Madaniyat sohasidagi toʻgaraklarga yoshlarni jalb etish masalalari muhokama etildi

    Madaniyat 24 Fevral 2024 464

    Joriy yil 23-fevralda Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti tashabbusi bilan Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi hamkorligida “Madaniyat sohasidagi toʻgaraklarga yoshlarni jalb etishning dolzarb masalalari” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

    Unda senatorlar, Yoshlar parlamenti aʼzolari, Madaniyat vazirligining respublika va hududiy tuzilmalar masʼullari, mutasaddi vazirlik va idoralar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

    Davra suhbati madaniyat sohasida faoliyat yuritayotgan toʻgaraklar holatini tahlil qilish, mazkur yoʻnalishdagi muammo va kamchiliklarni aniqlash, ularga yoshlarni keng jalb etish maqsadida tashkil etildi.

    Davra suhbati davomida bundan bir necha oy oldin Yoshlar parlamenti aʼzolari hududlarda madaniyat sohasidagi toʻgaraklar faoliyatini oʻrganganiga toʻxtaldi va oʻrganish natijalari haqida qisqacha axborot berib oʻtdi.

    Taʼkidlanganidek, Madaniyat vazirligi tizimida 837 ta madaniyat markazi faoliyat olib boradi. Ularda 4 mingga yaqin toʻgarak va 270 ta kurs tashkil etilgan boʻlib, qariyb 44 ming yoshlarni qamrab olgan. Ularda 2 977 nafar toʻgarak rahbarlari faoliyat olib boradi.

    Shuningdek, “Maktabda madaniyat markazi” loyihasi doirasida umumiy oʻrta taʼlim maktablarida (madaniyat markazlarining ijodiy xodimlari bilan hamkorlikda) 1 377 ta toʻgarak faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.

    Tadbirda Bolalar musiqa va sanʼat maktablari faoliyatiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Taʼkidlanganidek, bugungi kunda respublikada 325 ta bolalar musiqa va sanʼat maktablari faoliyat olib boradi. Ularda taʼlim 14 ta yoʻnalishda yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, 90 ming bola qamrab olingan. Musiqa maktablarida 13 mingdan ziyod pedagoglar faoliyat olib boradi.

    Davra suhbatidagi muhokama va savol-javoblar natijasida madaniyat sohasidagi toʻgaraklar faoliyatida eʼtibor qaratilishi lozim boʻlgan dolzarb masalalar saqlanib qolayotgani qayd etildi.

    Xususan, respublikadagi 444 ta madaniyat markazi binosi, yaʼni 53 foizi taʼmirtalab, 165 tasiga esa yangi bino qurish zarurligi aytib oʻtildi.

    Madaniyat markazlari binolarida yetarli sharoit yoʻqligi hamda moddiy texnik bazaning eskirganligi oqibatida ularga bolalar va yoshlarni jalb etish koʻrsatkichi pastligicha qolyapti. Xususan, markazlarda tashkil etilgan toʻgarak va kurslarga 6-17 yoshgacha boʻlgan bolalarning bor yoʻgʻi 0,7 foizi qamrab olingan. Musiqa maktablarida bu boradagi qamrov 1,2 foizini tashkil etadi.

    “Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari toʻgʻrisida”gi Qonunda “Nutq madaniyati” kurslarini tashkil etish Madaniyat markazlarining asosiy vazifasi sifatida qayd etilgan. Biroq Navoiy, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida bu kabi kurslar faoliyati yoʻlga qoʻyilmagan.

    Madaniyat markazlaridagi 2 977 nafar toʻgarak rahbarlaridan 593 nafari, yaʼni 20 foizigina oliy maʼlumotli, 1 756 nafari esa, yaʼni 59 foizi oʻrta maxsus maʼlumotga ega xodimlar hisoblanadi.

    Musiqa maktablarida esa 13 ming oʻqituvchidan 5,6 mingi, yaʼni 42,5 foizi oliy maʼlumotli, qolganlari esa oʻrta maxsus maʼlumotga ega.

    Hududlarda yoshlar oʻrtasida ularning toʻgaraklar borasidagi xohish-istaklarini aniqlash va tahlil etishga doir ijtimoiy soʻrovnomalar tizimli tarzda oʻtkazilmagani tanqid qilindi.

    Shuningdek, 13 ta musiqa maktabida musiqa cholgʻulari yetishmovchiligi mavjudligi, xususan maktablarga doira, gʻijjak va nay kabi cholgʻularni yetkazib berishda muammolar borligi taʼkidlandi.

    Bundan tashqari, muhokamalarda madaniyat markazlarini davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etishga ham eʼtibor qaratildi. Xususan, Hukumatning tegishli qarori bilan madaniyat va sanʼat sohasida davlat-xususiy sheriklik asosida beriladigan davlat mulki obyektlarining roʻyxati tasdiqlangan boʻlib, unda sheriklikka beriladigan 139 ta madaniyat markazining roʻyxati keltirilgan. Biroq 2022–2023-yillarda markazlarning bor yoʻgʻi 23 tasi (16,5 foizi) xususiy sheriklikka berilgan.

    Senatorlar tomonidan bu yoʻnalishda xususiy sheriklik asosida ishni tashkil etish sifatli toʻgaraklar faoliyatining yoʻlga qoʻyilishiga xizmat qilishi taʼkidlandi.

    Davra suhbati soʻngida yuqorida qayd etilgan muammo va kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ilgari surildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.