Milliy tibbiyot markazida Oʻzbekistonda ilk marta noyob jarrohlik amaliyoti bajarildi

    53 yoshli bemorga aorta yoyi anevrizmasi qatlamlanishini endoprotezlash hamda chap uyqu arteriyasini oʻng uyqu arteriyasiga shuntlash boʻyicha ikki murakkab jarrohlik usuli bir vaqtning oʻzida qoʻllanildi.

    Milliy tibbiyot markazida Qon tomir xirurgiyasi jamoasi hamda Intervension va Endovaskulyar Xirurgiya boʻlimlari hamkorligida Oʻzbekiston tarixida birinchi marta noyob jarrohlik amaliyoti oʻtkazildi. Bu haqda Milliy Tibbiyot Markazi axborot xizmati xabar berdi.

    Taʼkidlanishicha, 53 yoshli bemorga aorta yoyi anevrizmasi qatlamlanishini endoprotezlash hamda chap uyqu arteriyasini oʻng uyqu arteriyasiga shuntlash boʻyicha ikki murakkab jarrohlik usuli bir vaqtning oʻzida qoʻllanildi.

    Aorta yoyi anevrizmasining endoprotezlash usuli

    Ushbu usul davomida bemorning aorta devoridagi zaiflashgan va qatlamlangan qismi maxsus stenograf yordamida endoprotez orqali mustahkamlandi. Aorta yoyi anevrizmasi qatlamlanishi aortaning yorilish xavfini keltirib chiqaradigan ogʻir holat hisoblanadi.

    Jarayon davomida invaziv boʻlmagan, yaʼni katta ketsiklar qilinmasdan, endoprotez aorta ichiga joylashtirilib, qon oqimi tiklandi va bemorning hayoti xavfsizligi taʼminlandi.

    Chap uyqu arteriyasini oʻng uyqu arteriyasiga shuntlash..

    Qon tomir xirurglari jamoasi tomonidan bajarilgan ushbu murakkab jarrohlik usuli arterial qon aylanishini tiklashga qaratildi. Shuntlash usuli yuqori aniqlikni talab qiladi. Amaliyot davomida qon taʼminoti muammolarini bartaraf etish maqsadida chap uyqu arteriyasi oʻng uyqu arteriyasiga ulab berildi.

    Tibbiyot rivojidagi yangi bosqich

    Bu noyob operatsiya Oʻzbekistonda ilk marta bajarildi va xalqaro standartlarga toʻliq mos keldi. Bir vaqtning oʻzida ikki murakkab jarrohlik usulining qoʻllanilishi Milliy Tibbiyot Markazi mutaxassislarining yuksak mahorati hamda zamonaviy texnologiyalarni qoʻllash imkoniyatini namoyon etdi.

    Mazkur amaliyot mamlakatimizda tibbiyot sohasidagi yangi bosqichning boshlanishi sifatida eʼtirof etilishi mumkin.