Koʻzimiz ham, qoʻlimiz ham, yuragimiz ham botir boʻlsin!

    Fikr 13 Yanvar 2021 4826

    Ortda qolgan 2020-yil kishilik tarixida ham vaqt, ham mazmun jihatlaridan ajralib turadi. Agar tojli ogʻu (COVID-19) degan bir balo butun dunyoni qamrab olmaganida, u, hechqursa, Tokio olimpiadasi oʻtgan sana sifatida esda qolishi turgan gap edi.

    Biroq... Yuz yil burun ham insoniyat mana shunday falokatga yoʻliqqan. 1918-1920-yillarda quturgan ispancha gripp 0.5 milliard odamni, yaʼni yerliklarning 30 foizini oʻz domiga tortib, taxminlarga qaraganda, kamida 20 million, koʻpi bilan 100 million aholining yostigʻini quritgan.

    Tojli ogʻuga esa, hozirgacha 90 million kishi — 7.84 milliard dunyo aholisining 1,14 foizi chalindi, undan 2 millionga yaqini olamdan oʻtdi. Bir qaraganda, yangi ogʻu tufayli tugʻilgan kasalning jahon miqyosida tarqalishini bildiradigan pandemiyaning bu galgisi bir asr burungisidan yengilroq kechayotgandek. Yoʻq, bunday emas, deb sanaymiz. Oʻtgan yuz yil ichida sogʻliqni saqlash tizimida, ayniqsa, yuqumli kasalliklarning oldini olish va ularga qarshi kurashish borasida yuz bergan keskin ijobiy oʻzgarishlar tojli ogʻu tigʻini susaytirishda hal qiluvchi omillardan biri boʻldi, desak adashmaymiz. Yana bir omil esa Prezidentimizning mana bu soʻzlarida oʻz ifodasini topgan: “Kuchli va samarali boshqaruv tizimiga, bir yoqadan bosh chiqarib yashaydigan aholiga ega boʻlgan davlatlar pandemiyaning keng tarqalish xavfini oʻz vaqtida bartaraf etishga qodir boʻladi”.

    Demak, samarali tibbiyot va boshqaruv tizimlarisiz tojli ogʻuni yengib boʻlmaydi va “buni Oʻzbekistonning pandemiya davridagi kurash tajribasi ham isbotlab turibdi”.

    Masalaga xoh falsafiy, xoh voqelik nuqtayi nazarlaridan yondashaylik, pandemiya fojiasi kishilik va har bir davlat hamda millat uchun oʻziga xos imtihon boʻlganini koʻpchilik tan olmoqda. Shu maʼnoda, tojli ogʻu yurtimizga xavf tugʻdirgan ilk kunlardan unga qarshi kurash ishiga bosh-qosh boʻlgan milliy yetakchimiz ilgari surgan uch omilga pandemiyadan-da koʻra kengroq doirada toʻxtalib oʻtishni joiz sanaymiz: sinov, millatni asrash va jarayondan kuchli boʻlib chiqish.

    Sinov

    Qadimgi Turon yerlariga odam qadami yetganiga 1 yarim million yil toʻlgani haqida ilmiy qarashlar bor. 7-8 ming yil oldin oʻtroq ekin-tikinchilik madaniyati shakllana boshlagani ham yaxshi maʼlum. Oʻzbeklar yurtida shaharchilik kurtak yozganiga ham 4 ming yil boʻlgan. Oradan ming yil oʻtib esa, ajdodlarimiz davlatchilik asoslarini yarata boshlagan.

    Kamida 2700-yillik davlatchilik oʻtmishiga ega biz oʻzbeklar kishilikning “beshigi”ni tebratganlardanmiz, desak oshirib yubormagan boʻlamiz. Jahon xalqlari tarixining soʻnggi deyarli 3000-yillik taraqqiyotida yuz bergan hal qiluvchi oʻzgarish, burilish, “uygʻonish”larning koʻpchiligi aynan biz va oʻzagida biz turgan kenglik bilan bogʻliqligini hech kim inkor qilolmaydi.

    Biroq oxirgi besh asrda sustlashdik, sustlashganda ham yomon sustlashdik. Buni oʻsha ispancha gripp tarqalishi-yu bolsheviklar balosi paydo boʻlishiga sal qolib turgan 1917-yil yozida ulugʻ jonkuyarmiz Abdurauf Fitrat ham sezgan: “Ey Ulugʻ Turon, ars lonlar oʻlkasi! Senga ne boʻldi? Holing qalaydir? Nechuk kunlarga qolding? Ey Temurning...shonli beshigi! Qani u chiqdigʻing yuksak oʻrinlar? Qullik chuqurlarigʻa nedan tushding?! Dunyoni “urho”lari bilan titratkan yoʻlbars yurakli bolalaring qani? Yer tuprogʻini koʻklarga uchiraturgʻan togʻ gavdali oʻgʻlonlaring qani? Nechun tovushlari chiqmaydir? Yer yuzining bir necha polvonlari boʻlgan botir turklaring qani? Nechun chekindilar? Nechun ketdilar? Kurash maydonlarini oʻzgalarga nechun qoʻydilar? Nechun... nechun... nechun..?

    Gapur menga, ey Ulugʻ Turon, arslonlar oʻlkasi! Senga ne boʻldi?! Yer yuzining buyuk saltanatlarini sen qurmadingmi? Hindistonning, Eronning, Ovroʻpaning ulugʻ hoqonlarini sen yubormadingmi? Ey hoqonlar oʻchogʻi! Ey qahramonlar tugʻilgan yer! Qani u chaqmoq chaqishli botir hoqonlaring? Qani avvalgʻi oʻq yurushli, otli beklaring? Nechun “urho”laring eshitilmaydir?

    ...Kuchingmi ketdi? Kimsasizmi qoldi? Yoʻq... yoʻq... Tangri haqqi uchun yoʻq!.. Sen kuchsiz emassan, sen kimsasiz emassan! Ey Ulugʻ Turon, arslonlar oʻlkasi! Qaygʻurma! Eski davlating, eski saltanating, eski yigitlaring, eski arslonlaring hammasi bor, hech biri yoʻqolmamishdir. Yolgʻiz... Oh, yolgʻiz... tarqalmishdir”.

    Buyuk ajdodimiz toʻgʻri ilgʻagan: chindan ham tarqalmish holatiga tushgandik. Yoʻqolmish emas! Bor narsa esa, hech qachon yoʻqolmas. Uni tiriltirmoq, tiriltirmoq uchun esa uygʻotmoq kerak. Shu maʼnoda, oʻsha ispancha gripp jilovlanib, biroq boshqa bir falokat — bolsheviklar hukmronligi oʻrnatilganidan koʻp ham oʻtmay, 1923-yil koʻklamida Munavvarqori Abdurashidxon yuragidan otilib chiqqan mana bu haqiqat eʼtiborga loyiqdir: “Bir vaqtlar Ovropa vahshiy ekan, biz madaniy edik... Soʻngralari Ovropa xalqi maorif va madaniyat yoʻlida ishladi. Bu holga yetishdi. Biz tushdek uxladik, ishlamadik, bu holga yetishdik. Bu kungacha Ovropa xalqi osmonga uchar ekan, bizda soch va soqol nizolari, ovropaliklar dengiz ostida suzar ekan, bizda uzun va kalta kiyim janjallari, Ovropa shaharlari bugun elektr bilan isitilur va yoritilur ekan, bizda maktablarda joʻgʻrofiya va tibbiyotni oʻqitish-oʻqitmaslik ixtiloflari… davom etdi”.

    Uzoq asrlar ichra tushdek uxlaganimiz rost. Ulugʻ va tengsiz tarixiy taraqqiyot yoʻliga ega boʻla turib, nega bu koʻyga tushib qoldik? Millat va davlat boʻlib oʻzimiz uchun kurashish qobiliyatini yoʻqotganimiz uchun shunday boʻldi. Shu oʻrinda, 2019-yilning soʻnggi kunlarida Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi va muzeyining ochilishida Prezidentimiz ayt gan mana bu fikrlarni yodga solgan boʻlardik: Biz yoʻlimizni toʻgʻri oldik. Qanday jarayonni (!) boshdan kechirayotganimizni hali koʻpchiligimiz sezayotganimiz yoʻq. Jadid bobolarimizga oʻxshab, barcha narsadan voz kechib millat, xalq, yurtning ertasi uchun kurashga tayyormizmi, biz nima uchun bu kunlarga kelib qoldik degan savol hammamizni qiynashi kerak.

    Ushbu chuqur siyosiy va maʼnaviy magʻziga ega soʻzlarni tahlili quyidagi xulosaga turtki boʻladi: agar 2016-yil kuzida yoʻlimizni toʻgʻri tanlamaganimizda, yaʼni demokratiya, huquqiy davlat, fuqarolik jamiyati, inson haqlari va erkinliklari, rosmana bozor iqtisodiyoti, ochiq tashqi siyosatga asoslangan bosqichga dadil qadam qoʻyib, qanchalik ogʻir boʻlmasin, keyingi yillarda hech bir ogʻishmay olgʻa bosmaganimizda, 2020-yilning favqulodda qiyinchiliklariga bardosh berishimiz amrimahol edi. Bundan chiqdi, oʻtib boʻlgan yilda pandemiya bahona tugʻilgan har tomonlama ogʻir vaziyat soʻnggi toʻrt yil ichida yaratilayotgan Yangi Oʻzbekiston poydevorini sinovdan oʻtkazdi. Uning mustahkam ekanini avvalo oʻzimiz, qolaversa, butun jahon koʻrdi.

    Millatni asrash

    Davlatimiz rahbarining tojli ogʻuga qarshi kurash aslida millatni asrash uchun kurash ekani borasida qayta-qayta uqdirganlari ham bor gap. Masalaning aynan shu jihatiga urgʻu berayotganimiz bejiz emas. Chunki umummilliy miqyosdagi barcha ogʻirliklarni xalqning nomidan xalqning boʻyniga yuklash biz uchun, ming afsus, “anʼana” boʻlib kelgan edi. “Majburiy mehnat”dek necha yuz yillik tavqi laʼnatdan endi qutuldik. Nimaning hisobidan va qaysi kuch zvaziga bunga erisholdik? Yuragimizga millat qaygʻusi joylangani uchun shunday boʻldi.

    Mohiyat eʼtibori bilan olganda, Yangi Oʻzbekistonni qurishdan muddao ham aslida millatni asrash va roʻshnolikka chiqarish jarayonidir. Soʻnggi yillar tajribasi millatni asrash uchun, avvalo, uning ulugʻlari va urugʻlarini asrash lozimligini koʻrsatdi. Bizga qolsa, 2020-yilni Oʻzbekiston uchun tojli ogʻu emas, Behbudiylar yili boʻldi, degan boʻlardik. Bu yerda gap soʻz oʻyinidagina emas (“behbudi” yaxshilikka boshlash, intilish, yaxshilanish, oyoqqa turishni bildiradi). Zamondoshlari tomonidan Tur kiston oʻlkasining boshligʻi, yoʻlboshchisi maqomiga loyiq koʻrilgan, millat uchun jonidan kechgan shaxsning oʻz oʻlimidan yuz yil, avlodlari mustaqil boʻlgach salkam oʻttiz yildan keyin yuzaga chiqishi tarixiy adolatning tiklanishi sifatida baholanmogʻi darkordir. Oʻtgan yilgi Murojaatnomada davlatimiz rahbari Mahmudxoʻja Behbudiyning 145-yillig ini keng nishonlash tashabbusini oʻrtaga tashlaganida bu ulugʻ zotning ruhi qanchalar quvongan ekan! Abdulla Avloniy, Mahmudxoʻja Behbudiy va Munavvarqori Abdurashidxonov “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan siylanganlarida-chi!

    Bunday oʻylab qarasak, aziz boshlarini kundaga qoʻyish orqali oʻzbek uchun buyuk xizmatni chindan ham ular qilgan edilar. Shu maʼnoda, milliy yetakchimizning, Abdulla Qodiriy qanday zamonda qahramonlik qilgan edi-yu, biz qanday davrda yashab turib oʻzimizni koʻrsatishimiz kerak-ku, lekin qilmayapmiz, degan savolga har birimiz yuragimizdan javob berishimi lozim, deb aytganlarini hech qachon yoddan chiqarmasligimiz kerak, deb sanaymiz. Haqiqatan ham, solishtirganda, zamonlar oʻrtasida yer bilan osmoncha farq bor: jadidlar soʻnggi toʻrt yuz yillik milliy mahdudlik, oxirgi ellik yillik mustamlakachilik asoratlari-yu istibdod va qaramlikning eng qabihini oʻrnatib boʻlgan bolsheviklar oyboltasi ostida kun kechirganlar. Biz esa, bugun erkinmiz-ku! Eng muhimi, jadidlar orzusini roʻyobga chiqarish ishi Prezident, davlat siyosatiga aylanganiga axir toʻrt yil boʻldi.

    Miri kam dunyochilikning bu teskarichiligi sababi juda oddiy deb oʻylaymiz. Asrdan-asrga, avloddan-avlodga sifatimiz keta boshlagani, millatimiz va davlatimiz qaddini tik koʻtarib, har qanday sinovlarga dosh berib kelgan oʻzagimiz — ilmu maʼrifatdan yuz oʻgirganimiz uchun shunday boʻldik. Millatni asrash uchun unga zamonaviy va ilgʻor bilim hamda kasb-kor berish zaruratidan yuz oʻgirganimiz uchun shunday boʻldik. Shu maʼnoda, kishilik tarixidagi eng ogʻir, ayrim jihatlari bilan olganda, hatto fojialarga toʻla 2020-yilda turmushimizda yuz bergan ikki voqeaga diqqatni qaratgan boʻlardik.

    Maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish darajasi 4 yil ichida 2 barobar ortib, aynan oʻtgan yili 60 foizga yetib, bogʻchalar soni esa 3 barobarga koʻpaygan. Oliy taʼlimga qabul koʻrsatkichlari esa, 2016-yilga nisbatan 2.5 barobarga oʻsib, 9 foizdan 25 foizga yetgan. Butun dunyo jon talvasasi-yu suv-non falsafasi bilan band bir pallada bu shunchaki raqamlar emas, albatta. Balki eng ogʻir, vaj-karson qilinsa, vaziyat koʻtaradigan muhitda ham ilm-maʼrifat izlash yoʻlidan qaytilmaydi, deganidir.

    Davlat mustaqilligimizni tiklaganimizga bagʻishlangan har yilgi tantana aziz, biroq 29 yillikning oʻz oʻrni bor deb oʻylaymiz. Gap mazkur bayram pandemiya davriga toʻgʻri kelganida emas, balki milliy yetakchimiz tomonidan bildirilgan mana bu tarixiy haqiqatdadir: “Oʻzbekis tonda yangi bir uygʻonish — Uchinchi Renessans davriga poydevor yaratilmoqda, desak, ayni haqiqat boʻladi. Chunki bugungi Oʻzbekiston — kechagi Oʻzbekiston emas. Bugungi xalqimiz ham kechagi xalq emas”.

    Demak, oradan besh asrdan koʻproq muddat oʻtib, biz oʻz oʻzanimizga qaytdik. Xuddi shu kuni temuriylardan soʻng yoʻqlikka mubtalo qilingan, keyingi yarim ming yillik (!) azoblanishlarimiz, oʻzligimizni topishimizdagi sarson-sargardonliklarimiz davriga uzil-kesil nuqta qoʻyildi, deb ishonamiz. Negaki, uzoq oʻtmish mobaynida ne-ne balolarga giriftor boʻlgan millatimizni asrash va qayta oyoqqa turgʻazish ishi doimo uni uygʻotish, oʻziga ishontirish, ilmu maʼrifat bilan qurollantirishdan boshlanganini hech kim inkor etolmaydi.

    Kuchli boʻlish

    2020-yili butun dunyo tojli ogʻu bilan kurashdi. Biz esa, ustiga-ustak Buxoro va Sardobada yuz bergan koʻrgiliklarga ham dosh berishimizga toʻgʻri keldi. Bulari-ku, mayli, ular bahona Yangi Oʻzbekistonimizga yogʻdirilgan, 2016-yil kuzida boshlangan tarixiy bosqichni obroʻsizlantirish, bizni yana yalangʻochlab eski tosga oʻtqazib, ustimizdan yana gʻaflat magʻzavasini quyish orqali tabiiy va moddiy boyliklarimizni talash, chiqib boʻlgan tilimizni kesish, ochilib boʻlgan koʻzimizni soʻqirlash, haqiqatni eshitishga oʻrganib borayotgan quloqlarimiz pardasini yirtib tashlash, ishga oʻrganib qolgan qoʻllarimizni kesish, oq bilan qorani ajratib olishni eplayotgan odamlarimizni yoʻldan urish maqsadida qilingan urinishlar-chi?

    Biroq ular kutgani boʻlmadi, oʻzbek davlati va millatining emas, ularning rasvosi chiqdi. Murojaatnomadagi mana bu haqiqatlar esa, erkin inson, oʻz yoʻlini topib olgan xalq, yil qanday kelishidan qatʼi nazar koʻp narsaga qodir boʻlishini isbotladi-qoʻydi: oʻtib boʻlgan yilda 197 ta yirik, minglab kichik va oʻrta korxona, jumladan, “Navoiyazot”da ammiak va karbamid ishlab chiqarish majmuasi hamda azot kislotasi korxonasi, Muborak, Gazli va Shoʻrtan neft-gaz korxonalarida suyultirilgan gaz ishlab chiqarish qurilmalari, Toshkent metallurgiya korxonasi, 2 ta yangi metro bekati va ilk bor 18 kilometrlik yer usti metrosi qurildi. Umumiy qiymati 2 milliard dollarga teng 6 ta yangi elektr stansiyasini barpo etish ishlari boshlanib, tadbirkorlik subyektlariga 100 trillion soʻm yoki 2016-yilga nisbatan qariyb 4 barobar koʻp kredit ajratilgani ham qoʻshib mulohaza qilinsa, barchasi oʻz oʻrniga tushadi-qoladi.

    Bular aytishga oson, amalda, hatto tinchlik, iqtisodiyot bir maromda rivojlanayotgan paytlarda ham har qanday davlatning qoʻlidan kelmaydigan marralardir. Shu maʼnoda, ayrim atoqli mamlakatlarning tojli ogʻu avjiga chiqqanda ham cheklovlar oʻrnatishdan voz kechganlarining asl sababi oʻz iqtisodiy imkonlarini yaxshi bilganlari bilan bogʻliqdir, desak oshirib yubormagan boʻlamiz.

    Eng muhimi, Murojaatnomada kelgusi yili taʼlim, ilm-fan, madaniyat, sogʻliqni saqlash, ijtimoiy himoya sohalarida bajarilishi lozim ishlar koʻlami va sarf-harajatiga koʻz tashlar ekanmiz, milliy iqtisodimiz imkonlarini chamalaymiz. 2020-yil sinovlaridan kuchli boʻlib chiqqanimizga ishonamiz. Buyogʻiga bizdan nima talab qilinishini ham milliy yetakchimiz xalqchil qilib aytdilar-qoʻydilar: “Xalqimizda “Koʻz — qoʻrqoq, qoʻl — botir”, degan chuqur maʼnoli ibora bor. Bugungi sharoitda bizning koʻzimiz ham, qoʻlimiz ham, yuragimiz ham botir boʻlishi kerak. Belimizni mahkam bogʻlab, pok niyat bilan mehnat qilsak, shubhasiz, koʻzlagan marralarimizga erishamiz”.

    Azamat ZIYO,

    tarix fanlari doktori, professor