Xalqimizda har qanday katta ishni boshlashdan oldin koʼpchilik bilan maslahat qilinadi. Maslahatlashuv jarayonida joʼyali takliflar bildiriladi. Qizgʼin muhokamalardan soʼng koʼpchilikning rozi-rizoligi bilan yakuniy qarorga kelinadi. Bosh qonunimizga tegishli oʼzgartirish va qoʼshimchalar kiritish borasida ham aynan shunday yoʼl tutildi.
Аmaldagi Konstitutsiya mustaqillik yillarida mamlakatimizning siyosiy qurilishi, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, davlat va fuqarolarning, jamiyat tuzilmalarining huquq hamda majburiyatlariga oid masalalarni qamrab oldi, barcha sohada erishilgan yutuqlarimizning huquqiy poydevori boʼlib xizmat qildi. Lekin vaqt – yugurik. Zamon shiddat bilan oʼzgarib bormoqda. Buni ham hisobga olishimiz shart, albatta. Аsosiy qonunimizni amalga oshirilayotgan islohotlarga, jamiyatdagi real voqelikka, yurtdoshlarimizning ongu tafakkuridagi oʼzgarishlarga, ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarga hamohang tarzda takomillashtirish hayotiy zarurat hisoblanadi.
Dunyo tajribasida soʼnggi 30 yillikda 90 ga yaqin davlatda konstitutsiyaviy islohotlar oʼtkazilib, ulardan 53 tasida yangi Konstitutsiya qabul qilindi.
Mamlakatimizda konstitutsiyaviy islohotlar nima uchun kerak va bu islohotlar mazmun-mohiyatida qanday maqsadlar mujassam, degan savol tugʼilishi tabiiy. Oxirgi olti yilda jamiyatimizda tom maʼnoda uygʼonish sodir boʼldi, Uchinchi Renessans poydevoriga tamal toshi qoʼyildi.
Odamlar jamiyatda boʼlayotgan voqea-hodisalarga befarq emas – oʼz munosabatini bildiryapti, taklif-istaklarini bayon etyapti. Shu nuqtai nazardan, mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichida yuzaga kelgan ijtimoiy munosabatlarning konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarini mustahkamlash zaruriyati paydo boʼldi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi “Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʼzgartish va qoʼshimchalar kiritish toʼgʼrisida”gi qonun loyihasini eʼlon qildi. Mazkur loyihada Konstitutsiyamizning 64 ta moddasiga 200 dan ortiq oʼzgartish kiritish hamda 16 ta normani oʼz ichiga olgan 6 ta yangi modda (prim moddalar) qoʼshish taklif etilmoqda.
Аlbatta, shu paytga qadar Konstitutsiyaga bir necha bor oʼzgartish va qoʼshimchalar kiritilgan. Lekin ular, asosan, davlat hokimiyati faoliyatiga daxldor boʼlgan. Hozirgi kiritilayotgan oʼzgartish va qoʼshimchalarning zamirida esa “Inson qadri uchun” gʼoyasi mujassam, yaʼni taklif etilayotgan oʼzgartish va qoʼshimchalarda Oʼzbekistonda inson huquq va erkinliklarini mustahkam taʼminlashning konstitutsiyaviy-huquqiy kafolati nazarda tutilmoqda. Ilgari amalda boʼlib kelgan “davlat – jamiyat – inson” tamoyilini “inson – jamiyat – davlat” tamoyiliga oʼzgartirish zaruriyati konstitutsiyaviy islohotlarning muhim asosidir.
Demak, inson, uning hayoti, qadr-qimmatini ulugʼlash va buni Konstitutsiyaning butun ruhiga singdirish, har bir moddasida aks ettirish maqsad qilingan. Shundagina Bosh qonunimiz chindan ham xalq Konstitutsiyasi boʼladi. Prezidentimiz alohida taʼkidlaganidek, bu ishlar oʼzimizni koʼz-koʼz etish uchun emas, balki xalqning farovon hayotini taʼminlash, ertaga har bir yurtdoshimiz Konstitutsiya bilan faxrlanishi, “Bu mening Konstitutsiyam” deb gʼururlanishi uchun amalga oshirilayotganini anglashimiz zarur.
Inson bu dunyoda munosib hayot tarzida, oʼziga qulay sharoitda yashashi kerak. Davlat insonning farovon yashashini kafolatlashi va bunga imkon yaratib berishi darkor. Bu Konstitutsiyada aks etishi va ijtimoiy davlatning fuqarolari oldidagi asosiy vazifalari aniq belgilab qoʼyilishi adolatdan boʼladi.
Ochiqlik va shaffoflik davlatimiz siyosatining muhim shartiga aylangan bir paytda Konstitutsiyamizga oʼzgartish va qoʼshimchalar kiritish jarayoni ham toʼliq ochiqlik va shaffoflik sharoitida oʼtayotganini alohida taʼkidlash joiz.
Inson huquqlari orasida eng asosiylaridan biri, shubhasiz, soʼz va matbuot erkinligidir. Soʼz erkinligi, yanada kengroq maʼnoda oladigan boʼlsak, axborot erkinligi xalqaro huquq tomonidan insonning eng asosiy – fundamental huquqlaridan biri sifatida tan olingan. Fuqarolarning axborot olish va tarqatish erkinligi eng muhim siyosiy va shaxsiy huquqlar sirasiga kiradi va bu Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 19-moddasida qatʼiy belgilab qoʼyilgan.
Shu bois, fuqarolarning axborot olish va tarqatish erkinligi borasidagi huquqlarini yanada mustahkamlash – Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi yettinchi yoʻnalishining dastlabki va muhim maqsadi sifatida belgilangan. Bundan anglash mumkinki, biz yashayotgan globallashuv va axborot asrida hayotimiz, jamiyat taraqqiyoti, mamlakat ravnaqi zamonaviy mediamakon va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, ommaviy axborot vositalari faoliyati bilan chambarchas bogʻliq.
Mamlakatimizda keyingi yillarda barcha sohalar qatorida axborot siyosati uchun ham oʻziga xos oʻzgarishlar davri boʻldi. Oʻzbekiston davlat mustaqilligiga erishgan 1991-yildan 2002-yilgacha sohaga tegishli boʻlgan 5 ta yaxlit qonun qabul qilingan boʻlib, keyingi davrda u bosqichma-bosqich takomillashib kelmoqda. Keyingi 6 yil ichida OAV soni 30 foiz, internet nashrlari esa 2 barobar koʻpaygani yuqorida aytilgan fikrimizning yaqqol dalilidir. Bu oʻrinda, ayniqsa, xususiy media hissasi salmogʻi yanada ortgani, ularda mavjud muammolar erkin va ochiq tarzda yoritilayotgani eʼtiborga molik.
Soʻnggi yillarda ommaviy axborot vositalari orqali obyektiv va haqqoniy maʼlumot olish imkoniyatlari yanada kengayib, soʻz erkinligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilayotgani yurtimizda demokratiyaning barcha tamoyillariga amal qilinayotganini koʻrsatmoqda. Zero, demokratiya davlatning OAVga boʻlgan eʼtibori va munosabati bilan ham oʻlchanadi.
Texnika va texnologiyalar taraqqiyoti jamiyatda axborotning ahamiyatini yanada oshirdi. Axborot barcha sohaga chuqur kirib borgani, inson va jamiyat hayotiga taʼsiri misli koʻrilmagan darajada ortgani, oʻz navbatida, ularni tartibga solish zaruratini ham yuzaga keltirdi.
Mamlakatimizda ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar fuqarolarning axborot sohasidagi huquqini yanada kengroq roʻyobga chiqarish uchun imkon yaratish, OAVning davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini taʼminlash borasidagi rolini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Yangi Oʻzbekistonni barpo etishda , jamiyat va davlat boshqaruvini tanqidga, ayniqsa, qarama-qarshi fikrlarga toʻgʻri munosabatni shakllantirishda soʻz erkinligi uchun xolis xizmat qiladigan axborot vositalari hamda unda faoliyat yuritib kelayotgan jurnalistlar uchun, avvalambor, konstitutsiyaviy kafolatlar juda muhim.
Umumxalq muhokamasiga taqdim etilgan konstitutsiyaviy qonun loyihasining 67-moddasida: “Davlat ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligini, ularning axborotni izlash, olish, axborotdan foydalanish va uni tarqatishga boʻlgan huquqlari amalga oshirilishini kafolatlaydi”, degan norma ham oʻz ifodasini topmoqda.
Buning eʼtibor va eʼtirofga loyiq jihati shundaki, davlat OAV hamda Oʻzbekiston taraqqiyoti va xalq turmushi farovonligini yanada yuksaltirish yoʻlida ulkan hissa qoʻshib kelayotgan jurnalistlar faoliyati erkinligi qonun yoʻli bilan himoyalanishini davlatning asosiy qonuni bilan kafolatlamoqda.
Dunyo tajribasiga koʻra, soʻz va matbuot erkinligini taʼminlamay turib, iqtisodiy rivojlanishga erishish ham, jamiyat aʼzolari turmush farovonligini oshirish ham ogʻir kechadi. Oʻzbekistonning amaldagi Konstitutsiyasi 67-moddasida OAV hamda jurnalistlarning oʻz kasbiy faoliyatini erkin amalga oshirishi uchun zarur va yetarli kafolatlar belgilanmagan. Taklif etilayotgan yangi tahrirdagi moddada esa aynan shu boʻshliq toʻldirilib, OAV va jurnalistlarning faoliyatiga toʻsqinlik qilish yoki aralashganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda. Jumladan, 67-moddada “Ommaviy axborot vositalarining va jurnalistlarning faoliyatiga toʻsqinlik qilish yoki aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab boʻladi”, degan norma oʻz ifodasini topgan.
Prezidentimizning 2022-yil 27-iyundagi “Ommaviy axborot vositalarini qoʻllab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori 2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish, shuningdek, ommaviy axborot vositalarining qonuniy manfaatlarini himoya qilishni kuchaytirish, ular faoliyatini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashda yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Bunday imkoniyatlar media sohasi vakillaridan mamlakatimizda kechayotgan yangilanish jarayonlarida har qachongidan ham faol, xolis, halol va oʻta maʼsuliyatli boʻlishni talab etmoqda.
Soʻz erkinligi konstitutsiyaviy jihatdan kafolatlangan jamiyatlarda, albatta, bu huquqdan foydalanishning muayyan tartibga solingan qonun-qoidalari ham mavjud. Masalan, soʻz va axborot erkinligining huquqiy himoyasi axborotning mazmun-mundarijasi va uni ifoda etish vositalariga, usullariga bogʻliq. Axborot erkinligi internet va zamonaviy axborot texnologiyalari sharoitida shaxsning boshqa huquqlariga, xususan, har bir fuqaroning insoniy qadr-qimmati va shaʼni, shaxsiy maʼlumotlar maxfiyligi bilan bogʻliq huquqlariga zarar yetkazmasligi kerak.
Shu bois, taklif etilayotgan qonustitutsiyaviy qonun loyihasining 67-moddasida “Ommaviy axborot vositalari oʻzlari taqdim etadigan axborotning toʻgʻriligi uchun javobgardir”, degan norma kiritilgani soha vakillarining axborotni olish, toʻgʻriligini tekshirish va tarqatish borasidagi maʼsuliyatini yanada oshirishga turtki boʻladi.
Xulosa qilib aytganda, Konstitutsiyamizning 67-moddasiga qoʻshimcha tarzida kiritilayotgan, keng jamoatchilik tomonidan kelib tushgan takliflar asosida takomillashayotgan huquqiy normalar ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligini taʼminlash hamda milliy jurnalistikamizni yanada rivojlantirish, soha vakillari oʻrtasida sogʻlom raqobat muhitini shakllantirishda yangi imkoniyatlarni ochish barobarida el-yurt manfaati va yurtimiz taraqqiyotiga ham xizmat qiladi.
Konstitutsiyaviy islohotlar jarayoni jurnalistlar oldiga shunday vazifalarni qoʻymoqdaki, unga kiritilayotgan har bir oʻzgartish va qoʻshimchalarni, eng avvalo, jurnalistning oʻzi chuqur anglashi, har jihatdan xolisona tahlil eta olishi zarur. Bu, oʻz navbatida, jurnalistning tayyorlagan materiali orqali jamoatchilik eʼtiboriga toʻgʻri va mukammal ifodalangan holda, havola etilishi shart.
Jurnalistikaning asosiy vazifalaridan biri jamoatchilik fikrini shakllantirish, jamiyatda yuz berayotgan oʻzgarishlar, islohotlar mohiyatini aholiga, har bir shaxsga toʻgʻri tushuntirishdan iborat. Toki har bir fuqaro, har bir shaxs konstitutsiyaviy islohotlar kelajak uchun muhim ekanini, tahrir etilayotgan har bir norma, har bir band oddiy bir inson, fuqaro hayotida nechogʻli muhim ahamiyat kasb etishini tushunib yetsin.
Shundagina jurnalistlar jamiyatning boshqalardan koʻra bir qadam oldinda yuradigan ilgʻor vakillari sifatida oʻz missiyalarini toʻliq ado etayotgan boʻladi. Ayni islohotlar jarayonida esa biz jurnalistlardan chindan ham boshqalardan koʻra bir qadam oldinda yurish talab etilmoqda.
Olimjon OʻSAROV,
Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi