Forumning asosiy maqsadi eksportga yoʻnaltirilgan toʻqimachilik mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarga yangi sheriklar topish va tarmoqni kengaytirish, Ozarbayjon kompaniyalari bilan qoʻshma korxonalarni tashkil etish uchun imkoniyatlarni yaratishdan iborat.

Biznes-forum dasturida 25-avgust kuni yalpi majlis boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan. Unda Ozarbayjon bilan Oʻzbekiston oʻrtasida toʻqimachilik sohasida kelgusidagi biznes istiqbollar muhokama qilinadi. Bundan tashqari, 26-27-avgust kunlarida ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazilishi belgilangan.

Ozarbayjon tomonidan ishbilarmonlik uchrashuvlarida xaridorlar, distribyutorlar, tikuvchilik korxonalari mutaxassislari, atelyerlar, chakana savdo tarmoqlari vakillari va investorlar ishtirok etadi.

Oʻzbekistondan esa 30 ta yetakchi toʻqimachilik kompaniyasi vakillari qatnashishi kutilmoqda. Jumladan, yuqori sifatli ixcham iplar, uy matolari, bosma va oddiy boʻyalgan matolar, bolalar trikotaj mahsulotlari, turli xil paypoqlar, qattiq doka va kaliko, paxta matolari, tibbiy kiyimlar, tibbiy niqoblar, boʻyoqlar ishlab chiqaruvchi va eksport qiladigan korxonalar, ish kiyimlari ishlab chiqaruvchilar va boshqalar ishtirok etadi.

Ikki tomonlama uchrashuvlar “Caspian Event Organizers” tomonidan maxsus ishlab chiqilgan toʻliq avtomatlashtirilgan maydonchada boʻlib oʻtadi. Dastur kompaniyalarga salohiyatli sheriklar bilan uchrashuvlarni mustaqil ravishda rejalashtirishga va ularni shaxsiy virtual ofislarida oʻtkazishga imkon beradi.

“Made in Uzbekistan Textile” Online B2B — Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni rivojlantirish agentligi, “Oʻztekstilsanoat” uyushmasi, mamlakatimizning Ozarbayjondagi elchixonasi va Kaspiy tadbirlari tashkilotchilari tomonidan tashkil etilmoqda.