Loyihaga koʻra, avtotransport vositalarining terminal oldiga kirishi soddalashtiriladi. Shunday qilib, uchta alohida yoʻlak ajratiladi:
- aeroportning rasmiy taksilari,
- sayyohlik avtobuslari va mikroavtobuslar,
- shuningdek, hududga 5 daqiqagacha kirishga ruxsat berilgan barcha avtomobillar uchun.
Avtomobillarning odamlarni kutib olish va kuzatish yoʻlagi xalqaro aviaqatnovlar terminalidagi yoʻl oʻtkazgich (estakada) tamoyili asosida ishlaydi.
Avtomobilning yoʻlakda turish vaqti 5 daqiqadan oshib ketgan taqdirda, oʻrnatilgan va YHXB bilan integratsiyalashgan kameralar qoidabuzarlarga avtomatik ravishda jarimalar yuboradi.
Vokzal maydonini rekonstruksiya qilish ishlari Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 17-apreldagi 159-sonli “Aeroportlar, temir yoʻl va avtovokzallarda xizmat koʻrsatish sifatini oshirishga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda. Rekonstruksiya ishlarini joriy yilning avgust oyi oxirigacha yakunlash rejalashtirilgan.
Eslatib oʻtamiz, 2024-yilning 1-yanvariga qadar Oʻzbekistondagi barcha xalqaro aeroportlarda ham terminal atrofi hududlarini rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshiriladi.