Markaziy Osiyo mamlakatlarining Hamkorlik indeksi hisoblab chiqildi

    2017-2021-yillar davomida Markaziy Osiyo mamlakatlari Kooperatsiya indeksining qiymati 1,3 barobarga ortib, 28 foizdan 38 foizgacha oʻsgan.

    Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi Hamkorlik indeksini (Kooperatsiya indeksi) hisoblab chiqdi.

    Tahlil natijalariga koʻra, 2017-2021-yillar davomida Markaziy Osiyo mamlakatlari Kooperatsiya indeksining qiymati 1,3 barobarga ortib, 28 dan 38 foizgacha oʻsganligi aniqlandi.

    Indeks qiymati savdo aylanmasi, investitsiyalar oqimi, savdo qiymati, sayyohlar va migratsiya oqimi kabi koʻrsatkichlar boʻyicha hisoblanadi.

    1. Mintaqa mamlakatlari bir-birining iqtisodiyotiga kiritayotgan investitsiyalarning ortishi indeks qiymatining oshishiga eng katta hissa qoʻshdi. Shunday qilib, mintaqa mamlakatlari oʻrtasidagi investitsiya oqimlari (kiruvchi va chiquvchi) hajmining umumiy investitsiya oqimlari hajmidagi ulushi 5,6 barobar oshdi.

    2. Oʻsishning ikkinchi muhim koʻrsatkichi mintaqa mamlakatlari oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmining oshishi hisoblanadi. Oʻzaro tovar aylanmasining umumiy tovar aylanmasidagi ulushi 1,5 barobar koʻpaydi.

    3. Markaziy Osiyo mamlakatlarining oʻzaro savdo qiymati boshqa savdo sheriklari bilan savdo qiymatiga qaraganda oʻrtacha 4 barobar past. Markaziy Osiyo mintaqasida mintaqa doirasida transport infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha faol siyosat olib borilayapti.

    4. Bugungi kunga kelib, mamlakatni sayohat qilish maqsadida tark etgan Markaziy Osiyo mamlakatlari fuqarolarining 80 foizdan ortigʻi mintaqaviy turizmni afzal koʻradi. Bu umumiy tarix va bir xil qadriyatlarga asoslangan mintaqa mamlakatlarining kuchli madaniy integratsiyasidan dalolat beradi. Shu munosabat bilan Markaziy Osiyo mamlakatlarining Kooperatsiya indeksi doirasida umumiy sayyohlik oqimlarida mintaqaviy turizmning ulushi 83 foizni tashkil etadi.

    5. Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi migratsiya oqimlarini hisobga olgan holda shuni taʼkidlash mumkinki, Markaziy Osiyo mamlakatlariga yashash va ishlash uchun kelgan odamlarning atigi 15,3 foizi ushbu mamlakatlarning fuqarolari. Yaʼni, Markaziy Osiyo mamlakatlari aholisi uchun mintaqa yashash yoki ish qidirish mamlakatini tanlashda ustuvor ahamiyatga ega emas.

    Maʼlumot uchun: indeks mintaqa mamlakatlari oʻrtasidagi oʻzaro aloqalar umumiy jarayonning bir ulushi sifatida baholanadi, degan qoidaga asoslanadi. Masalan, bunga ushbu mamlakatlarning umumiy tovar aylanmasida mintaqa mamlakatlari oʻrtasidagi tovar aylanmasining ulushini keltirish mumkin.

    Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti