“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov boshqarib borgan tadbirda Markaz ekspert-mutaxassislari, Sog'liqni saqlash vazirligi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati mas'ul xodimlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, jamoatchilik vakillari, jurnalist va blogerlar ishtirok etishdi.

Davra suhbati avvalida Sog'liqni saqlash vazirligi mas'ul xodimlari tomonidan aholini koronavirusga qarshi profilaktik emlash (vaksinatsiya) jarayonlarining holati, tashkil etilgan vaksinatsiya punktlari, emlash uchun xarid qilingan vaksinalarning turlari, shuningdek, koronavirus kasalligiga chalinish holatlari va emlangan aholining kasallikka chalinish sabablari to'g'risida ma'lumotlar berib o'tildi.
Nurmat Atabekov, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig'i o'rinbosari:
— O'zbekistonda rejali emalash amaliyoti oldindan mavjud. Xususan, Mustaqillikning dastlabki yillarida 6 ta yuqumli kasallikka qarshi emlash amalga oshirilgan bo'lsa, bugun bu ko'rsatkich 13 taga yetdi. Shu bilan birga, ba'zi bir grippga o'xshash mavsumiy, shuningdek, yana ayrim turdagi ichterlama, kuydirgi va qutirish kabi kasalliklarga qarshi ham tavsiyaviy emlashlar mavjud. Bugungi kundagi koronavirusga qarshi emlash jarayoni ham vaqt o'tib ushbu emlash turlari qatoriga kiritilishi mumkin. Buning uchun ma'lum bir vaqt davomidagi kuzatishlar talab etiladi. 
Ushbu kasallikni to'laqonli yengib o'tishimizning yagona yo'li aholida immunitetni shakillantirishdir. Buning ikki yo'li mavjud: birinchisi, aholini kasallikka chalinib immunitet hosil qilishi, ikkinchisi, vaksina olish orqali immunitet hosil qilish. Birinchi holat orqali kasallikni yengib o'tish qanchalik xavfli ekanligini barchamiz ko'rib turibmiz. Ko'pchilik insonlar kasallik og'ir kechishi natijasida yaqinlarini ham yo'qotishdi. 
O'zbekistonda bugungi kunda emlash jarayoni bo'yicha bor imkoniyatning yarmidan foydalanilayapti xolos. Agar biz aholiga emlash jarayoni haqidagi ma'lumotlarni to'liq va to'g'ri yetkazsak, kasallikni yengib o'tishimiz yanada osonlashadi. Dastlab, birinchi o'rinda mamlakatdagi alohida xavf guruhiga kiruvchi 4 mln. 112 ming nafar aholini emlash nazarda tutilgan bo'lsa, 1 iyul holatiga ularning 3,6 mln nafari emlandi.
Xususan, 2021 yil 1 iyul holatiga 660 ming doza AstraZeneca, 6,5 mln. doza Xitoyning ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi hamda 240 ming doza Rossiyaning «Sputnik-V» vaksinasi olib kelingan. Ayni kunda O'zbekistonda 2,5 mln. dozadan ortiq vaksina zaxirasi bor.
Shuningdek, davra suhbatida koronavirus infeksiyasiga gumon qilingan shaxslar hamda ushbu infeksiya tasdiqlangan bemorlarga birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini ko'rsatish, zarur laborator hamda instrumental tekshiruvlar o'tkazish, tekshiruv natijalaridan kelib chiqqan holda ularga davo muolajalarini tavsiya etish borasidagi ishlar tizimli ravishda yo'lga qo'yilgani aytib o'tildi.
O'z navbatida, Sog'liqni saqlash vazirligining Davolash-profilaktika yordamini tashkillashtirish bosh boshqarmasi mas'ul xodimi Umidulla Riskiyev aholi o'rtasida emlash jarayoni bilan bog'liq xavotirli vaziyatlarga oydinlik kiritib o'tdi.

Шахзод Гаффоров-ЯУ, [14.07.21 16:56]
— Bugungi kunda aholi orasida vaksinani olish bilan bog'liq turli xildagi ikkilanish, vaksina olib ham kasallikka chalinganlar borku, degan xavotirlar mavjud. Ammo bunday gumonlar haqiqatga mutlaqo to'g'ri kelmaydi. Vaksina olish aholini salomatligini samarali asrashda muhim bosqich hisoblanadi. To'g'ri, ayrim vaksina bilan emlangan fuqarolarimizda ham kasallikka qayta chalinish holatlari uchramoqda. Biroq, ularda kasallik emlanmasdan virus yuqtirib olgan fuqarolarga nisbatan yengil kechadi.
Birgina misol, bugungi kun holatiga O'zbekiston-Xitoy vaksinasi ZF-UZ-VAC2001 bilan birinchi bor emlangan fuqarolarning 22 nafarida, ushbu vaksinani ikkinchi bosqichini ham qabul qilib bo'lgan fuqarolarning esa 14 nafarida, 3 dozani olgandan keyin esa 4 nafar fuqaroda kasallikka chalinish holati qayd etilgan va ular kasallikni yengil ko'rinishda o'tkazgan.
Shu bois, biz ommaviy emlash jarayonlarini aholiga to'g'ri tushuntirib, keng miqyosda targ'ibot-tashviqot ishlarini olib borishimiz zarur. Agar aholining 60-70 foizi emlanadigan bo'lsa, biz qo'rqmasdan kasallikni yengib o'tsak bo'ladi. 
Ta'kidlanganidek, ayni kunda Toshkent shahrida tibbiy-sanitariya muassasalari va xizmat ko'rsatish yo'nalishi yaqin bo'lgan dispanserlar binosida maxsus poliklinikalar faoliyati qo'shimcha ravishda yo'lga qo'yilgan. Mazkur poliklinikalar aholiga kunu tun xizmat ko'rsatishi uchun har bir markazga 3 tadan tibbiy brigada biriktirilgan va ular tarkibidan 2 nafar shifokor hamda 2 nafar o'rta tibbiyot xodimi o'rin olgan. Shuningdek, aholi orasida kasallikka chalinish holati o'sib borayotgan viloyatlar markazlarida ham zaruriy davolash muassasalari qaytadan tayyorlanmoqda.
Bugungi kunda bemorlarga shoshilinch tibbiy yordam ko'rsatish maqsadida Respublikadagi barcha kovidga chalingan bemorlarni davolashga ixtisoslashgan markazlar va poliklinikalar rentgen, kislorod kondensatorlari, pulsoksimetr, zarur dori-darmonlar, sarflov materiallari, dezinfeksiyalovchi eritma va reaktivlar, shuningdek, maxsus tibbiyot vositalari bilan ta'minlangan.
Davra suhbatida bugungi kunda bemorlar orasida bolalarning kasallikka chalinish holati ortib borayotgani sababli, koronavirusni davolashda qo'llaniladigan dori vositalarini ular uchun mo'ljallangan dozalarda ham ishlab chiqarish jarayonlari bo'yicha ayrim davlatlarda ilk sa'y-harakatlar boshlangani ma'lum qilindi.
Qizg'in bahs-munozaralarga boy o'tgan davra suhbati yakunida aholini koronavirusga qarshi vaksina bilan emlanishi bilan bog'liq bugungi kundagi dolzarb savollarga mutaxassis va ekspertlar tomonidan atroflicha javoblar berildi, deya xabar beradi “Taraqqiyot strategiyasi” markazi matbuot xizmati.