Murojaatnoma davomida Prezident korrupsiya masalasiga alohida to'xtalib o'tdi va “Xalqimiz bizdan korruptsiyani yo'q qilishni kutmoqda” deya ta'kidladi.

Darhaqiqat korrupsiya davlat tuzumini ichidan yemiradigan, ijtimoiy barqarorlik kushandasidir. Bunda korrupsiya va byurokratiyaning har qanday ko'rinishi, mahalliychilik va guruhbozlik illatlariga qarshi keskin kurashish zarur.

Albatta, bugun bironta sohada korrupsiya yo'q, deb ayta olmaymiz. Ba'zi vazirlik va idoralar «bizda korrupsiya yo'q, unga barham berdik» deyishadi. Aslida bunday emas. Afsuski, oddiy fuqarodan so'rasangiz, «korrupsiya yo'q joyning o'zi kam», deydi.

Ta'kidlash joizki, korrupsiyaga qarshi kurashishning eng asosiy yo'li davlat organlari faoliyati va ish jarayonlari shaffofligini oshirish, ishga qabul qilish, davlat xaridlari, ruxsatnoma va litsenziyalar berish kabi jarayonlarda ochiq-oshkoralikni ta'minlashdir. Albatta, bularni amalga oshirish oson bo'lmaydi. Lekin o'tgan olti yil davomida bu borada katta tajriba to'plandi. Ushbu illatga barham berishda eng samarali vosita illatning o'zi bilan emas, balki sababi bilan kurashish ekanini ko'rsatdi.

Korrupsiyaning oldini olishda kompleks  yondashuv zarur, sababi busiz ushbu illatni engib bo'lmaydi. Duch kelgan bitta sohani tanlab, kurashadigan bo'lsak, korruptsiya zanjirini aslo uzib bo'lmaydi.

Shu boisdan, Murojaatnomada davlatimiz rahbari Parlament a'zolari va mahalliy Kengashlar deputalarini ham bong urib, aniq sohalarni tahlil qilib, korruptsiyani bartaraf etish bo'yicha faol bo'lishga chaqirdi, buning uchun ularda yetarli vakolat ham, shijoat ham borligini ta'kidladi.

Shuningdek, Prezident tomonidan sun'iy monopoliya, yopiq sxemalar, umuman korrupsiyaga imkon beruvchi barcha bo'shliqlarga barham berilishi lozimligi e'tirof etildi. Sababi, ushbu illatlar jamiyatda adolatsizlik, tengsizlik va aholining noroziligiga sabab bo'lmoqda. Bu, o'z navbatida islohotlarning natijasiga salbiy ta'sir ko'rsatadi.

Umuman olganda, fuqarolarimizda ushbu illatga qarshi kurashishda huquqiy ong hamda huquqiy madaniyatning yetarli darajada emasligi jamiyatda adolat mezonining buzilishini ko'paytiradi. Shuningdek, "Jamiyatda poraxo'rlik illatini engib bo'lmaydi", degan fikrni yoshlar ongida shakllanib qolgani, katta kamchiligimizdir.

Bu borada siljish qilinmasa, ushbu illat ortimizdan soyadek ergashib yuraveradi. Toki, oila, bog'cha, maktabda o'g'il-qizlarimiz ongiga tamagirlik, poraxo'rlik yomon illatgina emas, balki u jamiyat tanazzuli ekanligi haqida ko'proq tarbiyaviy va targ'ibot ishlarini olib bormas ekanmiz, maqsadga erisha olishimiz qiyin kechadi.

Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashishda aholining barcha qatlamlari, mutaxassislarni jalb qilib, jamiyatimizning barcha a'zolari "halollik vaktsinasi" bilan emlanmas ekan, o'z oldimizga qo'ygan yuksak marralarga erisha olmaymiz.

Xulosa qilib aytganda, Murojaatnomada ta'kidlab o'tilgan korrupsiyadek illatga barham berishga qarshi kurash mamlakatimizning yaqin va uzoq yillar uchun belgilab olingan Taraqqiyot strategiyasini to'liq amalga oshirishga xizmat qiladi.

Eldor Tulyakov,

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi

ijrochi direktori