Unda senatorlar, Qoʻmita ekspertlari, doimiy komissiyalar raislari, Yoshlar parlamenti aʼzolari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Majlisda Yangi Oʻzbekistonning 2022-2026-yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasida belgilangan ustuvor yoʻnalishlardan kelib chiqqan holda Qoʻmita oldidagi muhim vazifalar belgilab olindi.

Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi zamirida xalqimizning orzu-umidlari, bugungi davr nafasi va kelajakka doir ulugʻvor maqsadlari mujassam etilgan. Bir soʻz bilan aytganda, Taraqqiyot strategiyasi oʻzida hayotbahsh xususiyat kasb etib, xalqimizni Yangi Oʻzbekistonni barpo etish maqsadida birlashtirib turadigan yaxlit maʼnaviy asos va mezonga aylanib bormoqda.

Taraqqiyot starategiyasini joriy yilda amalga oshirish boʻyicha Davlat dasturi doirasida umumiy qiymati 55 trln soʻm va 11,7 mlrd dollarlik 398 ta chora-tadbir roʻyobga chiqariladi.

Xususan, mahallani jamoatchilik boshqaruvi va nazoratining tayanch boʻgʻiniga aylantirish, xalq bilan muloqot tizimini takomillashtirish, hududiy dasturlarni jamoatchilik fikri asosida amalga oshirish, xalq deputalari Kengashlarini hududlarda mavjud muammolarni hal qilishdagi asosiy boʻgʻinga aylantirish, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining institutsional asoslarini zamon talablariga moslashtirish, davlat boshqaruvi organlari faoliyatini “Fuqaroga xizmat qilishga yoʻnaltirish” tamoyili asosida transformatsiya qilish, ixcham, professional, adolatli, yuqori natijadorlikka xizmat qiladigan davlat boshqaruvi tizimini joriy qilish hamda mamlakatimizdagi islohotlarni izchil davom ettirishda Oliy Majlis palatalari va siyosiy partiyalar rolini yanada oshirish koʻzda tutilgan.

Majlisda Qoʻmita tashabbusi bilan butunjahon Internet tarmogʻida yoshlar va voyaga yetmaganlar uchun milliy kontentni rivojlantirish, ularning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish madaniyati va zararli axborotdan himoya qilish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovi yuborish toʻgʻrisidagi masala dastlabki tarzda muhokama etildi.

Internet insonlar hayotiga shunchalik singib ketganki, zamonaviy jamiyatni usiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Bir soʻz bilan aytganda, butunjahon Internet tarmogʻi, ijtimoiy tarmoqlar hayotimizda axborotning oʻrnini keskin oshirib yubordi.

Statistik maʼlumotlarga koʻra, mamlakatimizda “Facebook”da 4,7 mln, “Instagram” da 3,7 mln, “Linkedln”da 288 ming, “Telegram”da 18 mln, “Odnoklassniki”da 16,7 mln, “Twitter”da 51,6 ming va “V-kontakte”da 2,6 mln foydalanuvchilar mavjud boʻlib, ularning koʻpchiligini yoshlar tashkil qilmoqda.

Oʻtgan davr mobaynida yoshlar va bolalarni zararli axborotdan himoya qilish, bu sohada axborot xavfsizligini taʼminlash boʻyicha mamlakatimizda bir qator qonun hujjatlari qabul qilingan. “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi, “Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”gi, “Bolalarni ularning sogʻligʻiga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari shular jumlasidandir.

Keyingi vaqtlarda butunjahon Internet tarmogʻi va ijtimoiy tarmoqlarda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan targʻibot materiallarini berib borish, bolalarni Internetdagi turli axborot xurujlaridan himoyalashga qaratilgan elektron shaklda illyustratsiya qoʻllanmalari yaratish borasidagi ishlar yetarli darajada olib borilmagan.

“Vikipediya” platformasida Oʻzbekiston haqida maʼlumotlar kamligi yoki eskiligi, ommabop onlayn platformalarda mamlakatimiz haqida sifatli formatdagi tarixiy kino va badiiy filmlar yetishmasligi tufayli yoshlar va voyaga yetmaganlarning maʼnaviyatga zid turli xorijiy kontentlarga qiziqishi tobora ortmoqda.

Oqibatda esa mafkuraviy tahdidlar orqali aholining maʼlum bir qatlamlari, ayniqsa yoshlarning qarashlarini oʻzlariga maʼqul boʻlgan yoʻnalishda oʻzgartirishga, axloqsizlik kabi buzgʻunchi gʻoyalarni singdirishga urinishlar boʻlmoqda.

Birgina 2021-yilning dekabr holatiga koʻra milliy domen makonidagi 289 ta veb-saytda pornografiya, 91 ta veb-saytda esa behayolik va maʼnaviy buzuqlik targʻibotiga xizmat qilishi mumkin boʻlgan holatlar aniqlangan boʻlib, 2097 ta qonunbuzarlik holati qayd etilgan.

Senatorlar taʼkidlaganidek, oʻquvchi yoshlarning ongiga zarar yetkazishi mumkin boʻlgan axloqsizlikni targʻib qiluvchi va diniy adovatni qoʻzgʻatuvchi kontentlarga, tavakkalchilikka asoslangan onlayn oʻyinlarga, totalizatorlarga, oilaviy qadriyatlarni inkor etadigan hamda jamiyatda buzgʻunchilik gʻoyalarini targʻib qiladigan veb-resurslarga qarshi kurashish ustuvor vazifamiz hisoblanadi.

Muhokama yakunida Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati