Nihoyasiga etib borayotgan joriy yil mamlakatimizda mahalla tizimi faoliyatini rivojlantirish, uni odamlarning dardu tashvishlari, orzu-niyatlari, hayotiy muammo va ehtiyojlarini yaqindan biladigan tuzilmaga aylantirishda tub burilishlar davri bo'ldi, desak aslo mubolag'a emas.

Xususan, Prezidentimizning bu yil Oliy Majlisga yo'llagan Murojaatnomasida mahalla tizimining jamiyat ijtimoiy-ma'naviy taraqqiyotidagi o'rnini yanada mustahkamlash, soha faoliyatini chuqur isloh etish maqsadida butunlay yangi mezon — “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili ilgari surildi.

Qolaversa, davlatimiz rahbarining shu yil 18 fevraldagi “Jamiyatda ijtimoiy-ma'naviy muhitni sog'lomlashtirish, mahalla institutini yanada qo'llab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoni asosida mamlakatimizda oilalar va mahallalarda ijtimoiy-ma'naviy muhitni barqarorlashtirish, “Obod mahalla — xavfsiz mahalla” tamoyilini amalga tatbiq etishga qaratilgan yangi tuzilma — Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vazirligining tashkil etilishi bu boradagi sa'y-harakatlarga yangicha mazmun baxsh etdi.

Ta'kidlash lozimki, o'tgan qisqa davr mobaynida sohaning tashkiliy-huquqiy asoslari yanada mustahkamlanib, oilalarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, tizimga yangi ish uslublarini keng tatbiq etish, mahalla tizimiga aholi muammolari bilan ishlash uchun etarli shart-sharoitlar yaratish, bir so'z bilan aytganda, ushbu noyob institut tom ma'noda jamiyatning milliy boshqaruv idorasi bo'lishi uchun unga yaqindan ko'maklashish borasida qator ishlar amalga oshirildi.

Biroq tan olish lozim, o'tgan bir yilga yaqin vaqt davomida vazirlikning quyi bo'g'ini bo'lgan mahalla fuqarolar yig'inlarining ish samaradorligi aniq va kutilgan natijani berdi, deya olmaymiz. Xususan, Prezidentimizning 12-13 dekabr` kunlari Xorazm viloyatiga tashrifi, qolaversa, davlatimiz rahbari bergan alohida topshiriqlarga asosan, mazkur viloyat misolida mahalla tizimini o'rganish jarayonida hali tizimda qilinadigan ishlar, hal etiladigan muammolar talaygina ekaniga yana bir bor amin bo'ldik.

SHu bois, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Xorazm viloyatining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida mahalla institutining rolini oshirish, tizimdagi ishlarni “mahallabay” asosida tashkil etish bo'yicha alohida chora-tadbirlar belgilab olindi.

Avval hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy o'sish dasturi “yuqoridan — quyiga” tizimi asosida shakllantirilar edi. Xorazm viloyati misolida ilk bor hayotga tatbiq etilayotgan yangi tizimga ko'ra, endi tumanlardagi iqtisodiy kompleks xodimlari har bir mahallaga biriktirilib, o'z sohasiga doir masalalarni hal qilib boradi.

SHu o'rinda haqli savol tug'iladi: xo'sh, mahalla tizimida nega bu kabi o'ziga xos yangi ish uslubi amaliyotga tatbiq etilmoqda? Bunga jiddiy ehtiyoj bormidi?

Albatta, bunday yangi tizimga ehtiyoj bor edi. CHunki Xorazm viloyati mahallalari faoliyati atroflicha o'rganilganda, mahalla raislari hali ham qishloq xo'jaligi ishlariga oid hisobotlar yuritish, soliq yig'imlarini undirish, aholiga ko'mir va oziq-ovqat mahsulotlari tarqatish, noqonuniy qurilishlarni buzish, tizimga aloqasi yo'q turli yig'ilishlarda qatnashish kabi o'z faoliyatiga mutlaqo daxldor bo'lmagan yumushlarga jalb etilayotganiga guvoh bo'lindi. Buning oqibatida esa mahalla xodimlari aholi bandligini ta'minlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish, ajrimlarning oldini olish kabi o'zlarining birlamchi vazifalari bilan shug'ullanishga imkon ham, vaqt ham topa olmagan.

SHu bois, bu kabi kamchiliklarni bartaraf etish hamda davlat idoralarining mahallada o'z vazifasini tizimli ravishda amalga oshirishi bo'yicha aniq dastur ishlab chiqildi. SHu bilan birga, vazirlik va tarmoqlar, banklar vakillaridan iborat ishchi guruh tomonidan Xorazm viloyatidagi mavjud 519 mahallaning muammolari atroflicha o'rganilib, ularda yashovchi aholining imkoniyatlari, odamlarning daromadini oshirish, qaysi yo'nalishlar bo'yicha ish olib borish kerakligidan kelib chiqib, rivojlanish nuqtalari belgilandi.

Unga ko'ra, viloyat mahallalarida chorvachilik, parrandachilik, hunarmandchilik yoki boshqa ishlab chiqarish imkoniyati mavjud 11 ta o'sish nuqtasi aniqlandi. endi mahalla fuqarolar yig'ini raislari yirik tadbirkorlarni aholi xonadonlariga kasanachilik tizimida ishlash uchun biriktiradi. Bu orqali aholi bandligi ta'minlanib, oilalarning haqqoniy daromadi oshishiga erishiladi.

SHu o'rinda yana bir masalaga alohida to'xtalib o'tish joiz. U ham bo'lsa, sohada faoliyat yuritayotgan xodimlar malakasini oshirish, aholi murojaatlari bilan ishlash, xalqni bezovta qilayotgan muammolarni ijobiy hal etishda yuqori malakali kadrlar tarkibini shakllantirishdir.

Davlatimiz rahbari Xorazm viloyatiga tashrifi davomida bu masalaga alohida to'xtalib o'tarkan, bugungi kunda mamlakatimizdagi islohotlarni eng quyi bo'g'inga etkazishda mahalla raislari bilan birga, mahalliy rahbarlar ham sustkashlikka yo'l qo'yayotganini jiddiy tanqid qildi.

“Mahalla raislarini saylaymiz, ulardan ko'p narsa talab qilamiz, lekin buning uchun mahalliy rahbarlar nima qilyapti, degan savolga aniq javob yo'q. endi davlat idoralari xodimlarining moddiy manfaatdorligi, odamlarning roziligidan kelib chiqib belgilanadigan tizim qilamiz. Soliq, moliya, bandlik, investitsiya, tadbirkorlik va boshqa masalalarga mas'ul rahbarlar mahallalarda ishlaydi. Mahalla raislari o'z hududidagi muammolar bo'yicha ularga talab qo'yadi. Islohotlarni eng quyi tizimda bajarishning asosi shu”, deya ta'kidladi Prezidentimiz.

Mazkur tizimni yo'lga qo'yish uchun dastlab Bog'ot tumani misolida 46 ta mahallaga 3 ta bank biriktiriladigan bo'ldi. SHu tarzda tashkilot xodimlari mahallalarga taqsimlanib, hududga biriktirilgan mutaxassislar mahallaning o'sish nuqtalarini aniqlashi va xonadonma-xonadon yurib, odamlar bilan yuzma-yuz muloqot qilib, mahallani iqtisodiy rivojlantirish choralarini ko'rishi zarurligi belgilandi.

