Mamlakatimizdan 7 oy davomida 1 mlrd dollarlik toʻqimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlari eksport qilindi

    Sanoat 10 Avgust 2020 3054

    395 turdagi toʻqimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlari 57 dan ortiq davlatlarga yetkazib berildi.

    Oʻzbekiston va xorijiy davlatlarda karantin choralari kuchayishi oqibatida yuk tashish narxlarini keskin oshishi va cheklanishi, asosiy bozorlarimiz hisoblangan Xitoy, Turkiya, Rossiya, Yevropa davlatlarida yirik riteyler va savdo markazlari faoliyatini toʻxtatishi oqibatida korxonalarga berilgan buyurtmalar qisman yoki toʻliq bekor qilinishga olib keldi, aholining sotib olish qobiliyatlari sustlashishi sababli mahsulotlarning jahon narxlari pasayishi kuzatildi.

    Hukumat tomonidan oʻz vaqtida tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirilishi oqibatida 252 tadan oshiq eksport qiluvchi korxonalar faoliyati qayta tiklandi, ishlab chiqarish va eksport jadallashdi.

    “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi va tarmoq korxonalarining saʼy harakati bilan 2019-yilga nisbatan mahsulotlarning eksportdagi oʻsish surʼati 112 foizga taʼminlandi hamda

    • ip kalavaning jami eksportdagi ulushi 49% foiz,
    • gazlama va trikotaj matolar, tayyor tikuv va trikotaj mahsulotlar – qoʻshimcha va yuqori qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlarning jami eksportdagi ulushlari 51% foizga taʼminlashga erishildi.

    Pandemiya salbiy oqibatlarga ega boʻlsada, yangi imkoniyatlarni ham yaratdi. Muqobil transport koridorlari ochilishi, yangi bozorlarga mahsulot yetkazib berilishi va innovatsion mahsulotlarni paydo boʻlishiga olib keldi.

    Masalan, qoʻshni davlatlarda qatʼiy karantin choralari qoʻllanilishi va chegaralarni yopilish sababli, Oʻzbekiston Respublikasi transport vazirligi bilan birgalikda Eron Islom Respublikasi orqali yuk tashuvlari uchun muqobil yoʻnalishlar (Oʻzbekiston (Qoraqalpogʻiston) – Qozogʻiston “Aktau” porti – Kasbiy dengizi – Eron va Oʻzbekiston (Qoraqalpogʻiston) – Qozogʻiston – Rossiya -Gruziya – Armaniston/Ozarbayjon – Eron yoʻnalishlari) ishlab chiqildi. Mahsulot eksportida aviatashuvlar ham jadallashtirildi.

    Bu oʻz navbatida toʻqimachilik mahsulotlarini yangi bozorlarga yetkazib berish imkoniyati yaratdi. Jumladan, iyun oyida Oʻzbekiston Respublikasining Kuvaytdagi elchixonasi koʻmagida “Fursan Al Khaleej” va “Yengilsanoatsavdo” MCHJ oʻrtasida tuzilgan shartnoma asosida Kuvayt davlatiga ilk marotaba toʻqimachilik mahsulotlari eksporti amalga oshirildi.

    Bundan tashqari toʻqimachilik korxonalari tomonidan kunlik 6 mln. dona niqob va 10 ming dona kombinezonlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. Himoya vositalari Ukraina, Rossiya, Kuvayt, Belorussiya, Gruziya kabi davlatlarga eksport qilindi.

    Umumiy olganda, 395 turdagi toʻqimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlari 57 dan ortiq davlatlarga yetkazib berildi. Doimiy bozorlarimiz hisoblangan MDH davlatlari qatorida Kuvayt, Vengriya, Slovakiya va Gretsiya kabi davlatlarga ham ilk bora toʻqimachilik mahsulotlari eksporti amalga oshirildi.

    “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi Matbuot xizmatining tarqatgan maʼlumotlariga qaraganda, eksport qilingan mahsulotlarning asosiy qismi Rossiya Federatsiyasi ($394,5 mln. – 39,2 %), Xitoy ($187,6 mln. – 18,6 %), Qirgʻiziston ($139,1 mln. – 13,8 %) va Turkiyaga ($123,5 mln. – 12,3 %) toʻgʻri keladi.