Najot – tafakkur va qalb uygʻunligida

    Taniqli adabiyotshunos Rahmon Qoʻchqor bilan boʻlgan ushbu suhbatda ayni davrda aksariyat oʻlkalarda betoqatlik, tajovuzkorlik, zoʻravonlik kayfiyatlari kuchayib borayotgani, maʼnaviy immunitetni, ruhiy barqarorlikni mustahkamlash uchun nimalar qilish lozimligi haqida mulohazalar bildirilgan.

    Prezidentimiz 19-yanvar kuni maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish masalalariga bagʻishlangan videoselektorda shunday deya taʼkidladi: “Bugun hayot yangicha fikrlash va ishlash, milliy “aql markazlari”mizni shakllantirishni talab etmoqda. Lekin, afsuski, dunyodagi, yon-atrofimizda kechayotgan siyosiy-ijtimoiy jarayonlarni chuqur tushunib, taʼsirchan va ommabop shaklda yetkazib beradigan tahlilchi va ekspertlarimiz juda kam”. Darhaqiqat, ayni paytda dunyo ayvonida yuz berayotgan voqeliklar har doimgidan-da koʻproq mushohada yuritishni, nafaqat bugunimizga, ertangi kunimizga ham hushyorlik bilan nazar solishni talab qilmoqda. Va ushbu talabga javob bera oladigan bugunnning ziyolilari, yetuk shaxslar hozirgi maʼnaviy-maʼrifiy jarayonni toʻldira oladigan qanday takliflarni oʻrtaga tashlay oladi? Adabiyotshunos Rahmon Qoʻchqor bilan boʻlgan muloqotimiz sizni befrq qoldirmaydi, degan umiddamiz.

    – Rahmon aka, davlatimiz rahbari taʼkidlagan milliy “aql markazlari”ni shakllantirishda bugungi kunda nimalarga eʼtibor qaratishimiz zarur, deb oʻylaysiz? Har qanday ijtimoiy-siyosiy jarayonni toʻgʻri anglashda maʼnaviy-maʼrifiy boxabarlik katta oʻrin tutadi. Shunday emasmi?

    – Men tabiiy, texnik fanlar mutaxassislari mehnatini, ular olib borayotgan izlanishlar samarasini, albattaki, hurmat qilaman, mazkur sohalarning mamlakat iqtisodiyoti hamda ijtimoiy hayotida tutgan oʻrnini qadrlayman. Biroq bu borada yuzaki qaraganda sezilmaydigan, ahamiyatiga koʻra esa nihoyatda muhim bir farqqa ularning-da eʼtiborini tortmoq istardim. Deylik, Xitoy yoxud Germaniyadan sotib olib kelingan texnika va texnologiyalar yordamida bizning Toshkentimiz yoki Jomboyimizda ham har turli buyumlar, tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish mumkin. Yoki boshqa bir misol: kishi afrikalik boʻladimi yoxud avstraliyalik, amerikalik boʻladimi yo andijonlik – hammaning jismidagi yurak, oʻpka, oshqozon, jigar va boshqa jamiki ichki va tashqi organlar bir xil xususiyatlarga ega. Shu tufayli ham, aytaylik, Hindistonda ishlab chiqarilgan “Trimol” otligʻ dorini (“dori vositasi” emas!) xotinim boshim “ogʻriqdan yorilay deganda” nihoyat ichishga bersa, bu dardisardan xalos boʻlishim mumkin. Hatto, Oʻzbekistondagi bemor tanasida oʻtkazilayotgan murakkab jarrohlik amaliyotini dunyoning narigi qitʼasida oʻtirgan usta doʻxtirlar masofadan boshqarib turishi bugun oddiy holga aylangan.

    Aytmoqchi boʻlgan gapimni tushungandirsiz: texnika, texnologiya, aniq va tabiiy fanlar universal – hammabop xarakterga ega. Ular na mamlakat, na-da millat tanlaydi – hammaning koriga birday yarayveradi.

    Shu nuqtayi nazardan endi boyagi – jigari, oʻpkasi, oshqozoni bir xil odamlarning qalbiga, sajiyasiga, kayfiyati va dunyoqarashiga qaraylik: birortasi boshqasini takrorlaydimi? Koʻchasida qoʻshni turadigan, maktabda ham bitta partada oʻtirgan ikki oʻspirinning – ikki yigit yoxud qizning ichki olamida, “men”ligida biror oʻxshash yoxud uyqash manzil topiladimi? Birining otasiga, onasiga, bugungi hayoti yoxud kelajagiga boʻlgan munosabati partadoshida ham aynan takrorlanadimi? Bir soʻz bilan aytganda, bir odamning maʼrifati va maʼnaviyatiga kor qilgan ruhiy darmon (oʻgit, tanbeh, nasihat, maslahat, yordam, koʻmak... ) boshqa odamda ham xuddi shunday effekt – samara hosil qilishiga kafolat bormi?

    Maʼnaviy-maʼrifiy sohaning, uning mutaxassisiman deb yurgan odamlar zimmasidagi vazifaning bor murakkabligi, ogʻirligi va masʼuliyati mana shu – boya aytganimdek, yuzadan sezilavermaydigan, biroq nihoyatda muhim farqlar va jiddiy holatlar bilan bogʻliq.

    Shu tufayli ham, tengdoshlaridan koʻra oltita kitobni koʻproq “oʻqib qoʻygan” har qanday odamning bu sohada ham oʻzini “uloqqa urmogʻi” foydadan koʻra koʻproq zarar yetkazishini biz ortigʻi bilan koʻrdik, kuzatdik.

    Axir, oʻylab koʻring: bir bolajonning yonboshiga bir martalik shprisda oddiygina “Penitsillin” ukolini qilish uchun ham odamdan kamida uch yil tibbiyot kollejida oʻqish talab qilinsa-yu, milliy gʻoya va maʼnaviyat masalasi bilan kimning qoʻli boʻsh boʻlsa, shugʻullanaversa! Shu ahvolda erishiladigan natija, samara ham munosabatga yarasha – nomiga, hisobot uchun, xoʻja (rahbariyat) koʻrsinga boʻlmay, nima boʻlar edi?

    Shu talablardan kelib chiqib aytamanki, mamlakat Prezidenti qoʻygan vazifa – maʼnaviy-mafkuraviy sohadagi aql markazlarini shakllantirish uchun bizga minglab kuchli mutaxassislar – bugungi dunyo royishini, uni kutayotgan ertangi kunni aniq-tiniq koʻra oladigan, ishonchli prognoz qila biladigan, shularga asoslanib xalqimiz, mamlakat rahbariyati ne yoʻllar tutmogʻi haqida amaliy takliflar tayyorlay oladigan siyosatshunoslar, jamiyatshunoslar, psixolog – insonshunoslar, maʼnaviyatshunoslar, mafkurachilar armiyasi kerak.

    Masalan, mamlakati va millati kelajagiga befarq boʻlmagan koʻplab davlatlar, jumladan, Gʻarbning eng rivojlangan, demokratik davlatlarida ham internet xavfsizligini taʼminlash, aholi ongu shuurini buzgʻunchi gʻoya va daʼvatlardan ihota etuvchi turli xizmatlar yoʻlga qoʻyilganini yodda tutishimiz lozim.

    – Keyingi paytda ziyolilarimiz maʼnaviy-maʼrifiy targʻibotning ilmiy asoslangan zamonaviy texnologiyalari va yangi shakllarini, tahdidlarga qarshi samarali usullarini ishlab chiqish zarurligi haqida turlicha fikrlar bildirishmoqda. Bu jarayonda maʼlum bir usullar asosida yutuqlarga erishgan xorijiy davlatlar tajribasi ham mavjudmi? Yoki mentalitetimiz oʻziga xos usul va yondashuvlarni talab qiladimi?

    — Bu borada avval bir shaxsiy fikrni aytib ketishimga ruxsat berasiz: agar Oʻzbekistonda har turli rangli inqiloblar yuz bermagan, bir millat ikkinchisini, bir din vakili boshqasini qirgʻinbarot qilmagan, goh ichdan, goh tashqaridan amalga oshirilgan har turli qurolli, mafkuraviy, gʻoyaviy xurujlarga faqat maxsus xizmatlar xodimlari tomonidan emas, butun xalq miqyosida qatʼiy qarshilik koʻrsatilgan boʻlsa, bir soʻz bilan aytganda, ona yurtimiz tuprogʻi insonlarning beayb toʻkilgan qoni bilan bulgʻanmagan boʻlsa, bilaylikki, bu natijalarga erishiluvida aynan maʼnaviy-maʼrifiy, mafkuraviy sohada amalga oshirilgan – har doim ham qoʻl bilan ushlab, koʻz bilan koʻrib boʻlavermaydigan mashaqqatli mehnatning ham oʻziga yarasha ulushi bor!

    Bugun ayrim ogʻziga kuchi yetmaganlar “yana maʼnaviyatmi”, “maʼnaviyatchilar jonga tegdi”, “ularning targʻibotisiz ham yashasa boʻlaveradi” singari, mohiyat-maqsadiga koʻra nihoyatda xatarli xitoblarni har qancha baland ovozda, ogʻzidan koʻpik sachratib maydonga otishmasin, mana shu millionlar bilan – siz bilan bizning bolalarimiz, aka-ukalarimiz, ota-onalarimiz bilan kimdir yurakdan suhbatlashmogʻi, yoniga borib ularning dardi-dunyosi bilan qiziqmogʻi kerak.

    Hamma gap oʻsha muloqotlarning qanchalar samimiy, amaliy, foydali boʻlmogʻida, buning uchun esa maʼnaviyat sohasi mutaxassislarining ilmi chuqur, vijdoni pok, insoniy salohiyati yuksakligida qolyapti.

    Xorijiy tajribani yaqindan, bevosita bilmoq uchun esa oʻsha xorijga chiqmoq, koʻz bilan koʻrib, aql va qalb bilan his qilmoq talab etiladiki, kamina bu borada koʻp ham maqtana olmayman...

    – Mutaxassislar pandemiya sharoitida ayrim oʻlkalarda betoqatlik, tajovuzkorlik kayfiyatlari kuchayib borayotganini aytishmoqda. Prezidentimiz taʼkidlaganlaridek, “...iqtisodiy kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha katta ishlar qildik. Lekin maʼnaviy qashshoqlikni qanday qisqartiramiz? Fikr qaramligidan qanday qutilamiz? Islohotlarimiz uchun zarur boʻlgan mablagʻ va investitsiyalarni qiyinchilik bilan boʻlsayam topyapmiz, ammo maʼnaviy immunitetni mustahkamlash uchun ruhiy resursni qayerdan topamiz?” Menimcha, bu savol ayni paytda millat va Vatan taqdiriga befarq boʻlmagan har bir insonni tashvishga solmoqda...

    — Abdulla Qahhor yozgan “Sarob” romanining 1936-yilgi nashrida bir gap bor: “Kim qanday yashasa, shunday oʻylaydi”, degan. Afsuski, juda koʻpchiligimiz bu gapni nihoyatda yuzaki tushunamiz va shundan kelib chiqib tahlilu talqin qilamiz. Yaʼni “qanday yashash” degan gapni faqat iqtisodiy, moddiy holatga ishora, deb tushunamiz va ... “aqlli xulosalar” yasaymiz: “Suv soyga oqar, boy boyga boqar”, “Ogʻzi qiyshiq boʻlsa ham boyning bolasi gapirsin”, “Kambagʻal tushida ham goʻsht koʻradi” qabilidagi.

    Holbuki, masalan, “sultonning gʻaznasiga (bugungi tushunchada – davlat byudjetiga!) qarz berib turgan”, shunga qurbi yetgan Alisher Navoiy hazratlarining eng birinchi, eng ogʻir, eng koʻp oʻylari aynan el-ulus ahvol-ruhiyasi haqida boʻlganki, bu maqomga ul zotning moddiy holatlari xalal bermagan, aksincha, madad boʻlgan edi.

    Demoqchimanki, “kim qanday yashasa” degan gapni – “kim ne eʼtiqod-maslak bilan, ne oʻy-tashvishu ne umid va orzu bilan, ne maqsad-muddao bilan yashasa” tarzida kengroq tushunilsa va shundan kelib chiqib mulohaza yuritilsa, toʻgʻriroq boʻlardi. Ana shunda siz bilan biz suratga emas, koʻproq siyratga boqqan, shu siyrat – insonning maʼnaviy, maʼrifiy, intellektual, madaniy sifatlariga qarab uni baholagan – yo eʼzozga yoxud eʼtirozga loyiq topgan boʻlur edik.

    Men tasavvurimizni shoshiradigan miqdordagi moddiy boylikka ega boʻla turib, xalqining kechagi, bugungi va ertangi kuni bilan zarracha qiziqmaydigan, millatining kelajagini oʻylagandan koʻra shohona uyidagi qimmatbaho xitoyi vazalar sonini oʻylashni koʻproq xush koʻradigan odamlarni, hatto diplomli “ziyoli”larni bilaman. (Ularning ismu sharifi kiradigan daftar “Brilliant daftar” atalsa, ajab emas...)

    Va buning teskarisi – butun umri shu millat dardu tashvishida oʻtgan, xalqi taqdirini yengillatish, uni maʼrifat va maʼnaviyat bilan oshno etish ilinjida kunni tunga ulagan chinakam ziyoli ustozlarim – Ozod Sharafiddinov, Begali Qosimovlarning qotgan nonni choyga botirib isteʼmol qilishni oʻzlariga or bilmaganlariga-da guvoh boʻlganman.

    Gapni nimaga olib kelyapman?

    “Maʼnaviy qashshoqlik” deganlari odam bolasi uchun nihoyatda ogʻir, balki shifosi topilmayotgan dardlardan-da xavfli, qoʻrqinchli, ayanchli holat hisoblanadi. Bu holatni oltinu zarlar bilan ustini berkitib, dabdabali toʻy yoxud imoratlar bilan oʻrnini toʻldirib boʻlmaydi.

    Balki shuning ham Yaratgan egam muqaddas kalomida, “Oʻzi tuzalishni istamagan qavmning ishlarini tuzatmaymiz”, mazmunida ogohlantirgandir...

    – Siz tengi adabiyotshunoslar avlodi ikki asr farzandi sifatida koʻplab ijtimoiy-siyosiy va adabiy jarayonlarga guvoh boʻldingiz. Ayni jarayondagi adabiy mezonlar va mavzularni qiyoslaganingizda qanday xulosalar koʻnglingizdan oʻtadi?

    — “Yangi Oʻzbekiston” gazetasida eʼlon qilingan, ardoqli adib Asqad Muxtor ijodiga bagʻishlangan maqolamda Asqad ogʻaning “Tundaliklar” asaridan bir bitikni keltirgan edim: “Shunday kunlarni koʻrdikki, baxtli boʻlish uyat edi”. Nazarimda, bu savolingizga javobni yozuvchining shu gapini biroz oʻzgartirilgan holda aytib boshlasam, toʻgʻri boʻladi: “Shunday kunlarni koʻrdikki, befarq boʻlish uyat edi!”

    Darhaqiqat, oʻtgan asrning 80-90-yillarida xalqimizning erki va ozodligi, ruhining va tilining hurligi, taqdirini oʻz qoʻliga olishi yoʻlida kechgan hayot-mamot kurashlarining shohidi boʻlish, goh maqola, goh maʼruza, goh umumxalq yurishlaridagi ishtirok bilan qoʻldan kelgancha shu sharafli kurashda qatnashish baxtini nasib etganidan Yaratganga shukronalar aytsak arziydi. Holbuki, oʻsha paytda ham, ustoz Erkin Vohidov tili bilan aytganda “Bizda ham bola-chaqa bor...” degan bahona bilan oʻzini panaga tortgan, boshqa bir shoir Mirzo Kenjabek topib nomlagan “chekkagir qalamkashlar” ancha-muncha topilar edi.

