баннер
22 Apr 2025
04:54

    Ma'naviy tarbiya — taraqqiyot poydevori

    Bugun Yangi O'zbekiston o'z oldiga katta maqsad va marralarni qo'ygan holda dunyodagi rivojlangan davlatlar qatoridagi hayot darajasiga erishish, adolatli, erkin va obod jamiyat qurish yo'lidan dadil qadam tashlamoqda. Albatta, bu maqsadga o'z-o'zidan erishib qolmaymiz. Buning uchun avvalo, davlatning yaqin, o'rta va uzoq istiqboliga xizmat qiladigan pishiq va puxta dasturi bo'lishi lozim. Keyin shu dasturni to'la-to'kis amalga oshirish uchun butun xalq, shu zaminda yashovchi har bir yurtdoshimiz, hammamiz bir yoqadan bosh chiqarib, samarali mehnat qilishimiz kerak bo'ladi. “Yangi O'zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi” bizning xuddi shunday dasturimizdir.

    Ma'lumki, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvardagi Farmoni bilan “Harakatlar strategiyasidan — Taraqqiyot strategiyasi sari” tamoyiliga asosan ishlab chiqilgan 2022 — 2026 yillarga mo'ljallangan Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasi va uni “Inson qadrini ulug'lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi tasdiqlandi.

    Taraqqiyot strategiyasi 2022 — 2026 yillarga mo'ljallangan bo'lib, “Inson qadri uchun” degan ezgu g'oyani hayotga tadbiq etishni ko'zda tutadi. Bu dastur keng xalq ommasi bilan bamaslahat, yurtdoshlarimizning fikr va takliflari asosida shakllantirildi.

    Taraqqiyot strategiyasi mohiyatan xalqchil va tarixiy bo'lib, unda inson qadrini ulug'lashga qaratilgan 100 ta maqsadga eltuvchi yo'nalish va mexanizmlar aniq, tiniq belgilab qo'yilgan. Unda 7 ta ustuvor yo'nalish belgilab berildi:

    Mazkur ustuvor yo'nalishlar doirasida 100 ta maqsadlarga erishishga qaratilgan va 2022 yilda amalga oshirilishi lozim bo'lgan 398 ta chora-tadbir nazarda tutildi.

    Barchamizga ma'lumki, so'nggi besh yillik islohotlar natijasida mamlakatimizda Yangi O'zbekistonni barpo etishning zarur siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va ilmiy-ma'rifiy asoslari yaratildi. Jumladan, Harakatlar strategiyasi doirasida ta'lim sohasining barcha bosqichlarida bo'lgani kabi oliy ta'lim tizimini isloh qilish borasida ham tub islohotlar amalga oshirildi. Natijada yoshlarni oliy ta'lim bilan qamrab olish darajasi 2016 — 2021 yillarda 9 foizdan 28 foizga ko'tarildi. Yangi O'zbekistonning 2022 — 2026 yillarga mo'ljallangan Taraqqiyot strategiyasi orqali ushbu ko'rsatkichni 2022 yil yakuniga qadar 38 foizga, 2026 yilga kelib esa 50 foizga etkazish maqsad qilinmoqda.

    Natijada, oliy ta'lim olish istagida bo'lgan minglab yoshlarimiz uchun keng imkoniyatlar yaratiladi, ular qandaydir qiyinchiliklar, iqtisodiy harajatlar qilib, oilasi va yaqinlaridan yiroqda emas, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha islohotlardan xabardor bo'lib, Vatanmizda ta'lim olish imkoniyatiga ega bo'lishadi.

    Darhaqiqat, Yangi O'zbekiston Taraqqiyot strategiyasining 34 ta maqsad, 59 ta chora-tadbirni o'zida aks ettirgan “Adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish” nomli 4-yo'nalishida ta'lim sohasida bir qator maqsadli vazifalar belgilab berilgan. Uchinchi Renessans poydevorining asosiy bo'g'inlaridan biri bo'lgan oliy ta'lim tizimini rivojlantirish bo'yicha marralar katta olingan.

    Alohida e'tirof etmaslikni iloji yo'q, har bitta hududda xususiy oliy ta'lim muassasalarini tashkil qilish va 2026 yilga qadar 50 ta xususiy universitetlar tashkil qilish masalasi ham nazarda tutilgan.

    Yana bir masala, rivojlangan davlatlarda ham talabalarni turar joylar bilan to'liq ta'minlash jiddiy masalalardan sanaladi. Mamlakatimizda so'nggi yillarda oliy ta'limda tahsil olayotgan talabalar sonining sezilarli ortgani, bu yoshlarni turar joylar bilan ta'minlash masalasini dolzarb qilib qo'ydi. Albatta, barcha talabalarni birdaniga turar joy bilan ta'minlash imkonsiz. Ammo, Taraqqiyot strategiyasida bu masalaning yechimiga ham alohida e'tibor qaratilganini ko'rishimiz mumkin. Xususan, 2022 yilda 47 ta talabalar turar joyini qurib bitkazish, 2026 yilga qadar 72 400 o'rinli 181 ta Talabalar turar joyini barpo etish natijasida talabalarni yotoqxona bilan ta'minlash darajasini 60 foizdan oshirish vazifasi belgilab qo'yilgan.

    Urganch davlat universitetida bugungi kunda mamlakatimizda ta'lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarga hamohang ravishda, Taraqqiyot strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalar asosida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

    Jumladan, Urganch davlat universitetida yoshlar masalalari va ma'naviy-ma'rifiy ishlarni amalga oshirishda 5 ta muhim tashabbus asosida amalga oshiriladigan ishlarga alohida e'tibor beriladi. Universitetda umumiy yillik rejadan kelib chiqib, har oyda fakultetlar kesimida amalga oshiriladigan “Ma'naviyat xaftaligi” va “Ma'naviyat kuni” tadbirlari rejasi tasdiqlanib, ishlar tashkil qilinadi. Fakultetlar kesimida shakllantiriladigan oylik tadbirlar rejalarida belgilangan ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar, turli tanlov va musobaqalar fakultetda, talabalar turar joylarida amalga oshirilishi ko'zda tutilgan.

    Universitetda talabalarni bo'sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida to'garak va klublar faoliyatini kuchaytirishga alohida e'tibor qaratilgan. Yangi barpo etilgan Talabalar turar joyining yerto'la qismidan unumli foydalangan holda IT markazi, 5 ta tashabbus, Kovorking va hunarmandchilik markazlari tashkil qilinib, ularda 10 dan ortiq to'garaklar faoliyat yuritmoqda. Shu jumladan, Zakovat intellektual o'yinlari to'garagi, tikuvchilik to'garagi, didaktik ko'rgazmalar to'garagi, Start-up, loyihalar fabrikasi klublari, ingliz tili to'garagi, kulolchilik markazi shular jumlasidan.

    Universitetda tahsil olayotgan talabalarni turar joyga ehtiyojini qoplash masalasiga alohida e'tibor qaratilib, so'nggi yillarda bu borada qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, o'tgan yil 500 o'rinli yangi talabalar turar joyi binosi qurilib, foydalanishga topshirildi. Bir qator TTJ binolarida kapital ta'mirlash ishlari amalga oshirildi. Natijada universitetda TTJ quvvati yildan yilga oshib bormoqda. Xususan, TTJ quvvati 2019 yilda 1058 o'rinni tashkil qilgan bo'lsa, 2020 yilda 1298, 2021 yilda 1798, 2022 yilda 2334 o'rinni tashkil qildi. Keyingi yilga bu ko'rsatkich 3134 o'ringa chiqishi ko'zda tutilgan.

    Prezidentimizning 2021 yil 21 apreldagi “Yoshlarning tadbirkorlik faoliyatini qo'llab-quvvatlash va bandligiga ko'maklashish, ularni ijtimoiy himoya qilish hamda bo'sh vaqtini mazmunli tashkil etishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risi”dagi farmoni hamda Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligining 2021 yil 29 apreldagi yoshlar bilan “Mahallabay” ishlash tizimini yo'lga qo'yish to'g'risidagi 202-sonli buyrug'i ijrosini ta'minlash maqsadida universitetga Urganch shahridagi “Ma'rifat” va “Jaloliddin Manguberdi”, Shovot tumanidagi “Yangi burloq”, Qo'shko'pir tumanidagi “Mesit”, Xonqa tumanidagi “Mustaqillik”, Yangibozor tumanidagi “Bog'olon”, Yangiariq tumanidagi “Arboblar”, Xiva shahridagi “Qiyot”, Xiva tumanidagi “Qumyop”, Urganch tumanidagi “Bo'ston” mahalla fuqarolar yig'inlari biriktirilgan.

