Jadidlar faoliyati yana bir necha oʻn yil davom etganida, juda yaxshi natijaga erishgan hamda aholi ularni yaxshi qabul qilgan, gʻoyalari yaxshi tarqalgan boʻlar edi.
Jadidchilikning oʻziga xosligi nimada? Eng avvalo, ularning aql-zakovati favqulodda yuksak rivojlangan, ham Sharq, ham Gʻarb madaniyati haqida muayyan bilimga ega boʻlgan. Ayni hol jadidlarning falsafiy dunyoqarashini belgilib bergan va bu taʼlim sohasini, umuman olganda, maʼrifatni isloh qilish borasidagi faoliyatida aks etgan. Jadidlar nafaqat bunday islohot oʻtkazishni nazariy jihatdan asoslab bergan, balki maʼrifatni amalga oshirish uchun amalda ham tinmay harakat qilgan: ular yangi usuldagi maktab, kutubxona, qiroatxonalar ochgan, darsliklar, gazetalar chop etgan, ilk teatr tashkil etgan. Bu oʻsha davr kishilari uchun koʻz koʻrib, quloq eshitmagan yangilik boʻlib, juda katta taʼsir kuchiga ega boʻlgan va odamlar ongida inqilob yasagan.
Shu oʻrinda M. Behbudiyning “Padarkush” pyesasini eslab oʻtish joiz, unda bilimsizlik, johillik fojiaga sabab boʻlishi koʻrsatib berilgan va yoshlar ongi keskin oʻzgarishiga hissa qoʻshgan.
– Men jadidlarning yosh tarkibini oʻrgandim, – deydi tarix fanlari doktori D.Alimova. – Mashhur jadid va yoshlarning sevimli ijodkori Choʻlpon 1910-yilda 13 yoshda, Behbudiyning yoshi esa 30 dan oshiqroq boʻlgan ekan.
Darhaqiqat, harakat ishtirokchilari faqat yoshlardan iborat ekani yana koʻplab manbalarda ham taʼkidlab oʻtilgan. Masalaga ayni shu jihatdan yondashish kerak boʻladi. Bu yoshlar intellektual rivojlangan va Turkistonning taraqqiyotdan orqada qolayotgani sabablarini tushunar edi. Shuningdek, bu harakat maʼrifatparvarlikning chuqur ildizi boʻlib, faqat jadidchilik koʻrinishida zuhur boʻlgani yoʻq. Uning maʼrifatparvarlik ildizlari ham bor edi va jadidchilik ushbu harakatning akkumulyatori – quvvat yigʻuvchisi boʻldi. Albatta, u oldingi adabiyot, oldingi falsafa yutuqlariga asoslangan. Jadidlar oʻzini ushbu falsafaning tahlilchilari sifatida ham namoyon qiladi.
Bilamizki, mashhur maʼrifatparvar Ahmad Donish, shoirlar Muqimiy, Furqat, Hamza, Ubaydulla Zavqiy, Muhammad Bayoniy, Abay Qoʻnonboyev va olim Choʻqon Valixonovlar ham islohotning xassos tarafdorlari boʻlgan, ular boshi berk koʻchadan chiqishni maʼrifatda va turkiy xalqlar birligida koʻrgan. Oʻtmishdoshlaridan ancha oldinlab ketgan va maʼrifatparvarlikdan siyosatga oʻtgan jadidlar shu zamindan unib chiqqan.
Mahalliy aholi kamsitilishiga qarshiliklar
Jadidchilik mohiyat eʼtibori bilan, avvalo, siyosiy harakat edi. Ushbu harakat Turkiston, Buxoro va Xiva hududida 1895-yildan 1929-yilgacha boʻlgan davr ichida namoyon boʻldi.
Birinchi davrda Turkistonda podsho Rossiyasining mustahkam oʻrnashib olishi kuzatiladi. U oʻz siyosiy vakillari yordamida xon va amir vakolatlarini cheklaydi va ularni qoʻgʻirchoqqa aylantirib, rus va gʻarb sarmoyadorlarining ishlashi va yashashi uchun sharoit yaratadi. Ayni chogʻda mahalliy aholining talab va ehtiyojlari nazarga olinmay qoʻyildi, diniy eʼtiqodi, urf-odat va anʼanalari bilan hisoblashmaslik, ularni mensimaslik kuchaydi. Hayotiy, ilmiy saviyasi yuqori boʻlgan qozilar tajribasiz kishilar bilan almashtirildi, poraxoʻrlik, ijtimoiy-siyosiy adolatsizlik avj oldi. Madrasa va maktablar faoliyatini cheklash, mahalliy joy nomlarini ruscha atamalar bilan almashtirish, mahkama jarayonida qozilar boʻyniga xoch taqtirishgacha borildiki, yerli aholini bu xilda tahqirlash hollari mustamlakachilarning bedodligini yaqqol koʻrsatardi.
