Prezident maktablari tashkil etila boshlaganda davlatimiz rahbari ular boshqa muassasalar uchun andoza bo‘lishi, ta’lim muhitini o‘zgartirishini aytgan edi. Shunday bo‘lyapti ham. Zamonaviy ta’lim tendensiyalarini o‘zida mujassam etayotgan bu o‘quv dargohlaridagi ilg‘or tajriba bugun umumta’lim maktablariga tatbiq etilayotir.
Intellektual taraqqiyotni jadallashtirish, ilmiy va innovasion faoliyat hamda xalqaro hamkorlikni samarali tashkil etish maqsadida fan, ta’lim va ishlab chiqarish integrasiyasini mustahkamlash, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash oldimizda turgan dolzarb va kechiktirib bo‘lmas vazifadir. Axborot texnologiyalari asrida ilm-fanni rivojlantirish, o‘qitishga e’tibor qaratish davr talabi bo‘lib qolmoqda. Bu esa shunchaki o‘z-o‘zidan bo‘ladigan, oson, jo‘n ish emas. Buning ortida ko‘pchilikning katta mehnati va mashaqqatli zahmati yotadi.
Prezident, ixtisoslashtirilgan maktablarda matematika, fizika, kimyo, biologiya, axborot texnologiyalari hamda xorijiy tillar ilg‘or ta’lim metodologiyalari asosida chuqur o‘rgatiladi. Bunday o‘qitish tizimi orqali bolada kreativlik, qunt, qiziquvchanlik kabi qobiliyatlar rivojlanadi. Yuksak natija bergan ijobiy tajriba, xalqaro metod yurtimizning barcha tumanida amaliyotga tatbiq etilishi nazarda tutilgan. Bugun Prezident maktablari bu borada lokomotiv vazifasini bajaryapti.
Mamlakatimizda ta’lim-tarbiya tizimini rivojlantirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, yoshlarning jahon andozalariga mos sharoitda zamonaviy bilim olishi va kasb-hunar egallashiga ko‘maklashish, qobiliyati va iste’dodi, intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish, jismoniy va ma’naviy jihatdan yetuk insonlar bo‘lib voyaga yetishini ta’minlash, o‘g‘il-qizlarimiz qalbida ona yurtga sadoqat va fidoyilikni kamol toptirish borasida muayyan ishlar bajarilmoqda. Maktablarimizdagi ta’lim tizimi qanchalik samara berayotganini o‘quvchilarimiz erishayotgan yutuqlarga qarab baholash mumkin.
Million dollarlik grant — odatiy gap
Har qanday davlat uchun taraqqiyot yo‘lidagi asosiy tayanch bilimli kadrlardir. Zamon o‘zgaryapti, ta’limdagi tendensiyalar ham shunday bo‘lishi zarur. Prezidentimizning o‘tgan yil 14 apreldagi farmoniga binoan, xalq ta’limi tizimidagi 193 ta ixtisoslashtirilgan maktab Prezident ta’lim muassasalari agentligiga o‘tkazildi.
Ba’zi saytlarda o‘quvchilarimiz xorijiy ta’lim muassasalarining 300, 400, 600 ming dollarlik grantini yutgani haqida yoziladi. Bu kabi holatlar faoliyatimizda deyarli har kuni kuzatiladi. Buni ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarimizni kuzatib borayotganlar juda yaxshi biladi. Shu sababli bo‘lsa kerak, bu kabi yangiliklarga odam o‘rganib ham qoldi. Maqsadimiz bunday yangiliklarni yanada ko‘paytirish va grantlar miqdorini oshirishdir. 2022 yilda Prezident maktablari bitiruvchilarining 90 foizdan ortig‘i dunyoning nufuzli 100 taligiga kiradigan oliy o‘quv yurtlaridan taklif oldi. Bu yil Toshkent shahridagi Prezident maktabining 11-sinf o‘quvchisi Ja’far Orifjonov dunyo reytingida 6-o‘rinda turuvchi Kaliforniya texnologiyalar instituti grantini yutgan o‘zbekistonlik birinchi talaba bo‘ldi. Namangan shahridagi Prezident maktabining 11-sinf o‘quvchisi Go‘zalxon Haydarova AQSHning dunyo reytingida 7-o‘rinda turuvchi Prinston universitetiga 100 foizli grant asosida o‘qishga qabul qilindi. Nafaqat Prezident maktablari, balki ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar o‘quvchilari ham bir paytning o‘zida xorijning bir necha nufuzli universitetlari talabalari safiga qo‘shilgan.
Til bilish xalqaro sertifikatini qo‘lga kiritayotgan o‘quvchilar soni ham kun sayin ortib bormoqda. Ko‘rsatkichlarini yanada yaxshilash maqsadida ular o‘z ustida tinimsiz ishlamoqda. Jumladan, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarning 10-sinf o‘quvchilari FLEX — Kelajak liderlari almashinuvi dasturi bo‘yicha final bosqichining 100 foizli ta’lim grantini qo‘lga kiritdi. Endi ular kelgusi o‘quv yilida AQSHda bilimini oshirib keladi. Bundan tashqari, bitiruvchilarning 75 foizi agentlik tasarrufidagi “Yangi O‘zbekiston” universitetida o‘qishni davom ettiryapti.
Xalqaro maqomga intilish
Ayni paytda Prezident maktablarining Xalqaro maktablar kengashiga a’zo bo‘lishiga doir belgilangan talablar ko‘rib chiqilmoqda. Mazkur talablar ta’lim muassasasi faoliyatining sifatli tashkil etilgani, o‘quv dasturining muvaffaqiyatli joriy qilingani, o‘quvchilar uchun zarur sharoitlar yaratilgani hamda maktab joylashgan binoning xavfsizlik talablariga javob berishidan iborat.
Prezident maktablari dastlabki ikki oflayn bosqichdan muvaffaqiyatli o‘tdi. Endi kengash vakillari Toshkent, Nukus, Xiva va Namangan shaharlaridagi Prezident maktablarini onlayn o‘rganmoqda. O‘rganish natijasiga ko‘ra, Prezident maktablari Xalqaro maktablar kengashiga a’zo bo‘lishi mumkin.
Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi mutaxassislari xorij tajribasini o‘rgangan holda ixtisoslashtirilgan maktablar uchun integrasiyalashgan ta’lim dasturlarini ishlab chiqdi. Jumladan, AQSH, Rossiya singari davlatlarning ta’lim dasturlari, International Baccalaureate, SAT kabi imtihonlar, PISA, TIMSS, PIRLS xalqaro baholash dasturlari mazmuni tahlil qilinib, milliy ta’lim dasturining eng afzal jihatlari bilan uyg‘unlashtirildi.
Raqobatga munosiblik mas’uliyati
Prezidentimiz 2019 yilda Sirdaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida O‘zbekiston xalq shoiri Halima Xudoyberdiyeva nomini abadiylashtirish, iste’dodli yoshlarga sharoit yaratish maqsadida ijod maktabini tashkil etish taklifini bildirgan edi. Shundan so‘ng Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori qabul qilinib, o‘sha yili dekabrda shoira nomidagi ta’lim maskani foydalanishga topshirildi.
Davlatimiz rahbari yaqinda Sirdaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida ushbu ta’lim muassasasida ham bo‘ldi. Muallim va ziyolilar bilan suhbatda ta’lim sifati, sohadagi islohotlar haqida so‘z bordi.
— Biz birinchi kundan ta’lim sifatini yaxshilashga, muallimlarning maqomi va obro‘sini ko‘tarishga harakat qilyapmiz. Bu haqdagi me’yorlarni Konstitusiyaga ham muhrlayapmiz. Ko‘ryapsizlar, zamon murakkab bo‘lib ketyapti. Qachon biz bu raqobatga munosib bo‘lamiz? Bilimli bo‘lsak. Shuning uchun ta’lim mazmunini isloh qilib, yoshlarga sharoit yaratyapmiz. Zamonlar o‘tadi, muhit o‘zgaradi. Bugungi poydevor natijasini xalqimiz albatta ko‘radi. Yoshlarimizdan yana ko‘plab Buxoriylar, Beruniylar, Ulug‘beklar chiqadi, — dedi Prezidentimiz.
Ijod maktablarini universitetlarga biriktirish, viloyatdagi maktablar bilan hamkorligini mustahkamlash, iste’dodli yoshlarning kitoblarini chop etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Maktabda umumta’lim fanlari bilan birga, ona tili va adabiyot chuqur o‘rgatiladi. Bugun 7–11-sinflarda ta’lim olayotgan 180 nafar iqtidorli o‘g‘il-qizning puxta bilim olishi uchun barcha zarur sharoit etilgan. Jumladan, barcha o‘quv sinflari, kompyuter, laboratoriya xonalari, sport zali va yotoqxona zamonaviy jihozlangan. Maktab kutubxonasida 3 ming 500 dan ziyod badiiy adabiyot jamlangan.
Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi maktablarda o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, darsdan tashqari mashg‘ulotlar samaradorligini oshirish maqsadida maktab maslahatchisi lavozimi joriy qilingan. Ushbu vazifada faoliyat yuritayotgan xodimlar o‘quvchilarni mustaqil hayotga tayyorlash bilan birga fan va sport to‘garaklariga muntazam qatnashini nazorat qiladi. Shuningdek, bolalarning qiziqishiga qarab, muayyan kasb yoki fan to‘garaklariga yo‘naltiradi. Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabida ham shunday sharoitlar yaratilgan.
Chet el darajasidagi mahalliy universitet
Bugunning ilmga chanqoq yoshlari tahsil olishi uchun barcha sharoitga ega OTMlardan biri, shubhasiz, “Yangi O‘zbekiston” universitetidir. Egallagan bilim va ko‘nikmasini mustahkamlashni istagan ba’zi o‘quvchilar maktabdan keyin o‘qishni xorijda emas, balki yurtimizda davom ettirishni istamoqda.
Ayni vaqtda “Yangi O‘zbekiston” universitetida tahsil olayotgan yoshlar jamoaviy ishlash, birgalikda faoliyat yuritishni ham amaliyotga tatbiq etmoqda. Xorijiy oliygohlar bilan yo‘lga qo‘yilgan samarali aloqalar tufayli bilimli, zukko talabalar boshqa mamlakatlardagi ta’lim jarayonida ishtirok etish, bilim almashish imkonini qo‘lga kiritmoqda.
Universitetda darslar to‘liq ingliz tilida tashkil etilgan. Talabalar tadqiqotlarini yanada rivojlantirish uchun chet davlatlarga borishi ham mumkin. Ularning xarajati universitet tomonidan to‘liq qoplanadi. OTMni bitirgan har bir talaba milliy kadrlar zaxirasiga olinib, besh yillik ish tajribasidan so‘ng rahbarlik lavozimiga tayinlanadigan istiqbolli nomzodlar ro‘yxatiga kiritiladi.
“Yangi O‘zbekiston” universitetida ta’lim jarayoni dunyoning eng nufuzli oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikda olib boriladi. Universitet va dunyo oliy ta’lim muassasalari reytingiga kirishga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadigan THE (Times Higher Education) tashkiloti o‘rtasida memorandum imzolangan. Yaqin 2 yilda universitet ko‘rsatkichini yuqori pog‘onaga ko‘tarish va 2030 yilga borib, mazkur oliy o‘quv yurti diplomini chet mamlakatlarda tan olinadigan darajaga olib chiqish ko‘zda tutilgan.
2023-2024 o‘quv yili uchun hozir kimyo va materialshunoslik muhandisligi, mexanika muhandisligi, elektr muhandisligi, dasturiy ta’minot muhandisligi, kiberxavfsizlik, sun’iy intellekt va robototexnika, amaliy matematika, iqtisodiyot va ma’lumotlar tahlili, pedagogika hamda sanoat boshqaruvi yo‘nalishiga hujjatlar qabul qilinmoqda.
Bugun oliygohda 396 talaba tahsil olyapti. Darslar xorijlik malakali professorlar tomonidan o‘tiladi. Ularning soni hozirgi OTMdagi jami professorlar sonining 66 foizini tashkil etadi. Jumladan, kimyoga doir darslarni germaniyalik, axborot texnologiyalariga oidlarini hindistonlik hamda janubiy koreyalik, iqtisodiyot xususidagi mashg‘ulotlarni turkiyalik professorlar o‘tadi.
Qabul nizomiga ko‘ra, universitetda iqtidorli talabalarning ta’lim olishini qo‘llab-quvvatlash uchun davlat granti Prezident maktablarining xalqaro darajadagi tegishli dasturlar diplomi yoki sertifikatiga ega bitiruvchilariga, O‘zbekiston Respublikasining kirish imtihonida yuqori ball to‘plagan fuqarolariga, xalqaro matematika, fizika, kimyo, biologiya, informatika olimpiadalarining sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan g‘oliblariga, shuningdek, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan oilalarning universitetga kirish imtihonidan muvaffaqiyatli o‘tgan farzandlariga nisbatan tatbiq etiladi.
Xorijda o‘qiyotgan yoshlar orzusi
Bugun ezgu niyatda qadalgan, yaxshi parvarish qilingan nihol ertaga, albatta, o‘z mevasini berganidek, yoshlarga qaratilayotgan yuksak e’tibor kelgusida samara beradi. Zero, ularga ishonch va qaratilayotgan e’tibor zamirida har tomonlama yetuk, dunyoqarashi keng, tezkor va aniq qaror qabul qila oladigan avlodni tarbiyalab voyaga yetkazish maqsadi bor. 2019-2020 yillarda Nukusdagi Prezident maktabida direktorlik qilganman. Maktabimizni tamomlab, xorijda o‘qiyotgan o‘quvchilar bilan hozirgacha internet orqali xat yozishib turamiz. Ular “Yaratilgan imkoniyatlar tufayli biz hozir mamlakatimizdan yiroqda bilimimizni oshiryapmiz. O‘qish davomida bu yerdagi tashkilotlardan ish taklif etilayotgan holatlar ham ko‘p bo‘ladi. Lekin biz bu yerda qolmaymiz. Bilim va tajribamizni oshirib, jonajon Vatanimizga qaytamiz. Bildirilgan ishonchni oqlab, yurtimizdagi ishlarda kamarbasta bo‘lamiz”, deydi. Yoshlarning o‘zidan bunday gaplarni eshitgach, ushbu maktablarni ochish g‘oyasi naqadar to‘g‘ri va oqilona qaror bo‘lganiga ishonch hosil qiladi kishi.
Alisher UBBIYEV,
Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi direktori.
(“Yangi Oʻzbekiston” gazetasining 2023-yil 4-may, 86-soni)