Muhandislar — taraqqiyot tayanchi

    Yil oxirigacha barcha kafedrada elektron kooperatsiya portalida 10 milliard soʻmlikdan ziyod shartnoma tuzilishi reja qilingan.

    Yaqinda davlatimiz rahbari rektorlar va professor-oʻqituvchilar bilan muloqot qilib, muhandis kadrlar tayyorlash borasidagi asosiy vazifalarni belgilab berdi. Chunki muhandislik sohasi hayotimizning barcha jabhasiga chuqur kirib, amaliy saʼy-harakatlarimiz mezoniga aylanib bormoqda. Muhandis kadrlarni salohiyatli va vatanparvar etib tarbiyalash xalqimiz ogʻirini yengil qilish, ishlab chiqarishda yangi zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, dunyo tamaddunidagi oʻrnimizni yanada yuksaltirishda muhim.

    Yigʻilishda bugungi murakkab vaziyatda barcha davlat ichki resurslarga tayanib, innovatsiyaga intilayotgani qayd etildi. Sohadagi sharoit avvalgidan oʻzgargan boʻlsa ham shiddatli zamon uchun yetarli boʻlmayotgani taʼkidlandi. Dunyoda iqtisodiy va ijtimoiy mavqeyimiz oʻzgarishi muhandislik va yaratuvchanlik salohiyatimizga bogʻliq. Iqtisodiyotimizning jadal oʻsishini taʼminlashda yuqori malakali muhandis-texnologlarga ehtiyoj yuqoriligiga ham urgʻu berildi.

    Shu bilan birga muhandislarning har bir sohaga cheksiz mehnati singgani ham ochiq-oydin haqiqat. Hamisha insoniyatni taraqqiyotga olgʻa boshlaydigan, noyob loyihalarga ilhomlantiradigan muhandislar davrning ildam yetakchilaridir. Xususan, milliy muhandislik tizimimiz va oʻziga xos maktab shakllantirish vazifasi oldimizda turgan eng muhim maqsadimizga aylanishi kerak. Jahon bozorida innovatsion, tejamkor, yangi loyihalarga talab yuqori boʻlayotgani, iqtisodiy tovar aylanmasida ham muhandislik mahsulotlari salmogʻi asosiy oʻrin egallamoqda. Bu, oʻz navbatida, iqtisodiy barqarorlikka iqtidorli muhandislarni tarbiyalash orqali erishish mumkinligini anglatadi. Sababi eng murakkab turdagi operatsiyalarni amalga oshiradigan apparatlardan tortib, minib yurgan mashinamiz, yashayotgan binolarimiz, yurayotgan yoʻllarimizgacha, eng murakkabdan sodda instrumentlargacha muhandislar mehnatidan bahramand boʻlmoqdamiz. Bugun dunyoning eng boy odami ham, insoniyat tafakkuridan ancha ildamlab ketayotganlar ham muhandislardir.

    Yigʻilishda texnika oliygohlaridagi yoʻnalish va mutaxassisliklar ishlab chiqaruvchilar talabiga mos emasligi tanqid qilindi. Bu oʻrinda kadrlar tayyorlashda mehnat bozori talab va takliflarini hisobga olish, puxta oʻzlashtirish zarurligini qayd etmoqchimiz. Yaqin va uzoq istiqboldagi rivojlanish nuqtayi nazaridan bizga zamon talabi, islohotlar shiddatiga mos kadrlar kerak. Ushbu maqsadni roʻyobga chiqarish uchun OTMlarda dolzarb va ilgʻor yoʻnalishlarni joriy etishimiz zaruratdir. Sohani nafaqat jonlantirish, davlatimiz tayanchiga aylantirishdek vazifani zimmamizga olgan ekanmiz, OTM rahbarlari va mutasaddilar tinimsiz izlanishda boʻlishi, yangiliklardan uzilib qolmasligi, jahon tajribasi bilan bogʻliqlik hosil qila olishi kerak. Bu vatanga va xalq taraqqiyotiga xizmat qilishning goʻzal koʻrinishidir.

    Buxoro muhandislik-texnologiya institutida hozir robototexnika va mexatronika yoʻnalishida kadrlar tayyorlashga alohida urgʻu berilmoqda. Chunki robototexnika asta-sekin odamlarning professional va shaxsiy hayotining bir qismiga aylanib ulgurgan davrda yashayapmiz. Ushbu pallada nafaqat yuqori texnologiyalarni ishlata oladigan kadrlarga ehtiyoj sezamiz, balki ushbu texnologiyalarni yarata oladigan yoshlarni ham tayyorlashimiz muhim. Albatta, bunga bir yoki ikki yilda erisholmaymiz. Biroq muhim jarayonlardan muvaffaqiyatli oʻta olishimizga ishonaman. Izchillik, toʻxtovsiz harakat va strategik yoʻl xaritamiz boʻlishi soha rivojining asosiy omilidir. Yuqori texnologiyali davlatlarda hamma jabha tobora avtomatlashtirilmoqda. Ilgari unumdorlik qoʻl mehnati asosida oʻlchansa, bugun tezlik va texnologiya samaradorlik kalitiga aylanmoqda. Jamoat transportlarini haydovchisiz boshqarish, koinotni tadqiq qilish, okean tubidagi neft quvurlarini taʼmirlash, shifoxonalardagi jarrohlik muolajalari, fabrikalardagi ishlab chiqarish jarayoni robototexnologiyalar yordamida bajarilmoqda va bu ular uchun oddiy holga aylangan.

    Buxoro muhandislik-texnologiya institutida xalqaro standartlarni joriy etish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish, modernizatsiya qilish, ilgʻor taʼlim texnologiyalarini qoʻllash, yuqori texnologiyalar yordamida ishlaydigan kadrlar tayyorlash maqsadida ilmiy laboratoriyalar moddiy-texnik bazasi mustahkamlanmoqda. Jumladan, joriy yilda «Mashinasoz» texnoparki tashkil etildi. Unda 12 ta zamonaviy oʻquv laboratoriya jihozi boʻlib, ular koʻmagida 88 ta laboratoriya ishi bajariladi. Islom taraqqiyot banki hisobidan 445 ming dollar ajratilgan. Shuningdek, 80 ming dollarlik «Metrologiya» ilmiy-innovatsion laboratoriyasi tashkil etilib, 25 ta zamonaviy laboratoriya qurilmalari bilan taʼminlandi. Bundan tashqari, Islom taraqqiyot banki mablagʻi hisobidan jami 171 ming dollarlik 17 ta zamonaviy oʻquv laboratoriya jihozidan iborat «Issiqlik texnikasi. Termodinamika» oʻquv va ilmiy laboratoriyasi tashkil etildi. Ushbu laboratoriya xonasidagi 17 ta zamonaviy oʻquv-laboratoriya jihozida 138 ta laboratoriya ishi bajarish imkoni mavjud. Joriy yilda ishlab chiqarishda 9,75 milliard soʻmlik xoʻjalik shartnomasi bajarildi.

    Shuningdek, ilmiy innovatsiyalarni ishlab chiqarishni joriy etish, bu borada ilmiy loyihalarni buyurtma bilan taʼminlash boʻyicha mahalliy hokimlik tomonidan yordam koʻrsatilishi belgilab berildi. Bu, oʻz navbatida, olimlarning yangi hamkorlik loyihalarini yaratishi va sanoatning barcha sohasiga joriy etishini taʼminlaydi. Institut olimlari ilmiy ishlanma va yangi mahsulotlar yaratishda iqlimga xos va tuprogʻimizga chidamli texnologiyalar yaratilayotganiga urgʻu berayotir. Xususan, 2023-2024 oʻquv yilida professor-oʻqituvchi va ilmiy xodimlar tomchilab sugʻorish, Buxoro viloyatida geotermal energiyadan foydalanishni yoʻlga qoʻyish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash texnologiyalarini ishlab chiqdi. Shuningdek, detallar tarkibini aniqlash, ipak chiqindilaridan kosmetik va antibakterial mahsulotlar olish, Felting texnikasi yordamida barqaror shakldagi kiyimlar tayyorlash, mahalliy xomashyo va sanoat chiqindilari asosida maxsus poyabzal polimer tagliklari yaratish va biriktirish, elektr tarmogʻida noqonuniy ulanishni aniqlash texnologiyasi yaratildi. Ushbu texnologiyalar qishloq xoʻjaligi va sanoatda dolzarbligi jihatidan katta ahamiyatga ega yangi loyihalardir.

    Yigʻilishda berilgan topshiriqlarga binoan oliy muhandislik maktabi tashkil etish boʻyicha tayyorgarlik ishlari bajarilmoqda. Bundan tashqari, tanqidiy-tahliliy ruhda oʻtkazilgan yigʻilishda Buxoro muhandislik-texnologiya instituti Cooperation.uz maxsus savdo platformasida xizmat koʻrsatgani taʼkidlandi. Joriy yilda institutning 2 ta kafedrasi 28 ta xizmat koʻrsatish boʻyicha 4,5 milliard soʻm daromad olgan. Yil oxirigacha barcha kafedrada elektron kooperatsiya portalida 10 milliard soʻmlikdan ziyod shartnoma tuzilishi reja qilingan.

    Taʼlim tizimidagi islohot va tashabbuslar, ayniqsa, yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlardan keng foydalangan holda ushbu yigʻilishdan soʻng oldimizga katta marralar belgilab oldik. Yangi Oʻzbekistonni barpo etishda vatanparvarligi, ilmi, iqtidori, salohiyati hamda tashabbuskorligi bilan tengdoshlari orasida shaxsiy namuna koʻrsatadigan yetakchi yoshlarni tarbiyalashga bor kuch-gʻayratimizni safarbar qilamiz, albatta. Ulugʻlar aytganidek, asl kuch soʻzdan keyingi amaliy ishlarda boʻy koʻrsatadi. Oʻylaymizki, xayrli maqsadimizga erisha olamiz!

    Sadoqat SIDDIQOVA,

    Buxoro muhandislik-texnologiya instituti rektori