Konstitutsiyaviy qonun loyihasi umumxalq muhokamasi 15-iyulgacha uzaytirilishi mumkin

    Mamlakatimizda 4 Iyul 2022 2065

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi boshlandi. Unda deputatlar “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasi bilan bogʻliq masalani koʻrib chiqishyapti.

    Qonunchilik palatasining yalpi majlisida soʻzga chiqqan deputat Jahongir Shirinovning taʼkidlashicha, mamlakatimizda Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan tub islohotlarga mos yangi konstitutsiyaviy-huquqiy makonni yaratish borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.

    Maʼlumki, “Qonun loyihalarining umumxalq muhokamasi toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2022-yil 24-iyundagi qaroriga muvofiq “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi 2022-yilning 25-iyunidan 5-iyuliga qadar umumxalq muhokamasiga qoʻyilgan edi.

    Konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan umumxalq muhokamasi mamlakatimizning barcha hududlarida qizgʻin tashkil etilmoqda. Parlament aʼzolari hamda mahalliy Kengashlar deputatlari tomonidan hududlarda davlat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarda 120 ming nafar fuqaro ishtirokida oʻtkazilgan 2 mingdan ziyod uchrashuvda konstitutsiyaviy islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini keng jamoatchilikka tushuntirish ishlari olib borildi. Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasi jarayonlari ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borilmoqda.

    Taʼkidlanganidek, bugungi kunga qadar Konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan aholi va fuqarolik jamiyati institutlaridan jami 57 mingdan ziyod takliflar kelib tushgan. Tahlil natijalari shuni koʻrsatmoqdaki, umumxalq muhokamasining dastlabki kunlarida Konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan kelib tushgan takliflar kuniga 700 ga yaqinni tashkil etgan boʻlsa, hozirgi vaqtga kelib, ularning soni kuniga 10 mingga yetmoqda.

    Ushbu raqamlar umumxalq muhokamasi aholining mazkur siyosiy jarayonlarga nisbatan daxldorlik hissi oshib, oʻz fikr-mulohazalarini bildirishga qiziqishi tobora ortib borayotganini koʻrsatmoqda.

    Shunga koʻra, u umumxalq muhokamasini yana 10 kunga — 15-iyulga qadar uzaytirish taklifini bildirdi.