Barqaror iqtisodiy o'sish – xalq farovonligi garovi

    O'zbekiston o'z oldiga xalq farovonligini ta'minlashdek muhim maqsadlarni qo'ygan holda siyosat olib bormoqda.

    Mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilayotgan strategik rejalarga ko'ra, yurtimizda makroiqtisodiy barqarorlikni ta'minlash, investitsion jozibadorlikni oshirish, “Yashil iqtisodiyot”ga o'tish, qishloq xo'jaligida hosildorlikni oshirish, raqamli texnologiyalarni, tashqi va ichki turizmni hamda hududlarni kompleks rivojlantirish maqsad qilingan. Tabiiyki, bu hozirgi kunning talabidir.

    “O'zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo'llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to'g'risidagi Prezident farmoni loyihasida 2024-yilda yurtimizda amalga oshiriladigan muhim islohotlar qamrab olingan.

    Xususan, “O'zbekiston-2030” strategiyasining Barqaror iqtisodiy o'sish orqali aholi farovonligini ta'minlash yo'nalishi bo'yicha muhim vazifalar belgilanmoqda.

    Jumladan, Makroiqtisodiy barqarorlik borasida 2024-yilda yalpi ichki mahsulot o'sish sur'atlarini 6 foizdan kam bo'lmagan darajada ta'minlash, konsolidatsiyalashgan byudjet taqchilligining YAIMga nisbatini 4 foizdan yuqori bo'lmasligi hamda eksport hajmi o'sishini 25 foiz darajasida ta'minlash ko'zda tutilgan.

    Shuningdek, fiskal barqarorlikni ta'minlash va davlat majburiyatlarini samarali boshqarish bo'yicha Tashabbusli byudjetlashtirish jarayonida ovoz berishda sog'lom raqobat muhitini yaratish maqsadida “Bir fuqaro – bir ovoz” tizimini joriy etish, mamlakatimizning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish bo'yicha esa 35,5 milliard dollarlik xorijiy investitsiyalarni o'zlashtirish, 309 ta yirik ishlab chiqarish ob'ektlari va quvvatlarini ishga tushirish orqali 36 mingta yangi ish o'rinlarini tashkil etish hamda ilg'or, rivojlanayotgan bozorlarning investorlar va ekspertlarini birlashtirgan (Kapitalni rivojlantirish jamg'armasi BMTning) “Agora” veb-platformasi imkoniyatlarini o'rganib chiqib, tegishli takliflarni kiritish maqsad qilingan.

    Bundan tashqari, “Yashil iqtisodiyot”ga o'tish, uning asosi bo'lgan qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanish ko'rsatkichlarini oshirish bo'yicha respublika bo'ylab qo'shimcha 1270 MVt quvvatli quyosh fotoelektr va 200 MVt quvvatli shamol elektr stansiyalarini, shuningdek 20 ta mikro va kichik GESlarni ishga tushirish nazarda tutilgan.

    Shu bilan birga, hududlarda umumiy quvvati 350 MVt bo'lgan kichik quvvatli quyosh panellarini o'rnatish, jamoat transportini ekologik toza yoqilg'iga o'tkazish bo'yicha ishlarni jadallashtirish va hududlarda tizimni rivojlantirish, Respublika havo kemalari parkini 80 taga yetkazish va aviatashuvlar hajmini 20 foizga oshirish ham asosiy maqsadlardan biridir.

    Qishloq xo'jaligida hosildorlik va rentabellik darajasini keskin oshirish bo'yicha esa hosildorlikni paxta bo'yicha o'rtacha 45-50 sentnerga, g'alla bo'yicha 80-100 sentnerga yetkazish, quvvati 45 ming tonna bo'lgan 11 ta agrologistika markazlari faoliyatini yo'lga qo'yish, chorvachilikda yillik o'sish sur'atini kamida 3,8 foizga yetkazish, meva-sabzavot mahsulotlari eksport hajmini kamida 2,5 milliard dollarga yetkazish ham ayni jarayonlarda muhim vazifalar sifatida ko'rsatilgan.

    Eksport salohiyatini kuchaytirish va uning tarkibida qo'shilgan qiymati yuqori bo'lgan mahsulotlar ulushini ko'tarish bo'yicha “eksport akselerator” dasturini amalga oshirish va drayver sohalarining eksport salohiyatini rivojlantirish yo'lida ham muhim harakatlar nazarda tutilgan.

    Darhaqiqat, raqamli texnologiyalarni rivojlantirgan holda mamlakatni mintaqaviy “IT-NUB”ga aylantirish maqsadlari zamon talabiga aylanmoqda.

    2024-yilda bu borada Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidagi xizmatlar va servislar sonini 700 taga yetkazish, xalqaro internetga ulanish tezligini 4 200 Gbit/s.ga yetkazish, magistral telekommunikatsiya tarmog'i va aholi yashash maskanlarida 30 ming kilometr optik tolali aloqa liniyalari qurish orqali ularning umumiy uzunligini 260 ming kilometrga yetkazish va xalqaro ahamiyatga ega avtomagistral hamda temir yo'llarning mobil internet bilan qamrov darajasini 90 foizgacha yetkazishga alohida e'tibor qaratilgan.

    Kompyuter dasturlash va autsorsing xizmatlari hajmini 10 trillion so'mga, ularning eksporti hajmini esa 800 million dollarga yetkazish, shuningdek, xalqaro kuryerlik jo'natmalari hisobini yuritishga qaratilgan “Kuryerlik jo'natmalari” axborot tizimini yaratish muhim masalalar sifatida ko'rsatilgan.

    O'zbekistonda tashqi va ichki turizmni rivojlantirish bo'yicha xorijiy turistlar sonini 10,5 million nafarga, turizm xizmatlari eksportini 3,5 milliard dollarga, jumladan, tibbiyot va ta'lim turizmi eksportini yiliga 200 million dollarga yetkazishga e'tibor qaratilgan.

    Bundan tashqari, ichki sayyohlar sonini 21 millionga, ziyorat turizmi bo'yicha keladigan turistlar sonini 1,5 millionga yetkazish, “Mehmonxona – transport – tur-operator – savdo va servis” korxonalari kooperatsiya asosida faoliyat yuritadigan 4 ta yirik turizm klaster (majmua)larini tashkil etish va xususiy investitsiyalarni jalb qilish hisobiga hududlarda 600 ta joylashtirish vositalarini tashkil etish nazarda tutilgan.

    Hududlarni kompleks rivojlantirish, urbanizatsiya strategiyasini amalga oshirish, aholini arzon uy-joy bilan ta'minlash darajasini oshirish ham yurtimizda muhim masaladir. Shu ma'noda aholi punktlarining bosh rejalarini ishlab chiqish, urbanizatsiya jarayonlarini jadallashtirish, “Yangi O'zbekiston” massivlari sonini 45 taga va uy-joy qurilishi hajmini 80 mingtaga yetkazish, ko'p kvartirali uylar hamda boshqa ko'chmas mulk obyektlarining ulush kiritish asosida qurilishini tartibga soluvchi qonunchilik asoslarini shakllantirish kabi muhim masalalar ilgari surilmoqda.

    Yuqoridagi vazifalar amalga oshirilishi mamlakat iqtisodiyotining o'sishida muhim ahamiyat kasb etgan holda xalq farovonligini ta'minlash uchun xizmat qiladi. Ushbu chora-tadbirlar mamlakat rivoji hamda uning kelajagini belgilashi bilan ahamiyatlidir.

    Umuman olganda, mazkur farmon qabul qilinishi O'zbekistonning iqtisodiy barqarorligini ta'minlashga, fuqarolarning ish bilan bandlik darajasini oshirishga, shuningdek, aholi daromadini o'sishiga oid muhim vazifalar uchun dasturilamal bo'lib xizmat qiladi, desak, mubolag'a bo'lmaydi.

    Iskandar O'roqboyev,

    “Taraqqiyot strategiyasi” markazi eksperti