Mehmon bilan boʻlib oʻtgan muloqotda Oʻzbekiston va Tojikiston yozuvchilari ijodiy tashkilotlarining hamkorligi masalasiga alohida toʻxtalib oʻtildi.

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid oʻzbek va tojik adabiyoti oʻrtasidagi doʻstlik rishtalari azaldan davom etib kelayotganini taʼkidlar ekan, bugungi hamkorlikda oʻzaro tarjimalar ayirboshlash bilan birgalikda adabiy muloqotlar va doʻstlik tadbirlari alohida oʻrin tutayotganini bildirdi.

Akbar Abdullo tojikistonlik oʻzbek shoir va yozuvchilarining ijodi haqida toʻxtalib oʻtarkan, shu yili bir necha oʻzbek shoiri Tojikiston Yozuvchilar ittifoqiga aʼzolikka qabul qilinganini qayd etdi.

Aytish kerakki, Tojikiston Yozuvchilar ittifoqida oʻzbek adabiyoti shubasi faoliyat olib bormoqda, unga Sulaymon Ermatov rahbarlik qiladi. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida esa tojik adabiyoti shubasi tashkil etilgan, uni shoir Paymon boshqaradi.

“Adabiyot” nashriyotida “Zamonaviy tojik sheʼriyati antologiyasi” nashrdan chiqish arafasida, kitobdagi sheʼrlar shoir Odil Ikrom tomonidan oʻzbek tiliga tarjima qilingan.

Akbar Abdullo Mirzo Tursunzoda nomli adabiy mukofot sovrindori hisoblanadi. U oltita sheʼriy kitoblar muallifi, adabiy tarjima sohasida ham samarali faoliyat olib boradi.

2021-yili rus sheʼriyatidan qilgan qator tarjimalari uchun Lev Tolstoy nomidagi medal bilan taqdirlangan.