Oʻzim amerikalik ekanimga qaramay, meni doim Oʻzbekiston bilan bogʻlab turadigan jihatlar boʻlgan. Mamlakatning oilamiz bilan bogʻliqlik tomonlari ham bor. 1970-yillarda qaynotam bu yerda boʻlganini koʻp eslardi. Mening ilk tashrifim esa 1994-yilga toʻgʻri keladi. Shundan beri Oʻzbekistondagi oʻzgarishlarni kuzatib boraman. Ayniqsa, 2017-yildan keyingi rivojlanishlar koʻlami juda hayratlanarli. Mamlakat barcha sohalarda katta oʻzgarish va yutuqlarga qadam qoʻyib, Markaziy Osiyoning eng istiqbolli davlatlaridan biriga aylanganini koʻrish qiyin emas. Prezident tomonidan ilgari surilayotgan tashabbus va islohotlar Oʻzbekiston salohiyatini jahon maydonida namoyon etmoqda.
Xorijlik tadbirkor sifatida bu meni ham befarq qoldirmadi. 2018-yilda qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish boʻyicha islohotlarda ishtirok etish taklifini olganimizda mamnuniyat bilan rozi boʻldik. Oʻsha yili oilamiz bilan birgalikda Oʻzbekiston — AQSH qoʻshma korxonasi — “Silverleafe Uzbekistan”ga asos soldik. Jizzax viloyatida paxta-toʻqimachilik klasterini tashkil etib, ayni paytda faoliyatini takomillashtirib boryapmiz. Qariyb 12 ming gektar yerda paxta yetishtirib, toʻliq qayta ishlaymiz va tayyor mahsulotlarni Yevropa bozorlariga eksport qilamiz.
Oʻzbekiston avvaldan dunyodagi yirik paxta yetishtiruvchilardan biri boʻlib kelgan, hozir ham shunday. Ammo endi mamlakat paxta xomashyosini sotuvchi emas, balki uni toʻliq qayta ishlab, tayyor mahsulot holida eksport qilayotgan yetakchi davlatlardan biri. “Made in Uzbekistan” brendi ostidagi tayyor toʻqimachilik mahsulotlari jahonning koʻplab davlatlariga kirib borib, hatto Yevropa bozorlarida oʻz oʻrnini egallamoqda. Ayniqsa, 2022-yilda oʻzbek paxtasiga boykotning bekor qilinishi milliy toʻqimachilik sanoatida yangi davrni boshlab berdi va bu tarmoqqa jahonning mashhur brendlari katta qiziqish bildira boshladi. Yaʼni mazkur yoʻnalish xorijlik ishbilarmon va investorlar uchun ham mamlakatdagi istiqbolli bizneslardan biriga aylandi.
Mazkur tarmoqdagi yutuqlarning eng katta omillaridan biri ilgʻor ilm-fan va innovatsion texnologiyalarning faol jalb etilayotgani bilan bogʻliq. Oʻzbekistonning avvalgi qishloq xoʻjaligini hozirgisi bilan taqqoslab boʻlmaydi. Biz koʻrgan eskicha ishlash tizimidan asar ham qolmagan. Hozir soha tubdan yangilanib, xalqaro standartlarga javob beradigan zamonaviy texnologiyalar asosida faoliyat yurityapti.
Prezident Shavkat Mirziyoyev bu boradagi faol harakatlar orqali qishloq xoʻjaligida yuqori hosil olish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, ichki bozorda mahsulotlar tannarxini arzonlashtirish, eksport hajmini oshirish bilan bir qatorda inson huquqlarini kafolatlash maqsadlarini ilgari suryapti. Kompaniyamiz ham ana shu maqsadlar tarafdori. Biz sohada yangicha texnologiyalarni joriy etish orqali Oʻzbekistonni AQSHning yetakchi toʻqimachilik mahsulotlari yetkazib beruvchilari qatoriga qoʻshishga intilamiz. Qolaversa, sohada ilmiy tadqiqotlar, zamonaviy tajribalar olib borish, tabiiy resurslar tejamkorligini taʼminlashga qaratilgan qator loyihalarni amalga oshirib kelyapmiz.
Shunday qilib, Prezident Mirziyoyevning islohotlariga javoban va ziddiyatsiz paxtaga ehtiyoj borligini koʻrib, “Silverleafe Uzbekistan” kompaniyasiga qardosh kompaniya ochdim – “Silverleafe Cotton Tracing” (SCT). “Silverleafe Cotton Tracing” orqali biz paxta yetishtirish jarayonida inson huquqlarini suiisteʼmol qilishning hech qanday shakli yuzaga kelmasligini taʼminlaydigan noyob “Digital Ag Track & Trace” (DATT) texnologiyasini yaratdik.
“Digital Ag Track & Trace” noyob texnologiyasi paxta yetishtirish jarayonida inson huquqlari buzilishining har qanday shakliga yoʻl qoʻymaslikni taʼminlaydi. Yaʼni paxta yetishtirish jarayoni toʻliq zamonaviy texnologiyalar yordamida boshqarilib, kuzatib boriladi. Buning uchun dunyodagi yetakchi qishloq xoʻjaligi texnikasi ishlab chiqaruvchi “John Deere” kompaniyasi bilan hamkorlikda ishladik. Ular bizga “Silverleafe Cotton Tracing” mahsulotlari sifatini raqamli nazorat qiluvchi jahondagi ilk tizimni taqdim etdi. Bu texnologiya paxta yetishtirishdagi eng katta muammo — majburiy mehnatni toʻliq bartaraf etib, shaffof taʼminot zanjirini yaratish imkonini beradi.
Gap shundaki, majburiy mehnat masalasi haligacha tarixda qolgan emas. 2023-yil holatiga koʻra, jahondagi paxtaning qariyb 70 foizi hamon qoʻl bilan yigʻib olingan va bu majburiy mehnat hamda inson huquqlari buzilishi bilan bogʻliq xavotirlarni keltirib chiqarmoqda.
Oʻzbekiston majburiy va bolalar mehnatini yoʻq qilishga qatʼiy kirishgan. 2017-yildan boshlab oʻziga olgan majburiyatni bajarishda jiddiy faollik koʻrsatmoqda. Chunki bu jahon bozoriga chiqishning asosiy talablaridan biri edi. Xorijning aksariyat kiyim brendlari hamkorlikda, avvalo, mana shu jihatga eʼtibor qaratadi. Demak, AQSH va Yevropa davlatlari bozori bilan ishlaydigan “Silverleafe Uzbekistan” qoʻshma korxonamiz uchun ham ana shu jihatni kafolatlash muhim. Biz joriy etayotgan yangi “Digital Ag Track & Trace” texnologiyasi shu masalaga yechim sifatida yaratildi.
Raqamli kuzatuv tizimi dunyodagi birinchi “daladan — modaga” mexanizmini taklif etadi. Bunda paxtani toʻgʻridan-toʻgʻri taʼminot zanjiri boʻylab dala maydonidan to yakuniy mahsulot tayyor boʻlguncha kuzatish mumkin. U har qadamda shaffoflikni kafolatlaydi. Paxtaning har bir partiyasi oʻz raqamli pasportiga ega boʻlib, ehtiyotkorlik bilan muhrlanadi va ishlab chiqarish jarayoni xirmondan tortib, yigiruv, pardozlash fabrikalarigacha davom etib, yangilanib boraveradi. Jarayonda maʼlumotlar bazasi shakllanadi. Bu esa brendlar hamda ishlab chiqaruvchilarga yigʻimdan keyin sifatsiz mahsulot aralashtirilmaganini tekshirish imkonini beradi. Har bir partiya uchun yaratilgan geofazoviy izlar orqali esa paxta qayerda va qanday yigʻilganigacha koʻrish imkoni mavjud.
Texnologiyani qoʻllash boʻyicha 2022-2023-yillarda AQSH, Avstraliya va Oʻzbekistonning Jizzax viloyatida tadqiqot sinovlarini yakunladik. Joriy yilgi paxta yigʻimida uni toʻliq amaliyotga joriy etamiz. Buning uchun korxonada 45 ta “John Deere” kombayni shay holatga keltirilgan. Qolaversa, shu yildan boshlab nizolarsiz paxta reyestrini yaratamiz. Kelgusida yangi texnologiyani boshqa mamlakatlarda ham joriy etishni maqsad qilganmiz.
Zamonaviy tizim, eng avvalo, inson huquqlarini kafolatlashni nazarda tutadi. Paxta terimini majburiy mehnatga yoʻl qoʻymasdan, qonunbuzarliklarsiz oʻtkazishni taʼminlash boʻyicha brendga ham, mijozlarga ham kafolat beradi. Zamonaviy texnikada yigʻilgan paxta qoʻl mehnatidan koʻra tezroq, sifatliroq boʻlishi bilan manfaatlidir.
Hozirgi kunda qishloq xoʻjaligini ilgʻor texnologiyalarsiz rivojlantirish qiyin. Tejamkorlikni taʼminlash uchun bu juda zarur. Masalan, Oʻzbekiston sharoitida suvning eng katta sarfi qishloq xoʻjaligi hissasiga toʻgʻri keladi. Agar suv tanqisligi ortib borayotgan hozirgi sharoitda eski texnika qanchalik katta hajmda suv yoʻqotishlariga olib kelishini hisob-kitob qilsak, yangilarining samaradorligi yaqqolroq koʻrinadi. Shu bois, bu masalaga jiddiy eʼtibor berilyapti.
“Silverleafe Uzbekistan” kompaniyamiz Oʻzbekistonda ish boshlagan ilk yillarda tuproq bilan bogʻliq muammolarga duch kelganmiz. Yaʼni yillar davomida paxta ekilib, yerdan notoʻgʻri foydalanilgani hisobiga tuproq sifati va unumdorligini yoʻqotgan edi. Muammoni yechish maqsadida AQSHdan eng zamonaviy, maxsus texnika vositalarini olib keldik. Ular orasida suv tejovchi “Pulsar Irrigation” tizimi ham bor edi. Mahalliy mutaxassislarning hisob-kitoblariga koʻra, mazkur texnologiya suv resurslarini anʼanaviy usullarga nisbatan 40 foiz tejaydi. Suv yoʻqotishlarini minimallashtirish va tizim boshqaruvi asosida suvni kerakli joyga tezroq yetkazib berish kabi boshqa koʻplab afzalliklarga ega.
Umuman, korxonamiz Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi imkoniyatlaridan maksimal foydalanib, sohaga yangicha texnologiyalarni joriy etib kelmoqda. Mazkur ilgʻor texnika va texnologiyalar klasterda ishlab chiqarish samaradorligini oshirib, mehnat xarajatlarini qisqartirish, ishchi kuchi yetishmasligi bilan bogʻliq xavflarni kamaytirishga imkon beradi.
Katta loyihalarimiz bilan mamlakat iqtisodiyoti, qishloq xoʻjaligi sohasi rivojiga hissa qoʻshayotganimizdan mamnunmiz. 2022-yilda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlanganim esa men uchun kutilmagan voqelik boʻldi. Bu oʻzaro hamkorligimizga boʻlgan hurmat va ishonch belgisi, deb bilaman.
Ishonamizki, bizning keyingi hamkorligimiz paxta va toʻqimachilik mahsulotlarini global ishlab chiqarish uchun katta imkoniyatlar yaratadi.
Den PATTERSON,
Jizzax viloyatidagi “Silverleafe Cotton Tracing” va “Silverleafe Uzbekistan” qoʻshma korxonasi va paxta-toʻqimachilik klasteri direktori