Oʻquvchilik kezlarimiz musiqa maktablariga boradigan yigit-qizlarga havasimiz kelardi. Bola qalbimiz bilan ham ularni professional ustozlar oʻqitishini bilardik. Tadbirlarimizda, ayniqsa, raqs toʻgaragiga qatnaydigan qizlarning nafis harakati diqqatimizni tortardi. Rubob, dutor, pianino chaladiganlar ham biz, havaskorlardan ancha ustun ekanini koʻrsata olardi.
Biz esa musiqa darslarini jiddiy deb bilmas, 12 varaqli daftarga (keyin bilsak, aslida nomutaxassis) oʻqituvchimiz hijjalab turgan sheʼr matnini yozib olib, uyda yodlab kelardik. Keyingi darsimiz sheʼr aytish bilan oʻtardi. Kimlargadir vaqt yetmay qolgan paytlar ham koʻp boʻlgan. Tan olish kerakki, umumtaʼlim maktablari musiqa fani oʻqituvchilari bilimining yetarli emasligi, cholgʻuni ishlatish tajribasi yoʻqligi, oʻqitish uslubi oʻta joʻn va jaydariligi tufayli chekka hududlarda yashovchi bir necha avlod haqiqiy milliy mumtoz va zamonaviy musiqa haqidagi bilimdan mosuvo qoldi. Bolalar musiqa va sanʼat maktablari faoliyat yuritayotgani mana shu boʻshliqni muayyan darajada toʻldirishga xizmat qilyapti.
Maktablar, murabbiylar salohiyati va sharoit yetarlimi?
Ayni paytda mamlakatimizdagi 324 ta bolalar musiqa va sanʼat maktabida 85 ming atrofida oʻgʻil-qiz estrada va anʼanaviy cholgʻu, xalq cholgʻulari, torli cholgʻular, damli va zarbli cholgʻular ijrochiligi kabi 15 yoʻnalish boʻyicha tahsil olmoqda. Har yili oʻquvchilarining 500 nafardan ortigʻi mamlakat, 100 nafarga yaqini turli darajadagi xalqaro tanlovlarda ishtirok etayotganini mazkur maktablar faoliyatining samarasi deyish mumkin. Erishilayotgan natijalar bolalarning yuksak iqtidori barobarida maktablardagi pedagogik salohiyatga ham bogʻliq. Zero, yoshlarga musiqiy cholgʻuni chalishda muhim hisoblangan sifatlar, xususan, tinglash qobiliyatini rivojlantirish pedagogdan yuksak mahorat talab etadi. Shu maʼnoda, shiddatli davr yetuk kadrlar tayyorlashni talab etayotgan ekan, bolalar musiqa va sanʼat maktablarida ham bu masala birlamchi ahamiyat kasb etadi.
Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti huzuridagi Pedagog xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tarmoq markazida bolalar musiqa va sanʼat maktablari direktori oʻrinbosarlari, bosh buxgalterlari hamda kutubxona xodimlari malakasini oshirish yoʻlga qoʻyilgan. Bundan tashqari, Oʻzbekiston davlat xoreografiya akademiyasida bolalar musiqa va sanʼat maktablarining raqs boʻyicha 500 dan ortiq murabbiyi uchun qisqa muddatli malaka oshirish kurslari tashkil etilgan.
Tizimdagi taʼlim muassasalarini zarur oʻquv qoʻllanmalar va notalar toʻplami bilan taʼminlash uchun davlat byudjetidan 6 milliard 400 million soʻm ajratilgan. Eng muhimi, soʻnggi 10 yilda birinchi marta 19 nomdagi oʻquv qoʻllanma va notalar toʻplami qariyb 159 ming nusxada chop etilib, bolalar musiqa va sanʼat maktablariga yetkazilgani taʼlim sifati va murabbiylar salohiyatini oshirish borasidagi ishlardan dalolat.
Yangi yoʻnalish bolalarga nima beradi?
Prezidentimizning 2019-yil 14-maydagi “Baxshichilik sanʼatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida muayyan hududlardagi bolalar musiqa va sanʼat maktablari hamda boshqa taʼlim muassasalarida baxshichilik toʻgaraklari tashkil etish belgilangan.
Respublika baxshichilik sanʼati markazining “Ustoz-shogird maktabi” boʻlimi maʼlumotlariga koʻra, bugun vodiy viloyatlari va Toshkent shahridan tashqari hududlardagi bolalar musiqa va sanʼat maktablarida 96 ta baxshichilik sinfi tashkil etilib, ikki mingga yaqin oʻquvchiga 238 baxshi-oʻqituvchi bu noyob sanʼat sirini oʻrgatyapti. Baxshichilik sinflarini tajribali murabbiylar — xalq baxshi va jirovlari, umuman, sohaning asl kishilari bilan taʼminlash markazning asosiy vazifalaridan.
Markaz xodimlari fikricha, baxshichilik sinflarini munosib jihozlash, ularga mos oʻquv-uslubiy qoʻllanma va darsliklar yaratish uchun baxshichilik va dostonchilik sanʼatini nazariy va amaliy jihatdan yaxshi biladigan folklorshunoslar, soha mutaxassislarini jalb etish maqsadga muvofiq. Baxshichilik sinfxonalarida ustoz baxshilarning shajara taxtasi, ijro uslubi, baxshichilikka oid adabiyotlar, doston qahramonlari aks ettirilgan koʻrgazmali vositalar joylashtirilishi bolalarning baxshichilik tarixi haqida kerakli maʼlumotlarni olishida katta oʻrin tutadi. Masalan, “Alpomish” dostoni asosida tayyorlangan suratlar adolat, milliy gʻurur, ona yurt himoyasi uchun tayyorlik hissini tarbiyalashga xizmat qilsa, oʻz hududida yashab ijod qilayotgan taniqli baxshilarning hayoti va ijodidan boxabarlik bu tuygʻuni kuchaytiradi. Qisqasi, baxshichilik sanʼati bilan tanishish bolalarning milliy gʻururini yuksaltirib, nutqini boyitadi. Dunyoga munosabatini shakllantiradi, har tomonlama kamol topishida beqiyos oʻrin tutadi.
Chekka hududlarga eʼtibor
Ayni kunlarda mamlakatimiz boʻylab bolalar musiqa va sanʼat maktablarining anʼanaviy avgust kengashlari koʻtarinki oʻtkazilyapti. Bu tadbirlar ular faoliyatini yanada takomillashtirishga xizmat qilishi kutilyapti.
— Borini boricha aytganimiz yaxshi. Bugungi bolalar musiqa va sanʼat maktablarining moddiy-texnik bazasi yetarli. Cholgʻu asboblari ham muntazam yetkazib berilyapti. Mana, oʻquvchilarimiz xalqaro tanlovlarda oliy oʻrinlarga sazovor boʻlyapti. Bu, birinchi navbatda, yaratilgan imkoniyat samarasi. Keyin isteʼdodli oʻgʻil-qizlarning mehnati, intilishi, ota-onalarning qoʻllab-quvvatlovi hosilasi, — deydi Jizzax viloyati madaniyat boshqarmasi bosh mutaxassisi Ilhom Umrzoqov. — Ota-onalarning faoliyatimizga ishonchi ortdi. Hozir 3000 mingdan ortiq oʻquvchimiz bor. Yanagi yilda ular sonini 4000 dan oshirmoqchimiz. Ochiq eshiklar kuni, mahorat darslari, amaliy seminarlar oʻtkazishimiz natijasida qabul boshidan shu kungacha 800 dan ortiq oʻgʻil-qiz ariza topshirdi.
Zominlik Umida Hamdamovaning uch farzandi tumandagi 12-bolalar musiqa va sanʼat maktabiga qatnaydi.
— Katta qizimning musiqa maktabida oʻqigani kasb tanlashida katta foyda berdi. Maktabni tugatganidan keyin Jizzax sanʼat kollejiga oʻqishga kirdi. Uni ham tamomlab, hozir Oʻzbekiston davlat xoreografiya akademiyasida oʻqiyapti, — deydi Umida Hamdamova. — Oʻrtanchasi Benkov nomidagi respublika rassomlik kollejiga oʻqishga kirdi. Xalqaro mukofot laureati, oltin medal sohibasi boʻldi. Kenja qizim ham raqs yoʻnalishida oʻqiyapti. Farzandlarimning yutuqlarini koʻrsam, xursand boʻlaman. Bir onaga bundan ortiq baxt bormi!
Zomin tumanidagi 12-bolalar musiqa va sanʼat maktabi 2011-yildan buyon faoliyat yuritadi. Shu paytgacha uni tamomlagan yoshlardan 55 nafari nufuzli oliy taʼlim muassasalarida sanʼat yoʻnalishida oʻqiyapti. Ularning izdoshi — 5 yildan beri anʼanaviy ijrochilik yoʻnalishida taʼlim olayotgan Mahliyo Mamatqulova juda koʻp tanlovlarda qatnashgan. Ayniqsa, Boʻzatov festivalida faxrli oʻrin egallagashida musiqa maktabining hissasi beqiyos boʻldi. U kelgusida Toshkent davlat konservatoriyasining xonandalik yoʻnalishida oʻqib, milliy sanʼatimiz ravnaqiga hissa qoʻshmoqchi.
Bolalar musiqa va sanʼat maktablariga oʻgʻil-qizlar intilishining yana bir sababi bor: oylik badal puli boshqa toʻgaraklarga nisbatan kam. Masalan, tumanlarda bazaviy hisoblash miqdorining 20 foizi, viloyat markazida 30 foizi, poytaxtda 50 foizi hisobida badal puli toʻlanadi. Bu chekka hududlarda musiqa taʼlimi olayotgan bolalarning oylik toʻlovi 100 ming atrofida boʻladi, degani.
“Bir muammomiz bor edi...”
Uzoq yillar Andijon viloyati Paxtaobod tumanidagi 25-bolalar musiqa va sanʼat maktabiga direktorlik qilish mobaynida sohada oʻziga xos tajriba orttirgan Ismoil Davlatov 2008-yilgacha bolalar musiqa va sanʼat maktablariga eʼtibor juda sust boʻlganini eslaydi. Oʻsha kezlari atigi 6-7 yoʻnalish boʻlgan, deydi. Ayni paytda u viloyat madaniyat boshqarmasi bosh mutaxassisi. Aytishicha, bundan 10-15 yil oldin 2,5-3 ming bola musiqiy taʼlim olgan boʻlsa, hozir bu koʻrsatkich 8 mingga yetgan.
— 2015-yildan xalqaro tanlovlarga chiqishga ruxsat berildi, — deydi Ismoil Davlatov. — Oʻsha yili Paxtaobod tumanidagi bolalar musiqa va sanʼat maktablaridan axbor rubob yoʻnalishi boʻyicha Sankt-Peterburgga borib, 1-oʻrinni olganmiz. Shu yilning oʻzida yana bir bor Sankt-Peterburg va Italiyada oʻtkazilgan xalqaro tanlovlarda ishtirok etganmiz. Hozir esa har yili 100 dan ziyod bola chet eldagi tanlovlarda qatnashib kelyapti. Buning uchun sharoit yetarli. Avval bitta maktabda 1-2 ta pianino boʻlgan boʻlsa, hozir 10 dan ziyod. Royal va boshqa qimmatbaho cholgʻu asboblari davlat hisobidan olib kelinyapti. Maktablar soni ham koʻpaydi. Oʻqituvchilar bor mehrini berib ishlaydigan sharoit yaratildi. Har bir murabbiy alohida xonalarda emin-erkin dars beradi, oʻz ustida ishlaydi. Prezidentimizning “Bolalar musiqa va sanʼat maktablari rahbar, oʻqituvchi va konsertmeysterlari mehnatiga haq toʻlash va ularni moddiy ragʻbatlantirish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori asosida oʻquvchilari erishayotgan natijalarga koʻra murabbiy 40 foizgacha ustama olyapti. Bir muammomiz bor edi, u ham boʻlsa, maktabni isitish masalasi. Bu ham klaster tizimiga oʻtkazildi. Bundan buyogʻiga maktablarimizni isitishda ham muammo boʻlmaydi, deb umid qilyapmiz.
Tajribali pedagog Ismoil Davlatov bir taklifni ilgari surdi. Uning aytishicha, bolalar musiqa va sanʼat maktablari oʻrtasida har uch yilda bir oʻtkaziladigan teatr toʻgaraklari tanlovini har yili tashkil etish maqsadga muvofiq. “Bu bilan teatr sanʼatimizning boʻlgʻusi umidli vakillarini har yili kashf etish barobarida xalqaro tanlovlardagi faolligimiz yanada ortadi. Pedagoglarga esa yuqori natijalarni qoʻlga kiritgani uchun ustama olish imkoniyati yanada kengayadi”, deydi u.
Musiqa maktablari ham raqamlashtirilsa...
Madaniyat vazirligi mutasaddilarining maʼlum qilishicha, 2019–2021-yillarda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlari doirasida foydalanishga topshirilgan 13 ta bolalar musiqa va sanʼat maktabi, shuningdek, 8 ta ixtisoslashtirilgan maktab-internatni zarur jihoz va cholgʻu asboblari bilan taʼminlash uchun 2023-yilgi tegishli dastur doirasida 50 milliard soʻm ajratish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritiladi.
Bolalar musiqa va sanʼat maktablarida faoliyat yuritayotgan oliy maʼlumotli oʻqituvchilar salmogʻi 50 foizga yetkaziladi. Shuningdek, bolalar musiqa va sanʼat maktablari faoliyatini toʻlaqonli muvofiqlashtirish hamda ularga uslubiy-amaliy yordam koʻrsatish maqsadida jamoatchilik kengashlarini har bir hududda tashkil etish nazarda tutilgan.
Eng muhimi, bolalar musiqa va sanʼat maktablari faoliyati raqamlashtiriladi. Buning uchun yagona elektron raqamli platforma ishlab chiqilib, boshqa platformalar bilan integratsiya qilinadi. Raqamlashtirish orqali, birinchi navbatda, barcha, ayniqsa, chekka hududlarda joylashgan taʼlim muassasalarida erishilayotgan yutuqlar, mavjud muammolar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni onlayn kuzatib borish imkoniyati tugʻiladi. Bu esa kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha hududiy hokimliklar, vazirlik boshqarmalari bilan oʻz vaqtida manzilli chora-tadbirlarni koʻrish imkoniyatini yaratadi.
Musiqa sanʼatini anglay bilish, ilmiy asoslarini egallash insonning sogʻlom dunyoqarashi shakllanishi, tafakkuri va salohiyati yanada boyishida muhim oʻrin tutadi. Shu maʼnoda, hayotimizda bolalar musiqa va sanʼat maktablarining oʻrni beqiyos. Shuning uchun bugun bolasida musiqiy ilmga qiziqishni qoʻllab-quvvatlaydigan ota-onalar safi kengayib boryapti. Ularga havas bilan boqarkanmiz, yildan yil yaxshidir, kundan kun yaxshi, degimiz keladi.
Munojat MOʻMINOVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri








