Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining ayrim funksiyalari xususiy sektorga beriladi

    Ta'lim 5 Iyun 2023 1660

    Prezident tomonidan "Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda uning tizimidagi tashkilotlar faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmon imzolandi. 

    Hujjat bilan:

    - Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining, Maktabgacha taʼlim agentligining, Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligining tashkiliy tuzilmalari;
    - vazirlik va uning tizimidagi tashkilotlarning xususiy sektorga oʻtkazilayotgan funksiyalari roʻyxati tasdiqlanmoqda.

    2023/2024 oʻquv yilidan boshlab:

    - maktablarning 1-4-sinf oʻquvchilariga boshlangʻich, 5-9-sinflarida tayanch hamda 10-11-sinf oʻquvchilarining qiziqish va qobiliyatiga mos boʻlgan bilimlarni berishga yoʻnaltirilgan oʻquv dasturlari joriy etiladi;
    - boshlangʻich sinflarda informatika fani, oʻrta sinflarda esa oʻquvchilarning moliyaviy savodxonligini oshirishga qaratilgan darslar joriy etiladi;
    - barcha fanlar boʻyicha amaliy mashgʻulotlar ulushi 60%ga yetkaziladi. Bunda, darslardagi mavzular aniq muammoni hal qilish orqali oʻrgatiladi, amaliyot darslari esa loyihani bajarish shaklida oʻtkaziladi.

    2023/2024-oʻquv yilidan boshlab pedagogik kasblarga birinchi marta ishga qabul qilinadigan oliy maʼlumotli talabgorlar stajyor-oʻqituvchi sifatida faoliyat yuritadi va ular ishga qabul qilingan vaktdan boshlab 1 yil muddat davomida kasbiy sertifikatga ega boʻlishi talab etiladi.

    2024-yil 1-yanvardan boshlab davlat maktabgacha, umumiy oʻrta va maktabdan tashqari taʼlim tashkilotlari pedagog kadrlariga malaka toifasini berishning yangi tartibi joriy qilinadi.

    Bunda:

    - malaka toifasini olish boʻyicha sinovlar bir yilda kamida bir marotaba ikki bosqichda oʻtkaziladi;
    - malaka toifasi berishning yangi tartibi joriy qilinguniga qadar malaka toifasini olish boʻyicha sinovlarni oʻtkazishga moratoriy joriy etiladi;
    - moratoriy davomida pedagog kadrlar navbatdagi malaka toifasini olish sinovlariga jalb etilmaydi hamda ularning malaka toifasini tasdiqlovchi sertifikatning amal qilish muddati navbatdagi sinovlarga jalb qilinguniga qadar avtomatik ravishda uzaytiriladi.

    Xalqaro standartlar asosida malaka sertifikatini olgan pedagog kadrlarga tarif stavkalarining amaldagi mikdorlariga nisbatan 70% miqdorida qoʻshimcha haq toʻlanadi.

    2024-yil 1-iyundan boshlab davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarining oliy maʼlumotli pedagog xodimlarining bazaviy tarif stavkalari maktablarning tegishli pedagog xodimlari bazaviy tarif stavkalarining amaldagi mikdorlariga tenglashtiriladi.

    2023-yil 1-sentabrdan:

    - tuman (shahar) maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimlarining umumiy oʻrta taʼlim muassasalari faoliyatini tekshirish va taʼlim sifatini baholash boʻyicha vakolatlari bekor qilinadi;
    - Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida eng tajribali direktorlar iborat boʻlgan Direktorlar kengashlari tuziladi;
    - direktorlarni lavozimga tayinlash Direktorlar kengashi tavsiyasiga asosan ochiq tanlov asosida amalga oshiriladi.

    2024-yil 1-yanvardan boshlab umumiy oʻrta taʼlim muassasalari direktorlarini har 5 yilda bir marotaba kasbiy sertifikasiyalash tizimi joriy etiladi. Bunda, sertifikatsiyadan oʻta olmagan direktorlar lavozimidan ozod etiladi.

    2024-yil 1-yanvardan boshlab bola tugʻilganidan soʻng, doimiy yashash manzilidagi mikrohududga biriktirilgan umumiy oʻrta taʼlim muassasasida onlayn hisobga qoʻyiladi.

    Hujjat Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va joriy yil 31-maydan kuchga kirdi.