Oʻzbekiston rivojlanish boʻyicha hamkorlar va donorlar, shuningdek, qoʻshma loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etuvchi vazirliklar, idoralar va ijrochi agentliklar faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Mamlakat platformasi usulini sinovdan oʻtkazgan ilk davlatlardan biri boʻldi.
Yigʻilish davomida hozirgi paytda Oʻzbekistonda umumiy hajmi 14,5 mlrd dollarga teng hamda 20dan ortiq yoʻnalish va tarmoqlarni qamrab olgan 305ta shunday loyiha amalga oshirilayotgani taʼkidlandi. Ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni ilgari surish, energetika, transport, aviatsiya, infrastrukturaviy taraqqiyot, sogʻliqni saqlash, taʼlim va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash sohalarida ham salmoqli yutuqlar qoʻlga kiritilgan.
Mamlakat platformasining tizimlashtirish hamda istiqbolli loyiha va dasturlarni amalga oshirish uchun moliyaviy hamda texnik koʻmakni jalb qilishda samaradorlikni oshirish vositasi sifatidagi roli eʼtirof etildi. Oʻzbekiston tomonidan bunday muvofiqlashtirishning institutsional asosini kuchaytirish maqsadida Prezidentning maxsus qaroriga muvofiq Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzurida Xalqaro hamkorlik va taraqqiyot agentligi tashkil etilgan boʻlib, u rivojlanish boʻyicha hamkorlar bilan samarali hamkorlikni taʼminlashda muhim oʻrin tutadi.
Mamlakat platformasining samaradorligi, ayniqsa, pandemiya davrida yaqqol isbotini topdi: donorlar bilan faol hamkorlik qisqa fursatlarda pandemiyaga qarshi moliyaviy hamda texnik koʻmakning salmoqli ulushini mobillashtirishga imkon yaratdi – ushbu maqsadlarga 2 milliard dollardan ortiq kredit va grantlar ajratildi.
Oʻzbekiston Respublikasi hukumati ishlab chiqilgan muvofiqlashtiruvchi kompleks tadbirlar dasturini rivojlantirish va amalga oshirish boʻyicha hamkorlar bilan birgalikdagi faoliyatning barcha yoʻnalishlarida Mamlakat platformasi mexanizmlarini joriy qilishda davom etishi qayd etildi.
Yigʻilish doirasida ishtirokchilar Mamlakat platformasining roli va ahamiyatiga oid fikrlarini oʻrtoqlashdi, shuningdek, koʻp tomonlama hamkorlikni kelgusida chuqurlashtirish istiqbollari muhokama qilindi.
Osiyo taraqqiyot banki prezidenti Masatsugu Asakava davom etayotgan forum muhim voqea ekanligini, chunki bunday platforma orqali Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yoʻlidagi saʼy-harakatlarni maksimal darajada oshirish mumkinligini taʼkidladi. U 2020-yildagi G20 sammiti davomida bu kabi platformalar birinchi navbatda ishtirokchi davlatlarning ustuvor maqsadlariga yoʻnaltirilgani va ularni rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlariga moslashtirilgani aytilgan edi.
“Biz hamkorlikni, jumladan, xususiy sektorda ham sinergiya va tajriba almashish orqali mustahkamlashimiz kerak. Biz barcha mamlakat platformalarini taraqqiyotni kuzatishga chorlaymiz. OTB Oʻzbekistonning uzoq muddatli hamkori ekanligini va bizning hamkorligimiz mamlakat taraqqiyotiga qaratilganini alohida taʼkidlamoqchiman”, — dedi OTB prezidenti oʻz nutqida.
Xalqaro moliya korporatsiyasining mintaqaviy vitse-prezidenti Xela Shayxruhu ushbu xalqaro investitsiya forumini 2019-yilda oʻtkazish rejalashtirilganini, biroq koronavirus pandemiyasi rejalarga tuzatishlar kiritganini taʼkidladi.
Mamlakat platformasi doirasida Xalqaro moliya korporatsiyasi (XMK) vakili ushbu xalqaro tashkilot bilan hamkorlikda ishlab chiqilayotgan loyihalardan birini qayd etdi.
Osiyo infratuzilmaviy investitsiya banki (OIIB) vitse-prezidenti Konstantin Limitovskiy Oʻzbekistonga keyingi bir oy davomida ikkinchi bor tashrif buyurayotgani va sezilarli yutuqlarni payqaganini qayd etdi. Oʻzbekiston yangi Taraqqiyot strategiyasini ishlab chiqdi, dedi u, mamlakat oʻrta va uzoq muddatli rejalarni belgilamoqda, unda bank vakillari ham ishtirok etishni rejalashtirmoqda.
“Mamlakatda iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, aholi farovonligini oshirish borasida koʻp ishlar qilindi”, – dedi Konstantin Limitovskiy. - Oʻzbekistonning ulkan maqsadlari OTBning yashil energiya, infratuzilmani rivojlantirish va boshqa sohalardagi loyihalar boʻyicha maqsadlari bilan mos kelishidan mamnunmiz. Bankimiz yordami Oʻzbekiston tomonidan qoʻyilgan maqsadlarni amalga oshirishga ijobiy taʼsir koʻrsatishini istaymiz”.
Uchrashuv yakunlari boʻyicha umumiy qiymati 617 million dollarlik qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha 6 ta, 160 million dollarlik 2 ta mandat xati, konsalting xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha 2ta shartnoma imzolandi. Xususan, OIIB va “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ oʻrtasida “Buxoro-Misken-Urganch-Xiva” temir yoʻlini elektrlashtirish loyihasini amalga oshirish boʻyicha 108 million dollarlik shartnoma imzolandi. OTB Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi bilan Oʻzbekistonda avtomobil yoʻllarini rivojlantirish loyihasini amalga oshirish boʻyicha 274 million dollarlik shartnoma imzoladi.
Ekologiya davlat qoʻmitasi YETTB bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida qattiq maishiy chiqindilar poligonlarini qurish va meliorativ holatini yaxshilash boʻyicha loyihalarni amalga oshirish boʻyicha 50 million dollarlik 2 ta shartnoma imzoladi. Shuningdek, Nukus shahri uchun elektrobuslar xarid qilishni moliyalashtirish, Andijon va Navoiy viloyatlarida suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimlarini qurish va modernizatsiya qilish loyihalarini amalga oshirish, shamol va elektr energiyasini taʼminlash boʻyicha konsalting xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha kelishuvlar imzolandi. Quyosh elektr stansiyalari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik loyihalarini moliyalashtirish uchun kredit liniyasi ajratish, shuningdek, Fransiya taraqqiyot agentligining Oʻzbekiston chorvachilik tarmogʻiga inklyuziv va iqlimiy investitsiyalar boʻyicha grant dasturida ishtirok etish boʻyicha shartnomalar imzolandi.