Ammo bu quvonishga sabab boʻlmaydi. Bu barqarorlikni saqlab qolish uchun jiddiy chora-tadbirlar koʻrishni dunyodagi ayni epidemiologik holat taqozo qilmoqda. SSV Matbuot xizmati shu boradagi masalalarga aniqlik kiritish maqsadida vazirlik huzuridagi Koronavirusga qarshi kurashish shtabi aʼzosi Sevara Ubaydullayevaga murojaat qildi:
— 2020-yil koronavirus pandemiyasi bilan esda qoldi. Bu virusning asoratlarini avvaliga tushunmadik, — deydi Sevara Ubaydullayeva. — Shunga qaramasdan, oʻz vaqtida bu kasallikni davolash, kasallik asoratlarining oldini olish va tarqalishini nazorat qilish orqali koronavirusdan kasallanish holatlarining nisbatan kamayishiga erishdik.
Hozirda mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi, shu bilan birga yukumli boʻlgan boshqa infeksiyalar ham nazoratga olindi, desak boʻladi. Bu degani koʻchalarda bemalol yurishimiz mumkin, degani emas. Sababi, hozir dunyo boʻyicha ham, yurtimizda ham koronavirus infeksiyasi toʻliq yoʻq boʻlib ketmadi. Ayniqsa, bu infeksiya boshqa viruslardan farqli oʻlaroq, tez-tez mutatsiyaga uchramoqda. Xususan, Buyuk Britaniyada mutatsiyaga uchragan yangi shtammi tezlik bilan tarqalmoqda. Oxirgi sutka davomida dunyoda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanishning 740 221 yangi holati aniqlanishi, eng achinalisi, 12 502 nafar bemor vafot yetgani bizni hushyor torttirishi kerak.
Avval ham taʼkidlaganimizdek, yangi shtamm tahlillari shuni koʻrsatmoqdaki, mutatsiyadan soʻng virusning toj oqsillarida oʻzgarish boʻlgan — bular virusning odam tanasi hujayralari qobigʻidan oʻtib, ichkariga kirishida kalit vazifasini oʻtovchi qismidir. Virus shu tojlar orqali tana hujayrasi yuzasi bilan kontaktga kirishadi. Ishlab chiqilayotgan vaksinalar koronavirusning tashqi qobigʻi, yaʼni yogʻ kislotasi mavjud S-oqilli qobigʻiga taʼsir qiladi. Koronavirus mutatsiyaga uchrab, oʻz genetik shtammini oʻzgartirsa ham vaksinalar uning yangi shtammlariga taʼsir koʻrsatishi toʻgʻrisida Buyuk Britaniya va Rossiya olimlari taʼkidlab kelmoqda.
Koronavirusning bu shtammi, Buyuk Britaniya olimlarining taʼkidlashicha, infeksiyaning odatiy turiga koʻra, yuqumliligi 71 foizni tashkil etadi, yaʼni birlamchi paydo boʻlgan koronavirus infeksiyasiga qaraganda oʻta yuqumlidir. Shu bois, bu kasallik kirib kelishining oldini olish maqsadida 20 dan ortiq davlatlar Buyuk Britaniya bilan aviaqatnovlarni toʻxtatishdi. Shuningdek, Oʻzbekistonda ham bir necha davlatlar qatorida Buyuk Britaniya bilan aviaqatnovlar vaqtincha toʻxtatildi.
Dunyodagi koʻpgina davlatlar oʻz ixtiyori va imkoniyatidan kelib chiqib, boshqa davlatlardan kirib kelayotgan fuqarolarni tekshiruvdan oʻtkazmoqda. Bu bilan koronavirus infeksiyasi kirib kelishining oldini olishga qisman erishmoqdalar. Xususan, bizda ham har bir chegara xududlarida, aviaqatnov yoki temir yoʻllar orqali kirib kelayotgan fuqarolar tekshiruvdan oʻtkazilmoqda.
Bu kasallik tarqalishining oldini olishda yurtimizdagi har bir fuqaroning masʼuliyati juda muhim. Shu bois, eng avvaalo, shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish, sogʻlom turmush tarziga amal qilish, kasallik tarqalishining oldini olishda va boshqalarga yuqtirishdan himoyalanishda eng qulay usuldir.