiga oʻtish ham suvni tejashning muhim omili. Mutaxassislar joylarga chiqib, oʻrmonchilar bilan hamkorlik ishlarida ana shunday ilmiy tavsiyalarni keng targʻib etmoqda. Shu bilan birga, ilmiy tadqiqot yoʻnalishlarini tanlashda ham bugunning talabidan kelib chiqib, eng ustuvor masalalar inobatga olinmoqda.

Yurtimizda sugʻorilmaydigan lalmi yer ancha hududni egallaydi. Undan samarali foydalanish borasidagi tadqiqotlar ­natijasida xandon pistaning lalmi yerda oʻsishga moslashgan 13 navi yaratildi. Tadqiqotlar jarayonida bu navlarning mintaqamiz iqlim sharoitiga mosligi aniqlandi. Xususan, mahalliy xandon pista navlari suvsizlikka chidamli. Shu bois, ularni sugʻorilmaydigan hududlarda ekish mumkin. Qolaversa, anʼanaviy navlar 14-15 yilda hosilga kirsa, yangi navlar 7-8 yilda hosil bera boshlaydi.

Hozir Oʻrmon xoʻjaligi ilmiy-tadqiqot instituti bazasidagi pistachilik tajriba stansiyasida har bir tur boʻyicha katta plantatsiyalar tashkil etilgan. Ilmiy tadqiqotlar davom ettirilib, yangi navlar rayonlashtirilyapti. Ushbu yangi navlarning keng ekilishi nafaqat ekologik barqarorlik va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, balki eksportni yoʻlga qoʻyishda ham yaxshi samara beradi.

Olimlar amalga oshirayotgan yana bir ilmiy loyiha qurgʻoqchilik va shoʻrga chidamli galofit oʻsimlik navlarini koʻpaytirishga qaratilgan. Bu borada Orolboʻyida, shuningdek, choʻl va yaylovlarda keng miqyosda ish qilinyapti. Togʻ oʻrmonlarini kengaytirish ham ilmiy izlanishlarning asosiy yoʻnalishlaridan biri. Chunki togʻda oʻsgan har bir daraxt ildizi atrofida suv yigʻadi. Togʻ ekotizimlari qanchalik barqaror, daraxt koʻp boʻlsa, toza havo, obihayot va salqinlik manbai boʻlib xizmat qiladi. Ushbu ilmiy loyihalar yashil makonlar kengayishiga zamin yaratadi.

Togʻ bagʻridagi yangi oʻrmon

Toshkent viloyatidagi Burchmulla oʻrmon xoʻjaligi yurtimizning soʻlim va fayzli hududlaridan. Ushbu xoʻjalik mehnat jamoasi ham shu kunlarda bahorgi ekish va koʻkalamzorlashtirish, obodonlashtirish ishlariga qizgʻin taraddud koʻrmoqda. 354 ming gektar maydonni egallagan mazkur xoʻjalikda hozir 800 dan ziyod mutaxassis va ishchilar yangi oʻrmonlar barpo etish, mavjud maydonlarni qoʻriqlash, koʻchat yetishtirish borasida ishlayapti.

Oʻtgan yili ushbu jamoa ahlining saʼy-harakati bilan 282 gektar yangi oʻrmon va ihotazorlar barpo etildi. Ushbu maydonlarda bodom, yongʻoq, olma, yogʻochbop daraxtlar va boshqa turdagi koʻchatlar ekildi. Ekish oldidan va keyin agrotexnika talablariga qatʼiy rioya etilgani, sugʻorish ishlari toʻgʻri yoʻlga qoʻyilgani samarasida ekilgan nihollarning toʻqson foizdan koʻproq qismi undi. Bu yashil boyligimiz xazinasiga katta hissa boʻlib qoʻshiladi. Zero, daraxtlar toza havo manbai boʻlibgina qolmay, changni yutadi, shovqinni pasaytiradi.

Qolaversa, daraxtlar ham barcha tirik mavjudotlar kabi oʻziga xos quvvat manbaiga ega. Chunki inson daraxtlardan taralayotgan mayin ifordan bahramand boʻlib, kayfiyati koʻtariladi.

Mutaxassislar manzarali daraxt ekilgan bogʻda sayr qilish bir necha turdagi dori ­vositalarining oʻrnini bosishi mumkinligini qayd etadi. Shu bois, ota-bobolarimiz daraxtning soyasi jonga, mevasi tanga darmon deya eʼzozlagan. “Birni kessang, oʻnni ek”, deb tabiatni asrashni, yaratuvchilikni keng targʻib etgan.

Ayni paytda yurtimizda oʻrmonlarni asrash va koʻpaytirish, “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish borasidagi xayrli ishlar ajdodlarimizning ushbu oʻgitlariga hamohangdir.

— Bu yil 438 gektar yangi oʻrmon barpo etishni koʻzlayapmiz, — deydi Burchmulla oʻrmon xoʻjaligi bosh oʻrmonchisi Baxtiyor Shorahmedov. — Buning uchun iqlim sharoitimizga mos navlar tanlanyapti.

55 gektarda koʻchatxonamiz bor. Shu yerda ninabargli, yaproqbargli manzarali va mevali nihollar yetishtirilyapti. Ishlarni tashkil etishda oʻrmon xoʻjaligiga tutash hududda joylashgan mahallalar bilan hamkorlik ham muhim.

Shu maqsadda 24 ta mahalla fuqarolar yigʻiniga hamkorlikda ishlash boʻyicha taklif xati joʻnatilgan. Ushbu mahallalar bilan “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturini roʻyobga chiqarishda birgalikda ishlash reja qilingan. Buning uchun ijtimoiy daftarlarda turgan ishsiz aholiga yer ajratib berish orqali bandligini taʼminlashga koʻmaklashish ham rejada turibdi.

Togʻ oʻrmonlarini rivojlantirish borasidagi bu ishlar ekologik muvozanatni yaxshilash barobarida turizm rivoji uchun ham katta imkoniyatlar yaratmoqda. Burchmulla oʻrmon xoʻjaligida ekologik nazorat punktlari yoʻlga qoʻyilib, sayyohlarga xizmat koʻrsatilyapti.

Iqlim va taraqqiyot

Iqlim oʻzgarishi bugun taraqqiyotga toʻgʻonoq boʻlayotgan global muammolardan. Bu nafaqat sayyoramiz, balki inson huquqlari uchun ham inqirozdir. Ekologik ofatlar sogʻliqni saqlash, oziq-ovqat, suv va sanitariya, hatto yashash huquqiga ham bevosita taʼsir qilmoqda.

Oʻzbekiston zamini joylashgan Markaziy Osiyo mintaqasi iqlim oʻzgarishining ogʻir oqibatlarini chuqur his etmoqda. Bu yuqorida aytganimizdek, iqtisodiyot rivojiga ham toʻgʻonoq boʻlmoqda. Mazkur muammoni hal etishning oqilona yoʻli — yashil rivojlanishga erishish.

Mamlakatimizda bu borada “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini keng joriy qilish, iqlim oʻzgarishiga moslashishga qaratilgan loyihalarni barqaror moliyalashtirish, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada zamonaviy energiyatejamkor texnologiyalarni keng qoʻllash orqali iqtisodiyotda “uglerod izi”ni kamaytirish kabi ustuvor vazifalar amalga oshirilyapti. Joriy yildagi davlat dasturida ham bu yoʻnalishda keng qamrovli chora-tadbirlar koʻzda tutilgan.

Xususan, Parij bitimi talablaridan kelib chiqib, Oʻzbekistonning uglerod neytralligiga erishishining uzoq muddatli ­strategiyasi ishlab chiqilishi rejalashtirilgan. Bu yoʻnalishdagi maqsad va vazifalarni roʻyobga chiqarishda xalqaro hamkorlikning ahamiyati katta. Qator xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “Oʻzbekistonda barqaror oʻrmon landshaftlarini tiklash” loyihasini bunga misol sifatida keltirish mumkin.

Mazkur loyiha doirasida Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo va Namangan viloyatlarida salmoqli ishlar bajarilyapti. Ushbu hududlardagi oʻrmon xoʻjaliklari bilan hamkorlikda agrooʻrmonchilik, ekoturizmni rivojlantirish va sohaga axborot texnologiyalarini keng joriy etish maqsad qilingan. Shuningdek, muhofaza etiladigan hududlarda qator ekologik loyihalarni amalga oshirishga koʻmaklashiladi.

Bundan tashqari, oʻrmon xoʻjaliklari hamda milliy tabiat bogʻlari hududidagi oʻrmon fondi yerini xatlovdan oʻtkazish, undagi daraxt turlari, ularning yoshi va kamayib borayotgan turlarini aniqlash koʻzda tutilgan. Oʻrmon xoʻjaliklari hamda milliy tabiat bogʻlari hududida dorivor oʻsimliklar ­plantatsiyalari tashkil etiladigan yer maydonlarini tanlash, oʻrmon va ovchilik xoʻjaliklari hamda milliy tabiat bogʻlarining moddiy-texnik bazasini yaxshilash ham koʻzda tutilgan.

— Bugun ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalasi barcha davlatlar uchun dolzarb va muhim vazifa boʻlib turibdi, — deydi mazkur loyiha ekologi Dildora Aralova. — Mintaqamizda bu masalalarga oqilona yechim topishda yashil rivojlanish asosiy imkoniyat boʻladi. Bu esa bugungi va kelajak avlodlarning sogʻlom muhitga boʻlgan huquqlaridan toʻliq foydalanishi sari toʻgʻri yoʻnalish olish deganidir. Shunga muvofiq, oʻrmonlarni qayta tiklash va ularning uglerod saqlash imkoniyatini yaxshilash borasidagi chora-tadbirlar global iqlim oʻzgarishlariga qarshi kurashishda muhim oʻrin tutadi.

Loyiha doirasida koʻplab chora-tadbirlar rejalashtirilgan. Jumladan, togʻli hududlarda terassa usulida bogʻ barpo etish belgilangan. Mazkur usulda daraxt ekish suv tanqis hududlarda obihayotni tejash va yashillikni koʻpaytirishga imkon beradi. Yana bir yoʻnalish yaylovlarni tiklash bilan bogʻliq. Bu ishlar boshlangach, ushbu maydonlarda mahalliy aholining chorva boqishi cheklanadi. Kutilgan samaraga erishish uchun esa ekologik loyihalar aholiga qiyinchilik tugʻdirmasligi kerak. Yaʼni koʻp yillar chorva boqib daromad topishda bunday maydonlardan foydalanib kelgan aholining hayot tarziga zarar yetkazmaslik lozim. Buning uchun tabiatga bezarar va ayni vaqtda yashillikni asrash va koʻpaytirishga imkon beradigan faoliyat turlarini joriy etish orqali aholiga koʻmak beriladi. Shu maqsadda ekologiyaga bezarar faoliyatni yoʻlga qoʻyish uchun kichik grantlar ham ajratiladi.

Bu jarayonda ijtimoiy daftarlarga kirgan aholi toifasi bilan alohida ishlash koʻzda tutilgan. Ularga daromad topishning yangi usullarini oʻrgatish bilangina cheklanilmaydi. Tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun mablagʻ ham ajratiladi. Masalan, meva quritadigan sex qurish uchun 11 million soʻmlik grant beriladi. Olma va olxoʻri bogʻlarini barpo etish uchun ham biznes loyihalar ishlab chiqilyapti.

Loyihani toʻla amalga oshirishda oʻrmonchilik sohasi mutaxassislarining bilim va tajribasini oshirish muhim. Shu maqsadda tashkil etilayotgan seminar-treninglarda soha mutaxassislari malaka oshiryapti, oʻrmonlarni rivojlantirish bilan bir qatorda sohada qoʻshimcha daromad olish boʻyicha tajriba almashmoqda.

Oʻzbekistonning tabiiy ekologik sharoitida, yuqorida aytib oʻtganimizdek, ekoturizmni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar bor. Bu borada soha tashkilotlariga koʻmak berish ham koʻzda tutilgan. Masalan, sayyohlar uchun tashrif markazlari, kemping va boshqa vositalar qurishga yordam beriladi.

Bunday ekologik loyihalar amalga oshirilishi natijasida taraqqiyot strategiyasida belgilangan katta maqsadlardan biri — uglerod neytralligiga erishiladi va yashil moliyalashtirish tizimi takomillashadi. Yaʼni havoni ifloslantiruvchi va inson salomatligiga zarar yetkazadigan gazlar chiqarilishining oldi olinadi. Bu, avvalo, mintaqamiz aholisi, qolaversa, butun insoniyat uchun toza havo, musaffo tabiat, uzoq va sogʻlom umr baxsh etish, mamlakatimizning xalqaro uglerod savdosi bozoridagi ishtirokini faollashtirish uchun ham katta imkoniyat deganidir.

Bahor XIDIROVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri