Kun tartibida koʻrilgan masalalar yuzasidan Bahrom Akbarov, Nikolay Ilin, Murtazo Saydumarov, Maʼruf Toshpoʻlatov, Gulnoza Mamarasulova, Shermurod Subhon faoliyatga doir hisobotni taqdim etdi. Yigʻilishni kengash raisi Zuhriddin Isomiddinov olib bordi.

Xususan, oʻtgan 2021-yil Alisher Navoiy tavalludining 580-yilligi doirasida buyuk shoir asarlarining yangi tarjimalarining eʼlon qilinishi bilan boshlandi.

– “Mahbub ul-qulub” asari Dmitriy Radkevich tomonidan belorus tiliga tarjima qilinib, Minsk shahrida chop etildi. “Mahbub ul-qulub” Ramiz Asqar tomonidan ozar tiliga oʻgirilib, 2021-yil mart oyida Boku shahrida hamda Oʻrozboy Abdurahmonov tomonidan qoraqalpoq tiliga tarjima qilinib, may oyida nashr etildi, – deya taʼkidladi uyushma raisi oʻrinbosari Nodir Jonuzoq. – Alisher Navoiyning Jonibek Quvnoq tarjimasidagi “Layli va Majnun” dostonining qayta nashri ham quvonchli voqea boʻldi.

Oʻtgan yili Qozogʻiston davlat mukofoti laureati Nesipbek Aytuli Navoiyning “Muhokamat-ul lugʻatayn” asarini, “Xamsa”ning ikki dostonini qozoq tilida chop ettirdi. Nasipbek Aytuli hozir shoirning “Lison ut-tayr” dostonini qozoq tiliga oʻgirish ustida ishlayapti. Nikolay Ilin Alisher Navoiy gʻazallarining rus tiliga tarjima qilingan eng yaxshi tarjimalarini saralab, yoniga oʻzining tarjimalarini ham qoʻshib, “Tebya lyublyu ya, jizn!” nomli toʻplam chop qildirdi. Abdulla Oripov sheʼrlarining eng yaxshi tarjimalarini tanlab olib, uni yangi tarjimalar bilan boyitib, “Veter moyego kraya” nomli toʻplam yaratdi.

Hisobot davrida “Adabiyot” nashriyotida toshkentlik yozuvchi Galina Dolgayaning “Pesni beguщyey vodы” romani Risolat Haydarova tarjimasida “Yugurik suvlar qoʻshigʻi” nomi bilan bosilib chiqdi. Shuningdek, oʻttizdan ortiq yosh shoirlarimizning sheʼrlari turk tiliga tarjima qilinib, “Koʻngil koʻprigi” nomida chop qilindi. “Olov soʻzlar” nomli toʻplamdan esa oʻn ikki yosh shoir, olti yosh yozuvchining ingliz tiliga oʻgirilgan sheʼr va hikoyalari oʻrin oldi. Ikkala toʻplam ham Toshkentda nashrdan chiqqani aytib oʻtildi.

– “Rus adabiyoti durdonalari” 100 jildligini nashr etish ishlari yakunlangani quvonchli voqealardan biri boʻldi, – deydi kengash aʼzosi Risolat Haydarova. – Shu loyiha doirasida koʻplab nasriy roman va qissalar oʻzbek tiliga tarjima qilindi, oʻttizdan ortiq rus shoirlari sheʼrlarining yangi tarjimalari yaratildi. “Qoraqalpoq adabiyoti durdonalari” 16 jildlik asarlar majmuasining 5 ta jildi tayyorlab, nashriyotga topshirildi. Qolgan jildlari ustidagi ishlar qizgʻin davom etyapti.

Hozir “Turkiy adabiyot xazinasidan” 100 jildlik asarlar majmuasi ustidagi ishlar davom etyapti. Bu majmua katta adabiy davrni oʻz ichiga olgan koʻlamdor loyiha boʻldi. Majmua 350 dan ziyod yozuvchi va shoir ijodini qamrab oladi.

Yozuvchi Qoʻchqor Norqobilning kitobi Serbiyada, Rossiyada chop etildi. Rossiyaning “Kamerton”, Ukrainaning “Avtograf” elektron jurnallarida Risolat Haydarova, Xoliyor Safarov, Umid Ali, Furqat Alimardon, Jasur Kengboyev, Nodirabegim Ibrohimovalarning hikoyalari bosildi.

Oʻtgan yili “Slovo” elektron almanaxining birinchi soni chiqdi. Unda qator shoirlarimizning sheʼrlari rus tilida bosildi.

2021-yil 17-dekabrda “Oʻzbek zamonaviy adabiyotini xorijiy tillarga tarjima qilish va chet mamlakatlarda targʻib qilishning dolzarb masalalari” mavzusida respublika anjumani boʻlib oʻtdi. Anjuman doirasida taniqli tarjimonlar Boboxon Muhammad Sharif, Nikolay Ilin, Rustam Musurmon, Begoyim Xolbekova, Gulnoz Mamarasulova hamda Noiba Valiyevalar yosh ijodkorlar uchun mahorat saboqlari oʻtashdi. Yosh tarjimonlar turk, ozarbayjon, ingliz, xitoy va rus tiliga badiiy tarjima sir va sinoatlaridan xabardor boʻlishdi.

2021-yili tarjimon Rustam Musurmon Berdaq, Faynberg, Kengesboy Karimov, Sogʻinboy Ibrohimov, Baxtiyor Genjamurodning sheʼriy kitoblarini oʻzbek tiliga oʻgirgani uchun “Yilning eng yaxshi asari” tanlovining “Eng yaxshi tarjima asari” nominatsiyasida gʻolib, deb topildi.

Yigʻilish yakunida kengashning yil yakunlari boʻyicha tegishli qarori qabul qilindi va joriy yildagi rejalari belgilab olindi.

Fozil FARHOD,

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi

Axborot xizmati rahbari