Qayoqda, stolda oʻtirib, xomiqib qolgan qalamkashlar 4–5 gʻishtni koʻchiraman deb tob tashlab yubordik. Qoʻllarimiz qavarib, qontalash boʻlib ketdi.
— Boʻldi, yetar, — dedi Muzaffarxon aka, — qolganini mardikor bolalarga qoʻyib beraqolaylik. Undan koʻra, dadam behol, barchamiz borib, u kishidan hol soʻrasak, shu ham katta savob.
Ozroq bozorlik qilib, domlaning xonadoniga yoʻl oldik. Borsak, uylarida mehmon — Qoʻqon oʻlkashunoslik muzeyi direktori Ibodulla Rahmatullayev bor ekan. U kishi ham domlani ajzi niyoz qilgani kelgan ekan.
— Bular oʻgʻlimizning oʻrtoqlari, eski uyimizning yogʻochlarini koʻchirib kelishayapti, hashar qilishgan, — dedi Chustiy domla bizni tanishtirib.
— Eh-ha, bular uybuzarlar deng hali, — dedi mehmon gʻoyat tagdor qilib.
— Bizlar rosmana “shagʻal toʻkdik” (sharaqlab kulib yubordik).
— Endi shu payrovdan ketar ekanmiz-da, — dedilar Chustiy domla. — Hasharchilarning ham koʻngillari yoziladi bahonada.
— Shu deyman, domla, Qoʻqondan turib eshitib qoldim: Chustiy domlaning uylari buzilib, nima qilishni bilmay hovliqib yuribdilar, deb.
— Hovliqilish oson emas ekan, Ibodullaxon uka, material tanqis – topolmay, kasal boʻlib qoldim, u yogʻini soʻrasangiz, to nevropotolokkacha (potolok – ruscha: shift) chiqdim-da oʻziyam. Rayispolkomdagilar: “Boramiz, yordam beramiz”, — deyishgandi, mana, haligacha hech kim yoʻq.
— Unday boʻlsa, yuqoridagilarni poylab, ertalab boʻsagʻada rosa oʻtirgan boʻlsangiz kerak?
Chustiy domla bir yogʻi keksalik, bir yogʻi betoblik sabab charchayotgani ancha bilinib qolgandi. Buni vaqtida anglagan mehmon bugungi gurungga chek qoʻyish uchun askiyani qisqaroq qildi:
— Chustiy domla, hovliqilishdan ancha chiqib qolibsiz, rangingizni qarang — koʻrganlar: “Bu choldevor boʻlib qolibdi”, deydi.
Askiyaning bitta oʻzgarmas qonuni bor: “Gap kelganda, otangni ayama”, degan. Bunda ham shunday boʻldi. Chustiy domla oʻzlarini yoʻqotib, ranglari oqarib ketdi. Mehmon asta ishora qilib, bizga ruxsat berdi”.
***
Yuqoridagi askiyaga ulanib ketgan voqeani 2015-yil 9-mart kuni mohir tarjimon Amir Fayzulla tilidan yozib olgan edim. Folklor asarlari, jumladan, askiyaning asrlar osha yashashining siri uning ijodkorlari ham, ijodoshlari, yaʼni tinglovchilar, tomoshabinlar ham quymaquloq — xotirasi bir koʻrgani, bir eshitganini unutmaydigan darajada kuchli odamlar edi. Amir Fayzulla bundan qariyb yarim asr avval badiha tarzida aytilgan askiyani bu qadar aniq takrorlashi ham shundan. Demakki, folklor, uning barcha namunalari, jumladan, askiya, qiziqchilik ona tilining tuganmas boyliklarini yuzaga chiqarish, tobora rivojlantirish, boyitish, shuningdek, millat, ayniqsa, yosh naslning zehniyatini oʻstirish, fahmini charxlash yoʻlida butun ijodiy kuchini sarflaydi.
Bejiz emaski, davlatimiz rahbari mamlakatimizda milliy qadriyatlarimizni, shu jumladan, milliy askiya va qiziqchilik sanʼatini asrab-avaylash, keng targʻib etish va kelgusi avlod uchun nomoddiy meros sifatida yetkazish maqsadida alohida qaror qabul qildi. Endilikda Margʻilon shahrida Yusufjon qiziq Shakarjonov nomidagi respublika askiya va qiziqchilik markazining tashkil etilishi yuqoridagi maqsadlarga xizmat qilajagi aniq. Zero, bu Markaz ustoz-shogird anʼanalarini rivojlantirish, isteʼdodli yoshlarni tarbiyalash, madaniyat va taʼlim muassasalarida askiya va qiziqchilik sanʼati toʻgaraklarini tashkil etish, askiya va qiziqchilik sanʼatini saqlash va targʻib etish boʻyicha ilmiy tadqiqotlar olib borish, ayni yoʻnalishdagi ijodiy va ilmiy faoliyatni qoʻllab-quvvatlaydi. Askiyachilar va qiziqchilar ommaviy bayramlar va madaniy tadbirlarda faol ishtirok etishini taʼminlaydi, ularning mamlakatimizda va xorijiy davlatlarda gastrol faoliyatini amalga oshirish, festival, koʻrik-tanlov, ijodiy kechalar, askiya va qiziqchilik tomoshalarini tashkil etishga koʻmaklashadi. Askiya va qiziqchilik sanʼatining payrov, qofiya, bahri-bayt, afsona, radif, aytishuv, rabbiya kabi noyob shakllarini asrash va targʻib etish, sahnaviy syujetlarini rivojlantirish hamda isteʼdodli soʻz ustalarining ijod fondini va maxsus adabiyotlarni yaratish jarayonida esa, bu sanʼatlar kamoloti taʼminlanadi.
Umuman olganda, endilikda askiya va qiziqchilik sanʼati ham, unga bagʻishlangan ilmiy tadqiqotlar ham yuqori bosqichga koʻtariladi.
Filologiya fanlari doktori, professor Komiljon Imomov kulgu sehrli kuch-qudratga ega, deb anglash qadimgi mifologik eʼtiqodlar hamda Navroʻz bilan bogʻliq holda toʻliq anʼanalashgani, tadqiqotchilar marosimlar tarkibidagi kulgu xursandchilik va shodlik ato etuvchi sirli kuch — sehrni tashigan, magik kulgu nikoh, bola tugʻilishi yoki Navroʻz kunlarida yuz bergan oʻyin-kulgularda, koʻngilxushliklarda amal qilganini, kishilarga hayot baxsh etuvchi joduga molik boʻlganini alohida taʼkidlashganini eslatadi. U magik kulgu keyinchalik sehrli ertaklarga koʻchganini bildirib, misollar keltiradi. Ushbu ilmiy axborotdan ibrat olib, askiyani magik kulgu kesimida oʻrganish uning fenomenini teran, har taraflama tahlil va talqin qilishga imkon yaratadi, degan toʻxtamga kelamiz. Zero, odamzod serpushtligini kulgu magiyasi panohida saqlash, amalga oshirish askiyaning yuksak vazifasini (missiyasini) belgilagan. Askiyadagi, — ulugʻ adib Abdulla Qahhor iborasini qoʻllab aytsak, shabada chiqarish usuli insonning nikoh tuzib, oila qurib, farzand koʻrib, zot-zurriyot qoldirishdek eng oliy burchini ulugʻlovchi majozdir.
Askiya juda yuksak va murakkab sanʼat. Askiyachilar mavridi topilganda, laqablarni ham “oʻynatadilar”. Ammo bu badiiy usulni ilgʻay olmaydiganlar ham topiladi. Oʻzbek bolalar folklori boʻyicha yozilgan dissertatsiyaning dastlabki muhokamasida qatnashganimda, guvoh boʻldimki, bir oʻrinda nima uchundir laqab zamiridagi estetik mohiyatdan tamomila uzoqlashib, tekis yerda qoqilgan muallif shunday deb yozgan — sababini hech tushunib boʻlmaydi: “Kattalar orasida azaldan bir-biriga laqab qoʻyib, laqabboz qilish odatiy illat (taʼkid bizniki – M.Q.) darajasida saqlanib kelayotir. Buni esa tabiatiga kuchli taqlidchilik mayli xos boʻlgan bolalar ham oʻzlashtirib olishgan. Ular orasida laqabbozlik oʻyin darajasiga koʻtarilgan. Bunda biror-bir kamchiligi sabab laqab orttirgan shaxsni tahqirlash (taʼkid bizniki – M.Q.) koʻzda tutiladi”. Javoban, biz ustoz Abdulla Qahhor 1963-yilda yozgan shu soʻzlarni eslab, oʻqib berdik: “kishilarga “laqab qoʻyish mumkin emas” degan daʼvo jaholatdan va demagogiyadan boshqa narsa emas. Askiyada laqab kishini haqorat qilmaydi, balki soʻz musobaqasida bir vosita boʻladi, xolos. Sahnada oʻgʻri, poraxoʻr, ayiq, it, eshak qiyofasida chiqadigan artistlar haqorat ostida qoldi, degan gap kimning xayoliga kelishi mumkin”.
Bu kabi dono oʻgitlarni unutmay, ijodiy foydalanishimiz xayrli boʻladi.
Etnograflar tomonidan toʻplangan maʼlumotlar, dalillar kundalik turmushimiz, marosimlarimiz, odatlarimiz tubidagi tasavvurlarning asosiy qismi hosildorlik, serfarzandlik murod-maqsadi sarchashmasidan boshlanib, asrlar, eralar osha yashab kelayotganini tasdiqlaydi. Oʻlib tiriluvchi tabiat haqidagi tasavvurlar zaminidan unib chiqqan marosimlarga puxta hozirlik koʻrilib, maxsus bezaklar tayyorlangan. Maʼlumki, oʻtgan uzoq zamonlardan to hozirgi kunlargacha ham Fargʻona vodiysi qizlari koʻklamda, tolchovkon ortda qolib, tolkuchuklar yayrab-yashnamoqning hadisini olib, tol novdalariga sariq gullari yarashib tizilishganda, ularning poʻstini shoxlaridan ustidagi gullari bilan birgalikda shilib olib, kokillariga tolpopuk qilib taqadilar, qoshlariga oʻsma tortib, yasanadilar, halinchak uchadilar. Bu oʻlib tirilgan tabiatni eʼzozlashdir. Er-u xotin, yosh-u qari chakkasiga gul, rayhon, lola taqishi ham shuning dalolati. Filologiya fanlari doktori Asqar Musaqulov yozganidek, “Ajdodlarimiz nafaqat boychechak, balki barcha chiroyli va xushboʻy gullar hosilning moʻl boʻlishi, insoniyat avlodining davomiyligi va baxtiga ijobiy taʼsir qilishiga ishonganlar. Shu sabab xalqimizda erta bahorda binafsha, boychechak, yil boʻyi turli gullarni chakkaga qistirib yurish odati keng tarqalgan:
Chamanda gul ochilibdi-yo,
Chakkangga taq, chakkangga...
Sirtdan soddagina koʻringan ushbu ikki misraning siyrat maʼnosi – oila, farzand, baxtli turmush orzusidir”.
Shu muallifning ushbu fikrlari ham mavzumiz nuqtayi nazaridan eʼtiborga molik: “Qadimgi kishilar erta koʻklamda gullar, daraxtlar ham oʻzaro nikohga kirishishiga, shu paytdagi nikoh — eng baxtli nikoh boʻlishiga ishonganlar. Demak, Navroʻz — tabiatning birinchi katta toʻyi boʻlib, u jamiyat bilan uygʻunlik ramzi hamdir”.
Yuqorida taʼkidlangan ishonch ham askiyaning tub mazmuni nima uchun unutilmay, yoʻqotilmay — muhofaza etilib, rivojlanib kelayotganining sababini ochishga xizmat qiladi.
***
Prezidentimizning “Respublikada milliy askiya va qiziqchilik sanʼatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi muhim tarixiy qarori mamlakatimizda askiya va qiziqchilikni yanada rivojlantirish bilan birgalikda, xalqimizning bu noyob nomoddiy merosini har ikki yilda bir marta oʻtkaziladigan “Tabassum” xalqaro kulgi festivali sahnasida jahon miqyosida targʻib qilish uchun ham keng yoʻl ochdi.
Xalqimizning labidan kulgu arimasin!
Kulgu ijodkorligimiz jahonda tinchlikni, doʻstlikni, hosildorlikni, serfarzandlikni, oilani, ona tilimizni, goʻzal Vatanimizni ulugʻlab, badbin ommaviy madaniyatni uyatga qoldirib, odamiylik eʼzozlanishiga beminnat kamarbasta boʻlaversin!
Muhammadali QOʻSHMOQOV,
filologiya fanlari nomzodi