Janubiy Koreya Oʻzbekistonning eng yirik sarmoyaviy sheriklaridan biridir. Uning mamlakatimiz iqtisodiyotiga kiritgan sarmoyasi 2 milliard AQSH dollaridan oshdi. Ayniqsa, neft-gaz, konchilik, neft kimyosi, logistika, qurilish, taʼlim sohalarida yirik loyihalar bor. Navoiy shahridagi xalqaro aeroport negizida barpo etilayotgan erkin industrial-iqtisodiy zona bunga yorqin misoldir. Ushbu zonadagi qitʼalararo intermodal logistika markazi MDHda yagona boʻlib, u yerda yuklar tezkorlik bilan tushiriladi va ortiladi, taqsimlanadi, maxsus omborlarga joylashtiriladi. Osiyodan Yevropaga va Yevropadan Osiyoga joʻnatiladigan yuklar global yuk tashish tarmogʻining muhim boʻgʻiniga aylanadigan ana shu markazdan oʻtadi. 1992-yildan Toshkentda Koreya taʼlim markazi faoliyat koʻrsatmoqda. Oʻzbekiston davlati jahon tillari universiteti va Samarqand davlat chet tillar institutida Koreys tili va madaniyati markazlari, Toshkent axborot texnologiyalari universitetida Axborot texnologiyalari markazi ochilgan.
Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida Koreyashunoslik fakulteti mavjud, u yerda malakali kadrlar yetishtirish boʻyicha katta ishlar va loyihalar qilinmoqda. Kasbga yoʻnaltirilgan oʻquv va uslubiy majmuallar yaratilmoqada. Universitetning talabalari Koreyaning nufuzli universitetlarida grantlar asosida tahsil olmoqdalar. Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti malakaliy oʻqituvchilari Koreya Respublikasida malakalarini oshirib kelishmoqda. Toshkentda “Oʻzbekiston Koreya” kasbga tayyorlash markazini ochish loyihasi taʼlim sohasidagi hamkorlikning yana bir muvaffaqiyati boʻldi. U yerda har yili 360 nafar yigit-qiz kompyuter yigʻish, grafika, elektrotexnika, qishloq xoʻjaligi texnikasini taʼmirlash, avtomobillarga xizmat koʻrsatish sohalari boʻyicha tahsil oladi. Toshkent shahrida Koreya Respublikasi bilan hamkorlikda Oʻzbekistondagi birinchi ilmiy-texnik adabiyotlar elektron kutubxonasi ishga tushirilgan. Ilmiy-texnik adabiyotlar elektron kutubxonasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 20-iyundagi “Respublika aholisini axborot kutubxona bilan taʼminlashni tashkil etish toʻgʻrisida”gi va 2008-yil 26-avgustdagi “Koreya hukumati grantini jalb qilgan holda ilmiy-texnik adabiyotlar elektron kutubxonasini yaratish toʻgʻrisida”gi qarorlari, Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligining 2008-yil 5-sentyabrdagi 259-buyrugʻiga muvofiq axborot-kutubxonachilik sohasidagi islohotlarni yanada chuqurlashtirish hamda Oʻzbekiston–Koreya hamkorligini amalga oshirish maqsadida ikkala Hukumat Kelishuviga asoslangan holda Toshkentdagi “Bilim” axborot-kutubxona markazi negizida Janubiy Koreya granti asosida va Koreya xalqaro hamkorlik agentligi(KOICA)ning bevosita yordamida yaratildi. Loyihani 2008–2009-yillar mobaynida OʻzAAning Respublika axborot kutubxona markazi va koreyalik mutaxassislar birgalikda amalga oshirishdi. Elektron kutubxona binosini toʻla taʼmirlash va bezash ishlarini Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi, kutubxonani kompyuter texnikasi, mebel, jihozlar bilan taʼminlash va oʻrnatish ishlarini koreyalikliklar bajarishdi. Elektron kutubxona mutaxassislari Koreya Respublikasida elektron kutubxonadagi taʼminotni texnik va boshqarish jihatdan olib borish, elektron resurslarni shakllantirish kabi yoʻnalishlarda oʻz malakalarini oshirib keldilar. Oliy taʼlimning bakalavr va magistr tayyorlash bosqichlari uchun kasbiy taʼlim dasturi mazmunining uzluksizligi va uzviyligi, taʼlim sifatining mexanizmi va asosi – Davlat Taʼlim Standartlari yaratildi va taʼlim tizimiga joriy qilindi.
Oliy taʼlim tizimining barqaror rivojlanishi va faoliyat koʻrsatishining kafolatlarini talab qilinayotgan taʼlim sifati va darajasini taʼminlovchi informatsion va moddiy texnik baza yangi bosqichga koʻtarildi, oʻqitishning yangi avlod vositalarini yaratish yoʻnalishida bir qator ishlar amalga oshirildi. Oliy taʼlim tizimiga xorijiy investistiyalar kirib keldi, xalqaro aloqalar kengaydi va mustahkamlandi. Bularning barchasi oliy taʼlim tizimi muassasalarini yuqori malakali kadrlar bilan taʼminlash butunlay yangi talablar asosida amalga oshirilishi va pedagogik faoliyatning ijtimoiy maqomi va nufuzini yuksaltirishiga ijobiy taʼsir oʻtkazishini maqsad qilib qoʻygan.
Mamlakatimizda Koreya Respublikasi taʼlim tizimini modernizatsiya qilish tajribasini qoʻllash ijobiy natijalarga olib kelishi muqarrardir. Koreya Respublikasi Osiyo-Tinch okean mintaqasining oʻziga xos mamlakatlaridan biri sifatida bir qator tadqiqotchilarning diqqatini jalb etib kelmoqda. Buning mohiyati shundaki, bu davlat postindustrial sivilizatsiyaning yutuqlarini oʻzlashtirgan holda, oʻzining anʼanaviy madaniyatini saqlab qolishga intilmoqdalar va siyosiy hamda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni oʻz madaniyati, anʼanaviy qadriyatlari va Sharq dunyo qarashlari bilan uygʻunlikda amalga oshirishga harakat qilmoqdalar. YUNISEF ekspertlari tomonidan mazkur mamlakatning taʼlim tizimi sanoati rivojlangan mamlakatlar qatorida eng samarali deb baholangan. Koreya Respublikasi hukumati taʼlim tizimida sinovdan oʻtgan va juda ham samarali hisoblangan siyosatni olib bormoqda. Koreyada maktablarni kompyuterlashtirish va Internet tarmogʻiga erkin ulanishini taʼminlashga katta eʼtibor qaratiladi. Oʻzbekistonda ham shunga oʻxshash vaziyat qaror topmoqda. Taʼlim muassasalarini axborot texnologiyalari bilan jadal taʼminlashga davlat tomonidan katta moliyaviy mablagʻlar ajratilmoqda. Maktablarni kerakli jihozlar, darsliklar va sport anjomlari bilan taʼminlashga katta eʼtibor bilan qaralmoqda. Dars berishning yangi interaktiv usullaridan foydalanilmoqda, yangi zamon talablariga mos binolar qurilmoqda, baʼzilari taʼmirlanmoqda. Biroq shunga qaramay, baʼzi bir muammolarni hal etishda, maktab tizimini qayta qurishning strategik rejalarini ishlab chiqishda, moliyalashtirish masalalarida xorij tajribasini joriy etish zamon talabidir. Misol uchun, Janubiy Koreyada yosh oʻqituvchining maoshi 2000 – 2500 AQSH dollarini tashkil etadi, bu esa mamlakatdagi oʻrtacha oylikdan bir yarim baravar koʻpdir.
Taʼlim tizimini modernizatsiya qilish deganda, koʻp jihatdan axborotlashtirish nazarda tutiladi. Masofadan turib oʻqitish kabi yangiliklarni yuritishning esa axborot texnologiyalarini joriy etmasdan iloji yoʻq. Bu sohada yuqori texnologiyalardan samarali foydalanish uchun yuqori malakali kadrlarning yetishmasligi dolzarb muammolardan biridir. Agar Janubiy Koreya tajribasidan foydalanish ustida soʻz yuritar ekanmiz, bu mamlakatda har yili 5 ming muhandis yetishtiriladi, axborot texnologiyalari boʻyicha ularning umumiy soni hozirda 500 mingtadan oshgan. Janubiy Koreyaning taʼlim bilan fanning integratsiyalashuvi yoʻnalishida olib borayotgan faoliyati ham tahsinga sazovor. Bu mamlakatda yagona ilmiy-texnik va taʼlim siyosatini oʻtkazish uchun zamin yaratib beradi. Albatta, Koreya Respublikasi bu sohada yetakchi boʻlmasa-da, oʻrnak olish mumkin. Koreyada yana bir narsa muhimki, mamlakat xorij tajribasidan keng foydalanadi, chet ellik olimlarni oʻziga jalb etishga harakat qiladi .
Ikki mamlakat hamkorligi, xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik aloqalarini kengaytirish maqsadida strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashga kelishib olindi.
Oʻzbekiston va Janubiy Koreya axborot texnologiyalari, raqamli tibbiyot, taʼlim, madaniyat sohalarida samarali hamkorlik qilib kelmoqda. Mamlakatimizning maktabgacha taʼlim tizimiga Janubiy Koreya tajribasi keng joriy etilmoqda. Oʻzbek va koreys xalqlarining dunyoqarashi va urf-odatlari oʻxshash. Mamlakatlarimiz eng qiyin davrlarda bir-birini qoʻllagan. Bugun Oʻzbekistonda yashayotgan 180 mingdan ziyod koreys diasporasi koʻp millatli jamiyatimizning ajralmas qismiga aylangan. Koreys madaniyat markazlari uyushmasi, viloyatlarda uning boʻlinmalari faoliyat yuritmoqda. Uyushma yurtimizda va xorijda koreys tili, madaniyati, urf-odat va anʼanalarini saqlash va rivojlantirish boʻyicha faol ish olib bormoqda.
2017-yili Oʻzbekistonda koreys millati vakillari yashayotganining 80 yilligi munosabati bilan poytaxtimizdagi “Doʻstlik” bogʻida yodgorlik monumenti ochildi. Poytaxtimizning markaziy koʻchalaridan biriga Seul nomi berildi. Koreys xalqining maʼnaviy-madaniy merosini saqlash va rivojlantirish maqsadida Koreya Respublikasi hukumati tomonidan Toshkent shahrida Koreya madaniyati uyi qurib bitkazildi. Ushbu maskan xalqlarimiz abadiy doʻstligining yana bir yorqin timsoli boʻladi. Mamlakatimiz oliy oʻquv yurtlari Janubiy Koreyadagi 45 dan ortiq ilmiy-tadqiqot muassasasi bilan hamkorlik oʻrnatgan. Poytaxtimizda Koreya Respublikasining toʻrtta universiteti filiali ochilgan.
Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, nafaqat Koreya Respublikasi tajribasini, balki jahonning boshqa ilgʻor mamlakatlarining taʼlim sohasida olib borayotgan siyosati tajribasini qoʻllash maqsadga muvofiqdir. Bugungi kunda taʼlimni xarajat qiluvchi soha emas, balki jamiyatning eng muhim ishlab chiqaruvchi kuchiga aylantirish lozim. Yaʼni taʼlim raqobatbardosh boʻlishi, jiddiy moliyaviy mablagʻlarni oʻziga jalb eta olishi kerak. Boshlangʻich maktabning birinchi pogʻonasidan boshlab taʼlimni iqtisodiyotni, umuman davlatni rivojlantirishga yoʻnaltirish lozim. Faqat bilim olish bilan cheklanib qolmay, balki olingan bilimlarni amaliyotda qoʻllash va jamiyat hayotida foyda keltirishiga harakat qilish zarur. Malakali kadrlar tayyorlash yoʻnalishida hamkorlikni rivojlantirish maqsadida Toshkent axborot texnologiyalari hamda Janubiy Koreyaning axborot texnologiyalari boʻyicha 4 nafar yetakchi oliy oʻquv yurtlari – Inxa universiteti, Fan va texnologiyalar boʻyicha Seul Milliy universiteti, Yongam universiteti hamda Kyong-Xi universitetlari bilan hamkorlik hujjatlari imzolangan. Mazkur hamkorlik kelishuvlari taʼlim va AKT boʻyicha nazariy va amaliy tajribalar almashinuvi, oʻqituvchilarning sohaga oid zamonaviy bilimlarini mustahkamlash, oʻquv jarayonida zarur materiallar va qoʻllanmalardan unumli foydalanish va taʼlimga oid bir qator tadbirlarni amalga oshirishning asosidir. Ushbu taʼlim yoʻnalishidagi hamkorlik bitimlari asosida 2014-yilda 42 nafar oʻqituvchi, 10 nafar magistr, 8 nafar doktorantlarning Koreya Respublikasining nufuzli oliy taʼlim muassasalarida oʻz bilim va koʻnikmalarini oshirib kelishlari koʻzda tutilgan.
Laziza ALIMOVA,
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti
Koreya tarixi, madaniyati, siyosati va iqtisodi
kafedrasi oʻqituvchisi