Ijtimoiy tarmoqlarda “Yamal” aviakompaniyasining Moskva-Namangan-Moskva yoʻnalishi boʻyicha LLM9205/9206 aviaqatnovi bekor qilingani haqida maʼlumotlar tarqaldi.

Maʼlum qilinishicha, joriy yilning 13 oktabr kuni Rossiyaning Yamal aviakompaniyasining bortida 220 yoʻlovchi boʻlgan havo kemasi Moskva vaqti bilan soat 15:40da Domodedovo aeroportidan Namanganga uchishi rejalashtirilgan edi.

Aviakompaniya ushbu aviaqatnovni amalga oshirish uchun nazorat qiluvchi organ – “Oʻzaviatsiya” agentligiga tegishli soʻrovnoma yubormagani bois ushbu charter reysi amalga oshirilmadi.

Namangan xalqaro aeroportining ushbu aviaqatnovni bekor qilinishiga xech qanday aloqasi yoʻq. Aeroport xodimlari Toshkent vaqti bilan soat 23:00 da Namangandan Moskvaga uchishi kerak boʻlgan yoʻlovchilarga yuzaga kelgan vaziyat boʻyicha atroflicha maʼlumot taqdim etdilar.