Insoniyat koʻchmanchilikdan oʻtroq sharoitga oʻtib, ijtimoiylashuv boshlangan davrdan to hozirgi kunga qadar boʻlgan jamiyatlar rivoji tahliliga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, har bir odamning farovon va toʻkis hayot kechirishi ikki asosiy jihat: birinchisi – shaxsiy maqsadlari va shunga muvofiq qilayotgan amali, ikkinchisi – u yashagan davr jamiyati qarashlari va barqarorligiga bogʻliq ekanini koʻrish mumkin. Bu ikki omilning qay biri muhimroq ekani borasida turli qarashlar mavjud. Bizningcha, birinchi faktorni rad etmagan holda, ikkinchi jihatning ijtimoiy yoʻnaltirish harakteriga ega ekanidan kelib chiqib uni asosiy omil sifatida baholash mumkin.
Bu nimalarda koʻrinadi? Aytaylik, siz moʻl hosil yetishtirishning hadisini olgan usta dehqonsiz. Har yili boshqalarga nisbatan koʻp hosil va shunga yarasha koʻp daromad olasiz. Bu – sizning maqsad va uni amalga oshirishga yoʻnaltirilgan saʼy-harakatlaringiz samarasi. Boshqacha aytganda, birinchi jihat hosilasi.
Ayni holatda agar ikkinchi jihat taʼsiri va koʻmagi bilan yetishtirgan hosilni qayta ishlasangiz, eksportga yoʻnaltirsangiz, tabiiyki, daromadingiz va shunga mos ravishda turmush farovonligingiz bir necha barobar oshadi. Demak, bir-biriga uzviy bogʻliq ushbu omillarda ikkinchi jihat qamrovi va samaradorligi boʻyicha ustunlikka ega.
Bunga koʻplab misollar keltirish mumkin. Ayniqsa, soʻnggi yillarda mamlakatimizda yangi Oʻzbekistonni barpo etish, Uchinchi Renessans poydevorini yaratishdek buyuk maqsadlar yoʻlida olib borilayotgan islohotlar samarasi bunga “uzukka koʻz qoʻygandek” mos tushadi. Nega deganda, yaqin-yaqingacha iqtisodiyotimiz paxta yakkahokimligiga asoslangan, jamiyat hayoti paxtachilikka chambarchas bogʻlangan va oʻz navbatida, aholi farovonligi koʻproq paxta hosili yetishtirish bilan bogʻliq edi.
Prezidentimizning bunday uzoq turgʻunlik – xomashyo yetishtirishdan uni chuqur qayta ishlab, sanoatlashish jarayoniga oʻtishga doir qatʼiy talab va tashabbuslari, shunga mos yaratilib berilayotgan sharoitlar asosida tarixan juda qisqa davrda katta yutuqlar qoʻlga kiritilmoqda. Buni nafaqat paxta xomashyosini oʻzimizda toʻliq qayta ishlashga erishilgani va tekstil yoʻnalishida koʻplab yangi ishlab chiqarish quvvatlari barpo etilgani, balki avvallari xomashyo sifatida eksport qilingan qora va rangli metallarni qayta ishlashning toʻliq zanjiri yaratilgani kabi misollarda ham koʻrish mumkin.
Yangi gʻoya va tashabbuslar zarurati
Ikkinchi jihatning yana bir muhim tomoni – jamiyatni maʼlum bir maqsad yoʻlida birlashtirish, boshqacha aytganda, yoʻnaltirish hamda qoʻllab-quvvatlov bugungi globallashuv va jadal taraqqiyot sharoitida raqobatda yutishning muhim shartiga aylandi. Shu bois, Oʻzbekiston ham yuksak taraqqiyotga erishish va aholi farovonligini yanada yuksaktirishdek katta maqsadlarni oʻz oldiga ustuvor vazifa sifatida qoʻyar ekan, bu jihatga alohida eʼtibor qarata boshladi. Aholini tadbirkorlikka keng jalb etish, mamlakatning investitsion jozibadorligini oshirish, buning uchun qulay infratuzilma va biznes muhiti yaratish, huquqiy asoslarni mustahkamlash choralari koʻrildi va bu jarayon davom etyapti.
Umuman olganda, gap iqtisodiyot barqarorligi va aholi farovonligi haqida borar ekan, uni taʼminlashning eng asosiy talabi zamon talablariga mos yangi gʻoya va tashabbuslarni hayotga tatbiq etishdir. Binobarin, Prezidentimiz taʼkidlaganidek, “Yangi davr uchun yangi gʻoya va tashabbuslar kerak, yangi natijalar kerak. Shundagina u tom maʼnoda yangi davr boʻladi”.
Eʼtiborli jihati, soʻnggi yillarda avvalgi davrlardan farqli oʻlaroq, yangilikdan, yangilanishdan choʻchish emas, yangi gʻoya va tashabbuslarni ishlab chiqish hamda hayotga tatbiq etish kuchaydi. Bu jarayonda ayniqsa, davlatimiz rahbarining shaxsan oʻzi xalqaro miqyosda ham faol ekani diqqatga sazovor.
Prezidentimiz 2023-yil 22-dekabr kuni oʻtkazilgan Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining kengaytirilgan majlisidagi nutqida iqtisodiyotimiz barqarorligi, aholi farovonligini oshirishga xizmat qiluvchi yana bir yangi yoʻnalish – kreativ iqtisodiyotga toʻxtalib, “Kelgusi yili Toshkentda kreativ iqtisodiyotga bagʻishlangan xalqaro konferensiyani, Nukusda esa “Orol madaniyati” xalqaro ilmiy anjumanini oʻtkazamiz.
Kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish boʻyicha alohida qonun qabul qilish ham kun tartibidagi dolzarb masaladir”, dedi.
Ijodiy iqtisodiyot va industriya
Kreativ iqtisodiyot atamasi aksariyatimiz uchun nisbatan yangilik. Shuning uchun ushbu maqolamizda kreativ iqtisodiyot nima ekani, qaysi yoʻnalishlarni qamrab olishi, imkoniyatlari xususida fikrlashamiz.
Avvalo, kreativ iqtisodiyot atamasi maʼnosiga toʻxtalsak. Kreativlik lotincha Creatio – yaratish, bunyod etish, ijodkorlik soʻzlaridan kelib chiqqan, bu atama 1950-yillarda psixologiya faniga kirib kelgan. Kreativlik deganda shaxsning maʼlum standartlar, normalar, shablonlardan chetga chiqish layoqati va barcha jabhalarda noodatiy yondashuv xususiyati tushuniladi.
Kreativ iqtisodiyot tushunchasi birinchi marta 2000-yilda Business Week jurnalidagi maqolada tilga olingan. Unda muallif XXI asrda kompaniyalarning taraqqiyotida kreativ gʻoyalarning ahamiyati ortib, intellektual resurslar ishlab chiqarishning asosiy omiliga aylanishi hamda yangi iqtisodiyot sharoitlariga moslashish imkoniyatlari haqida fikr yuritgan.
Uning bugungi kundagi zarurati, shu jumladan, Oʻzbekiston uchun ahamiyati haqida toʻxtalganda, jahonda kreativ iqtisodiyot jadal rivojlanayotgan global tarmoqlardan biriga aylanib borayotganini alohida taʼkidlash oʻrinli. Bu yoʻnalish xalqaro darajada kelajakdagi iqtisodiy oʻsishning muhim omili sifatida eʼtirof etilmoqda. Masalan, UNESCO tahlillariga koʻra, ushbu yoʻnalish jahon YAIMning 3,1 foizi va barcha ish oʻrinlarining 6,2 foizini tashkil etmoqda.
Ushbu yoʻnalish bugun shu qadar ustuvor yoʻnalishga aylanyaptiki, hattoki BMT 2021-yilni Barqaror rivojlanish uchun Xalqaro ijodiy iqtisodiyot yili, deb eʼlon qildi. “Influencer Marketing Hub” maʼlumotiga koʻra, ijodiy iqtisodiyotning global bozori 2024-yilga borib 1 trillion dollarga yetadi.
Kreativ iqtisodiyot – bu barcha tarmoqlarda gʻoyadan pul topishga asoslangan faoliyat hisoblanadi. Uning asosiy yoʻnalishi kreativ industriyadir. Kreativ industriya – intellektual faoliyat natijasida yaratilgan tovar va xizmatlarni sotishga asoslangan iqtisodiyotning maxsus tarmogʻi hisoblanadi. Ushbu tovar va xizmatlarni ishlab chiqarishda texnologiya, innovatsiya va kreativlikning rivojlanishi muhim rol oʻynaydi. Koʻpgina Gʻarb davlatlarida kreativ sohalarni rivojlantirish bundan 15-20-yil avval qoʻllab-quvvatlana boshlagan.
BMTning Savdo va taraqqiyot konferensiyasi (UNCTAD) klassifikatsiyasi kreativ sohalarni toʻrtta asosiy guruhga boʻlgan: meros, sanʼat, media va funksional guruh. Bu guruhlar, oʻz navbatida, toʻqqizta quyi guruhlarga boʻlingan.
Mamlakatimizda kreativ industriya, jumladan, madaniyat va sanʼat sohasini rivojlantirishga alohida ahamiyat berilmoqda. Ayni paytga qadar ushbu yoʻnalishni rivojlantirishning huquqiy asoslari yaratilgani diqqatga sazovor. Jumladan, Prezidentimizning 2018-yil 26-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasida madaniyat va sanʼat sohasini innovatsion rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori, 2020-yil 26-maydagi “Madaniyat va sanʼat sohasining jamiyat hayotidagi oʻrni va taʼsirini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi hamda 2022-yil 6-iyuldagi “2022 — 2026-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining innovatsion rivojlanish strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi farmonlari bilan ijodiy iqtisodiyotni rivojlantirishning ustuvor vazifalari belgilandi. Xususan:
– innovatsion infratuzilma subyektlari tarmogʻini shakllantirish orqali startap tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash hamda yirik hajmli ishlab chiqarishni (kapital yaratish) tashkil etish;
– innovatsion faoliyatni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning institutsional mexanizmlarini takomillashtirish orqali innovatsion faol tashkilotlar ulushini oshirish;
– kichik tadbirkorlikning innovatsion faolligini oshirish orqali hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy jadal oʻsishini taʼminlash;
– yangi turdagi mahsulotlar va innovatsion texnologiyalar yaratishning gʻoyadan yakuniy isteʼmolchigacha boʻlgan kompleks tizimini taʼminlash orqali innovatsiyalarga boʻlgan talabni ragʻbatlantirish;
– taʼlimning barcha bosqichlarida yaratuvchanlik, innovatsion tadbirkorlik va ratsionalizatorlik koʻnikmalarini rivojlantirish orqali innovatsion faoliyat boshqaruvida inson kapitalini yanada rivojlantirish;
– muzey boshqaruvi va marketingida ilgʻor xorijiy tajribani yaratish;
– madaniyatni kengroq oʻrganish va olgʻa siljishida innovatsion gʻoyalar va texnologiyalardan samarali foydalanish;
– madaniyat va sanʼat sohasida milliy brendlarni yaratish va ularning jahon turizm bozorlariga chiqishiga kompleks ravishda yondashuv;
– kino sanoatiga xorijiy investitsiyalarni jalb etish va rivojlantirishga yoʻnaltirilgan zamonaviy marketing tadqiqotlarini oʻtkazish.
Shuni alohida taʼkidlash kerakki, Oʻzbekiston Respublikasi meʼyoriy hujjatlarida kreativ iqtisodiyot yoki kreativ industriya soʻzlari uchramaydi, bu mamlakatimiz uchun nisbatan yangi tushuncha hisoblanadi. Kreativ iqtisodiyot asosan, “startap”lar, yaʼni yangicha biznes-loyihalar, original gʻoyalarni qoʻllab-quvvatlash orqali fuqarolarning ishlab chiqarishdagi faol ishtirokini nazarda tutadi.
Xalqaro tajriba
Xorijiy mamlakatlar tajribasi shuni koʻrsatmoqdaki, kreativ industriya shaharlar va hattoki, butun mamlakat iqtisodiy rivojlanishining drayveri, yaʼni harakatlantiruvchi kuchiga aylanmoqda.
Kreativ industriya qator Yevropa shaharlarining yangi iqtisodiy rivojlanish siyosati va strategiyalari markazida turadi. Kreativ tarmoqlar faol oʻsishi, ayniqsa London, Berlin va Barselona shaharlarida kuzatilmoqda. Jumladan, Londonda 386 mingdan ortiq kreativ tadbirkorlar mavjud, ular 19 milliard funt sterlingga yaqin daromad keltiradi. Bu Buyuk Britaniya poytaxti iqtisodiyotining 16 foizini tashkil qiladi, degani. “GLA Economics” maʼlumotiga koʻra, reklama, arxitektura, axborot texnologiyalari va nashriyot kabi ijodiy sohalar Londondagi umumiy ish oʻrinlarining 16,3 foizini qamrab oladi.
Berlin soʻnggi paytlarda turli xalqaro tadbirlar oʻtkaziladigan asosiy markazlardan biriga aylandi. Misol uchun, Berlinale, German film awards, Media Convention, Gamesweek, Deutscher Computerspielpreis shular jumlasidan. Mazkur shaharda loyiha-maydonlari (project spaces) keng tarqalgan, ushbu hududlarda maxsus jihozlangan binolar boʻlib, ularda maʼlum bir loyihani amalga oshirish, biznes modellarini va turli gʻoyalarni tajribadan oʻtkazish asosida sinab koʻrish mumkin. Umumiy qilib aytganda, Berlinda 170 ming xodimga ega 24 mingdan ortiq kreativ korxonalar faoliyat yuritmoqda.
