Mamlakatimizda har yili 600—700 ming aholi mehnat bozoriga kirib keladi. Iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarni rivojlantirish bo'yicha ko'rilayotgan choralar natijasida yiliga 500 minggacha ish o'rni yaratiladi. Demak, bu boradagi talabni to'la qondirish doim dolzarb masala sanaladi.
Xususan, xorijdagi vatandoshlarimizning huquqlarini himoya qilish, sharoitlarini yaxshilash, ularga zarur huquqiy, ijtimoiy, axborot-maslahat yordami ko'rsatish va moddiy qo'llab-quvvatlash ham oxirgi yillarda davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biriga aylandi. Rossiya, Qozog'iston, Turkiya, Yaponiya va Birlashgan Arab Amirliklari bilan mehnat migratsiyasi borasida xalqaro shartnomalar imzolandi.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 30-iyuldagi “Xorijga tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarni rag'batlantirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori mehnat migrantlari va ularning oila a'zolarini ijtimoiy qo'llab-quvvatlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Boisi, unda mamlakatda mehnat migratsiyasiday dolzarb muammoni hal etishning aniq mexanizmlari o'z ifodasini topgani holda, uni amalga oshirish yo'llari belgilab berilgan.
Masalan, Prezidentimizning 2020-yil 11-avgustdagi tegishli qaroriga muvofiq, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga ta'lim tashkilotlarining mehnat organlari yo'llanmasi bilan yuborilgan ishsiz fuqarolarni kasb-hunar, tadbirkorlik asoslari va xorijiy tillarga o'qitish bilan bog'liq xarajatlarini Bandlikka ko'maklashish davlat jamg'armasi mablag'lari hisobidan qoplanishi belgilandi.
Hududlarda “Ishga marhamat” monomarkazlari hamda kasb-hunarga o'qitish markazlarida bitiruvchilarning kasbiy malakasini “World Skills” standartlari asosida baholash, baholashdan muvaffaqiyatli o'tgan bitiruvchilarga “Skills pasport” berish amaliyoti yo'lga qo'yildi. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzurida 2019-yil sentyabr oyida Yashnobod tumanida tajriba sifatida ilk faoliyatini boshlagan “Ishga marhamat” monomarkazida yiliga 5 ming 600 kishini o'qitish imkoniyati yaratildi. Talab yuqori bo'lgan qurilish, maishiy xizmat, texnik-muhandislik kabi sohalar bo'yicha jami 22 ta kasbga o'rgatish yo'lga qo'yildi. Ahamiyatlisi, markaz til o'qitish kurslariga xorijlik mutaxassislarni jalb etish bo'yicha Rossiya davlat xalqlar do'stligi universiteti, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA), Nankin politexnika instituti bilan hamkorlik aloqalarini o'rnatgan. Monomarkazda ta'lim olgan o'quvchilar nafaqat O'zbekiston, balki xorijda ham ishlash imkoniyatiga ega bo'lmoqda.
So'nggi yillarda mehnat migrantlariga ko'plab ana shunday imkoniyatlar yaratilyapti. Shu yil 1-sentabrdan boshlab esa 2022-yil 1-sentabrga qadar Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qo'llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg'armasi mablag'lari hisobidan “labor-migration” dasturiy majmuasida ro'yxatdan o'tgan fuqarolarga kompensatsiya to'lanishi belgilandi.
Xususan, kasb-hunar yoki xorijiy tillarga o'qigan va tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarga xorijiy tillar yoki kasb bo'yicha malaka imtihonlarini topshirish bilan bog'liq xarajatlariga, basharti ular muvaffaqiyatli topshirilganda — bazaviy hisoblash miqdorining uch baravarigacha, yo'l chiptasini xarid qilish bilan bog'liq xarajatlarini qoplash uchun — bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravarigacha, rivojlangan davlatlarda mehnat faoliyatini amalga oshirishga “ishchi viza”ni rasmiylashtirish bilan bog'liq xarajatlarini qoplash uchun — bazaviy hisoblash miqdorining besh baravarigacha miqdorda kompensatsiya to'lanadi.
Bunda mazkur bandda nazarda tutilgan kompensatsiyani olish uchun mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqaro “labor-migration” dasturiy majmuasi orqali masofaviy tarzda yoki bevosita Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va Bandlikka ko'maklashish markazlariga ariza bilan murojaat qilishi mumkin.
Ariza Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan 1 ish kuni ichida ko'rib chiqilib, fuqaroga mazkur bandda nazarda tutilgan kompensatsiyalarni to'lash asosli deb topilganda xorijiy tillar yoki kasb bo'yicha malaka imtihonlarini topshirish bilan bog'liq xarajatlarni qoplash uchun kompensatsiya summasi fuqaro tomonidan arizada ko'rsatilgan imtihon o'tkaziladigan tashkilotlarning hisob raqamiga o'tkazib beriladi.
Yo'l chiptasini xarid qilish bilan bog'liq xarajatlarni qoplash uchun kompensatsiya summasi fuqaro tomonidan arizada ko'rsatilgan yo'l chiptasini sotadigan kassa yoki transport tashkilotining, “ishchi viza”ni rasmiylashtirish bilan bog'liq xarajatlarni qoplash uchun kompensatsiya summasi fuqaro tomonidan arizada ko'rsatilgan “ishchi viza”ni beruvchi tashkilotning hisob raqamiga to'lab beriladi.
Davlatimiz rahbarining qaroriga muvofiq, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi 2021-yil 1-sentabrga qadar “labor-migration” dasturiy majmuasida mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarga mazkur qarorda nazarda tutilgan kompensatsiyalarni olish imkonini beruvchi alohida sahifa tashkil qilinishini ta'minlaydi.
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va Bandlikka ko'maklashish markazlari esa xodimlari uchun mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarga xizmat ko'rsatish, ularga qonunchilik hujjatlarida belgilangan imtiyoz, subsidiya va kompensatsiyalarni olishga ko'maklashish masalalari bo'yicha o'quv kurslarini yo'lga qo'ygan holda, mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarga kompensatsiyalarni to'lashda korruptsiya holatlariga, ortiqcha sarsongarchilik va qog'ozbozlikka yo'l qo'ymaslik choralarini ko'radi.
Quvonarli jihati, 2021-yil 1-avgustdan boshlab transport kompaniyalarining mehnat migratsiyasida bo'lgan davrida jarohat olgan, baxtsiz hodisaga duch kelgan, o'tkir yoki og'ir kasalga chalingan fuqarolarni, shu jumladan ularning voyaga etmagan farzandlarini O'zbekiston Respublikasiga olib kelish bilan bog'liq xarajatlari, shuningdek, ushbu fuqarolarni tibbiyot xodimi kuzatuvi ostida qaytarishda tibbiyot xodimining xizmat safari xarajatlari Jamg'arma mablag'lari hisobidan qoplab beriladi.
Albatta, hozirgi murakkab sharoitda eng katta jabr ko'rganlar mehnat migrantlari hisoblanadi. SHu jihatdan ularni qo'llab-quvvatlash maqsadida qator sa'y-harakatlar amalga oshirilmoqda. Zotan, qayerda mehnat migratsiyasi to'g'ri tashkil etilsa, o'sha yerda bandlik, oilalar daromadi, malakali mutaxassislar ko'payadi. Bu isbot qilmas haqiqatdir.
G'ayrat ABDIYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik
palatasi deputati