    Biroq, eng muhimi, millatimizning har bir ongli, vijdoni tirik vakili ona Vatanining istiqlol yoʻlini yoritishga baholi qudrat oʻzini fido qilgan, bunda har turli mayda, bachki hissiyotlardan baland tura bilgandi. Adabiyot, teatr va kino sanʼati, hatto tasviriy sanʼatning eng fidoyi namoyandalari, yana Mirzo aka aytganidek, isteʼdodlarini “qurbonlikka soʻy”ishgan edi.

    Kutubxonamdagi ayni yillar chop etilgan kitoblar, jurnal va gazeta taxlamlari oʻzining turishi bilanoq boshqa yillar nashrlaridan shundoq ajralib koʻrinadiki, hali hamon ular bagʻridan ozodlik nasimlari esib, ozod tafakkur ziyolari taralayotgandek.

    – Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida oʻtkazilgan “Mening birinchi kitobim” loyihasi muhokamalaridan soʻng yoshlar sizning eʼtirofingiz va tanqidiy mulohazalaringiz borasida katta hayajon bilan gapirishdi. Yangi avlod ijodkorlaridagi oʻziga xosliklar va kamchiliklar nimada?

    — Siz aytayotgan yangi avlodning safi shu qadar keng, ijodiy izlanishlari shunchalik rang-barangki, ularning barchasi xususida dabdurustdan yagona, xulosaga daʼvo qiladigan gap aytish mumkin ham emas, kerak ham emas. Chunki ular orasida shoirlik hamda yozuvchilik ishini “qalamning ketini tishlab”, “ufqqa tikilib” yoxud “faylasufona soʻlish olib” (“Isteʼfo” nomli qissa va “Lolazor” romanidan, yaʼni hammasi M.M.Doʻst iboralari!) rasmga tushish deb biladigan va kechasi bedor chiroq ostida oʻtirib qalbi buyurganini yozishdan koʻra, ijtimoiy tarmoqlarda bir-birini maqtab savodsiz madh bitishni koʻproq qotiradiganlardan tortib, Shodmonqul Salom, Behzod Fazliddin singari oʻzining ijod saltanatini jimgina, biroq ilohiy ilhom va insoniy mashaqqat-la bunyod etayotgan oʻzbekning umidli farzandlarigacha bor.

    Aytganimdek, bu jiddiy ijodkorlarning har biri alohida talqinu tahlilni talab etadigan asarlari xususida yoʻl-yoʻlakay gap aytish insoniy qismat darj etilgan goʻzallikning, sanʼatning, kuy va simfoniyaning yonidan shunchaki gʻizillab oʻtib ketishdan boshqa narsa boʻlmaydi. Mavridi bilan ular xususida alohida maqolalar yozilar, koʻngilli suhbatlar qurilar, inshaalloh.

    Hozir esa Siz suhbatimiz boshida aytganingiz masalani qayta eslashning ayni mavridi nazarimda. Yaʼni maʼnaviy-maʼrifiy sohada ish koʻrajak “aql markazlari”ga men yuqorida nomlarini tilga olgan shoirlar va ular singari yana boshqa isteʼdodli ijodkorlarni, albatta, jalb qilish talab etiladi. Shunda aql bilan ruh, bedor tafakkur hamda ijodkor koʻngil uygʻunligiga erishiladi, bu esa millionlarning qalbini zabt etish imkonini paydo qiladi. Axir Hazrat bobomiz Navoiy ham bejiz tashvish chekmaganlar-da:

    Koʻzni oʻkush saʼy ila zabt etgamen,

    Yetsa koʻngil zabtiga ish, netgamen,

    deya. Demak, xalqimizning bugungi avlodi yelkasida, ayniqsa, chinakam ziyolilari zimmasida shu tashvishni aritishdek juda ulkan, mashaqqatli, biroq gʻoyat sharafli vazifa turibdi.

    — Samimiy javoblaringiz uchun tashakkur.

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

    Muxtasar Tojimamatova suhbatlashdi.