Barselona shahri ham kreativ industriyaning eng yirik klasteriga kiradi. Bu yerdagi kreativ tarmoqlarga dasturlash, video-industriya, ilmiy-tadqiqot ishlari, bosmaxona, moda, zargarlik buyumlari va musiqa sanoati kabilar kiradi. Ushbu shaharda kreativ industriya doimiy oʻsishda davom etyapti va yangi ish oʻrinlari bilan taʼminlash, raqobatbardoshlik va farovonlikni oshirishning kuchli vositasiga aylangan.
“The Catalan Institute of Cultural Enterprises” tashkiloti Kataloniyada faoliyat yuritayotgan 140 mingdan ortiq kreativ tadbirkorlar faoliyatini muvofiqlashtiradi. Kreativ industriya yiliga 5,7 milliard yevro miqdorida daromad keltiradi. Bu Barselonada ishlab chiqarilgan barcha mahsulotlar qoʻshilgan qiymatining 3,2 foizini tashkil etadi. Ispaniya hukumati Barselonada taʼlim, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, kreativ sohalarda biznes loyihalarini yoʻlga qoʻyishga koʻmaklashmoqda. Kreativ loyihalarga investorlarni jalb etish maqsadida savdo yarmarkalari, iqtisodiy tadbirlar va gʻoyalar tanlovlari tashkil etiladi.
Xorijiy mamlakatlar amaliyotda kreativ industriyani rivojlantirish boʻyicha hukumatlar, vazirliklar darajasida amalga oshiriladigan hamda davlat tomonidan moliyalashtiriladigan turli dasturlarni amalga oshirish amaliyoti yoʻlga qoʻyilgan. Yevropada kreativ tarmoqlarni qoʻllab-quvvatlash bir vaqtning oʻzida toʻrtta infratuzilma komponentlarini rivojlantirishga asoslanadi. Bular professional tarmoqlar va uyushmalar, maxsus taʼlim dasturlari, biznes inkubatorlar va akseleratorlar hamda ijodiy klasterlar.
Buyuk Britaniyada kreativ industriya vakillariga binolarni imtiyozli shartlar asosida taqdim etish va grantlar asosida qoʻllab-quvvatlash amaliyoti keng tarqalgan. Hozir ushbu davlatda kreativ industriyaning mamlakat iqtisodiyotidagi ulushi 77 milliard funt sterlingni tashkil etadi. Birgina ushbu tarmoqda 1,7 milliondan ortiq ish oʻrinlari yaratilgan.
Xorijiy mamlakatlar tajribasini oʻrganish jarayonida kreativ industriyani rivojlantirishning dunyo boʻyicha toʻrtta guruh modellari aniqlandi. Bular: Amerika, Skandinaviya, Yevropa va Osiyo.
Kreativ industriyani rivojlantirishning toʻrt guruhi
Yevropadagi kreativ sohalar faoliyati madaniy qadriyatlar, individual yoki jamoaviy ijodiy faoliyatning badiiy shakllariga asoslangan, “Kreativ Yevropa” dasturida belgilangan tarmoqlardan iborat boʻladi. Uni rivojlantirishning Yevropa modeli xalqaro hamkorlikni qoʻllab-quvvatlash, kreativ industriyalarning tarmoq faoliyati va muhim tarkibiy qismlarini birgalikda hamda klasterlar tizimi orqali moliyalashtirishga asoslanadi. Kreativ klasterlar bu kreativ mahsulot yaratuvchilarining maʼlum bir hududda konsentratsiyalashuvi boʻlib, ushbu yoʻnalishda faoliyat yurituvchi tadbirkorlar va isteʼmolchilar uchun ijodiy kuch va ilhom beruvchi markaz hisoblanadi.
Koʻhna qitʼa mamlakatlarida kreativ klasterlar oʻz ishtirokchilarining badallari, shuningdek, olingan grantlar hisobiga faoliyat yuritadi. Hozirda kreativ sektor va tarmoqlarni moliyalashtirish dolzarb masala boʻlgani sababli Yevropada samarali moliyaviy ekotizimni yaratish ustida ish olib borilmoqda.
Amerika modeli tadbirkorlik tashabbuslarini ragʻbatlantirish, ijodiy qobiliyat va yaratuvchanlikni rivojlantirish siyosatiga asoslanadi. AQSHda “glokalizatsiya” strategiyasi keng qoʻllaniladi. Bu iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy rivojlanish jarayoni boʻlib, koʻp yoʻnalishli tendensiyalarning birgalikda mavjudligi va xorijlik isteʼmolchilarning ehtiyojiga moslashtirilgan mahsulot va xizmatlarni yaratishga yoʻnaltirilganligi bilan tavsiflanadi.
Bu davlatda federal darajada kreativ sohalar uchun yagona siyosat mavjud emas, barcha tarmoqlar shtat va munitsipalitet darajasida qoʻllab-quvvatlanadi.
Kreativ industriya innovatsiyalarni ragʻbatlantiradi, AQSHning jahon bozorida raqobatbardoshligini kuchaytiradi va iqtisodiy faollikni qoʻllab-quvvatlashda muhim rol oʻynaydi. AQSHda kreativ industriya tushunchasini aniqlashda konservativ yondashuvni qoʻllaydi, faqat sanʼat asarlarini ishlab chiqaradigan yoki tarqatuvchi korxonalarga (notijorat muzeylardan, simfonik orkestrlar va teatrlardan tortib tijorat kino, arxitektura va reklama kompaniyalarigacha) eʼtibor qaratiladi. Kreativ sektor ulushini baholashda kompyuter dasturlash va ilmiy tadqiqotlar kabi sohalar eʼtiborga olinmaydi.
Skandinaviya modeli. Ushbu hududda joylashgan mamlakatlardagi kreativ industriya modeli tadbirkorlik faoliyatida kreativ koʻnikmalarni amaliy qoʻllashga oʻrgatuvchi kasb-hunar taʼlimi tizimiga ixtisoslashgan. Ushbu model shuningdek, grant yordamida qoʻllab-quvvatlash, innovatsiyalarni ragʻbatlantirish va ijodkorlikka investitsiya kiritishga asoslanadi.
Kreativ industriyani rivojlantirishning Osiyo modeli ijodiy mahsulotning innovatsiya tarkibiy qismini yaratishga qaratilgan. Bunda anʼanaviy madaniyat elementlaridan jahon bozorida milliy manfaatlarni ilgari surish siyosati sifatida foydalanadi. Janubiy Koreyada “Koreya ijodiy kontent agentligi (KOCCA)” mamlakat kreativ industriyasidagi faoliyatni muvofiqlashtirish va koreys tovarlarini xalqaro bozorga olib chiqish siyosati bilan shugʻullanadi.
Xitoyning kreativ industriyasi esa iqtisodiyotning xususiy sektor sarmoyalariga tayanadi va Yevropaning ijodiy sohalari kabi global bozorlarga yoʻnaltirilgan.
Metodologik nuqtayi nazardan, ijodiy, madaniy va kreativ industriyaga taalluqli sohalarni ajratish muammosi xorij hamda Oʻzbekiston amaliyotida ochiqligicha qolmoqda. Mamlakatimiz iqtisodiy rivojlanishida kreativ industriya ulushini baholash hamda uni rivojlanish tendensiyalarini tahlil etish maqsadida Oʻzbekistonda kreativ industriyaga taalluqli sohalarni aniqlash metodologiyasini ishlab chiqish muhim hisoblanadi.
Mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida aholini ish bilan taʼminlash, ijodiy qobiliyatga ega isteʼdodlarni hamda kreativ tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish zarurati ortib bormoqda. Butun dunyo, shu jumladan, kreativ industriyani yuqori rivojlanish darajasiga olib chiqishda maktab davridan boshlab kreativ tadbirkorlik koʻnikmalarini oʻrgatish boʻyicha taʼlim dasturlarini kengaytirish, shubhasiz ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Kreativ industriyani moliyalashtirishda qoʻllaniladigan kraudfanding va fandrayzing usullaridan tashqari, ijodiy soha vakillarining faoliyatini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash va samarali moliyaviy infratuzilma yaratilishi Oʻzbekiston iqtisodiyoti tarmoqlarini diversifakatsiyalashning ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi.
Umuman olganda, mamlakatimizda kreativ iqtisodiyotni rivojlantirishning dastlabki bosqichlari boshlangan. Masalan, aksariyat shaharlarimizda yoshlarning iqtidorini roʻyobga chiqarishga xizmat qilayotgan texnoparklar tashkil etildi. Natijada yurtimizda startaplar tobora keng joriy etilib, yoshlar orasida ommalashib bormoqda. Bu quvonarli hol, albatta.
Oybek DOʻSMUHAMEDOV,
iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori, dotsent