Oʻtkir nigohli va ijtimoiy muammolarga faol munosabat bildirib kelayotgan jurnalist soʻnggi 10 yillik ijodini qayta bir taftish-sarhisob qiladi, turli yillarda chop etilgan oʻttizga yaqin sara maqolalari, hikoyalar va telenovellalarni jamlab, kitobxonga taqdim etadi.
“Allayu ertak tinglab ulgʻaysin farzand” nomli maqolada bugungi kunda ayollar emas, asosan qoʻl telefonlari alla aytayotgani, ertak soʻzlab berayotgani, mehrsiz va oʻziga ishonchsiz avlod kamol topayotganidan kuyunadi. “Internet ijobiy yoki salbiy...mi?” maqolasida xayollari oʻqish bilan emas, balki internetning oldi-qochdi saytlari, ijtimoiy tarmoqlardagi foydasiz ishlar bilan band, yolgʻonlar ogʻuda oʻsayotgan yoshlar ertaga yurtimizning ijtimoiy-iqtisoliy va maʼnaviy-madaniy taraqqiyotiga oʻz hissasini qoʻsha oladimi?, degan haqli savol qoʻyadi.
“Tabib Tangem, qiziquvchan Tyan Yuy va Arosatda qolgan nasiba...” maqolasida telekanallarimizda xorijiy seriallar tobora koʻpayotgani, ularning beadad maʼnaviy ziyoni haqida bong uradi va ularga qarshi mukammal va taʼsirchan milliy seriallarni koʻpaytirish, bu xayrli ishga koʻproq resurs va eʼtibor ajratish zarurligini uqtiradi.
“Vatan manzaralari”da yurtimizdagi qudratli bunyodkorlik salohiyatini bayon etib, “Aslida yurti sevish ulugʻvor soʻzlarda emas, balki ezgu amallarda koʻrinadi. Bunday oʻzgarishlar har bir inson qalbida oʻzgacha hissiyotlar, yurtdan faxrlanish, goʻzallikdan zavqlanish tuygʻusini uygʻotadi”, deya yakuniy xulosa beradi.
“Oʻzimiznikidan qoʻymasin” maqolasida esa milliy multfilmlarning beqiyos ahamiyatiga, tarbiyaning boshlangʻich nuqtasiga eʼtibor nechogʻlik zarur va birlamchi ekaniga katta urgʻu beradi: “Bolalaringiz bilan xorijiy multfilmlarni tomosha qilsangiz, asosiy qahramon qiz yoki ayolning tanasi yarim ochiqligini koʻrib, kichkintoylarga shuni namuna qilayotganidan uyalasan kishi. Yoki qiz va yigitning bemalol bir-biridan boʻsa olishlari yaqqol tasvirlangan sahnalarni koʻrib, beixtiyor televizor pultini boshqa kanalga bosishga majbur boʻlasiz. Bola baribir bola-da. Nimani koʻproq koʻrsa, shunga taqlid qiladi”.
“Topganing toʻyga buyursin, ammo...” maqolasida falonchidan kam boʻlmay, pismadonchidan ortda qolish yaramaydi qabilida hamda molu davlatini koʻz-koʻz qilishga berilib ketganlar, oqibatda mamlakat miqyosida oilaviy baxtsizliklar va qoʻydi-chiqdilar tobora koʻpayib borayotgani oʻtkir tanqid tigʻi ostiga olinar ekan, muallif shunday yozadi: “Toʻyni kimoʻzarga dabdababozlik darajasida emas, reja asosida nishonlash kishining maʼnaviyatini aks ettirish bilan bir qatorda, jamiyatni, xalqni ortidan ergashtirishga sabab boʻladi. Toʻy qilishda meʼyor, tejamkorlik eng maqbulidir”.
Umida Mamadaliyevaning azaliy daholik qudrati mujassam boʻlgan, necha-necha allomalar mangu qoʻnim topgan, sof havosi, betakror tabiati, sarrin shabbodasi koʻngilga surur bagʻishlaydigan qadimiy Samarqand shahri haqidagi mulohazalari ayniqsa eʼtiborga molik.
Betakror raqs sanʼatimiz, doʻstlik va hamjihatlik tuygʻusi, kitobxonlik targʻiboti borasidagi ayanchli oqsoqliklar, sogʻlom oilaning kamoloti sirlari, muloqot odoblari, jamoat transporti muammolari, haydovchilik masʼuliyati, ijod mashaqqatlari, chet eldagi vatandoshlarning musofirlik iztiroblari, xorij safarlaridagi yurt sogʻinchi kabi tuygʻular Umidaning alohida maqolalari mavzularidir. Ularning barchasida bolalik begʻuborliklari, ijodiy professionallik, vatanparvarlik hissi bilan yoʻgʻrilgan.
Umida toʻplamdan joy olgan “Misi chiqqan toʻy”, “Men sizlarga ishonib”, “Yaxshilik yerda qolmas” hikoyalari va qator telenovellalarida insonning beqaror tabiati, eng nozik oilaviy munosabatlar, milliy qadriyatlarni rang-barang obrazlar va qiyofalar ifodasida, yuqori ijodiy mahorat bilan ochib beradi.
Kitob har bir mavzuga daxldor rasmlar bilan boyitilgan, ravon va tushunarli tilda yozilgan. Ushbu toʻplam qoʻliga endigina qalam olib, jurnalistika sohasiga kirib kelayotgan jurnalistlar, maktab oʻquvchilari, qoʻyingchi, har bir oilaning kitob javonini bezaydigan muhim manbaa boʻlib xizmat qiladi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Laziz Rahmatov,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi








