Prezidentimiz Oliy Majlisga Murojaatnomasida poytaxti azimda zamonaviy kutubxona va Alisher Navoiy xalqaro ijod maktabidan iborat maʼrifat va madaniyat majmuasi barpo etilishini gʻurur bilan aytganida, menimcha, ming-minglab yigit-qizlar — ertamizning munosib egalari qalbida yangi-yangi umid uchqunlari paydo boʻldi. Zero, 2021-yilda ulugʻ mutafakkir bobomizning 580-yillik tavallud sanasini keng nishonlash, hazrat nomidagi ijod maktabini ochish bilan buyuk ajdodimizga munosib vorislarni kamolga yetkazish nazarda tutilgan.

 Mana shunday ulugʻvor, salohiyatli ijod maktabiga monand milliy kutubxonaning barpo etilishida ham oʻziga xos hikmat bor, albatta. Unda ilm nuri, kitoblar sehridan bahramand boʻladigan yosh avlodning ruhi toza, maqsadlari ezgu boʻlishi aniq. Alisher Navoiyning “Quyoshligʻ istasang kasbi kamol et”, “Odami ersang demagil odami, onikim yoʻq xalq gʻamidin gʻami” kabi bebaho misralari ularni ilmli, xalqparvar, yurtsevar boʻlishga chorlaydi.

Ilgari koʻp yillar davomida oʻtkazib kelingan Toshkent xalqaro kinofestivali “Ipak yoʻli durdonasi” Toshkent xalqaro kinofestivali nomi bilan qaytadan tiklanishini eshitib, barcha kinoijodkorlar hamda mazkur soha vakillarining koʻngli togʻdek koʻtarilganiga ham shubha yoʻq. 

Toshkent shahrining markazida Milliy akademik drama teatri, mashhur yapon arxitektori Ando loyihasi asosida yangi sanʼat muzeyining qad rostlashi esa teatr va muzeylarimiz tarixi zarvaraqlariga yana bir eng quvonchli, muhim tarixiy voqelik sifatida muhrlanadi. Zero, bugun odamlarimiz teatr va muzeylarga qayta boshladi. Ulardagi asl jozibadorlik, milliy oʻzligimizning aksi, oʻlmas maʼnaviy meroslarimizning qadri qay darajada yuqori ekanini endilikda xalqimiz teran tushunib yetmoqda. Shu oʻrinda aytish joizki, kelasi yilda madaniyat va sanʼat muassasalari faoliyatini jonlantirish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga byudjetdan 420 milliard soʻm yoʻnaltirilib, hududlarda 22 ta teatr va madaniyat obyekti qurilishi va rekonstruksiya qilinishi koʻzda tutilgani ham soha rivojiga jiddiy yondashuvdan dalolatdir. Chindan ham keyingi paytlarda madaniy meros obyektlarini asrab-avaylash bilan bogʻliq ishlarimiz ancha susayib ketgan edi. Ularni bus-butunligicha kelajak avlodga yetkazish uchun bugun tezkor ehtiyot choralar koʻrish talab qilinadi. Prezidentimiz toʻgʻri taʼkidlab oʻtganidek, bu ishga nafaqat mutasaddilar, balki hammamiz birdek masʼul boʻlishimiz kerak. Vaholanki, har bitta madaniy meros xalqimizning bebaho boyligi hisoblanadi.  Nasib qilsa, tez orada ularning hisobini yuritish, saqlash va himoyasini taʼminlash boʻyicha alohida dastur qabul qilinadi.

2021-yil yurtimiz tarixida istiqlolimizning 30 yillik toʻyini nishonlash yili ekani bilan ham alohida oʻrin tutadi. Mana shu sana munosabati bilan poytaxtimiz markazida “Istiqlol” majmuasi qad rostlashi esa barcha-barchamizga shu tarixiy yil bilan bogʻliq eng goʻzal xotiralar, ulkan bunyodkorlik ishlarini asrlar osha ham esga solib turadi.

Ozodbek NAZARBEKOV,

Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri