Misrda oʻzbek tili grammatikasini oʻrganish boʻyicha darslik yaratildi

    Fan 29 Aprel 2025 6888

    Oʻzbekiston elchixonasi tomonidan ingliz tilida soddalashtirilgan uslubda oʻzbek tilini noldan oʻrgatuvchi “Uzbek Language: Complete Self-Study Guide in 22 Lessons” nomli qoʻllanma chop etildi.

    "Dunyo" AAning xabar berishicha, oʻzbek tilini xorijda ommalashtirishda asosiy muammo sifatida zamonaviy talablarga javob beradigan oʻzbek tili grammatikasiga oid chet tilida yozilgan qoʻllanmani topish mushkul edi. Mavjud darslik esa chuqurlashtirilgan tarzda oʻqitishga va ular mustaqil til oʻrganishga moʻljallanmagan.

    Bu kabi muammolarni bartaraf etish maqsadida va xorijiy tillarni oʻrganish boʻyicha tajriba asosida Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti va Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti mutaxassislari tavsiyalarini inobatga olgan holda mazkur kitob tayyorlandi.

    Ushbu kitobning kirish qismida oʻzbek tilining oʻziga xos xususiyatlari, uning oʻzgarish bosqichlari hamda oʻzbek xalqining shakllanish tarixi haqida soʻz yuritilgan.

    Kitobning asosiy qismidagi 22ta darslar yirik mavzularni boshqa qoʻllanmalar kabi alohida-alohida toʻliq tushuntirishga emas, balki xorijiy tilni oʻrganish uchun eng zarur boʻlgan qoidalar va konstruksiyalarni oʻrgatishga bagʻishlangan.

    Oʻzbek tilida feʼl zamonlarini tushunish xorijliklar uchun nisbatan murakkabligini inobatga olib, qabul qilingan standartlardan farqli ravishda ingliz tiliga qiyoslab sodda koʻrinishda tushuntirilgan.

    Har bir dars soʻngida qisqa mashqlar va matnlar keltirilgan. Bunda oʻrganuvchiga yuk boʻlmasligi uchun mashqlar soni koʻpaytirilmagan. Zero, hozirgi zamonda har bir shaxs ixtiyoriy tilda istalgan miqdorda maʼlumotlarni Internet tarmogʻidan topishi va turli dasturlar yordamida ularni tarjima qilishi mumkin.

    Qoʻllanma oxirida til oʻrganishni osonlashtiruvchi qoʻshimcha qismlar ham kiritilgan.

    Maʼlumki, xorijiy tilni oʻrgangan shaxs tegishli davlatga borganida rasmiy til va xalq qoʻllaydigan soʻzlashuv oʻrtasidagi farq tufayli, ushbu tilni tushunishda qiyinchilikka uchraydi. Shuni inobatga olib, oʻzbek tili shevalari va ularning farqlari tushuntirilgan hamda xalq orasida ishlatiladigan, lekin adabiy tilga kiritilmagan baʼzi keng foydalaniladigan oʻzlashma soʻzlar ham mazkur kitobga ilova qilingan.

    Qolaversa, xorijiy tilni sheʼrlar va qoʻshiqlardan foydalanib oʻrganish qulayligini inobatga olib, oʻzbek xalqi orasida ommalashgan sheʼr va qoʻshiqlar kitobda keltirilgan, ulardagi murakkab soʻzlar sharhi ham bevosita berilgan.

    Kitobda mustaqil tarjima qilish uchun Oʻzbekiston va uning qadimiy shaharlari, buyuk tarixiy shaxslari toʻgʻrisida qiziqarli maʼlumlar ham mavjud.

    Qoʻllanma soʻnggida 2500 dan ortiq faol qoʻllaniladigan soʻzlar asosida oʻzbekcha-inglizcha lugʻat chop etildi.

    Elchixona tashabbusi bilan nashrga tayyorlangan mazkur kitob Misrdagi kutubxonalar, oʻzbek tilini oʻrganayotgan Qohira universiteti talabalari orasida tarqatilmoqda.

    Shuningdek, mamlakatimizning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari orqali oʻzbek tili oʻqitiladigan xorijiy universitetlarga ham yetkazish rejalashtirilgan.

    Qayd etish joizki, mazkur qoʻllanma boshqa davlatlardagi oʻquvchilar uchun Amerika, Yevropa va Osiyodagi AMAZON platformalarida ham elektron va rangli bosma kitob shakllarida joylashtirilgan, «Google Books» va «Google Play« platformalarida esa ilova shaklida topish mumkin.

    Shuningdek, mazkur darslik rus tiliga ham tarjima qilinib, loyiha nusxasi «Uzbekskiy yazыk: Polnыy kurs za 22 uroka« nomi bilan LITRES platformasida elektron shaklda mavjud.

    Ushbu qoʻllanma hozirda arab tiliga ham tarjima qilinmoqda.