Qonunni amalga oshirish va yer uchastkalarini xususiylashtirishning samarali mexanizmlarini yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 14-fevraldagi “Qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida”gi  qarori qabul qilindi. Yer uchastkasining maqomiga qarab xususiylashtirish ikki shaklda amalga oshiriladi. Bunda boʻsh yoki boʻsh boʻlmagan maydonlar nazarda tutilgan.  Shuni taʼkidlash kerakki, barcha yer uchastkalari xususiylashtirish obyektlari boʻlmasligi mumkin. Masalan, foydali qazilma konlari joylashgan yer uchastkalari, koʻp kvartirali uylar bilan band boʻlgan va unga tutash boʻlgan yer uchastkalari, shuningdek tabiatni muhofaza qilish, sogʻlomlashtirish, rekreatsiya, tarixiy-madaniy, oʻrmon va suv fondlari yerlari tarkibiga kiruvchi yer uchastkalari xususiylashtirish obyekti boʻlmaydi.

 Shu bilan birga, chet el fuqarolari, fuqaroligi boʻlmagan shaxslar, xorijiy yuridik shaxslar va xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar tomonidan yer uchastkalarini xususiylashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi. Yer uchastkalarini sotib olish yer uchastkasini xususiylashtirish toʻgʻrisidagi arizani Davlat xizmatlari markazlari orqali oʻzlari kelgan holda yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali masofadan turib berish yoʻli bilan amalga oshiriladi. Davlat xizmatmatlari koʻrsatish uchun ariza berilgan kuni belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining 10 foizi miqdorida yigʻim undiriladi. Yer uchastkasiga egalik huquqini roʻyxatdan oʻtkazish xarajatlari yoki qiymati hamda topografik xaritani (agarda u mavjud boʻlmasa) tayyorlash xarajatlarini hisobga olgan holda yer soligʻining 20 baravari bazaviy stavkasidan kelib chiqqan holda hisoblanadi.

Masalan, Toshkent shahrida 4 sotix yer uchastkasi soliq zonasidan kelib chiqgan holda, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga 4,3 mln soʻmdan 11 mln soʻmgacha, yuridik shaxslarga 37,4 mln soʻmdan 177,4 mln soʻmgacha tushadi. Agarda Samarqand shahrini oladigan boʻlsak 4 sotix uy-joy maydonidan yer uchastkasini sotib olish 2,9 mln soʻmga, yuridik shaxslar uchun esa 29,4 mln soʻmni tashkil qiladi. Ariza beruvchining nomiga sotib olish qiymati oʻz vaqtida va toʻliq toʻlangandan soʻng 2 ish kuni ichida avtomatik tarzda yer uchastkasiga egalik qilish uchun davlat orderi beriladi va huquqning belgilangan tartibda rasmiylashtirilishi taʼminlanadi.

Yerni xususiylashtirishning ikkinchi shakli  yer uchastkalarini elektron savdo platformasi orqali sotib olishdir. Yer uchastkasini xususiylashtirish “Elektron onlayn-auksion” yagona elektron savdo platformasi orqali amalga oshiriladi, bu esa shaffof jarayon va barcha potensial xaridorlar uchun bu savdo platformasidan teng foydalanish imkonini beradi. Mazkur savdo platformasida tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyati uchun ham, yakka tartibdagi uy-joy qurish uchun ham boshlangʻich qiymati koʻrsatilgan holda boʻsh yer uchastkalari hamda undan foydalanish uchun barcha shart-sharoitlar koʻrsatilgan. Yer uchastkalari investitsiya yoki xususiy mulkni erkin tasarruf etishni cheklovchi boshqa majburiyatlar belgilanmagan holda elektron savdo platformasiga qoʻyiladi.

 Shuni takidlab oʻtish joizki, yer uchastkasini elektron savdo platformasi yaʼni (onlayn-uksion) orqali xususiylashtirilganda uning belgilangan qiymatini 3 yil ichida boʻlib boʻlib toʻlash imkoniyati mavjud. Bugungi kunga qadar (onlayn-auksion) elektron savdo platformasiga  7.0 mingdan ortiq yer uchastkalari joylashtirildi, joriy yilning iyul oyigacha 10 mingdan ortiq yer uchastkasi sotuvga chiqarilishi koʻzda tutilgan.