баннер
27 Apr 2025
09:44

    Koʻkdalada tarvuz qachon pishadi?

    Qish fasli tugashiga oz vaqt qolgan boʻlsa-da, hali toʻqson chiqishiga ancha bor. “Toʻqson, bir kunimcha yoʻqsan” degan gap bejiz aytilmagan.

    Shu bois, azaldan bu faslning chiqishi Navroʻz kuniga qadar davom etishi hisob qilingan. Lekin dehqonchilik hadisini olgan mirishkorlar har daqiqani gʻanimat bilib, oʻz taqvimlari boʻyicha allaqachon ish boshlab yuborgan. Shu paytda keng dalalarda dehqonchilik qilayotgan kishilar zahmatiga bir kungina sherik boʻlgan odam ularga tasanno aytadi.

    Adoqsiz kenglik. Olisdan koʻrinib turgan issiqxonalarga yaqinlashamiz. Mashinadan tushgach, qishning tafti seziladi. Sovuq shabada koʻz ochirgani qoʻymaydi. Lekin qishni pisand qilmagandek, dehqonlar tinimsiz harakatda. Har kim oʻz dalasida nimadir bilan mashgʻul. Aslida, bu hududda hamma birdek ertapishar tarvuz ekish bilan shugʻullanadi. Shu bois, kimdir yer haydash, yana birovi issiqxona ustini yopish bilan band. Xullas, atrofga qarasangiz, bekor oʻtirgan odamning oʻzi yoʻq.

    Yaxshimurod Qobilov tajribali mirishkorlardan biri. Fermer xoʻjaligi tashkil etib, 15 yildirki dalada tarvuz ekib, moʻl hosil olib keladi. Qaysi paytda koʻchat oʻtqazib, qachon oʻgʻitlashu suv berishni yaxshi biladi. U joriy yil Koʻkdala tumanida birinchilardan boʻlib ertapishar tarvuz ekishni boshlab berdi.

    — Bu yil mavsumda 20 gektar maydonga tarvuz ekmoqchimiz, — deydi Yaxshimurod Qobilov. — Fevral oyi bir oz sovuq kelgani uchun sal ikkilanish bor edi. Shunday boʻlsa-da, kunlar isishi bilan ishni boshladik. Ayni paytda oʻzimiz yetishtirgan nihollar issiqxona usulida yerga qadalmoqda. Albatta, mehnati oson koʻringani bilan buni yetishtirishning oʻzi boʻlmaydi. Gohida tushunmaydigan savdogarlar kelib, mahsulotimizni yarim puliga olishga harakat qiladi. Shunday paytda hech boʻlmasa ekish vaqtida ikki kun boʻlsa-da dalaga kelib, oʻz koʻzlari bilan jarayonni koʻrishni tavsiya etaman. Dehqonchilikning oʻzi boʻlmaydi. Oʻn kundan oshdi. Har kuni shu yerdamiz. Qishni qish demay, harakatdamiz. Maqsadimiz — el dasturxonini toʻldirish. Mehnat qilsak, albatta, rohatini koʻramiz.

    Fermerning taʼkidlashicha, xoʻjalikda olti nafar doimiy, 30 dan ortiq mavsumiy ishchi mehnat qilyapti. Ishchilar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Bundan tashqari, suvni iqtisod qilishga ham katta eʼtibor qaratilgan. Plyonka ostiga yoy usulida ekilayotgan har bir nihol tomchilatib sugʻoriladi. Quduq suvi hovuzga tashlanib, nasoslar yordamida haydaladi. Bir tomchi suv behuda ishlatilmaydi.

    — Daromadimni hisoblashni unchalik maʼqul koʻrmayman, — deydi Yaxshimurod aka. — Sanasang, barakasi uchadi degan gap bor. Gektaridan oʻrtacha oʻttiz tonnaga yaqin hosil olamiz. Birovdan kam boʻlayotganimiz yoʻq. Shuning ortidan mashina oldik, uy qildik, farzandlarimiz kontraktini toʻlayapmiz. Narxiga kelsak, boshida qimmatroq, keyin arzonroq boʻladi. Bir xil narxda sotib boʻlmaydi. Endi bu yilgi hosil, nasib etsa, aprel oyi oxirlarida pishib yetiladi.

    Koʻkdala tumani hokimligi maʼlumotiga koʻra, joriy yilda jami 20 ming gektar yerga tarvuz ekish rejalashtirilgan. Ayni kunda esa mirishkorlarning asosiy qismi ertapishar nav ekish taraddudida. Har bir dalada ish qizgʻin.

    Oʻzgacha uslubdagi “muzlatkich”

    Koʻkdala tumani markaziy koʻchasi ikki tomonida qator terib qoʻyilgan tarvuzlarga koʻzingiz tushadi. Qizigʻi, bu holatga yilning istalgan paytida guvoh boʻlishingiz mumkin. Hosilni yangi uzilgandek saqlashning oʻzi boʻlmaydi. Hayratlanarlisi, hudud dehqonlari nafaqat hosil yetishtirish, balki uni saqlashga ham usta. Qanday deysizmi? Biz ham shu savolga javob topishga harakat qildik.

    Buni tumandagi har bir qishloq yoki mahallada uchratish mumkin. Ayniqsa, Shoʻrquduq mahallasi odamlari bu borada katta tajribaga ega. Xususan, tabiiy usulda qilingan “muzlatkich”larda tarvuz hatto bir yil davomida ham sifatini yoʻqotmay turadi. Yaʼni yertoʻla shaklida ichkariga qarab kovlanib, eshik qoʻyiladi.

    — Aslida, bu ota-bobolarimizdan qolgan usul, — deydi Nurum qishlogʻidan Saydulla ota Yaxshiboyev. — Ilgari bobolarimiz lalmi tarvuzni yertoʻlada saqlashib, ekish paytiga qadar asragan. Urugʻ qadaydigan palla boshlangach, tashqariga olib chiqib, tarvuzni soʻyib, uning urugʻini olgan. Bir oz quritib, keyin ekishgan. Men ham ancha yildan beri shu omborxonada tarvuz saqlab kelaman. Oktyabr oyida hosilni kiritib olamiz. Dekabr oyidan esa sotuvga chiqaramiz. Hosilni palakdan uzilgan joyini tepaga qilib terib chiqamiz. Shunda yaxshi turadi. Yertoʻlamizning uzunligi yigirma, eni uch, balandligi esa ikki metr. Qishda iliq, yozda salqin boʻladi. Bu yerda nafaqat tarvuz, balki chorva mollari goʻshtini ham saqlasangiz, kamida yigirma kun hech bir oʻzgarishsiz turadi.

    — Farzandlarim hosil pishgan payti keltirib, yertoʻlani toʻldirib qoʻyadi, biz, chol-kampir faqat savdo bilan shugʻullanamiz, — deydi Saydulla ota. — Foydasi yomon boʻlayotgani yoʻq. Har yili dekabr oyidan boshlasak, aprel oyiga qadar sotamiz. Undan soʻng yangi tarvuz chiqadi. Bir soʻz bilan aytganda, tumanimizda doim tarvuz topish mumkin.

    Bir qarashda yertoʻlada tarvuz saqlanishi oddiy koʻrinadi. Lekin Shoʻrquduq mahallasi ahli bundan nafaqat saqlash uchun, balki daromad manbai sifatida ham foydalanmoqda. Saydulla otaga tegishli uchta yertoʻla mavjud. Har biriga oʻrtacha ikki ming donadan hosil joylashtirish imkoni bor. Agar aniq hisob yuritadigan boʻlsak, pishiqchilik davrida oʻrtacha besh ming soʻmdan sotib olingan tarvuzlarning jami summasi 10 million soʻmga yaqin boʻladi. Dekabr oyiga kelib, 25-30 ming soʻmdan sotiladi. Bittagina yertoʻladagi mahsulotning oʻzi naq ellik million soʻmga aylanadi. Qirq million soʻmi esa daromad. Endi uchta omborxonani hisoblaydigan boʻlsak, jami bir mavsumda 120 million soʻm sof foyda, degani. Bunday omborxonalarni esa mahalladagi deyarli har bir xonadonda uchratish mumkin.

    Eksport hajmi ortmoqda

    Hozir Koʻkdala tumani eksport mahsulotlari hajmining asosiy qismini tarvuz tashkil etadi. Misol uchun, tumanda faoliyat yurituvchi eksportyor korxonalar tomonidan 2024-yil davomida 9,8 million dollarlik sanoat va meva-sabzavot mahsulotlari eksporti amalga oshirilgan. Shundan sanoat mahsulotlari 1,9 million dollarni tashkil etgan, 7,9 million dollarlik tarvuz sotilgan.

    — Joriy yilda ham rejani yuqori olganmiz, — deydi Koʻkdala tumani hokimligi mutaxassisi Oʻktam Abduxalilov. — Xususan, 50 million dollarlik eksport belgilangan. Bundan tashqari, hududiy investitsiya dasturi doirasida umumiy qiymati 696 milliard soʻmga teng 23 ta loyiha amalga oshirilishi maqsad qilingan. Buning natijasida 1243 ta yangi ish oʻrni yaratiladi. Shuningdek, 312 million dollarlik jami 22 ta manzilli va istiqbolli loyiha shakllantirilib, 213,5 million dollar miqdorida xorijiy investitsiya oʻzlashtirilishi reja qilingan.

    Bugun tarvuz yetishtirishni tumanning asosiy drayveriga aylantirishning oʻzi boʻlgani yoʻq. Sababi buning ortida zahmatkash dehqonlarning katta mehnati bor. Natijada esa aholining turmushi yaxshilanib, tuman farovonlik va obodlikka yuz tutmoqda. Muhimi, yangi tuman yangiliklar sari dadil harakatlanmoqda.

    Akbar RAHMONOV,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

    Telegram kanalimiz
    Text to speech