Jumladan, Statistika agentligi ma'lumotlariga ko'ra, 2024-yilning birinchi choragida yalpi ichki mahsulot 242,7 trillion so'mni tashkil etib, 6,2 foizga o'sgan. Bunda, xizmatlar (14,2 foiz), chakana savdo tovar aylanmasi (9,3 foiz), qurilish (6,8 foiz), sanoat mahsulotlari (6,5 foiz) yo'nalishlari bilan bir qatorda, eksport hajmi 6,4 milliard dollarga yetib, 10 foiz o'sish kuzatilgani ham muhim rol o'ynadi.
Ikkinchi chorakda barcha yo'nalishlarga mos ravishda eksport ko'lami ham sezilarli ortishi shubhasiz. Chunki, birinchidan, davlat dasturida 2024 yilda yalpi ichki mahsulot o'sish sur'atlarini 6 foizdan kam bo'lmagan, shu jumladan, eksport hajmi o'sishini 25 foiz darajasida ta'minlash vazifasi belgilangan. Ikkinchidan, ayni paytga kelib yurtimizning janubiy viloyatlarida pishib yetilgan tarvuz, qovun, gilos, o'rik kabi mahsulotlarni dunyo bozorlariga eksport qilish jadal kechmoqda.
Bundan tashqari, may oyi uchinchi dekadasiga kelib xalqaro birja savdolarida mis kotirovkalari barcha davrlar uchun yangi maksimum – 11 ming 105 dollarga yetdi. Yil boshidan hisoblaganda esa mis narxi 27 foizga qimmatlashdi. O'zbekiston mis zaxiralari bo'yicha dunyoda yetakchi davlatlardan ekani va misni qazib olish va uni qayta ishlash sanoatini rivojlantirishga qaratilgan yirik loyihalar amalga oshirilayotgani, qolaversa, dunyo bozorida elektromobillar va qayta tiklanuvchi energiya manbalariga mos ravishda misga talab tobora ortib borayotgani ham mamlakatimiz eksporti istiqbollari bilan bog'liq yangi imkoniyatlarni yaratadi.
Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning 26-27-may kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatimizga kelgani ham bu borada muhim ahamiyatga ega. Binobarin, tashrif doirasida tomonlar yaqin istiqbolda o'zaro savdo hajmini 30 milliard dollarga yetkazishga kelishib oldi. Bu esa o'z navbatida, mamlakatimiz eksport imkoniyatlarini yanada kengaytiradi.
Umuman olganda, eksport – u qanday turdagi mahsulot bo'lishidan qat'i nazar, daromadlilik borasida eng samarali yechimdir. Shu bois ham mamlakatimizda ushbu yo'nalishni rivojlantirishni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, shu jumladan, Jahon savdo tashkilotiga a'zolikni tezlashtirish, Yevropa Ittifoqining maxsus preferensiyalar tizimi “GSP+”dan samarali foydalanish, MDH davlatlari bilan o'zaro savdo hajmini kengaytirish, transport-logistika infratuzilmasini yaxshilash, bojxona ma'murchiligini isloh qilish kabi eksport bilan bog'liq qator yo'nalishlarga alohida e'tibor qaratilmoqda.
Texnik jihatdan tartibga solish tizimi ham bu borada muhim ahamiyatga ega hisoblanadi. Chunki, mahsulot tayyorligi, logistika va bojxona shayligi tovarni dunyoning xohlagan bozoriga olib borib sotish mumkinligini anglatmaydi. Boshqacha aytganda, eksport jarayoni bilan bog'liq talablar, xalqaro standartlarga muvofiqlik masalasi bor. Ya'ni aytaylik, mahsulotingizni Yevropa bozorlariga sotmoqchi bo'lsangiz, xaridorlar ushbu mahsulotning xalqaro standartlarga muvofiq yetishtirilgan yoki tayyorlanganiga doir xulosa so'raydi. Bu kabi masalalar esa bevosita Texnik jihatdan tartibga solish agentligi faoliyati doirasida tashkil etiladi.
Mamlakatimizda ayni shu maqsadda agentlik faoliyati samaradorligini oshirishga alohida e'tibor qartilyapti. Xususan, shu yil 26-fevral kuni Prezidentimiz tanishgan texnik jihatdan tartibga solish tizimini isloh qilish bo'yicha takliflar taqdimotida soha rivojiga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilab berilgan edi.
Avvalo, mamlakatimiz standartlashtirish sohasini isloh qilish va sohaga zamonaviy yondashuvlarni joriy qilish maqsadida davlatimiz rahbarining 2021-yil iyundagi “Texnik jihatdan tartibga solish sohasida davlat boshqaruvini tubdan takomillashtirish to'g'risida”gi qarori bilan Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi negizida Texnik jihatdan tartibga solish agentligi tashkil etilganini ta'kidlash o'rinli.
Sohani zamon talablariga mos isloh qilish maqsadida ko'rilgan bu kabi choralar natijasida keyingi yillarda 12 mingta standart qabul qilindi, 400 turdagi mahsulotni sinovdan o'tkazish yo'lga qo'yildi. Natijada 40 ta yangi eksport bozoriga chiqildi.
Shu bilan birga, oxirgi yetti yilda O'zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 2,5 barobarga oshib, 63 milliard dollarga yetdi. Bu yil ham eksportni 1,5 barobarga ko'paytirib, 25 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, istiqbolda Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo'lish maqsad qilingan.
Taqdimotda agentlik to'g'ridan to'g'ri Hukumat bo'ysunuviga o'tkazilishi belgilanib, amaldagi texnik tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish, uning eksportga ko'maklashish va ichki bozorni sifatsiz tovarlardan himoya qilishdagi ishtirokini mustahkamlash bo'yicha vazifalar belgilandi.
Mazkur vazifalar ijrosini ta'minlash maqsadida oradan bir kun o'tib, 27-fevralda davlatimiz rahbarining “Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi davlat boshqaruvini yanada takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to'g'risida”gi farmoni hamda 28-fevralda “O'zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori qabul qilindi.
Hujjatlar agentlikning Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligidan Vazirlar Mahkamasi bo'ysunuviga o'tkazishdan boshlab Texnik jihatdan tartibga solish agentligi faoliyatining asosiy yo'nalishlari belgilab berilgani bilan ahamiyatli bo'ldi.
Bugungi kunda agentlik ushbu hujjatlarda belgilangan vazifalar doirasida xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar bilan milliy muvofiqlikni baholash, sinov hamda o'lchash natijalarini eksport bozorlarida tan olish borasida hamkorlikni kengaytirish, mahalliy mahsulotlarni ishlab chiqarishda xalqaro standartlar va texnik reglamentlarni joriy etish orqali ularning zamonaviy talablarga muvofiqligini ta'minlash va tashqi bozorlarda raqobatbardoshligini oshirish, sifatni boshqarishning zamonaviy tizimlarini, birinchi navbatda, eksport qiluvchi korxonalarda keng joriy etish va mahsulotlarni texnik reglamentlar va standartlashtirishga doir normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini ta'minlash kabi yo'nalishlarda samarali faoliyat yuritmoqda.
Aholini sifatli va xavfsiz mahsulotlar bilan ta'minlashda davlat nazoratini ta'minlash ham agentlik faoliyatining asosiy yo'nalishlaridan biri hisoblanadi. Shu maqsadda Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspektsiyasi tomonidan uch yo'nalishda tizimli ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
Jumladan, birinchisi – davlat nazorati yo'nalishi. Inspektsiya tomonidan joriy yilning o'tgan davri mobaynida Biznes ombudsmanni xabardor qilgan holda ishlab chiqarish va xizmat ko'rsatish, savdo kabi tarmoqlarda faoliyat yuritib kelayotgan 120 dan ortiq tadbirkorlik subyektlarida davlat nazorati o'tkazildi.
Ularda tekshirilgan mingga yaqin mahsulotlardan 85 foizdan ortig'i markirovka, saqlash sharoiti, davriy sinovlar, sifat ko'rsatkichi bilan bog'liq amaldagi texnik reglament va standart talablariga nomuvofiqligi aniqlandi. Bundan tashqari, qariyb 1,9 mingta o'lchash vositalaridan 930 tasi qiyoslanmagan. Qiymati 64,6 milliard so'mlik mahsulotlar muvofiqlik sertifikatisiz realizatsiya qilingan. Shuningdek, 38 turdagi 366 million so'mlik mahsulotlar texnik reglament va standart talablarida belgilangan sifat ko'rsatkichlariga mos emasligi ayon bo'ldi.
Natijada qonunbuzilish holatlari aniqlangan korxonalarning yuz nafardan ziyod mas'ullariga nisbatan ma'muriy huquqbuzarlik bayonnomasi rasmiylashtirildi.
Ikkinchisi – profilaktika yo'nalishi. Inspektsiya tomonidan qonunchilik talablari buzilishining oldini olish maqsadida qurilish yo'nalishida faoliyat ko'rsatuvchi 5,5 dan ortiq tadbirkorlik sub'ektlariga ogohlantirish xatlari va tarqatma materiallari yuborildi.
Uchinchisi – sertifikat hujjatlari nazorati yo'nalishi. Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi tomonidan “Sanoat xavfsizligi” DM sertifikatlashtirish idorasi tomonidan lift va eskalator mahsulotlariga rasmiylashtirilgan 70 ga yaqin, sertifikatlashtirish idoralari tomonidan kabel, isitish qozonlari, radiator, muzlatgich va konditsioner mahsulotlariga rasmiylashtirilgan 300 ga yaqin, armatura va metall list mahsulotlariga tayyorlangan 90 ga yaqin arizalar bo'yicha tayyorlangan hujjatlar to'plami kelib tushgan. Hozirgi kungacha ularning asosiy qismi nazoratdan echildi, kamchilik aniqlanganlari ularni bartaraf etish uchun nazoratda qolmoqda.
Umuman olganda, mamlakatimiz texnik jihatdan tartibga solish tizimi iqtisodiyotimiz barqarorligi, yetkazib berilayotgan mahsulotlarning ishonchliligi, xavfsizligi, foydalanishda qulayligi va sifatini ta'minlashda muhim yo'nalish o'laroq zamon talablariga mos rivojlantirilmoqda. Bu esa o'z navbatida, dunyo bozorlariga chiqish, eksport geografiyasi va hajmini kengaytirish, yurtdoshlarimizni sifatli va xavfsiz mahsulotlar bilan ta'minlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Azamat Abdurahmonov,
Texnik jihatdan tartibga solish agentligi inspeksiya boshlig'i