Bugungi kunda mamlakatimizda istiqomat qilayotgan 130 dan ziyod millat va elat vakillari Konstitutsiya hamda qonunlarimizda qayd etilgan teng huquq va imkoniyatlardan foydalanib, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida, ilm-fan, madaniyat, ijtimoiy sohalarda samarali mehnat qilib kelyapti. Vatanimizning gullab-yashnashiga va uning mustaqilligini mustahkamlashga, xalqaro maydondagi obroʻ-eʼtibori va imijini oshirishga munosib hissa qoʻshmoqda.

Konstitutsiyamizda Oʻzbekiston oʻzining hududida yashovchi millat va elatlarning tili, urf-­odati va anʼanalariga hurmat bilan munosabatda boʻlishi, ularni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratishi kafolatlangan.

Davlatimiz rahbarining 2017-yil 19-maydagi “Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalarini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga asosan, Vazirlar Mahkamasi huzurida Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi tashkil etildi. Mazkur qoʻmita oʻz faoliyati doirasida jamiyatda millatlararo totuvlik va bagʻrikenglikni taʼminlash boʻyicha davlat siyosatini izchil hamda samarali amalga oshirib, 150 ta milliy madaniy markaz bilan hamkorlik qilmoqda.

Millatlararo munosabatlar sohasida davlat organlarining fuqarolik jamiyati institutlari bilan oʻzaro hamkorlik darajasini yana-da oshirish maqsadida 2019-yilning 15-noyabrida davlatimiz rahbarining “Millatlararo munosabatlar sohasida Oʻzbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi. Ushbu hujjat asosida Millatlararo munosabatlar sohasida Oʻzbekiston Respublikasi davlat siyo­sati konsepsiyasi tasdiqlandi. Ushbu sohada davlat siyosati amalga oshirilishi uchun masʼul boʻlgan davlat organlari faoliyati ustidan jamoat nazoratini kuchaytirish maqsadida parlament va jamoat nazorati mexanizmi ham yoʻlga qoʻyildi. Shuningdek, qoʻmita huzurida millatlararo munosabatlar sohasida davlat siyosati amalga oshirilishi uchun masʼul boʻlgan davlat organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 25-dekabrdagi qaroriga muvofiq jamoatchilik kengashi tashkil etildi.

Shuni ham qayd etish lozimki, yoshlarda fuqarolik burchini anglash, vatanparvarlik, shaʼn va qadr-qimmat, fuqarolik masʼuliyati, shuning­dek, turli tillardagi kitobxonlar oʻrtasida, bagʻrikenglikka asoslangan millatlararo muomala madaniyati his-tuygʻusini mustahkamlashga qaratilgan tanlovlar oʻtkazilib kelinmoqda.

Yana bir gap. Oʻzbekistonda barcha millatlarning oʻz ona tilida taʼlim olish imkoniyatini taʼminlash darajasini oshirish maqsadida taʼlim qardosh tillarda olib borilayotgan umumiy oʻrta taʼlim maktablaridagi holat oʻrganib chiqildi. Natijada tayyorlangan taʼlim
7 ta qardosh tilda olib borilayotgan umumiy oʻrta taʼlim maktablarini badiiy adabiyotlar bilan taʼminlash va kitobxonlikni targʻib qilish toʻgʻrisidagi takliflar asosida hamijrochilar bilan birgalikda Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi elchixonalari, konsullik muassasalari va oʻzbek milliy madaniy markazlarini hamda taʼlim qardosh tillarda olib borilayotgan umumiy oʻrta taʼlim maktablarini badiiy adabiyotlar bilan taʼminlash va kitobxonlikni targʻib qilish toʻgʻrisida”gi farmoyishi loyihasi ishlab chiqildi. Shu tufayli respublikamizda faoliyat yuritayotgan 38 ta doʻstlik jamiyati “xalq dip­lomatiyasi” mexanizmidan faol foydalangan holda, chet eldagi vatandoshlarimiz bilan muntazam va oʻzaro foydali munosabatlarni yoʻlga qoʻygan. Xorijiy mamlakatlar bilan doʻstona munosabatlarni va madaniy-maʼrifiy aloqalarni har tomonlama rivoj­lantirishga salmoqli hissa qoʻshib kelmoqda.

Millatlararo munosabatlar sohasida ­tizimli asosda ilmiy, shu jumladan, ijti­moiy tadqiqotlar, shuningdek, mazkur yoʻnalishdagi jarayonlar rivojining monitoringi olib ­borilyapti.

Vazirlar Mahkamasi huzurida Millatlar­aro munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi tomonidan millatlararo munosabatlar boʻyicha ilmiy-­amaliy tadqiqotlar oʻtkazish, ilmiy maqolalar, kitoblar, ilmiy-tadqiqot materiallari, axborot-tahliliy sharhlar tayyorlash maqsadida sohaga oid qator kitob va ilmiy maqolalar nashr qilinganligi ham tahsinga sazovor.

2017–2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi toʻgʻrisida”gi Prezident farmonida Ilm-fan sohasini 2030-yilgacha rivoj­lantirish konsep­siyasini ishlab chiqish belgilangan edi.

Shu munosabat bilan 2020-yil 29-oktyabrda Prezidentimizning, “Ilm-fanni 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi.

Shuni alohida taʼkidlash joizki, mazkur farmon iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani jadal rivojlantirish, ilmiy-intellektual hamda moliyaviy resurslarni toʻliq safarbar etgan holda ilmiy-innovatsion salohiyatdan keng foydalanish, istiqbolda ilm-fanni muntazam isloh qilib borishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilash, zamonaviy bilimga ega va mustaqil fikrlaydigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash, ilmiy infratuzilmani modernizatsiya qilish ishlarini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Qoʻmitaning taklifi asosida yurtimizda ­faoliyat yuritayotgan oliy taʼlim muassasalarida bakalavriatning antropologiya va etnologiya taʼlim yoʻnalishi va tegishli magistratura mutaxassisliklari boʻyicha kadrlar tayyorlash tizimi yoʻlga qoʻyildi. Hozirda 2020-2021 oʻquv yilida 80 nafarga yaqin talaba, magistr va tayanch dokto­ranturada tahsil olmoqda.

Jamiyat taraqqiyotini ilm-fan rivojisiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Chunki ilm-fan ishlab chiqarish, uning moddiy asosini yaratish, texnologik rivojlantirish va, eng asosiysi, kadrlar bilan taʼminlash vazifalarini oʻz zimmasiga oladi. 2020-yil may oyida Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston milliy universitetida ­“Amaliy etnologiya” laboratoriyasi hamda joriy yilda esa universitetning tarix fakultetida “Antropologiya va etnologiya” kafedrasi tashkil etildi.

Bu harakatlar samarasi oʻlaroq, mamlakatimizdagi millatlararo munosabatlar masalalarini tahlil qilish, etnik nizolarning oldini olish va ularning salbiy oqibatlarini kamaytirishga erishish vazifalarini bajarishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirish uchun qator masalalar koʻzda tutilgan.

Qoʻmita millatlararo munosabatlar sohasidagi muammolarni oʻrganish va ularni hal etishda xorijiy tajribani tahlil qilish hamda Oʻzbekis­ton sharoitida ana shu tajribadan foydalanish boʻyicha takliflar ishlab chiqish, yetakchi mahalliy va xorijiy olimlar, ekspertlar hamda mutaxassislar ishtirokida sohada ilmiy-nazariy va ilmiy-amaliy konferensiyalar, anjumanlar, seminarlar, davra suhbatlari, maʼruzalar va boshqa tadbirlarni tashkil etish va oʻtkazishda ham jonbozlik koʻrsatyapti.

Ayni paytda koʻplab xorijdagi vatandoshlarimiz iqtisodiyotimiz, ijtimoiy soha, ilm-fan, madaniyat, sport va boshqa yoʻnalishlarni rivojlantirishga, oʻzlarining tarixiy Vatani — Oʻzbekistonning obroʻsini oshirish hamda uning tashqi dunyo bilan munosabatlarini yana-da ­mustahkamlashga munosib hissa qoʻshib kelmoqda.

Prezidentimiz tomonidan imzolangan “Xalqlar doʻstligi kunini belgilash toʻgʻrisida”gi qonun bilan Oʻzbekistonda 30-iyul — Xalqlar doʻstligi kuni etib belgilandi. Mamlakatda millatlararo totuvlik va yagona katta oila muhiti tuygʻusini mustahkamlash, Oʻzbekistonning millatlararo totuvlikni mustahkamlash sohasidagi obroʻsini keng targʻib qilish va dunyo hamjamiyati oldidagi ijobiy imijini oshirish maqsadida yurtimizda ushbu sanaga bagʻishlab “Doʻstlik” haftaligi va “Doʻstlik” xalqaro forum-festivalini tashkil etish rejalashtirilgan.

Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 1-iyundagi “Xalqlar doʻstligi” koʻkrak nishonini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi qarori milliy madaniy markazlar va doʻstlik jamiyatlari vakillari mehnatini munosib ragʻbatlantirishning muhim asosidir.

Bu borada ham qoʻmita oʻzining saʼy-harakatlari bilan jonbozlik koʻrsatib kelmoqda. Mazkur qarorga koʻra, ushbu koʻkrak nishoni bilan yurtimizda yashayotgan barcha millat va elat vakillari oʻrtasida millatlararo doʻstlik va totuvlik muhitining mustahkamlanishiga munosib hissa qoʻshgan, milliy madaniy markazlar va doʻstlik jamiyatlari faoliyati samaradorligini oshirish borasida fidokorona mehnat qilgan, shuningdek, xorijiy mamlakatlar xalqlari bilan doʻstlik va har taraflama hamkorlikni rivojlantirishda samarali natijalarga erishgan mahalliy va xorijiy davlat organlari xodimlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, tadbirkorlik subyekt­lari, ijtimoiy soha va ommaviy axborot vositalari vakillari hamda chet eldagi vatandoshlar taqdirlanadi.

Mamlakatimizda aholi, ayniqsa, yoshlarning kitobxonlik madaniyatini oshirish, madaniyat va sanʼat sohasini rivojlantirish, hududlarda madaniyat, sanʼat, taʼlim yoʻnalishlarini takomillashtirishga oid koʻplab hujjatlar qabul qilindi.

Davlatimiz rahbarining “Yoshlarni ilm-fan sohasiga jalb etish va ularning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq yoshlarni ilm-fan sohasiga jalb etish va ularning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, ilmiy-tadqiqot ishlari olib borishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tashabbusi bilan isteʼdodli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash “Ulugʻbek” jamgʻarmasi tashkil etilgan edi. Bugun bu jamgʻarma faoliyatidan barcha mamnun.

Yaqinda mazkur jamgʻarma tomonidan chop etilgan “Doʻstlik xamsasi” kitobi — Markaziy Osiyo xalqlari, jumladan, oʻzbek, qozoq, turkman, qirgʻiz va tojik xalqlarining buyuk mutafakkirlari — Alisher Navoiy, Abay Qoʻnonboyev, Chingiz Aytmatov, Abdurahmon Jomiy, Maxtumqulining tarjimayi holi va ijod yoʻli haqida maʼlumotlar, xalq maqollari, hikmatli soʻzlar birinchi marta ikki tilda — asliyatda va oʻzbek tilida nashr etildi.

Ushbu majmuaning “Doʻstlik xamsasi” deb nomlanishida chuqur maʼno bor. U Markaziy Osiyo xalqlarining umumiy ildizga ega xamsachilik anʼanalarining davomiyligi namunasi. Hozirgi davrda xalqlar, millat va elatlar oʻrtasidagi doʻstlik Oʻzbekistonda ijtimoiy barqarorlikni taʼminlashning muhim shartlaridan biri. Zero, davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, “Markaziy Osiyoda koʻp asrlar davomida turli millat va elat, madaniyat va din vakillari tinch-totuv yashab kelgan. Mehmondoʻstlik, ezgulik, qalb saxovati va tom maʼnodagi bagʻrikenglik bizning xalqimizga doimo xos boʻlgan va uning mentaliteti asosini tashkil etadi”.

Ishonchimiz komilki, mana shunday gʻoyalarni oʻzida mujassamlashtirgan ushbu kitob Markaziy Osiyo xalqlarining azaliy va abadiy doʻstligi, maʼnaviy-ruhiy yaqinligi va mushtarakligining ramzi sifatida mintaqada ahillik va hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Mamlakatdagi yoshlarni aniq fanlar, raqamli texnologiyalar hamda robototexnika sohasidagi intellektual salohiyatini rivojlantirish, ularni qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirishga yoʻnaltirilgan tadbirlar tashkil etish innova­sion va ilmiy faoliyatni shakllantirish choralari koʻrilmoqda.

Davlatni innovatsion asosda rivojlantirish, bu sohaga masʼul boʻlgan idoralar, ilmiy-tadqiqot markazlari va venchur kompaniyalar oʻrtasida hamkorlikni kengaytirish ham eng zarur yoʻnalishlardan hisoblanadi. Ayniqsa, turizmni rivojlantirish boʻyicha ulkan imkoniyatlar, madaniy-gumanitar aloqalar mustahkamligi ham xalqlarni yana-da yaqinlashtirishini taʼkidlash joiz.

Hozirgi kunda mamlakatda turli millatga mansub fuqarolarning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy, maʼnaviy-maʼrifiy hayotdagi faol ishtirokini taʼminlash, ularning milliy oʻzligini anglashi hamda etnik qadriyatlarini saqlab qolishlari uchun keng imkoniyatlar yaratildi. Shuningdek, millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglik, eng avvalo, boy tarixiy-maʼnaviy meros, milliy qadriyat, urf-odat va anʼanalar asosida milliy oʻzligini anglagan, milliy gʻurur-iftixori yuksalgan, umuminsoniy qadriyatlar, zamonaviy texnologiyalar, ilm-fan yutuqlari asosida dunyoqarashi shakllangan barkamol avlodni tarbiyalashni koʻzda tutadi.

Jamiyatda millatlararo totuvlikni kuchaytirish bagʻrikenglik muhitini mustahkamlash garovi ekanligini yana bir karra isbotlaydi. Oʻzbekis­tonda keyingi yillarda millatlararo munosabatlar masalasiga katta eʼtibor qaratilayotganligini alohida eʼtirof etish joiz. Qolaversa, bugungi kunda xorijiy ekspertlar Oʻzbekistonda kuchli davlat tizimi shakllanganini mamnuniyat bilan taʼkidlamoqda.

Oqil SALIMOV,

Respublika isteʼdodli

yoshlarni qoʻllab-quvvatlash “Ulugʻbek” jamgʻarmasi raisi,

texnika fanlari doktori,

akademik