Millat istiqbolini oʻylovchi taraqqiyparvar kuchlar xalqning deyarli barcha tabaqalari — hunarmand, dehqon, savdogar, mulkdor, ulamolar orasida mavjud edi. Ziyolilar dastlab chorizmga qarshi kurashni xalqni asriy qoloqlikdan uygʻotish — siyosiy-maʼrifiy jabhadan boshlashga qaror qildi. Jadidchilik harakati ana shunday tarixiy bir sharoitda Turkiston mintaqasida rivojlanish uchun oʻziga qulay zamin topdi.
Jadidchilikning asosiy gʻoya va maqsadlari Turkistonni oʻrta asrlarga xos qoloqlik va diniy xurofotdan ozod etish, shariatni isloh qilish, xalqqa maʼrifat tarqatish, Turkistonda muxtoriyat hukumatini barpo etish uchun kurash, Buxoro va Xivada konstitutsiyaviy monarxiya va parlament, keyinchalik demokratik respublika tuzumini oʻrnatish orqali ozod va farovon jamiyat qurish, barqaror milliy valyutani joriy qilish va milliy qoʻshin tuzish edi. Toshkent, Fargʻona, Buxoro, Samarqand va Xivada hur fikrli va ayrim taraqqiyparvar kishilar tomonidan ochilgan madaniy-maʼrifiy yoʻnalishdagi jamiyat va uyushmalardan Jadidchilik harakati shakllandi.
Tarqalish joyi va yoʻnalishiga koʻra Turkiston, Buxoro va Xiva jadidchiligi faoliyat yuritgan. Turkiston jadidlari bilan Buxoro va Xiva jadidlari oʻrtasida bir muncha farq bor. Turkiston oʻlkasidagi Jadidchilikning ijtimoiy asosini ziyolilar tashkil qilib, ular mustamlakachilikka qarshi kurashning oldingi saflarida turib, xomashyo manbaiga aylantirilgan Turkistonning dastlab muxtor, soʻng mustaqil davlat boʻlishini yoqlab chiqdi.
Buxorodagi harakat Turkistondagiga nisbatan ogʻir ijtimoiy-siyosiy sharoitda yuzaga keldi. Uning tarkibi asosan Buxoro shahar aholisining taraqqiyparvar qismi – ziyolilar, mayda doʻkondorlar va maʼmurlar, hunarmandlar, savdogarlardan iborat boʻlib, jadidlarning dehqon va askarlar oʻrtasida nufuzi avvaliga past boʻlgan. Jadidlar iqtisod va boshqaruv sohasida bir qator talablar, chunonchi, soliqlarni kamaytirish talabi bilan chiqishdi. Ular dastlab Buxorodagi amirlik tuzumi doirasida islohotlar joriy qilmoqchi boʻlishdi. Buxoroda vobkentlik dehqon Joʻraboy ilk yangi usul maktabini ochgan. Lekin Jadidchilik harakatiga ayrim johil mullalar, har qanday yangilik va islohotning dushmani boʻlgan qadimchilar oqimi qarshi chiqdi. XX asr boshlarida Buxoro jamiyati Ikrom domla rahbarligidagi taraqqiyparvarlar va Mulla Abdurazzoq boshchiligidagi qadimchilarga boʻlingan edi. 1908-yil “Buxoroi sharif shirkati” tuzilib, darsliklar nashr etish va kitob savdosi bilan shugʻullandi. Ahmadjon Hamdiy (Abusaidov), Usmonxoʻja Poʻlatxoʻjayev (Usmon Xoʻja), Homidxoʻja Mehriy, Abdulvohid Burhonov, Abdulqodir Muhiddinov, Sadriddin Ayniy, Abdurahmon Saʼdiy shirkatning tashkilotchilari edi.
1909-yilning dekabr oyida jadidlar Buxoroda “Tarbiyai atfol” (“Bolalar tarbiyasi”) maxfiy jamiyatini tuzishdi (asoschilari Abdulvohid Burhonov, Homidxoʻja Mehriy, Ahmadjon Hamdiy, Mukammil Burhonov, Hoji Rafe). Bu jamiyat turkistonlik va buxorolik yoshlarni Istanbuldagi “Buxoro taʼlimi maorif jamiyati” boʻlimiga oʻqishga joʻnatdi. Xorijdagi taʼlim yoshlar dunyoqarashida tubdan burilish yasadi. Jadidchilik Buxoro va Turkistonda bir vaqtda boshlangan boʻlsa ham, amirlikdagi ogʻir muhit uning taraqqiyotini tezlashtirdi. 1910-yildan boshlab Buxoroda Jadidchilik harakati tashkiliy tus oldi va “Tarbiyai atfol” maxfiy jamiyati asosida partiya tashkil topdi.
Taʼlim tizimi Yevropa taʼlimiga yaqinlashtirildi
Jadidlar harakatida qrimlik Ismoil Gaspirinskiy alohida oʻrin tutadi. U Rossiya musulmonlari orasida birinchi maktab – jadid maktabi – “Usuli jadid”ga asos soldi. Undagi maktab tizimi, darsliklar, oʻquv metodlari Yevropa taʼlim tizimiga yaqin boʻldi.
Kitob va darsliklar nashr qilishda Mahmudxoʻja Behbudiy va Munavvarqorining xizmatlarini alohida eʼtirof etish joiz. Jadidlar oʻzlari darsliklar chop qilishgan. Munavvarqori va Behbudiy juda koʻp darsliklar yozgan. Behbudiy jamoat arbobi, islomshunos, geograf, pedagog olim edi. U Turkistonda maktab maorifida birinchi boʻlib yangi usul maktablari tashkilotchisidir.
Jadidlarning tarbiya haqidagi qarashlari islom dinida qadimdan qaror topgan odob-ahloq negizida shakllangan edi. Mahmudxoʻja Behbudiy Gasprinskiyning maktab usulini, uning maqolalarini oʻrgandi. “Usuli jadid” maktablari uchun bir qator darsliklar yozdi: “Qisqacha umumiy geografiya”, “Bolalar maktubi”, “Aholi geografiyasiga karshi”, “Rossiyaning qisqacha geografiyasi”, “Amaliyot islomi”, “Islomning qisqacha tarixi”.
Behbudiyning yangi maktab uchun yozgan asarlari maktab islohotida muhim rol oʻynaydi. Bu darsliklar nazariy, ilmiy va amaliy jihatdan keng koʻllaniladi. U Turkiston kelajagida yosh kadrlarni tarbiyalash masalasiga jiddiy eʼtibor berdi.
Munavvarqori Abdurashidxonov XX asrning birinchi choragida Turkiston va Rossiya ziyolilari orasida mashhur edi. U yangi usul maktablarining asoschisi, mohir muallim darslik va oʻquv kitoblar muallifi, jamoat arbobi edi. Munavvarqori Toshkentda “usuli savtiya” maktabini ochadi. Uning fikricha, maktabni isloh qilmasdan odamlar ongida oʻzgarish qilib boʻlmaydi. Munavvarqori yoshlarni chet elga oʻqishga yuborish, xorij ilmini oʻrganishni targʻib qildi. Shuningdek, bolalarni Germaniyada oʻqitish tarafdori boʻlib, keyinchalik ular Vatanga xizmat qilishini istagan edi. Munavvarqori koʻp (fors, arab, rus, turk) tillarni yaxshi bilgan, oʻz atrofida ilgʻor kishilarni toʻplagan.
Abdulla Avloniy 1907-yilda Mirobod, keyinchalik Degrez mahallasida yangi usul maktablari ochdi. Bu maktablarda dars tizimi ona tilida yuritilishi bilan eski usul maktablaridan farq qilar edi. U oʻz maktabida – tabiat, geografiya, tarix, adabiyot, til, hisob boʻyicha saboqlar tashkil qildi. Avloniy maktabida tabiiy fanlar rivojlangan boʻlib, unda oʻsimliklar, hayvonlar xilma-xilligi, parvarish masalalari qiziqarli oʻtilardi.
Xullas, ularning oʻz darsliklarini tayyorlash Turkiston yoshlarining ilm-maʼrifati uchun tub burilish boʻldi. “Kitobi avval” yoki matematika, adabiyot, geografiya boʻyicha darsliklarni olaylik. Albatta, ular qaysidir darajada xorijiy darsliklardan oʻzlashtirilgan boʻlishi mumkin, lekin shunga qaramay, bu juda katta olgʻa siljish edi. Jadid maktablari sinflarida globuslar turgan. Bu eski miqyos bilan solishtirganda, butunlay yangi narsa edi va albatta, ajoyib natijalar bergan.
Jadidlarning koʻpchiligi rus tilini yaxshi bilgan. Til konsepsiyasi Behbudiyning “Bir til emas, toʻrt til lozim”, nomli maqolasida ochib berilgan. Unga koʻra, yagona imperiya tarkibida yashayotganimiz sababli, ayniqsa, rus tilini bilishimiz zarur. Biz harakatimiz taktikasini ishlab chiqish uchun qanday boshqarilayotganimizni tushunib olishimiz shart. Jadid maktablarida rus tili ham oʻqitilgan. Yoshlar Yevropa adabiyotiga juda qiziqqan.
Musulmon modernizmi ildizlari nimada edi?
Biz jadidchilikni musulmon modernizmi deb atashimiz mumkinmi? Bu savolga qisman “ha” deb javob bersa ham boʻladi, chunki ular faoliyatining ancha-muncha qismi aholiga Alloh bandasiga “oʻqi” deb aytganini isbotlashdan iborat boʻlgan. Hadislarda ilmni Chinda (Xitoyda) boʻlsa ham oʻrganinglar, qabilida zikr etilgan. Uning ritorik tuzilmasi ildizlari Oʻrta Osiyoning musulmon anʼanasiga borib taqaladi, shuning uchun jadidlar, anʼanaga koʻra, islom diniga tayangan. Zamonaviylik islom dinining haqiqiy mazmuniga bogʻlangan, faqat asrlar davomida paydo boʻlgan yot gʻoyalardan tozalangan islom musulmonlar farovonligini taʼminlashi mumkin. Jadidlarning gʻoyasi shu boʻlgan. Dunyoga yangicha nazar bilan boqar ekan, jadidlar islomni tushundi, musulmonlik nima ekanini angladi. Ularning jamiyatni yangilash nazariyasida taraqqiyotda juda oldinlab ketgan Yevropa bilan yaqinlashish, eng yaxshi yutuqlarini oʻzlashtirish haqidagi masala jiddiy oʻrin tutgan. Turkistonning mustamlaka istibdodidan, inqirozli vaziyatdan chiqish, eng avvalo, Yevropa tajribasidan foydalangan holda madaniy islohotlar oʻtkazishda koʻrilgan.
Oʻsha paytlarda ham baʼzi kishilar Sharq, jumladan, Oʻrta Osiyo Yevropaga juda koʻp narsa bergan, deb hisoblagan. Ular IX – XII asrlardagi Renessansni hamda Temur va Temuriylar davridagi ikkinchi Renessansni hisobga olib, Yevropa ilm-fan va tibbiyot rivojlanishi (Ibn Sinoning “Tib qonunlari” asari) sohasida juda koʻp narsa olgan, deb bilgan. Endi esa ular, biz Yevropadan oladigan vaqtimiz keldi, chunki ushbu Renessans XVI asrda Maʼrifat asridan boshlanib, Yevropaga koʻchib oʻtgan, deb hisoblaydi.
Ular endi qayta oʻzlashtirish vaqti kelganini tushunadi. Fitrat shunday deb yozadi: “Taassufki, agar biz yoʻqotilgan madaniyatimizni, tamaddunimizni qaytarish uchun, hech boʻlmasa, bir harakat qilmasak, ulamomiz, sen kofir boʻlding, deb aytadi va bizga xalaqit bera boshlaydi”. Mahmudxoʻja Behbudiy zamonasidan ilgarilab ketgan edi. Masalan, Bahovuddin Naqshband maqbarasiga borganda, uning atrofida shunchalik koʻp masjid qurilganini koʻrib, oʻsha vaqt uchun jasorat boʻlgan bir gapni aytadi: “Bir musulmon uchun bunchalik koʻp masjidlarning keragi yoʻq, unga ibodat qilishi uchun bitta joynamozning oʻzi yetadi. Bunchalik koʻp masjid qurgandan koʻra, unga sarflangan mablagʻga farzandlarimizni chet elga oʻqishga yuborish vaqti kelmadimikan?” Umuman, ular gʻoyalari, islom dinini isloh qilishga intilishi boshqa dinlarga nisbatan bagʻrikenglikni tarbiyalash va Gʻarbdan bilim oʻzlashtirish edi.
Eh, bu yerda qanday talaba yigit-qizlar oʻqiyotganini qarang!
Jadidlar odamlar ongida oʻziga xos oʻzgarish yasashning uddasidan chiqa bildi. Jamiyatni oʻzgartirish konsepsiyasini yarata oldi va konsepsiya barcha masalalarni qamrab oldi. Yangi jadidlar adabiyoti, yangi dramaturgiyaga asos soldi. Turkistonda birinchi teatr faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Taʼlimning yangi shakllarini yaratdi. Ular ehtimol, kichik koʻrinishda boʻlgandir, ammo, butunlay yangi madaniyat yaratdi. Odamlar ongida ayollarga nisbatan kichik boʻlsa-da, oʻzgarish yasay bildi, chunki asarlarida ayollarning jamiyatni rivojlantirishdagi ahamiyati haqida fikr yuritiladi. Albatta, birdan paranjini tashlab, yuzni ochib, jamiyat ishlarida ishtirok etishga daʼvat etmaydi.
Abdurauf Fitratning yuqorida tilga olingan oila haqidagi kitobining asosiy qismi ayolga, uni qanday hurmat qilish va unga qanday munosabatda boʻlishga bagʻishlangan. Oʻsha kitobda “Qiz bolalar oʻqishi kerakmi?”, degan band ham bor. Muallifga koʻra, insonning intellektual holati, oladigan taʼlimi koʻp jihatdan ayollarga, onalarga bogʻliq. Yozishicha, erkak tirikchilik uchun yegulik-ichgulik topish bilan band, ayol esa erkakdan koʻra maʼlumotliroq boʻlishi shart, chunki u, asosan, bolalar bilan shugʻullanadi. Darhaqiqat, shunday. Ayollar taʼlimi rivojlanganini va ayollar maktabi boʻlganini, ularda ayollar taʼlim olib, Sharq mumtoz adabiyoti oʻqitilganini bilamiz. Toʻgʻri, biz texnikaga oid fanlar haqida gapirayotganimiz yoʻq, lekin shunday boʻlsa-da, ayollar taʼlim olgan. Bu – bizning madaniy merosimiz. Umuman, bu nafaqat Oʻzbekistonning, qolaversa, barcha xalqlarning merosi, chunki bu intellektual muhit mavjudligini, ongi va intilishlari qanday boʻlganini koʻrsatadi. Masalan, Behbudiy hajga borganida Bayrut universitetini ziyorat qiladi. Hayratga tushib, “Ey Xudo, bularning laboratoriyalarini qaranglar”, deb yozadi. U kimyo laboratoriyasi bilan tanishadi. “Bu yerda qanday talabalar va qizlar oʻqiyotganini qarang! Yutuqlar ham shuncha boʻladimi! Nega bu musulmon mamlakatida bunday universitet bor, biz ham musulmon mamlakatimiz, lekin Turkistonda oliy darajadagi birorta ham, ha-ha, birorta ham taʼlim muassasasi yoʻq”.
Turli mamlakatlardagi maʼrifatparvarlik harakatlariga xos boʻlgan oʻziga xos xususiyatlar bilan bir qatorda umumiy xususiyatlar ham mavjud boʻlgan. Bu Turkiston jadidlari faoliyatida ham oʻz ifodasini topdi. Ular siyosiy qoloqlikka, mavjud tuzumning ijtimoiy-huquqiy koʻrinishi va kamchiliklariga qarshi kurashdilar, maʼrifatni shakllantirish, ozodlik, maʼnaviy madaniyatni boyitish, xalq ommasi manfaatlarini himoya qilish, turmush farovonligini oshirish tarafdori edilar.
Turkiston ilgʻor ziyolilarining eng muhim yutugʻi xalq taʼlimi tizimi hukmron mafkuradan xoli, shuningdek, ilgʻor gʻoyalarni tarqatishning eng muhim vositasi sifatida milliy matbuot asoslarini yaratish boʻldi.
Bir tomondan, ular Yevropa ilmiy-texnikaviy tafakkuri, madaniyati yutuqlarini, iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy hayot meʼyorlarini targʻib qildilar. Boshqa tomondan, oʻtmishni qayta tiklashga, shariat talablariga zid boʻlgan burjua odatlarining kirib kelishiga qandaydir tarzda qarshilik koʻrsatish istagini uygʻotishga, islom tarixiga qiziqish uygʻotishga harakat qildilar. Jadidlar dunyoviy taʼlim va bilimli mutaxassislar tayyorlash zarurligi haqida gapirar ekan, oʻz fikrlarini Qurʼon va hadislardan izladi va tasdiqlashdi, oʻz matnlariga Turkistondagi ijtimoiy, maʼnaviy va iqtisodiy taraqqiyot ehtiyojlariga javob beradigan maʼno berdilar.
Muxtasar aytganda, millat istiqboli uchun kurashgan maʼrifatparvar bobolarimiz saʼy-harakati zamirida huquqiy demokratik davlat uchun asos boʻladigan yuksak gʻoyalar poydevori mujassam edi.
Jasurbek NORMATOV,
Beshariq tumani axborot-kutubxona markazi direktori