“Mehr daftari” tizimini joriy etish tartibi belgilandi

    Mamlakatimizda 18 Yanvar 2022 2158

    Hukumat qarori bilan Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan “Mehr daftari” tizimini joriy etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

    Nizomga muvofiq, yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar tuman (shahar) hokimi qarori asosida “Mehr daftari”ga kiritiladi va undan chiqariladi.

    “Mehr daftari” tizimiga kiritishning axborot tizimidan foydalanish va muʼlumotlarni kiritish tartibi Milliy gvardiya tomonidan belgilanadi.

    2022-yil 1-fevralgacha mazkur axborot tizimi amaliyotga joriy etiladi.

    Oʻquv-tarbiya muassasalari hamda tuman (shahar) hokimliklarining Bolalarni himoya qilish shuʼbalari “Mehr daftari”ni shakllantirishga masʼul hisoblanadi.

    Quyidagilar “Mehr daftari”ga maʼlumotlarning bevosita kiritilishini taʼminlaydi:

    Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan uning tizimidagi Mehribonlik uylari, Bolalar shaharchalari, Respublika bolalar oʻquv-tarbiya muassasalari va Oilaviy bolalar uylari;

    Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan uning tizimidagi Bolalar uylari;

    “SOS – Oʻzbekiston bolalar mahallalari” uyushmasi tomonidan uning tizimidagi bolalarni muqobil parvarish qilish xizmatlari, yoshlarga hamrohlik qilish xizmatlari va ijtimoiy timlikning oldini olish xizmatlari tarbiyalanuvchilari va bitiruvchilari toʻgʻrisidagi;

    tuman (shahar) hokimliklarining Bolalarni himoya qilish shuʼbalari tomonidan vasiylikka (homiylikka, patronatga) olingan yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan olalar toʻgʻrisidagi.

    Daftarga kiritilgan bolalarning muammo (ehtiyoj, qiziqish)lari tegishli tartibda oʻrganiladi.

    “Mehr daftari”ga kiritilgan bolalarni qoʻllab-quvvatlash ishlari quyidagilar tomonidan muvofiqlashtiriladi:

    tuman (shahar) hokimligining Bolalarni himoya qilish shuʼbasi tomonidan manfaatdor davlat organlari va tashkilotlar bilan birgalikda;

    Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining Bolalarni himoya qilish masalalari kotibiyatlari tomonidan manfaatdor davlat organlari va tashkilotlari bilan birgalikda;

    Vazirlar Mahkamasining Bolalarni himoya qilish masalalari shuʼbasi va Milliy gvardiya tomonidan manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda.

    Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar 25 yoshga toʻlganda tegishli qaror asosida “Mehr daftari”dan chiqariladi.

    Bunda daftardan chiqarilayotgan shaxslarning bandligi taʼminlangan va uy-joyi mavjud boʻlishi shart. Bandligi taʼminlanmagan holatlarda, “Mehr daftari” hisobida turish muddati bandligi taʼminlangungacha, biroq 5 yildan ortiq boʻlmagan muddatga uzaytiriladi.