Bundan buyon davlat tashkilotlari vakillari hamda viloyat va tumandagi mahalliy rahbarlar mahalla raislari bilan birga mahallada ishlashi, fuqarolar yig'ini raisi va uning o'rinbosarlariga ko'makchi bo'lishi, “mahalla raisi — islohotchi” tamoyili asosida ijtimoiy muammolarni hal qilish bo'yicha yangi tizim joriy etilishiga alohida urg'u berildi. SHu bilan birga, mazkur tizimni hayotga tatbiq etish hamda Davlat boshqaruvi akademiyasi tomonidan mahalla raislarini shu yo'nalish bo'yicha o'qitish yuzasidan zarur topshiriqlar berildi.

2020 yil 8 oktyabr` kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida jamiyatda ayollar va yoshlarning rolini oshirish hamda bandligini ta'minlash chora-tadbirlariga bag'ishlab o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida yurtimizda xotin-qizlar va yoshlar masalalari bo'yicha yangi ish tartibini joriy etish, har bir mahalla, tuman, shahar va viloyat kesimida “Ayollar daftari” va “YOshlar daftari”ni shakllantirish, bu orqali xotin-qizlar va yoshlar bilan ishlash tizimini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish, ularni ijtimoiy-huquqiy va psixologik qo'llab-quvvatlash, kasb-hunarga o'rgatish va bandligini ta'minlash vazifalari belgilangan edi.

Mazkur topshiriq ijrosini ta'minlash maqsadida Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vazirligi, Kasaba uyushmalari federatsiyasi va tegishli hamkor tashkilotlar, hokimliklar vakillaridan iborat Respublika ishchi guruhi shu yilning oktyabr`-noyabr` oylarida 28 ta tuman va shahardagi xotin-qizlarning muammolarini o'rgandi. SHu asosda “Ayollar daftari” joriy etildi va yangi tizim asosida hokimliklar bilan hamkorlikda qator ishlar bajarildi. SHu bilan birga, ayni kunlarda qolgan tuman va shaharlarda ham mazkur tizimni to'la tatbiq etish bo'yicha zarur chora-tadbirlar ko'rilmoqda.

Davlatimiz rahbari Xorazm viloyatiga safari davomida mazkur masalaga ham alohida to'xtalib o'tar ekan, yurtimizdagi qaysi oilaga kirilmasin, ayollarni qiynayotgan muammo, albatta, ijobiy hal qilinishi zarurligi, shu paytga qadar bu jiddiy masalaga panja orasidan qarab kelingani, xotin-qizlar holidan faqat bayramlardagina xabar olinganini kuyunib so'zladi. Mamlakatimizda “Ayollar daftari” joriy etilgani, bundan buyon xotin-qizlar bandligini ta'minlash, ularning kayfiyati, ruhiy holati bilan tizimli ravishda ishlash lozimligini alohida ta'kidladi.

SHuningdek, Prezidentimiz mahallalarda jinoyatchilikning oldini olish masalalariga ham alohida e'tibor qaratib, mahalla xodimlari har bir sodir etilgan huquqbuzarlikdan xabardor bo'lishi, ushbu salbiy holatni jinoyat sodir etgan shaxsning ota-onasi bilan muhokama qilishi kerakligini hamda bundan buyon mahalla tizimi xodimlarining oylik maoshi hududda jinoyatchilik jilovlangani, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” hamda “YOshlar daftari” bilan ishlashdagi natijalarga qarab oshirilishini qayd etdi.

Davlatimiz rahbari belgilab bergan ushbu topshiriq hamda vazifalarning hayotga to'la tatbiq etilishi natijasida mahalla tizimini har tomonlama rivojlantirish, aholi murojaatlari bilan ishlash, odamlar dardini tinglash, tizimdagi mavjud muammolarga echim topish, oilaviy ajrimlar va jinoyatchilikning oldini olish hamda aholi bandligini ta'minlash kabi muhim vazifalarni to'la-to'kis bajarish, sohada mehnat qilayotgan fidoyi xodimlarga zarur shart-sharoitlar yaratishga, albatta, erishiladi.

Rahmat MAMATOV,

mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vaziri,

Oliy Majlis Senati a'zosi