    Aynan Taraqqiyot strategiyasining 71-maqsadida belgilangan “Oila, ta'lim tashkilotlari va mahallalarda ma'naviy tarbiyaning uzviyligini ta'minlash” maqsadida mahalla yoshlari uchun ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar, sport musobaqalari, turli to'garak va tanlovlar tashkil etish bo'yicha chora-tadbirlar rejasi shakllantirilib, qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, universitetga biriktirilgan mahallalardagi uyushmagan yoshlarni xorijiy tillar va kompyuter savodxonligiga o'qitish bo'yicha maxsus bepul kurslar tashkil etilgan. Urganch shahridagi “Ma'rifat” mahallasi yoshlari universitet talabalar Sport klubi qoshidagi 13 turdagi sport to'garaklariga jalb etilgan.

    “Talaba — sport elchisi” loyihasi doirasida Jismoniy madaniyat fakulteti talabalari o'zlari istiqomat qiladigan mahallalarda sport tadbirlari o'tkazib, shaxmat, futbol, voleybol, erkin kurash, kurash, gandbol, badminton to'garaklar faoliyatini yo'lga qo'ygan.

    Biznes va tadbirkorlik ko'nikmalarini shakllantirish maqsadida Iqtisodiyot fakulteti professor-o'qituvchilari va talabalari tomonidan seminarlar o'tkazib kelinmoqda. Bundan tashqari, Iqtisodiyot fakulteti jamoasi tomonidan 50 dan ortiq biznes rejalar paketi shakllantirilib, mahalla yoshlariga tavsiya etilmoqda.

    “Bir ziyoli — bir mahallaga ma'naviy homiy” tamoyili asosida o'zlari yashab turgan mahallalarda professor-o'qituvchilar, magistrantlar, shu erda doimiy yashovchi talabalar bilan birgalikda aholi, jumladan, uyushmagan yoshlar o'rtasida “Yangi O'zbekiston — yangicha dunyo qarash” degan g'oya asosida ma'naviy-ma'rifiy va targ'ibot tadbirlarini tashkil etib kelishmoqda.

    2022 yilda 5 ta muhim tashabbus tadbirlarini yangi bosqichga ko'tarish, mahallalarda yoshlar yetakchisi bilan universitet vakillarining faoliyatini uyg'unlashtirish, mahallalardagi uyushmagan yoshlarni bandligini ta'minlashda ko'maklashish, “Rektor kubogi” sport musobaqalarini o'tkazish, “Talaba sport elchisi” loyihalarini davom ettirish, kam ta'minlangan oilalar qizlarini tayyorlov kurslarida bepul o'qitishni rejalashtirganmiz. Shu bilan birga, psixologik xizmat ko'rsatish orqali mahallalardagi ijtimoiy muammolarni bartaraf etishda qatnashish, yoshlarga “Kitob ulashish” aktsiyalarini tashkil etish, universitet volontyor yoshlarini mahalla va maktablarga tashrifini uyushtirish, mahallalar yoshlarini universitet tuzilmasidagi “Qatag'on qurbonlari xotirasi” muzeyiga sayohat uyushtirish, mahallalarda sayyor uchrashuvlarni tashkil etishda ham faollik ko'rasatamiz.

    Zero, yoshlar kelajak egalari hisoblanadi. Yoshlarimiz ta'lim-tarbiyasida esa ma'naviy tarbiya katta ahamiyatga ega bo'lib, yoshlarimizning faol fuqarolik pozitsiyasini kuchaytirish, ilmiy va ma'naviy-axloqiy, sog'lom dunyoqarashni shakllantirish, baxtli oilaviy hayot uchun zarur bo'lgan bilim, ko'nikma va malakalarini shakllantirish, kelajakka ishonch va mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik tuyg'usini kuchaytirish asosiy maqsadimiz bo'lib qoladi.

    Sanjarbek Davletov,

    Urganch davlat universiteti Yoshlar masalalari va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo'yicha birinchi prorektori,

    tarix fanlari doktori

    Telegram kanalimiz
    Text to speech