Matematika fani boʻyicha xalqaro olimpiada oʻtkaziladi

    Ta'lim 13 Oktabr 2023 2016

    Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Fanlar akademiyasi tomonidan joriy yil 23–29-oktyabr kunlari Nukus shahrida matematika fani boʻyicha Muhammad al-Xorazmiy nomidagi xalqaro olimpiada oʻtkaziladi.

    Eslatib oʻtamiz, ushbu xalqaro olimpiadani oʻtkazish boʻyicha 2018-yil 26-avgustda Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilingan edi. Unga koʻra, oliy taʼlim muassasalari talabalari oʻrtasida har ikki yilda bir marta matematika boʻyicha Muhammad al-Xorazmiy nomidagi xalqaro olimpiada tashkil etiladi.

    Mazkur xalqaro olimpiadani tashkil etishdan koʻzlangan asosiy maqsad buyuk allomaning jahon ilm-fani va sivilizatsiyasi rivojiga qoʻshgan ulkan hissasini xalqaro miqyosda targʻib etish, qolaversa, iqtidorli talabalarni qoʻllab-quvvatlash, ularni fundamental va aniq fanlar bilan shugʻullanishga keng jalb etish hamda ilm-fan yoʻlida xalqaro hamkorlikni kengaytirishdan iborat.

    Hakamlar hayʼati matematika fanidan dunyoning taniqli xalqaro darajadagi ekspertlari, MDH davlatlarining professor-oʻqituvchilari va yurtimizning tajribali professor-olimlari, mahoratli amaliyotchi oʻqituvchilaridan tashkil topadi, deb xabar beradi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati.

    Olimpiada gʻoliblariga (Oʻzbekiston fuqarolari) matematika, fizika, axborot texnologiyalari yoʻnalishlari boʻyicha magistratura bosqichiga kvotadan tashqari davlat granti asosida kirish huquqi beriladi.

    Mazkur huquq bakalavr bosqichini bitirgandan keyin 3 yil mobaynida saqlab qolinadi.