Ushbu tadbirda soʻzga chiqqan tilshunoslar, adabiyotshunos olimlar mazkur kitoblarning bugungi kundagi oʻrni va ahamiyati haqida soʻzlab, lugʻatlar tilimiz xazinasining bebaho gavharlari ekanini taʼkidlab oʻtishdi. Keyingi yillarda tilshunoslarimiz lugʻatlar bilan ishlash bobida salmoqli yutuqlarga erishayotgani ham alohida eʼtirof etildi.
– “Oʻzbek tilining izohli lugʻati” ilk bor lotin alifbosida nashr etildi, – deydi OʻzRFA oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti rektori, filologiya fanlari doktori, professor Nizomiddin Mahmudov. – 2020-yilda nashr etilgan “Oʻzbek tilining izohli lugʻati” kirill yozuvida 5 jilddan iborat boʻlgan boʻlsa, bu nashr 6 jilddan iborat va unga 5000 ga yaqin yangi soʻz (jami 80 mingdan ortiq soʻz) kiritilgan. Izohli lugʻat Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbek tilini rivojlantirish jamgʻarmasi, Fanlar akademiyasi hamda Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi hamkorligida tayyorlangan. Izohli lugʻatning dastlabki jildlarini tayyorlashda marhum olimlar — akademik Azim Hojiyev, akademik Toʻra Mirzayev, akademik Ernis Begmatov bevosita ishtirok etgan.
Shu bilan birga Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot-matbaa ijod uyida chop etilgan “Oʻzbek tili sinonimlarining katta izohli lugʻati” 2 jildligini tayyorlash orqali ilk marta ona tilimizning boyligi hisoblangan leksik sinonimlarning keng qamrovli leksikografik talqini amalga oshirildi.
Lugʻatdan leksik sinonimlarning leksikografik izohlari, sinonimik qatordagi soʻzlarning maʼno va nozikliklari, bu maʼnoviy farqlanishlarni dalillovchi, ijobiy-salbiy bahosi hamda uslubiy oʻziga xosliklarini koʻrsatuvchi illyustrativ misollar oʻrin olgan. Lugʻatga faqat mustaqil soʻzlardan iborat sinonimik qatorlargina emas, balki yordamchi soʻz turkumlari doirasidagi sinonimik qatorlar ham kiritilgan. Ushbu kitoblarimiz ham tilshunoslarimiz tomonidan yuqori baholandi.
Mutaxassislar Oʻzbek tilini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan “Oʻzbek xalq soʻzlari”, “Oʻzbek tilining katta imlo lugʻati”, “Oʻzbek tili frazeologik lugʻati”, “Oʻzbek tili sinonimlarining katta izohli lugʻati”, “Oʻzbek tilining oʻquv imlo lugʻati”, “Axborot texnologiyalari atamalarining izohli lugʻati”, “Oʻzbek xalq paremalarining sinonimik izohli lugʻati” kabi kitoblar ham chop etilgani bu sohada hali ishlar davom etayotganini taʼkidladilar.
Zavqiddin NASIMOV,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi