Mintaqa charm sanoat xabi — qoʻshilgan qiymat zanjiri sohani ushbu maqomga olib chiqmoqda

    2023-yil yakuni bilan sanoat korxonalari tomonidan 247 million juft poyabzal ishlab chiqarilishi kutilmoqda.

    Mamlakatimizda yangi Oʻzbekistonni barpo etish, Uchinchi Renessans poydevorini yaratish yoʻlida olib borilayotgan islohotlar samarasi oʻlaroq, bugun barcha soha va tarmoqlarda jadal yangilanish, taraqqiyotning yangi bosqichiga oʻtish jarayoni kechmoqda. Mana shu qizgʻin, taʼbir joiz boʻlsa, tarixiy jarayonning bevosita ishtirokchi yoki kuzatuvchisi sifatida koʻpchiligimizda “Eng katta oʻzgarish qaysi sohada kuzatilyapti?” degan savol paydo boʻlishi tabiiy, albatta. Va bu savolga aksariyatimiz xalq bilan samarali muloqot tizimi, uy-joy qurilishi, energetika taʼminoti, tadbirkorlik muhiti, soʻz erkinligi, davlat xizmatlari koʻrsatish kabi qator yoʻnalishlarni misol sifatida keltiramiz. Chunki bular har birimizning kundalik turmushimizga bevosita taʼsir qiluvchi soha va tarmoqlar boʻlib, ulardagi oʻzgarishlar samarasini oʻz tanamizda his qilyapmiz.

    Boshqa tomondan esa ulardan koʻp boʻlsa koʻpki, kam boʻlmagan darajada rivojlanayotgan sohalar ham bor, faqat bizga taʼsiri bilvositaligi uchun eʼtibor qilmaymiz. Charm-poyabzal va moʻynachilik sanoati ana shunday tarmoqlardan biri. Jumladan, keyingi yillarda sohani rivojlantirishga qaratilayotgan alohida eʼtibor natijasida ishlab chiqarish zanjirining uzviyligi taʼminlandi. Bu borada “Xomashyodan — tayyor mahsulotgacha” tamoyili asosida terini qayta ishlashdan tortib, undan qoʻshilgan qiymatli, raqobatbardosh va eksportbop tayyor mahsulotlar olishgacha boʻlgan barcha bosqichlarni qamrab oluvchi yaxlit tizim yaratildi.

    — Ilgari foydalanilmagan imkoniyatlar kengligi borasida charm-poyabzal va moʻynachilik sanoati yetakchilardan biri edi, — deydi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi raisi Faxriddin Boboyev. — Chunki qishloqlarda yashovchi odamlarimiz oʻz xonadonida oʻnlab chorva boqardi, yaʼni charm-poyabzal sanoati uchun zarur xomashyo topish mumkin edi. Lekin xomashyoni qayta ishlash yoʻlga qoʻyilmagani tufayli, masalan, poyabzalning asosiy qismini katta mablagʻ evaziga import qilardik. Bugun bu holat tamoman aksi: xom ashyo import qilib, tayyor mahsulot eksport qilyapmiz. Soha rivojida davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashdan tortib, xalqaro sifat sertifikatlariga ega boʻlish, yangi bozorga yoʻl olishga qaratilgan Prezidentimizning qarorlari, normativ hujjatlar qabul qilinayotgani muhim ahamiyat kasb etmoqda. Har bir tadbirkorga individual yondashuv asosida amaliy koʻmak koʻrsatil yapti. Bu qadam, eng avvalo, “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi faoliyatining yoʻlga qoʻyilishi bilan boshlandi.

    Darhaqiqat, charm-poyabzal va moʻynachilik sohasini boshqarish tizimining samaradorligini oshirish, xomashyoni qayta ishlashni chuqurlashtirish, ilgʻor texnologiyalarni joriy etish, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar turini diversifikatsiyalash va eksport qilinadigan tovarlarni kengaytirish asosida ularning jadal rivojlanishi uchun zarur shart-sharoit yaratish maqsadida 2018-yil 3-mayda davlatimiz rahbarining “Charm-poyabzal va moʻynachilik sohalarini rivojlantirish va eksport salohiyatini oshirishni yanada ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Unga muvofiq, “Oʻzbekcharmpoyabzali” uyushmasi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi etib qayta tashkil qilindi. 2022-yil 26-fevraldagi “Charm-poyabzal va moʻynachilik sohalarida tayyor mahsulot ishlab chiqarishni qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaror bilan esa, teri xomashyosini chuqur qayta ishlash asosida undan yuqori qoʻshilgan qiymatli tayyor charm-poyabzal mahsulotlari ishlab chiqarish va eksport qilishni jadallashtirish maqsadida 2026-yilga qadar charm-poyabzal, jun va moʻynachilik mahsulotlari eksportini 2,8 barobar koʻpaytirish vazifasi belgilandi.

    Prezidentimizning joriy yil avgustda tadbirkorlar bilan oʻtkazgan navbatdagi ochiq muloqoti doirasida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini taʼminlash, shuningdek, charm-poyabzal va moʻynachilik sohasini yanada rivojlantirish, import oʻrnini bosuvchi, eksportga moʻljallangan yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni ragʻbatlantirish maqsadida navbatdagi muhim hujjat qabul qilindi. Prezidentimizning 2023-yil 11-oktyabrdagi “Charm-poyabzal va moʻynachilik sohalarida islohotlarni yanada jadallashtirish va sohaning eksport salohiyatini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, 2024-2026-yillarda charm-poyabzal sanoatini yanada rivojlantirish va xorijiy brendlar bilan hamkorlik oʻrnatish dasturi tasdiqlandi.

    Bugungi kunda mazkur hujjatlar ijrosi doirasida charm-poyabzal va moʻynachilikda xomashyo resurslaridan samarali foydalanish, sifat koʻrsatkichlarini oshirish, kichik sanoat zonalarini tashkil qilish, tashqi bozorlardagi targʻibotni kuchaytirish va kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish boʻyicha ishlar faol davom ettirilmoqda. Ushbu saʼy-harakatlar natijasida bugun Oʻzbekiston charm sanoati Markaziy Osiyoda eng koʻp ishlab chiqarish quvvatiga ega mamlakat, eng yirik eksportyor davlat maqomiga erishdi. Oʻzimizdagi xomashyodan tashqari, qoʻshni davlatlardan teri xarid qilib, uni qayta ishlashdek salohiyatga ega tarmoq vujudga keldi.

    Dunyo bozoriga mos katta salohiyat

    Ayni paytda uyushma tarkibiga 280 million juftdan ziyod ishlab chiqarish quvvatiga ega 500 dan ortiq poyabzal fabrikalari kiradi. “Oʻzcharmsanoat” uyushmasidan maʼlum qilishlaricha, 2023-yil yakuni bilan sanoat korxonalari tomonidan 247 million juft poyabzal ishlab chiqarilishi kutilmoqda. 500 dan ziyod modeldagi poyabzal mahsulotlarini ishlab chiqarish davr talabiga hamohang tarzda, jumladan, kombinatsiyalangan va ekologik toza materiallardan foydalanish negizida oʻzlashtirildi.

    Masalan, Qoraqalpogʻistonda faoliyat yuritayotgan “Orient Technology”, Sirdaryo viloyatidagi “Peng Sheng Charm”, Surxondaryodagi “Top Quality Brand” va Toshkent viloyatidagi “Angren Charm Invest” korxonalari Italiya hamda Germaniyaning zamonaviy texnologiyalariga asoslangan asbob-uskunalar bilan jihozlangan.

    Shuningdek, Fargʻona viloyatidagi ish jarayoni toʻliq avtomatlashtirilgan “Vodiy Shoes”, Andijon viloyatidagi “Ravon taraqqiyot orzusi” koʻptarmoqli korxonalarini ham ana shunday ishlab chiqarish quvvatlari qatoriga kiritish mumkin.

    Oʻtgan vaqt mobaynida sohani rivojlantirish yuzasidan olib borilgan saʼy-harakatlar samarasi oʻlaroq, mamlakatimizda poyabzalga ehtiyojning katta qismini qoplash imkoniyati yaratildi. Jumladan, bugungi kunda erkaklar poyabzali boʻyicha ehtiyoj 92 foiz, ayollar va bolalar poyabzali boʻyicha esa 60-75 foiz oʻzimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlar hisobidan qoplanyapti. Eʼtiborlisi, bu boradagi ichki talabni toʻliq qoplash, shu bilan bir qatorda, eksport imkoniyatini kengaytirish choralari koʻrilmoqda.

    — Mamlakatimiz Markaziy Osiyoda yetakchilikni egallab turgani holda, yaqin kelajakda dunyoning charm-poyabzal sohasi rivojlangan 10 ta davlati qatoriga kirishi boʻyicha amaliy ishlar olib borilmoqda, — deydi Uyushma raisi. — Nega deganda, bunga erishish uchun poydevor sifatida barcha shart-sharoit yaratib berilgan. Qolaversa, belgilangan marralar bosqichma-bosqich zabt etilayotgani ham yuqoridagi maqsadni amalga oshirish uchun umumiy salo hiyat mavjudligini anglatadi. Birgina misol, yurtimiz korxonalari tomonidan soha uchun zarur xomashyolarning aksariyat qismi toʻliq mahalliylashtirilib, tarmoqdagi isteʼmolchilar tanlovi uchun taklif qilinmoqda, ular oʻzaro manfaatli kelishuvlar boʻyicha oʻz vaqtida yetkazilyapti. Natijada tannarx muayyan darajada pasayib, mahsulotlarimizning raqobatbardoshligi yildan-yilga oshmoqda.

    2023-yil yanvar-noyabr oylarida ham tarmoqda samarali natijalarga erishildi. Ishlab chiqarish quvvatlari soni oshdi, mahsulotlar turi va hajmi ortdi. Misol uchun, joriy yilning 11 oyida 7 trillion 105 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarilib, 2022-yilning mos davriga nisbatan oʻsish 112 foizni tashkil etdi. Natijada mahsulot tannarxini 10,3 foiz kamaytirishga erishildi, 315 milliard soʻm mablagʻ iqtisod qilindi. Yil yakuni bilan esa 7 trillion 701 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarilishi reja qilingan.

    Uyushma tomonidan 2024-yil uchun belgilab olingan rejalar ham ulkan. Jumladan, charm-poyabzal va moʻynachilik mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini kamida 49,7 foizga oshirish orqali 11 trillion 520 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarish, tannarxni 5,2 foiz kamaytirib, 509 milliard soʻm mablagʻni iqtisod qilishga erishish koʻzda tutilgan.

    Investorlar sinovidan oʻtgan ishonchli tarmoq

    Maʼlumki, har bir soha rivojida investitsiyalarning oʻrni beqiyos. Shu oʻrinda keyingi yillarda charm sanoatiga yoʻnaltirilayotgan investitsiyalarni tarmoq rivojining asosiy dastagi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. 2017-2022-yillarda mavjud korxonalarni modernizatsiya qilish va yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish hisobiga sohada 800 ta loyiha doirasida umumiy qiymati 930 million dollarlik investitsiya, jumladan, 291 million dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya oʻzlashtirildi. 70 mingdan ortiq yangi ish oʻrni yaratildi.

    Agar ushbu yoʻnalishdagi raqamlarni yillar kesimida tahlil qiladigan boʻlsak, investitsiya hajmi yildan-yilga oshib borayotganiga guvoh boʻlish mumkin. Xususan, 2017-yilda bor-yoʻgʻi 18 million dollar, jumladan, 5 million dollar xorijiy investitsiya oʻzlashtirilgan boʻlsa, bu koʻrsatkich 2022-yil yakuniga kelib, 296,6 million dollarga yetdi. Boshqacha aytganda, 2017-yilga nisbatan 16 barobar koʻp investitsiya jalb etildi. Shundan 71,3 million dollari toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya ekani chet ellik ishbilarmonlarning yurtimiz charm sanoatiga qiziqishi yuqoriligidan dalolat beradi.

    Eʼtiborli jihati, charm-poyabzal sohasi bugun sarmoya kiritish uchun eng istiqbolli tarmoqlardan biriga aylandi va asosiy yoʻnalish import oʻrnini bosuvchi mahalliy mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratildi. Investitsiya loyihalarini amalga oshirish hisobiga sunʼiy charm, poyabzal qoliplari va poyabzal tagligi, charm-poyabzal sanoati uchun kimyoviy mahsulotlar, jelatin, poliuretan, yelim va boshqa butlovchi qismlar ishlab chiqaruvchi 70 ga yaqin yangi korxonalar tashkil etildi. Natijada 89,4 million dollarlik qoʻshimcha eksport imkoniyati yaratildi.

    Masalan, Sirdaryo viloyatida “Peng Sheng Charm” hamda Toshkentdagi “MMM Amin Bio” korxonalari jelatin, Fargʻona viloyatidagi “Sanfa Leather” korxonasi sunʼiy charm, Andijon viloyatidagi “A Ibro Plast” korxonasi TEP granulalari va “Sino International” korxonasi Markaziy Osiyoda birinchilardan boʻlib “NIKE” brendi ostida krossovkalar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻydi.

    — 2023-yil yakuniga kelib, umumiy qiymati 325 million dollarga yaqin 197 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilishi taʼminlanadi, — deydi Faxriddin Boboyev. — Natijada 21 mingta yangi ish oʻrni yaratilishi kutilmoqda. 2024-yilda ham sohaga sarmoyalarni faol jalb etish boʻyicha ishlar yanada kuchaytiriladi. Xususan, kamida 70 million dollarlik xorijiy investitsiyani oʻzlashtirish, qiymati 360 million dollarlik 245 loyihani ishga tushirish rejalashtirilgan. Buning evaziga tarmoqda yana qoʻshimcha 25 mingdan ziyod yangi ish oʻrni yaratiladi.

    Uyushma raisining qoʻshimcha qilishicha, kelgusi yillarda poyabzal sanoati uchun uskuna va butlovchi qismlar, sunʼiy charm, poliamid asosida mikrofibra matolari, har xil turdagi sport poyabzallari va anjomlari, poyabzal tagliklari yasash uchun qoliplar, poleuretan xomashyosi, kimyoviy reaktivlar, teri chiqindilarini qayta ishlash, charm- attorlik va sport anjomlari, maxsus poyabzallar ishlab chiqarish hamda terini qayta ishlash klasterlarini tashkil qilish boʻyicha istiqbolli loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.

    Xomashyodan tayyor mahsulotgacha

    Oʻzbekiston teridan charm, jelatin, protein va boshqa mahsulotlarni chuqur qayta ishlash boʻyicha Markaziy Osiyoda yirik markazga aylanib bormoqda. Shuningdek, klaster usulida loyihalar amalga oshirish boʻyicha ham tizimli ishlar yoʻlga qoʻyilgan.

    Bugungi kunda soha boʻyicha terini qayta ishlash hamda tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan 10 dan ortiq klaster korxonalari mavjud. Jumladan, “Peng Sheng Charm”, “Orient Technology”, “Premium Leather”, “Angren Sharm Invest”, “Hamkor Nur Savdo”, “Nafis Charm”, “Ravon taraqqiyot orzusi” kabi korxonalarda ishlab chiqarishning toʻliq zanjiri shakllantirilgan. 2023-yilda yana 5 ta yangi klaster tashkil etilishi rejalashtirilgan.

    Tarmoqda klaster loyihalarni amalga oshirishdan asosiy maqsad, eng avvalo, ishlab chiqarish zanjirini bir joyda jamlashdir. Bu orqali xomashyodan tayyor mahsulotgacha boʻlgan barcha jarayon bir joyda bajarilishi hisobiga investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish va tannarxni pasaytirishga erishiladi.

    Shuningdek, klaster usuli yuqori qoʻshilgan qiymatli eksportbop hamda raqobatbardosh tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishga erishish imkonini beradi. Logistika masalasini yengillashtirish, ishlab chiqarish kooperatsiyasini yoʻlga qoʻyish kabi zarur sharoitlar paydo boʻladi.

    Bundan tashqari, terini qayta ishlovchi korxonalar uchun yagona oqova suv tozalash inshooti barpo etiladi, bunda 3-4 ta klaster korxonasi uchun markazlashgan yagona tozalash inshooti xizmat qiladi. Bu, oʻz navbatida, jahon standartlaridan biri boʻlgan “LWG” (Leather Working Group) sertifikatiga ega boʻlishga zamin yaratishi bilan ahamiyatlidir.

    Xalqaro bozorga yoʻl olayotgan oʻzbek charm-poyabzallari

    Ishlab chiqarishni kengaytirish, texnik va texnologik yangilash, modernizatsiya qilish hamda jahon sifat standartlarini joriy etish boʻyicha sohada bugungi kungacha yuzlab investitsiya loyihalari hayotga tatbiq etildi. Natijada charm-poyabzal va charm buyumlar eksporti hajmi 2017-yilga nisbatan 5,5 barobar koʻpayib, 2022-yilda 460 million dollardan oshdi.

    Ayni paytga qadar poyabzal, charm-attorlik, qorakoʻl va moʻyna mahsulotlari, asosan, Germaniya, Italiya, Portugaliya, Fransiya, Belgiya, Misr va Koreya davlatlariga eksport qilingan boʻlsa, 2022-yildan ular qatoriga AQSH, Yaponiya, BAA, Kamerun va Kolumbiya kabi davlatlar qoʻshildi.

    Eksport salohiyatini yanada oshirish boʻyicha zarur choralar koʻrilmoqda. Jumladan, Germaniyaning “Berkemann” va Rossiyaning “Avanti”, “Yaxting”, “Parijskaya kommuna”, “Ortomoda”, “Maraks”, “Bars”, “Vostok”, Turkiyaning “Vakko”, “Hotic”, “Greyder”, “Yargici” poyabzal brendlari, “Manu Atelier” va “Esin Akan” kabi kompaniyalarining charm-attorlik mahsulotlari brendlari boʻyicha “autsorsing” va “franchayzing” yoʻnalishida hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyilgan. Joriy yil yakuni bilan eksport hajmini 610 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan.

    Shu bilan birga, 2024-yilda Qatar, Vyetnam, Meksika va Afrikaning bir qator davlatlari kabi 10 dan ortiq yangi eksport bozorlarini oʻzlashtirish hamda 20 xil turdagi yangi mahsulotni tashqi bozorlarga yoʻnaltirish vazifasi belgilab olingan.

    Yevropa bozoriga kengroq kirib borish maqsadida eng yirik standartlash va sertifikatlash tashkilotlari — Angliyaning “Charm ishchi guruhi” (LWG) va “Barqaror terichilikni rivojlantirish tashkiloti” (SLF) bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish orqali mahalliy korxonalar eksport geografiyasini kengaytirish boʻyicha ham amaliy choralar koʻrilmoqda.

    Kezi kelganda taʼkidlash oʻrinliki, joriy yil “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi SLF va LWG sertifikatlash tashkilotlari aʼzoligiga qabul qilindi va bunga soha korxonalari ham jalb etilmoqda. Bu, oʻz navbatida, uyushmaga aʼzo korxonalarning nafaqat Yevropa, balki dunyoning istalgan nuqtasida erkin savdoni amalga oshirishiga imkon yaratadi. Shuningdek, ushbu sertifikatlar xalqaro bozorda Oʻzbekiston mahsulotlarining tan olinganini anglatadi.

    — Joriy yil 18-20-oktyabr kunlari yurtimizda oʻtkazilgan “UzCharmExpoEurasia — 2023” 15-xalqaro koʻrgazmasi doirasida “Global brendlari bilan hamkorlik Oʻzbekiston charm-poyabzal sohasining jahon poyabzal sanoatiga integratsiyalashuvi shakli sifatida” mavzusida xalqaro konferensiya ham boʻlib oʻtdi, — deydi Faxriddin Boboyev. — Konferensiyada Oʻzbekiston charm-poyabzal sanoati soʻnggi 6-yilda mintaqamiz va MDHda yetakchi oʻrinlarni egallayotgani soha mutaxassislari ishtirokida tahlil qilindi. Tadbirda AQSH, Italiya, Germaniya, Turkiya, Xitoy, Rossiya va boshqa davlatlarning mahsulotni sertifikatlash boʻyicha nufuzli xalqaro tashkilotlari, xalqaro koʻrgazmalar va milliy charm-poyabzal assotsiatsiyalari vakillari ishtirok etdi. Umuman olganda, charm va charm-poyabzal sohasida mahsulot ishlab chiqarishning toʻla uzviylashtirilgan zanjiri, oʻsayotgan bozor va investitsiya dasturlari Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi mavqeini yanada oshirmoqda. Ayni shu maqsadda uyushmamiz tomonidan yiliga ikki bor tashkil etiladigan “UzCharmExpo” xalqaro koʻrgazmasi xorijiy mamlakatlar bilan munosabatlarning amaliy rivojlanishiga keng imkoniyat yaratmoqda.

    Yangi marralar sari

    Davlatimiz rahbarining yuqorida zikr etilgan 2023-yil 11-oktyabrdagi qarori bilan 2023-2025-yillarda teri xomashyosini chuqur qayta ishlash negizida eksportga yoʻnaltirilgan yuqori qoʻshilgan qiymatli tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha investitsion loyihalari ishga tushiriladi. Shuningdek, charm-poyabzal va moʻynachilik sohasida investitsiya loyihalari uchun yer maydonlarini ajratish tizimi soddalashtirilib, kichik sanoat zonalari faoliyati takomillashtirilmoqda.

    Respublikamizda tashkil etilgan 16 ta ixtisoslashgan charm-poyabzal kichik sanoat zonasida joylashtiriladigan investitsiya loyihalari uchun elektron onlayn auksion savdolariga chiqariladigan yer uchastkalarining boshlangʻich narxi 25-yil muddatdan kelib chiqib, hisob-kitob qilinadi. Yer uchastkalari elektron onlayn auksion savdolariga aniqlangan boshlangʻich narxining 10 foizi miqdorida chiqariladi. Elektron onlayn auksion savdolari gʻoliblari tomonidan yer uchastkalari uchun mablagʻlar 3-yil davomida teng ulushlarda toʻlab beriladi.

    Charm-poyabzal sanoatini yanada rivojlantirish va xorijiy brendlar bilan hamkorlik oʻrnatish dasturi doirasida 2024-2026-yillarda “Berkemann”, “Caprise”, “Baldinini”, “Li-Ning”, “Anta Sports”, “Peak Sport”, “Xtep” kabi 30 dan ortiq nufuzli xorijiy brendlar jalb qilinadi.

    2023-2025-yillarda charm-poyabzal va moʻynachilik sohalarida yuqori qoʻshilgan qiymatli, import oʻrnini bosuvchi tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha umumiy qiymati 1 milliard dollarga teng 769 ta investitsiya loyihasi amalga oshiriladi.

    Umuman, “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasiga muvofiq, 2030-yilga qadar mamlakatimiz charm va charm-poyabzal sohasida bundan-da katta amaliy ishlar qilinadi. Xususan, sanoatning drayver sohalarini rivojlantirish va hududlarning sanoat salohiyatini toʻliq ishga solish maqsadi doirasida charm-poyabzal sanoatiga 30 dan ortiq nufuzli xorijiy brendlarni jalb etish hisobiga qoʻshilgan qiymat 5 barobar oshiriladi. Kelgusi 7-yilda sohaga qaratilgan eʼtibor va amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida Oʻzbekiston charm va charm-poyabzal tarmogʻi yangi ufqlarni zabt etishi shubhasiz.

    Avazbek XUDOYQULOV,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri